bosh sahifa / Sarflash va tejash / Xorijiy tilni o‘rganishda qanday tejash mumkin: toshkentlik piar-menejerning shaxsiy tajribasi
Как сэкономить на изучении иностранного языка: личный опыт пиар-менеджера из Ташкента

Xorijiy tilni o‘rganishda qanday tejash mumkin: toshkentlik piar-menejerning shaxsiy tajribasi

Xorijiy tilni o‘rganish, bir qarashda, ko‘p bo‘sh vaqt va katta xarajatlar talab etadigan mashg‘ulotdek ko‘rinishi mumkin. Maqolamiz qahramoni ko‘p yillar davomida xorijiy tillarni o‘rganadi. Vaqt va mablag‘ni tejashga yordam beradigan foydali layfxaklar va maslahatlar bilan bo‘lishadi. Maqolada Anastasiya o‘quv jarayonini qanday qilib to‘g‘ri tashkil etish va mavjud resurslardan samarali foydalanish haqida aytib berdi.

Anastasiya

piar-menejer bo‘lib ishlaydi, bolaligidan chet tillarini o‘rganadi.
So‘nggi ikki yil davomida fransuz tilini chuqur o‘rganib keladi.

Repetitor bilan shug‘ullanish — onlayn yoki oflayn?

Dastlabki yarim yil davomida fransuz tilini oflayn tarzda o‘rgandim. Tanishlarim individual mashg‘ulotlar uchun repetitorni tavsiya qilishdi va biz uning uyida shug‘ullanar edik.  Biroq, vaqt o‘tishi bilan men ba'zi paytlari, ayniqsa, ko‘chada juda issiq yoki aksincha — yomg‘ir yoki qor yog‘ayotgan bo‘lsa, yig‘ishtirilib, uydan chiqishga kayfiyatim yoki motivatsiyam yo‘qligini tushundim. Bu biror narsa o‘rganish istagini so‘ndiradi. Bu narsa chindan ham menga xalaqit berayotganini tushunib, o‘sha o‘qituvchi bilan onlayn shug‘ullanishga qaror qildim.

Karantindan oldin onlayn mashg‘ulotlar unchalik ommalashmagan edi, qulay sharoitda o‘qish men uchun eng yaxshi g‘oya bo‘ldi. Endi yo‘lga vaqtimni va pulimni sarflamasdan, uydan turib o‘qishim mumkin edi.

Men individual onlayn darslarni tanladim, chunki bu guruh bo‘lib o‘tiladigan darslarga qaraganda ancha qulay. Raqobat meni rag‘batlantirmaydi, ammo ko‘plarga raqobat ruhi yoqadi — kimdir ko‘proq biladi, kimdir tezroq o‘rganadi. Menga o‘z maromimda harakat qilish va rivojlanish muhimroq. Bundan tashqari, dars davomida o‘qituvchining e'tibori va butun o‘quv materiali faqat menga qaratilgan va tanlangan — bu darslarning samaradorlik darajasini bir necha barobar oshiradi.

Birinchi repetitor bilan men til asoslarni o‘rgandim. Biz ko‘plab grammatika, o‘qish va yozishga qaratilgan mashqlar bajarardik. Shubhasiz, bu yangi tilni o‘rganishda juda muhim jihatlardir, ammo menga xorijiy tilda muloqot qilish tajribasi yetishmasligini tushundim. Ikkinchi repetitorimni ham tanishlarim orqali topdim. U bilan darslar ancha xilma-xil o‘tadigan bo‘ldi. Masalan, yaqinda nima uchun haydovchilarning tez-tez jahli chiqishini muhokama qildik va butun so‘z boyligi hissiyotlar, qo‘pollik, g‘azabni ifodalash bilan bog‘liq edi — bu kelajakdagi muloqot uchun foydali bo‘ldi.

Layfxak va maslahatlar

Til o‘rganish uchun ko‘plab bepul imkoniyatlar mavjud. Masalan, speaking-klublar, shuningdek, har payshanba va juma kunlari fransuz tilida munozaralar o‘tkaziladigan Fransuz Alyansi. Bu shunchaki dars emas, balki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish va fransuz tilida fikrlashni boshlash imkoniyatidir. Dastlabki bir necha darslarda, ehtimol, jim o‘tirasiz, lekin vaqt o‘tishi bilan, avval bir-ikkita jumla, keyin esa borgan sari ko‘proq gapira boshlaysiz. U yerdagi odamlar juda mehribon va samimiy. Eng muhimi, hech qachon urg‘u yoki noto‘g‘ri talaffuzingiz uchun uyatga qo‘yishmaydi yoki masxara qilishmaydi.

Onlayn resurslar. Hozir hamma narsani topish mumkin: kitoblar, videolar, seriallar, kurslar. Tilga ko‘nikish uchun multfilmlardan boshladim. Masalan, fransuz tilida tomosha qilgan birinchi multfilmim “Shrek” bo‘ldi. Bu juda ham sodda resurs emas-ku, lekin baribir hammasi tushunarli.

Faqatgina darsliklar bo‘yicha shug‘ullanish shart emas — vaqt o‘tishi bilan zerikib qolasiz va hammasi maktab jadvalidagi oddiy darsga aylanadi. O‘rganilayotgan tilni kundalik hayotga kiritish va qiziqishlaringizni shunga moslashtirish muhimdir. Bu nafaqat tilni darsdan tashqari o‘rganishga, balki boshqa tilda fikrlashni boshlashga yordam beradi. Yaxshi variant — boshqa tilda o‘zingiz yaxshi bilgan filmlarni qayta tomosha qilish va kitoblarni qayta o‘qishdir.

Har bir tilning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Nafaqat so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, balki nutq madaniyati, uslubi, intonatsiya, u yoki bu iboralarni qanday hissiyot bilan talaffuz qilayotganini tushunish ham zarur. Bu tilda qanday so‘zlashilishini his qilish juda muhimdir.

Ijtimoiy tarmoqlar. Instagramda qiziq bo‘lgan sahifalarga obuna bo‘lishingiz mumkin. Men uchun bu kulgili va ko‘zni quvontiradigan videolar. Bu yerda fransuz tilini yaxshilashga yordam beradigan kontent ko‘p. Bu nafaqat o‘rganish, balki til egalarining kundalik hayotiga sho‘ng‘ish imkoniyatini beradi. Shu tariqa fransuz tilida fikrlash va talaffuz rivojlanadi. Bu bloglarda ko‘pincha to‘g‘ri talaffuzni uchratish mumkin — bu juda zo‘r. Mening sevimli blogerlarimdan biri Teacher Kendy, u grammatikani qo‘shiqlar orqali tushuntiradi.

YouTube va Telegram ham foydali. Layfstayl-bloglarni tomosha qilish va yangiliklarni xorijiy tilda o‘qish so‘zlashuvni rivojlantirishga va grammatikani mustahkamlashga yordam beradi.

Agar biror yoqtirgan blogeringiz bo‘lsa, kurs o‘tkazayotganini ham tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Bir marta 14 yevroga kurs sotib olgan edim. Unda “Gossip girl”, “Stranger Things”,  “The Vampire Diaries” va “Desperate Housewives” kabi mashhur seriallardan parchalar bor edi. U yerda to‘liq seriya emas, balki subtitrli qisqa parchalar keltirilgandi. Har bir parchadan so‘ng, eslab qolish uchun o‘rganiladigan barcha so‘zlar yozilgan hujjat taqdim etilardi. Qo‘shimcha mashqlar olingan bilimlarni mustahkamlashga, shuningdek, foydali va yoqimli mashg‘ulotni birlashtirishga yordam berardi.

Ilovalar. Tillarni o‘rganish uchun ko‘plab bepul ilovalar mavjud, masalan, Duolingo yoki Anki. Menimcha, ikkinchi ilova samaraliroqdir. Shuningdek, til bo‘yicha sherik topish imkonini beruvchi HelloTalk platformasi ham bor. Misol uchun, siz rus tilini o‘rganayotgan kishini, o‘zingiz esa fransuz yoki boshqa tilni anlaysiz. Bu o‘zaro manfaatli bilim almashinuvidir.

Shuningdek, o‘rganilayotgan tilda qo‘shiqlar ham tinglash mumkin — hozir Stromae, Lara Fabian va Fransiyadagi boshqa mashhur xonandalar qo‘shiqlarini tinglayapman. Matnlarning tarjimalarini qidirish, o‘qish va eslab qolish mumkin. Bu tinglab tushunishga yordam beradi.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar — toshkentlik ayol Amerikadagi hayot, qadrdonlar sog'inchi va saqlanib kelinayotgan o‘zbek an'analari haqida

Ma'lumot olish

Tilni qanday qilib mustaqil va samarali o‘rganish mumkin

Til o‘rganishdagi birinchi qadam — bu yaxshi repetitor. O‘qituvchi nafaqat o‘qitish metodikasi, balki energetikasi bo‘yicha ham mos kelishi kerak. Repetitor juda qattiqqo‘l bo‘lmasligi kerak, deb hisoblayman. Ortiqcha qattiqqo‘llik ba'zan o‘qishga bo‘lgan qiziqishingizni so‘ndiradi.

Agar o‘qituvchi bilan shug‘ullanish imkoniyatingiz bo‘lmasa, internetda ko‘plab bepul materiallar, jumladan, darsliklar mavjud. O‘rganilayotgan tilda blog yurituvchi yoki kontent yaratuvchi qiziqarli odamni topish va kuzatib borish juda muhim. So‘zlar va ularning tarjimasini yozib oling, so‘ng qoidalar va grammatikani eslab qolishni boshlaysiz. Ishonchim komilki, agar insonda katta xohish-istak bo‘lsa, tilni repetitorsiz ham o‘rgansa bo‘ladi. Shunchaki harakat qilinsa bas.

Til darajangiz o‘rtachadan biroz yuqori bo‘lsa, xorijiy tilda maqolalar o‘qishingiz, filmlar tomosha qilishingiz va podkastlar tinglashingiz mumkin. Bu tilni rivojlantirishning ajoyib usuli. Yozishni mashq qilish uchun kundalik yuritish — kun voqealarini o‘rganilayotgan tilda yozib borish mumkin.

Xorijiy tilda so‘zlashish va fikrlash haqida ham unutmaslik kerak. Bunda bepul ochiq darslar, munozaralar, she'riyat kechalari va speaking-klublar yordam beradi. Masalan, nemis tilini o‘rganuvchilar uchun Gyote institutida ona tilida so‘zlovchilar ishtirokida muntazam ravishda shu kabi tadbirlar o‘tkaziladi.

Til o‘rganish hech qachon tugamaydigan jarayondir. Yangi so‘zlar va slenglar paydo bo‘ladi, eski iboralar esa rus tilidagi kabi yangi ma'noga ega bo‘ladi. Hatto ona tilimizni ham to‘liq bilmaymiz, deyishimiz mumkin. Shuning uchun, tilda erkin gaplashishni istasangiz, uni doimo rivojlantirishingiz va til qobig‘iga “o‘ranib olishingiz” kerak. Tashlab qo‘ysangiz, tilni unutasiz.

Qiziq voqea: Shveysariyada, hamma fransuz tilida gaplashadigan kichik shaharchada tranzit bo‘lganman. Bu yerda atigi bir yarim soat bo‘lgan bo‘lsam-da, fransuz tilida so‘zlashishga ishonchim oshganini his qildim. Shu bois faqat fransuz tilida gaplashishga qaror qildim. Ofitsiantga taomlarni fransuz tilida buyurtma bera boshladim, u ham shu tilda javob berdi. Lekin bundan ortiq gapira olmasligimni tushundim va ingliz tiliga o‘tishini so‘radim. Biroq yonimdagi stolda o‘tirgan keksalar fransuzcha gapirishimni eshitib, savollar bera boshlashdi. Ular ham, ofitsiant ham til darajamni maqtashdi. Keyinchalik, bu suhbatni tahlil qilganimda, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yganimni tushundim, lekin bu ajoyib amaliyot bo‘ldi. Aynan shunday lahzalar mashg‘ulot va o‘rganishni davom ettirishga ilhomlantiradi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments