
Dropshipping nima va undan qanday qilib pul ishlash mumkin
Otabekning internet-do‘koni bor, lekin u tovar sotib olmaydi, uni omborida saqlamaydi va hatto mijozlarga yetkazib ham bermaydi. Otabek ishlaydigan sxema dropshipping deb ataladi — bu biznes modeli bo‘lib, unda sotuvchi mijozdan buyurtma oladi va ta’minotchiga uzatadi, u esa tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorga jo‘natadi.
Dropshippingda sotuvchi tovarni sotib olish va uni saqlash uchun omborni ijaraga olishga pul sarflashi shart emas, bu esa biznes ochishda boshlang‘ich sarmoyalarni sezilarli darajada tejaydi. Dropshippingga o‘qitadigan MEEZAECOM kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Xurshid Rozikulov bilan bunday biznes sxemasi bo‘yicha qanday qilib ish boshlashni o‘rganib chiqamiz.
Xurshid RozikulovMEEZAECOM asoschisi va bosh direktori, 4 yildan buyon dropshipping bilan shug‘ullanaman.
Dropshipping nimalardan iborat
Asosiy bosqichlari:
- Internet-do‘kon yaratish. Sotuvchi tovarlar sotish uchun onlayn-platforma yaratadi, bu shaxsiy veb-sayt yoki tayyor savdo maydonlari bo‘lishi mumkin.
- Ta'minotchilarni tanlash. Sotuvchi dropshipping modeli bo‘yicha ishlashga rozi bo‘lgan ta'minotchilarni topadi. Bu ulgurji yetkazib beruvchilar yoki ishlab chiqaruvchilar bo‘lishi mumkin.
- Do‘konda tovarlarni joylashtirish. Sotuvchi o‘z internet-do‘konida ta'minotchilarning tovarlarini joylashtiradi. Foyda olishi uchun tovar narxiga ustama narx qo‘yadi.
- Buyurtmalar olish. Mijozlar sotuvchining internet-do‘konida buyurtmalarni rasmiylashtiradi va ularga haq to‘laydi.
- Buyurtmalarni ta'minotchilarga uzatish. Sotuvchi buyurtmalarni va yetkazib berish to‘g‘risidagi ma'lumotni ta'minotchiga uzatadi.
- Mijozlarga tovarlarni jo‘natish. Ta'minotchi tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri mijozlarga jo‘natadi.
Boshqaruv va qo‘llab-quvvatlash. Sotuvchi buyurtmalarni qayta yo‘naltiradi, mijozlarga konsultatsiya beradi va o‘z maydonini reklama qiladi.
Sotuvchi barcha jarayonlarni internet orqali boshqaradi.
Dropshipping kimga mos keladi
Kichik boshlang‘ich sarmoyalar bilan biznesda o‘z kuchini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan boshlang‘ich tadbirkorlar dropshippingni ko‘rib chiqishlari mumkin.
Onlayn-marketingni biladigan mutaxassislar turli kanallar orqali samarali sotishlari va mijozlarni jalb qilishlari mumkin, masalan, blogerlar o‘zlarini dropshippingda sinab ko‘rishlari mumkin.
Tovar va omborxonalarga katta mablag‘ sarflash imkoniyatiga ega bo‘lmagan, shuningdek, masofadan turib ishlashni xohlovchi shaxslar ishni dropshippingdan boshlashi mumkin.
Shaxsiy biznesni qanday boshlash kerak: boshlovchi tadbirkorlar uchun bosqichma-bosqich qo'llanma
Dropshipping turlari
Dropshippingning asosiy turlarini ko‘rib chiqamiz.
Tovarni olib sotish. Bu eng oddiy sxema bo‘lib, unda dropshipper sotuvchi va xaridor o‘rtasida vositachilik qiladi. U ularni o‘zining elektron maydonida to‘plab, bitimlarni amalga oshirishga yordam beradi. Agar biror sohani yaxshi bilsangiz, mos ta'minotchilarni topa olsangiz va xaridorlarga maslahat bera olsangiz, dropshippingning ushbu turi sizga mos keladi.
Masalan, Otabek elektr sohasi bilan shug‘ullanadi. Uning o‘z brigadasi bo‘lib, ular binolarni elektr tizimi bilan jihozlash uchun doimiy ravishda zarur materiallarni xarid qilishadi. Otabek qaysi materiallar ishonchliligi, qaysi ta'minotchida katta ustama yo‘qligi va kimda yetkazib berish muntazam bo‘lishini biladi. Otabek bemalol dropshipping-do‘kon ochishi, unda o‘zi xarid qiladigan ta'minotchilarning tovarlarini joylashtirishi va mijozlarga sotishi, parallel ravishda qaysi kabelni dala hovliga, qaysi kabelni esa uyga olishni maslahat berishi mumkin.
Internetda biznes taqdim etish. Agar biror bir ishlab chiqarishda onlayn-savdo maydoni bo‘lmasa, internetda uning vakili bo‘lish mumkin. Bunday biznes internet orqali hech narsa sotmaydigan va faqat siz bilan, boshqa hech kim bilan ishlashni xohlamaydigan sherikni topsangiz foydali bo‘ladi, shunda sizning dropshipping maydoningizda eksklyuziv, raqobatbardosh mahsulot bo‘ladi.
Masalan, Otabek burgerlar uchun yarim tayyor bulochkalar, kafe va restoranlar uchun qatlama va non tayyorlaydigan novvoyxona topdi. Novvoyxona umumiy ovqatlanishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oflayn tarzda sotadi. Otabek o‘zining onlayn-do‘konida non-bulka mahsulotlari assortimentini joylashtiradi. Xaridorlar buyurtmani saytda rasmiylashtiradi, o‘zlari esa novvoyxonadan olib ketadi yoki yetkazib berish xizmatiga buyurtma beradi. Otabek — bu novvoyxona va xaridor o‘rtasidagi vositachi bo‘lib, u novvoyxonani internetda eksklyuziv tarzda taqdim etadi va unga sotuvni oshirishga yordam beradi.
Xalqaro savdolar. Bu tovarlarni olib sotish sxemasi bo‘yicha dropshipping, faqat ta'minot O‘zbekiston ta'minotchilari emas, balki Xitoy, Yevropa, AQSH va boshqa mamlakatlar ta'minotchilari orqali amalga oshiriladi. Bunday biznes xorijiy ta'minotni o‘rganish va xorijdan ishonchli va arzon ta'minotchini izlashni talab qiladi.
Masalan, Otabek Xitoydan sifatli charm sumkalar ta'minotchisini topdi, u bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi va o‘z dropshipping do‘konida tovarlarni joylashtirdi. Xaridor Otabekning saytida buyurtma rasmiylashtiradi va sumkani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoydagi ta'minotchidan oladi.
Buyurtma bo‘yicha dizayn-bosma — POD (Print on demand). Bunday holda, xaridor tayyor tovarni tanlamaydi, balki tovar muayyan mijoz uchun tayyorlanadi. Bunday biznes shunday xizmatni bajara oladigan bosmaxona uchun mos keladi.
Masalan, Otabek dropshipping do‘konini ochib, mayka, tolstovka, krujka va likopchalarda yozuv va rasmlarni chop etishni taklif qiladi. Xaridor rasmlarning tayyor shablonlarini tanlaydi yoki o‘ziga qanday dizayn kerakligini batafsil ta'riflab beradi. Otabek buyurtmani qabul qilib, bosmaxonaga uzatadi. U buyurtmani bajarib, tovarni xaridorga jo‘natadi.
Dropshipping uchun platformalar
Do‘kon uchun saytni istalgan tarzda yaratish mumkin:
- uni mustaqil yaratish yoki professional IT-mutaxassis xizmatidan foydalanish;
- WordPress yoki Tilda kabi saytlar konstruktorida yig‘ish. Konstruktorlar bazasida shablonlar ko‘p, istalganini tanlashingiz, unga o‘z tovar kartochkalaringizni joylashtirishingiz mumkin va sayt tayyor bo‘ladi. Bunday ish dasturlash bilimini talab qilmaydi;
dropshipping platformalaridan foydalanish: BigCommerce, WooCommerce, Shopify. Ular internet-do‘konlar qurish uchun yaratilgan.
Xurshid Roziqulov, dropshippingdan pul ishlaydi:“Men Shopifyda do‘kon yaratishni tavsiya qilaman. Bu tez, qulay va faqat elektron tijoratga moslashtirilgan.”
Dropshipping bilan pul ishlashni qanday boshlash mumkin
Dropshipping modeli bo‘yicha biznesni ishga tushirishning asosiy bosqichlarini ko‘rib chiqamiz.
Boshlang‘ich sarmoya
Dropshippingni boshlash uchun taxminan 1500-3000$ kerak bo‘ladi. Sarmoyasiz ham amallash mumkin, lekin u holda foyda olish uchun uzoq vaqt ketadi. Odamlar do‘kon haqida bilishlari va xarid qilishni boshlashlari uchun uni reklama qilish kerak. Buni tezroq amalga oshirish pul turadi, lekin auditoriyangiz bo‘lsa, shaxsiy ijtimoiy tarmoqlarda ham boshlash mumkin.
“Boshlash uchun qanday xarajatlar bo‘lishi mumkin:
- Do‘kon sayti uchun domen sotib olish — yiliga 15 $. O‘zbekiston uchun (.uz) domenni eskiz.uz orqali sotib olish mumkin. Agar bu xalqaro domen bo‘lsa: com, net, org, store va boshqalar, eng yaxshisi godaddy.com saytidan sotib olish.
- Do‘kon Shopify platformasida joylashtirilgan bo‘lsa, oylik obuna narxi 32$, yangi tadbirkorlar uchun — birinchi oy atigi 1$.
- Firma ochish — YTT yoki MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish. Buni mustaqil bajarishingiz yoki biznes ochish bo‘yicha xizmat buyurtma qilishingiz mumkin — ro‘yxatdan o‘tish turi va yuridik xizmatlarga qarab 100$ dan 300$ gacha.
- Asosiy xarajat — bu reklama, taxminan 150-300$.
- Shuningdek, ta’minotchiga tovar uchun to‘lov qilish va uni xaridorga jo‘natish uchun 200-300$ zaxirada bo‘lgani ma’qul. Bu mijozlar o‘z buyurtmalarini tezroq olishlari uchun kerak”.
Xurshid Roziqulov
Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish
O‘zbekistonda YTT va MChJ dropshipping orqali savdo qilishi mumkin. Dropshipping bilan shug‘ullanish uchun to‘lov tizimi kerak bo‘ladi.
“To‘lov tizimi buyurtmalarni onlayn qabul qilish uchun kerak. O‘zbekistonda bu — 2checkout. Xalqaro do‘konlar uchun PayPal, Stripe, Shopify payments ulashni maslahat beraman. Ammo ularni ochish uchun biznesni ushbu to‘lov tizimlari mavjud bo‘lgan mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazish kerak: AQSH, Kanada, Yevropa Ittifoqi, Angliya”.
Xurshid Roziqulov
Soha tanlash
Tovar tanlash — bu do‘konni muvaffaqiyatli ishga tushirish uchun eng muhim bosqich. Ba'zan uni izlashga ko‘proq vaqt va mablag‘ ketadi.
“Bugungi kundagi istiqbolli sohalar — bu uy hayvonlari uchun tovarlar, go‘zallik va salomatlik, uy dekori va boshqalar. Umuman olganda, hammasi do‘kon ochayotgan odamning qiziqishlari va u nimalarni atroflicha tushunishiga bog‘liq”.
Xurshid Roziqulov
Ta'minotchilarni topish
Ta'minotchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shahringizdan izlash mumkin: tovar va xizmatlar takliflari saytlarida, masalan, Olx.uz'da, tanishlar orqali, shaxsan ofis yoki ishlab chiqarishga kelib, kelishib olish.
DSers onlayn-platformasi orqali ham ta'minotchilar bilan ishlash mumkin — bu dropshipping-biznesini avtomatlashtirish platformasi bo‘lib, u ta'minotchilarni topish va ular bilan ishlash imkonini beradi, asosan AliExpress'da, chunki platforma uning rasmiy hamkori hisoblanadi. Ushbu platforma sohaga endigina kirib kelayotganlar uchun qulay, chunki bunda buyurtmalarni bajarishning sodda jarayoni ta'minlanadi.
“DSers Shopify platformasi bilan oson integratsiyalashadi. Biznesni shu tarzda boshqarish osonroq. Platforma buyurtmalarni xaridordan ta’minotchiga avtomat tarzda uzatadi, mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘ldiradi, bu esa xatolarni bartaraf etadi”.
Xurshid Roziqulov
Dropshipping ishini yo‘lga qo‘yish
Dropshipping bilan ishlashda internet-do‘kon egasi logistika bilan shug‘ullanishi shart emas. Bunday biznes modelining eng muhim afzalligi ham shunda. Yetkazib berish bilan ta'minotchi shug‘ullanadi. Faqatgina buyurtmalarni xaridordan ta'minotchiga o‘z vaqtida yetkazib berish va barcha masalalar bo‘yicha u bilan aloqada bo‘lish kerak.
“Agar buyurtmalarni sotuvchidan ta’minotchiga avtomat tarzda uzatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, do‘kon ishi bilan haftasiga 2 soatdan shug‘ullanish kifoya: yangi tovar izlash, g‘oyalarni sinab ko‘rish”.
Xurshid Roziqulov
Dropshippingning afzalliklari va kamchiliklari
Dropshipping biznesning har qanday turi kabi o‘z afzalliklari va kamchiliklariga ega.
Dropshippingning afzalliklari:
- Boshlang‘ich xarajatlar past. Biznes ochish uchun tovar yoki omborlarga pul sarflash shart emas.
- Keng assortimentdagi tovarlar. Tovarlarning katta assortimentini taklif qilish, yangi pozitsiyalarni qo‘shish va sinab ko‘rish mumkin, chunki sotuvchida saqlash joylari bo‘yicha cheklovlar yo‘q.
- Uydan turib ishlash. Biznesni internet mavjud bo‘lgan istalgan joydan yuritish mumkin.
Dropshippingning kamchiliklari:
- Kam foyda. Yuqori raqobat, dropshipping maydoni noma'lumligi yoki ta'minotchilar narxlari oshishi tufayli foyda pasayishi mumkin.
- Ta'minotchi ustidan cheklangan nazorat. Sotuvchi tovarlarning sifati, ularning ombordagi qoldiqlari va yetkazib berish muddatlarini nazorat qila olmaydi, chunki bu ta'minotchilarga bog‘liq. Agar xaridorlar buyurtmalardan norozi bo‘lsa, ular xarid qilishni to‘xtatadi va dropshipping do‘konini boshqalarga tavsiya etmaydi.
Qaytarish va ayirboshlashdagi qiyinchiliklar. Xaridor tovarni qanday qilib qaytarishi va buning uchun kim to‘lashini hal qilish kerak.
“O‘zbekistonda bugungi kunda dropshipping tizimi sust rivojlangan, chunki mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘pincha tovarlarni yetkazib berish va saqlash bilan shug‘ullanishni xohlamaydi yoki manfaatdor emas. Ehtimol, buning sababi shundaki, O‘zbekistonda elektron tijorat Xitoydagidek kuchli rivojlanmagan, u yerda har bir ishlab chiqaruvchi dropshipping modelini biladi va u bo‘yicha ishlaydi”.
Xurshid Roziqulov
Dropshipping haqida qisqacha
- Dropshipping — bu mijoz vositachi orqali ta'minotchidan nimadir sotib oladigan biznes modeli. Aynan vositachi o‘zining elektron maydoni orqali qolgan ikki tomonni bog‘lab turadi.
- Dropshippingda tovarlarni olib sotish, ta'minotchini internetda eksklyuziv tarzda tanitish yoki buyurtma asosida chop etish xizmatlarini taqdim etish mumkin. O'zingiz yaxshi tushunadigan sohani tanlagan ma'qul.
- Do‘konni ishga tushirish uchun, ekspert 1 500$ dan boshlab boshlang‘ich kapitalga ega bo‘lishni tavsiya qiladi. Dastlabki sarmoyalarsiz ham boshlash mumkin, ammo unda dropshipping do‘konini taniqli va ommabop qilish uzoq vaqtni oladi va qiyinroq bo‘ladi.
- Dropshipping — katta boshlang‘ich sarmoya bo‘lmasa va uydan turib ishlash istagi bo‘lsa, biznes uchun muvaffaqiyatli variant.
Izoh qo‘shish