
Biznes, pul va omadli tadbirkorlar haqidagi Top-20 ta film
Jahon korporatsiyalarining qurilish tarixi, ularning egalari taqdiri, tadbirkorlikning turli sohalaridagi yutuqlar va qulashlar — bularning barchasi biznes haqidagi filmlar to‘plamimizda.
IT-texnologiyalari haqidagi filmlar
«Barini o‘zgartirgan inson»
Hayotiy voqealarga asoslangan 2011-yil filmi. Oakland Athletics Amerika beysbol jamoasi bosh menejeri Bill Bin ixtiyorida kichik byudjet bilan o‘yin klubini yaratdi. U kompyuter tahlili yordamida o‘yinchilarni yig‘ishda pul tejadi. Unga Garvard bitiruvchisi Piter Brend yordam berdi. Ikkalasi sport sohasida inqilob qildi.
Nima uchun ko‘rish kerak: bu tadbirkorlik, o‘z ustida ishlash va bir insonning atrofidagi olamga ta'siri haqida ilhomlantiruvchi hikoya. Bill Bin katta boshlang‘ich sarmoyasiz ham muvaffaqiyatga erishish mumkinligini isbotladi.
«Stiv Jobs»
2015-yilda olingan biznes haqidagi film — Stiv Jobsning noodatiy tarjimai holidir. Kartina uning karyerasidagi uchta muhim voqeaga qaratilgan:
- 1984-yil, grafik elementli interfeysga ega birinchi shaxsiy kompyuter Macintosh taqdimoti;
- 1988-yil, Jobs Apple'dan haydalganidan keyin NeXT kompaniyasi ishga tushirilishi;
- 1998-yil, Apple tarixida burilish yasagan iMac taqdimoti.
Nima uchun ko‘rish kerak: film Jobsni qarama-qarshi jihatlarga ega murakkab shaxs — daho innovator, lekin shu bilan birga tabiati og‘ir odam sifatida ko‘rsatadi. Kartina oila, hamkorlik va biznesda mukammallikka intilish mavzulariga murojaat qiladi.
«Silikon Vodiysi Qaroqchilari»
1999-yilgi film kompyuter gigantlarining dastlabki yillari haqida — garajda Stiv Jobs va Stiv Voznyak tomonidan Apple kompaniyasi tashkil etilganidan tortib, Bill Geyts tomonidan Microsoft va Windows yaratilishigacha hikoya qiladi. Filmda ikki kompaniya o‘rtasidagi o‘zaro raqobat, ularning strategiyalari, yutuqlari va mag‘lubiyati tasvirlangan. Kartinada Stiv Jobs va Bill Geyts shaxslari, ularning innovatsiyalari, ambitsiyalari va kompaniyalarni boshqarish usullariga e'tibor qaratilgan.
Nima uchun ko‘rish kerak: Filmda ushbu tadbirkorlar va texnologiya daholari zamonaviy axborot jamiyatimizni qanday shakllantirgani ko‘rsatilgan. Kartinada birinchi smartfon va shaxsiy kompyuterlar rivojlanishi haqida hikoya qilinadi.
«Startap»
2014-yilgi Rossiya filmi Yandex kompaniyasiga havola qilib, o‘z biznesini yaratishga harakat qilayotgan sobiq dasturchi Boris haqida hikoya qiladi. IT-texnologiyalari va internetning kelajakdagi ahamiyatiga ishongan holda, u ushbu sohada startap yaratishga qaror qiladi. Boris o‘rtoqlari bilan birgalikda qidiruv tizimini yaratadi. Biroq, tadbirkorlar jinoiy o‘yinlarga aralashib qolishadi: jinoyatchilar ularning dasturidan pul yechish uchun foydalanishga harakat qiladi va ular o‘z joni va g‘oyasini himoya qilish uchun kurashishlariga to‘g‘ri keladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: filmda agar shon-shuhratga halol mehnat bilan erishilmasa, u kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Tadbirkorlar uchun adabiyot: biznes haqidagi eng yaxshi kitoblar
Fond bozori haqidagi filmlar
«Baxt ortidan quvib»
2006-yilning ushbu film hayotiy voqealarga asoslangan Kris Gardnerning biznesi va muvaffaqiyati haqida. Bosh qahramon qon tekshiruv tahlili asboblarini sotib kun ko‘radi. Uning oilasi qiyin ahvolda — uy-joy uchun to‘lashga hech narsasi yo‘q. Kris fond bozorida ishlashni orzu qiladi. Shu sababli, u tavakkal qilib, brokerlik firmasiga haq to‘lanmaydigan amaliyotga kirishga qaror qiladi. U yerda dastlabki olti oy davomida unga bir tiyin ham to‘lashmaydi. Bosh qahramon o‘z maqsadiga erishadi, boyib ketadi va o‘z brokerlik kompaniyasini ochadi.
Nima uchun ko‘rish kerak: “Hech kimga “Qo‘lingdan hech narsa kelmaydi”, deb aytishiga yo‘l qo‘yma. Orzung bormi — uni himoya qil” deya ta'kidlovchi film shiori shuni ko‘rsatadiki, yo‘lda uchragan muvaffaqiyatsizliklar biznesni tashlab ketish uchun bahona bo‘lolmaydi, chunki hatto eng og‘ir vaziyatlarda ham oldinga intilish va muvaffaqiyatga erishish uchun kuch-quvvat topish mumkin.
«Uoll Strit bo‘risi»
Avtobiografik asarga asoslangan 2013-yilgi film. Jordan Belfort 1980-yillarning oxirida Uoll-Stritda broker sifatida ish boshlaydi. U o‘zining Stratton Oakmont brokerlik firmasini tuzadi, firma qimmatli qog‘ozlarni sotishning shiddatli va firibgarcha usullarini qo‘llab, mashhur bo‘lib ketadi. U jamoasi bilan hashamatli hayot kechiradi, ziyofatlar, mashinalar va ko‘chmas mulkka millionlab pul sarflaydi. FQB va AQSh qimmatli qog‘ozlar komissiyasi Belfort va kompaniyani moliyaviy firibgarliklar tufayli ta'qib qilishni boshlaydi. Unga tergov ishi ochiladi va hukumat bilan hamkorlik qilib, qamoq jazosidan qutulib qolishga urinadi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film biznes muvaffaqiyatining qorong‘u tomoni — qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ochko‘zlikni ko‘rsatadi.
«Uoll-strit»
1987-yilgi film Bad Foks — Uoll-stritdagi yosh va shuhratparast broker haqida. U tezda boyib, mashhur bo‘lishni orzu qiladi. Buning uchun u shiddatli savdo usullari bilan tanilgan shafqatsiz korporativ treyder Gordon Gekko bilan ishlashni boshlaydi. Gekko Foksni korporativ fitna va fond bozori manipulyatsiyasiga jalb qiladi. Ammo Bad bunday kirdikorlarga chuqurroq kirgani sari, vijdon uni shunchalik qiynay boshlaydi. U muvaffaqiyat va vijdon o‘ti orasida qoladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film shuhratparastlik, korruptsiya, axloqiy dilemma mavzularini o‘rganadi, boylik va hokimiyatga intilish uchun qanday tovon to‘lanishi mumkinligini ochib beradi.
«Aykan: Tinim bilmas milliarder»
2022-yilgi amerikalik tadbirkor Karl Aykan haqidagi kartina, uni ko‘pincha "Uoll-stritning yolg‘iz bo‘risi" deb atashadi. Aykan uzoq vaqt davomida muvaffaqiyat cho‘qqisida turdi, strategik fikrlash va muzokaralarda qo‘rquvni uyg‘otish qobiliyati bilan mashhur bo‘ldi. Filmda uning shaxsiyati oila a'zolari va moliya sohasidagi hamkasblari bilan suhbatlar orqali turli tomonlardan namoyish etiladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: hujjatli film muvaffaqiyatga erishgan inson qanday yashashi va maqsadlariga erishish uchun nimalar qilishini ko‘rsatadi.
«Xavf chegarasi»
2011-yilgi dramatik film 2008-yildagi moliyaviy inqiroz va uning investitsiya bankiga ta'siri haqida hikoya qiladi. Film hikoyasi Nyu-Yorkdagi moliya kompaniyasining ofisida sodir bo‘ladi. Kompaniya tahlilchisi firma qulash arafasida ekanligini aniqlaydi va buni rahbariyatga ma'lum qiladi. Yig‘ilishda boshqaruvchilar kompaniyani qutqarishning yagona yo‘li — qimmatli qog‘ozlar birjasida qadrsizlangan aksiyalarni ularning haqiqiy qiymati ma'lum bo‘lgunga qadar sotish deb qaror qiladi. Ammo, agar 9 shunday qilishsa, ularning aksiyadorlari va omonatchilari katta yo‘qotishlarga duch keladi. Film syujeti 24 soat ichida bo‘lib, unda kompaniya xodimlari inqirozdan chiqish yo‘lini topishga harakat qiladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film katta moliya olamidagi axloqsizlik va axloqiy tanlovlar mavzusini o‘rganadi.
«Boyler joyi»
2000-yilning kriminal trilleri aksiyalarni agressiv va ko‘pincha noqonuniy sotish usullari va mijozlarni aldash bilan shug‘ullanvchi bir guruh yosh brokerlarni kuzatib boradi. Hikoya davom etar ekan, guruh a'zolaridan biri o‘z harakatlari oqibatlarini tushunadi va tez boyib ketish va halol hayot o‘rtasidagi tanlovga duch keladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: filmda moliya dunyosining qorong‘u tomonlari va uning ishtirokchilari duch keladigan axloqiy dilemmalar ko‘rsatilgan.
«Ikki kishilik pul»
2005-yilgi film — sport stavkalari dunyosi haqidagi Amerika trilleri. Brendon Leng — sobiq professional futbolchi — sport stavkalari bo‘yicha ekspertga aylanadi. U sport tadbirlarini bashorat qila olish qobiliyatiga ega yosh va shuhratparast Jon Entonining e'tiborini tortadi. Brendon Jonni o‘z kompaniyasida ishlashga taklif qiladi, bu yerda ular sport stavkalari orqali katta pul ishlashadi. Bu bilan ular qimor dunyosidagi xavfli odamlarning e'tiborini jalb qilib qo‘yishadi. Brendon va Jon katta pul, korruptsiya va zo‘ravonliklarga to‘la xavfli o‘yinga kirib qoladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film shuni ko‘rsatadiki, pul va qudrat ehtiyotkorlik va axloqiy me'yorlar bilan ishlatilmasa, halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ixtirochilar haqidagi filmlar
«Ilon Mask: Haqiqiy temir odam»
2018-yilgi film amerikalik muhandis, ixtirochi va milliarder Ilon Maskning hayoti va yutuqlari haqida hikoya qiladi. Kartina Ilonning Janubiy Afrikadagi bolaligi, kompyuterlar, fizika, shaxmat va ilmiy fantastikaga bo‘lgan qiziqishlarini tasvirlaydi. Bu voqealar u oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgunga qadar bo‘lgan davrni qamrab oladi. AQShda esa u ilmiy daraja olib, akasi bilan birgalikda o‘zining birinchi kompaniyasiga asos solgan.
Nima uchun ko‘rish kerak: Ilon Maskning hikoyasi davom etyapti va biz bunga guvoh bo‘lyapmiz.
«Aviator»
2004-yilda suratga olingan "Aviator" filmi aviatsiya ixtirochisi, dunyodagi eng yirik korporatsiya asoschisi, kino prodyuseri va multimilliarder Govard Xyuzning tarjimai holidir. Kartinada Xyuzning aviatsiya va kino sanoatidagi birinchi yutuqlari va hayotining ruhiy kasalliklardan aziyat chekkan so‘nggi yillari ko‘rsatilgan. Filmda uning noyob yutuqlari — jahon rekordini o‘rnatgan dunyo bo‘ylab sayohati — 3 kun 18 soat 8 daqiqa 10 soniyada yerni aylanib chiqishi va Spruce Goose ulkan gidrosamolyot qurilishi ko‘rsatilgan.
Nima uchun ko‘rish kerak: filmda daho, ekssentrik va murakkab odam biznes imperiyasini qurayotgani va ruhiy kasalligi bilan kurashayotgani tasvirlangan.
«Lamborgini: afsonaviy odam»
2022-yilning bu filmi Lamborghini avtomobil imperiyasi asoschisi muvaffaqiyati haqida. Syujet ikkinchi jahon urushidan keyin Italiyada sodir bo‘ladi. Fermerning yosh o‘g‘li Ferruchcho Lamborgini bolaligidan texnika va ixtiroga qiziqadi va uning poyga mashinalariga ishtiyoqi bor. Ferruchcho urushdan so‘ng darhol sport avtomobillari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan yana bir italiyalik Enzo Ferrari tajribasini o‘rganadi. Lamborgini o‘z biznesini qishloq xo‘jaligi traktorlari ishlab chiqarishdan boshlaydi va asta-sekin dunyoga mashhur sport avtomobillarini yaratishga o‘tadi, bu mashinalar uning kumiri bo‘lmish Ferrari bolidlarining raqiblariga aylanadi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film insonga chinakam yoqadigan narsaga urg‘u berish va har qanday sharoitga qaramay, bu ishni butun hayoti davomida rivojlantirish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.
«Taker: Inson va uning orzusi»
1988-yilgi amerikalik tadbirkor Preston Takerning hayotiy hikoyasiga asoslangan biografik drama, u 1940-yillarning oxirida o‘zining Tucker Corporation kompaniyasida innovatsion avtomobil yaratishga harakat qilgan. U ko‘p jihatdan noyob bo‘lgan Tucker 48 modelini yaratdi: orqa dvigatel, ramkasiz oyna, uchinchi old chiroq va boshqa ko‘plab innovatsion xususiyatlar. Ammo Taker o‘z avtomobilini yaratish va targ‘ib qilish jarayonida yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari va hukumatning bosimiga duch keldi. U bir necha o‘nta mashina ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘ldi, keyin uning kompaniyasi bankrot bo‘ldi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film o‘rnatilgan tizimga qarshi kurashni namoyish etadi. U Takerni biznes va siyosat ko‘pincha innovatsiyalar va taraqqiyotga qarshi turadigan dunyoda o‘z e'tiqodlari uchun kurashgan idealist sifatida taqdim etadi.
Biznes haqidagi filmlar
«Asoschi»
2016-yilgi biografik drama McDonald's fastfud restoranlari tarmog'ining yaratilishi haqida hikoya qiladi. Rey Krok — muvaffaqiyatsiz sut-kokteyli sotuvchisi — tasodifan Kaliforniyada aka-uka Makdonaldlar tomonidan ishlab chiqilgan tezkor xizmat ko‘rsatish tizimiga ega bo‘lgan kichik restoranni topadi. Rey bu konsepsiyadan hayratda qoladi va ulkan salohiyatni ko‘radi. Krok aka-uka McDonald'sga o‘z bizneslarini kengaytirishni taklif qiladi. Aka-ukalar dastlab Krok bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi, ammo vaqt o‘tishi bilan biznesni rivojlantirish nuqtai nazaridagi farqlar va sheriklikning mo‘rtligi tufayli nizolar kelib chiqadi. Krok asta-sekin aka-uka McDonald'sni siqib chiqaradi va McDonald'sni jahon tez ovqatlanish imperiyasiga aylantiradi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film nafaqat biznesni boshlash, balki uni rivojlantirish, g‘oyalarni ko‘rish va imkoniyatlardan foydalanish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.
«Milliard dollarlik o‘spirin»
Haqiqiy voqealarga asoslangan 2011-yilgi dramatik kartina. Top Itipat 25 yoshida milliarderga aylandi. U maktabdan boshlab pul topadi, 19 yoshida zavod ochadi va 25 yoshida esa o‘z mahsulotini dunyoning 27 mamlakatiga eksport qiladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: yaqinlar qarshi bo‘lganida, yigit o‘z maqsadiga qarab ketayotgan edi. U muvaffaqiyatsizlikka uchradi, lekin yana urinib ko‘rdi. Kartina har qanday sharoitda fidoyilik va o‘z g‘oyasiga ergashishga qaratilgan.
«Aka-uka dueli. Adidas va Puma tarixi»
2016-yilgi hujjatli filmda aka-uka Dasslerlar — Adidas va Puma asoschilari o‘rtasidagi raqobat haqida hikoya qilinadi. Edi va Rudi Dassler 1920-1930 yillarda poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyani tashkil etdi. Ammo kelishmovchiliklar tufayli biznes ikkiga bo‘lindi: Edi Adidasga, Rudi esa Pumaga asos soldi.
Nima uchun ko‘rish kerak: filmda aka-ukalarning raqobati va Adidas va Pumaning jahon modasi va sportiga ta'siri aks etgan.
«99 frank»
2007-yilgi fransuz yozuvchisi va reklamachisi Frederik Begbederning romani asosida suratga olingan film. Parij reklama agentligining iste'dodli, ammo berahm kreativ direktori Oktav Parango mijozlarni boshqarish, xomxayollar yaratish va iste'molni rag‘batlantirish maqsadidagi reklama kampaniyalari va strategiyalari ustida ishlaydigan sanoatda faoliyat yuritadi. Oktav pul muvaffaqiyatiga mukkasidan ketgan, yuzaki munosabatlar, iste'molchilik qaramligi va hayotning ma'nosizligidan azob chekadigan odamga aylanadi.
Nima uchun ko‘rish kerak: film iste'molchilar jamiyatini tanqid qiluvchi satirik komediyadir.
«Erin Brokovich»
Haqiqiy voqealarga asoslangan 2000-yilgi dramatik film. Uch farzandning onasi Erin Brokovich ishsiz qolish arafasida. U yuridik firmada yordamchi bo‘lib ishlaydi. Ish davomida, Erin yirik energetika kompaniyasi Kaliforniyaning Xinkli shahridagi suvni ifloslantirayotganiga e'tibor qaratadi. Mahalliy aholi bundan jiddiy kasal. Erin sudda jabrlangan Xinkli aholisining huquqlari uchun kurashadi va energetika kompaniyasi jabrlanganlarga millionlab dollar to‘lashga rozi bo‘ladi.
Nima uchun ko‘rish kerak: bu adolat va inson salomatligini himoya qilish uchun kuchli korporatsiyaga qarshi chiqqan bir ayolning kuchi haqida ilhomlantiruvchi hikoya.
Izoh qo‘shish