
Yalpi foyda nima va uni qanday hisoblash mumkin
Yalpi foyda — biznes samaradorligini baholashda asosiy ko‘rsatkichlardan biri. Bu ko‘rsatkichning o‘zi ham, boshqa ko‘rsatkichlarni hisoblash uchun ham muhimdir. Ko‘rsatkich nimalardan tashkil topishi, sof foydadan qanday farq qilishi, qanday hisoblash va nimalar hisobiga oshirish mumkinligini aytib beramiz.
Anna Ufimseva20 yillik tajribaga ega buxgalter, Business Explorer QK rahbari
Ko‘rsatkich nimani anglatadi
Yalpi foyda (YaF) — bu mahsulot, tovar, ish yoki xizmatlarning tannarxi chegirib tashlangan holda sotishdan olingan tushum.
Masalan, kiyim -kechak ishlab chiqaruvchisi bir oyda 25 mln so‘mlik mahsulot sotgan. Tannarxi 15 mln so‘mni tashkil qildi. Qolgan 10 mln — bu yalpi foyda.
Yalpi foyda sof foydadan qanday farq qiladi
YaFni hisoblash uchun tushumdan mahsulot tannarxini ayirish kerak. Sof foydani hisoblash uchun esa tushumdan tannarx va boshqa xarajatlarni: ijara haqi, kommunal xizmatlar, reklama xarajatlari, kredit to‘lovlari, soliqlar va boshqa kelgusi majburiyatlarni ayirish kerak. Natijada qolgan miqdor sof foydani tashkil qiladi.
YaF katta bo‘lsa, kompaniyada ishlar yaxshi ketayotganini anglatmaydi. Juda katta xarajatlar daromadning sezilarli qismini sarf qilishi mumkin. Shuning uchun ham aynan sof foyda biznes rentabelligining asosiy ko‘rsatkichidir.
Yalpi foydani qanday hisoblash mumkin
Yalpi foyda formulasi juda sodda: tushum - tannarx.
Tushum— ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilishdan, tovarni qayta sotishdan olingan daromad, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olingan mablag‘ yoki binodan foydalanganlik uchun olingan to‘lov — biznes yo‘nalishiga bog‘liq.
Tannarx — ishlab chiqarish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish xarajatlari. Asosiy faoliyatning o‘ziga va uni ta'minlashga qilingan xarajatlar hisobga olinadi.
Masalan, ishlab chiqarish dastgohlarda olib borilsa, yalpi foydani hisoblayotganda dastgohlarni ta'mirlash va xizmat ko‘rsatish ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladi. Biroq, xarajatlarni taqsimlab bo‘lmasa, ular hisobga olinmaydi. Masalan, karavotlar tayyorlashga va divanlar yig‘ishga qanchadan chiroq sarflanganini ajratib bo‘lmaydi.
Masalan: YaTT oshxona uchun mebel ishlab chiqaradi va sotadi. Bir oyda 50 mln so‘mlik mahsulot sotdi, xomashyo uchun 20 mln, ishlab chiqarish joyiga yetkazib berish uchun 3 mln to‘ladi. Shuningdek, tadbirkor uchta ishchiga 3,5 mln so‘mdan maosh berdi. Uskunalar ishlashi uchun elektr energiyasiga yana 2,5 million sarfladi. Dastgohni ta'mirlash uchun 2 mln to‘lashga to‘g‘ri keldi.
YaFni hisoblaymiz:
50 000 000 - (20 000 000 + 3 000 000 + 10 500 000 + 2 500 000 + 2 000 000) = 50 000 000 - 38 000 000 = 12 000 000 so‘m.
Nima uchun yalpi foydani hisoblash kerak
Savol tug‘iladi: agar YaF kompaniya ishining aniq natijalarini aks ettirmasa, nima uchun uni hisoblash kerak? Gap shundaki, barcha ko‘rsatkichlarni kompleks tarzda baholash kerak: faqat shundagina obyektiv tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
YaF tahlili mahsulot tannarxi maqbulmi degan savolga javob beradi. Agar ishlab chiqarish xarajatlari chegirib tashlangandan keyin juda kam foyda qoladigan bo‘lsa, demak, biznes resurslardan samarasiz foydalanmoqda va mahsulot ishlab chiqarish, tovarlar sotib olish yoki xizmatlar ko‘rsatishga keragidan ortiq sarflamoqda. Yoki realizatsiya qilish narxi arzonlashtirilgan. Shunday ekan, YaF asosiy faoliyat rentabelligining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Biznesda bir nechta yo‘nalish bo‘lsa, YaF tahlili qaysi biri samaraliroq ishlayotganini aniqlashga yordam beradi. Bunday holda, har bir yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkich hisoblab chiqiladi va natijalar taqqoslanadi. Buning uchun rentabellik ko‘rsatkichidan foydalaniladi: (YaF / tushum) x 100%.
Masalan:
YaTT 30 mln so‘mga oshxona shkaflari va 20 mln so‘mga stollar sotdi. Materiallar uchun mos ravishda 13 mln va 7 mln so‘m sarfladi. Shkaflarni ishlab chiqarish bilan ikki ishchi shug‘ullanib, jami 7 mln so‘m oldilar. Elektr energiyasi va uskunalarni ta'mirlash xarajatlarini hisobga olmaymiz, bular umumiy va ajratish mumkin emas.
Shkaflardan olingan YaF: 30 000 000 - (13 000 000 + 7 000 000) = 10 000 000
Shkaflar ishlab chiqarish rentabelligi: (10 000 000 / 30 000 000) × 100 = 33,3%
Stollardan olingan YaF: 20 000 000 - (7 000 000 + 3 500 000) = 9 500 000
Stollar ishlab chiqarish rentabelligi: (9 500 000 / 20 000 000) × 100 = 47,5%
Demak, stollarni sotish foydaliroq, garchi bulardan olingan YaF past bo‘lsa ham.
Nihoyat, ko‘rsatkichni hisoblash doimiy xarajatlarni nazorat qilishga yordam beradi. Tadbirkor tannarxni chegirib tashlagandan keyin qolgan summani ko‘rganda, ijara, kredit to‘lovlari yoki reklama kabi boshqa xarajatlarni taqsimlashi mumkin.
Yalpi foydani qanday oshirish mumkin
YaF ko‘rsatkichini oshirish uchun xarajatlarni kamaytirish va daromadni oshirishga harakat qilish kerak.
Masalan, quyidagi strategiyalardan foydalanish:
- Ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish. Masalan, sifatni yo‘qotmagan holda arzonroq xomashyo yetkazib beruvchilarni qidirish. Yoki distribyutorlar orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan xarid qilish.
- Tannarxi arzonroq bo‘lgan assortimentni kengaytirish. Masalan, mebel do‘koni o‘zi yasaydigan oshxona garnituralarini sotadi. Agar, aytaylik, stullar yoki taburetkalar va oshxona stollari qo‘shilsa, tannarxi butun boshli garnituradan past bo‘lib, katta hajmda sotilishi mumkin, chunki garnituralar stullarga qaraganda kamroq sotib olinadi.
- Yangi mijozlarni jalb qilish. Masalan, biznes uchun yangi maydonchalarni egallash: tovarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki Uzum Market kabi marketpleysda sotish. Yoki internetdagi auditoriyani jalb qilish uchun onlayn xizmatlar ko‘rsatish.
Yalpi foyda haqida qisqacha
- Yalpi foyda — bu tushum va tannarxni ayirmasi. Tannarxga asosiy faoliyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan va taqsimlanish mumkin bo‘lgan xarajatlar kiritiladi.
- Ko‘rsatkich biznesning samaradorligini aniq ko‘rsatmaydi, biroq kompaniya resurslardan qanchalik oqilona foydalanayotganini baholashga imkon beradi.
- Agar har bir yo‘nalish bo‘yicha YaF taqqoslansa, qaysi birini rivojlantirish foydaliroq bo‘lishini aniqlash mumkin.
- Tannarxni pasaytirish, assortimentni kengaytirish va yangi mijozlarni jalb qilish YaFni oshirishga yordam beradi.
Izoh qo‘shish