bosh sahifa / Sarflash va tejash / Qayerga borish mumkin: Toshkentda hamyonbop dam olish uchun g‘oyalar
Куда сходить: идеи бюджетного отдыха в Ташкенте

Qayerga borish mumkin: Toshkentda hamyonbop dam olish uchun g‘oyalar

Toshkentda katta mablag‘ sarflamasdan vaqtni maroqli o‘tkazish uchun ko‘plab maskan va tadbirlar mavjud. Ko‘ngilochar bog‘larda sayr qilishdan tortib yarmarka va festivallarda ishtirok etishgacha — ro‘yxatimizda poytaxtda hamyonbop hordiq uchun g‘oyalarni topish mumkin. Qanday qilib dam olish kunlarini minimal xarajatlar bilan o‘tkazish va maksimal zavq olish haqida bilib oling.

Bepul tomoshalar

“Sharq bozori”

Bu yarmarka vaqtni foydali va maroqli o‘tkazish uchun yaxshi imkoniyatdir: har dam olish kuni Samarqand Darvoza savdo markazida hunarmandlar o‘z mahsulotlarini sotuvga qo‘yadilar. Bu yerda to‘qilgan o‘yinchoqlar, taqinchoqlar, sovun va shamlar, idish-tovoq, kiyim-kechak va boshqa ko‘plab suvenirlarni keng assortimentda xarid qilish mumkin. Qo‘lda yasalgan buyumlarni sotib olish qiziqtirmasa, ularni o‘zingiz yasashingiz mumkin — “Sharq bozori” doirasida kulolchilik buyumlari, futbolkalar, gips haykalchalarni bo‘yash, shuningdek, to‘qimachilik va portret chizish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi. Yarmarkaga kirish bepul.

Navro‘z sayli

Har yili bahorgi tengkunlik munosabati bilan shaharda keng ko‘lamli sayillar uyushtiriladi — u yerga kirish bepul. Bayramlar istirohat bog‘lari, savdo markazlari, xiyobonlar va qirg‘oqlarda o‘tkazilib, sumalak tayyorlash, tanlovlar, sport musobaqalari, ijodiy jamoalar va o‘zbek yulduzlari ishtirokida konsertlar bo‘lib o‘tadi.

Central Park dasturlari

Bog‘da attraksionlar bilan bir qatorda boshqa ko‘ngilochar tadbirlar ham mavjud — har dam olish kuni bolalar va kattalar uchun shou-dasturlar o‘tkaziladi. Bog‘ 90-yillar uslubidagi ziyofatlar, multfilm qahramonlari ishtirokidagi tematik shoular, kvestlar, raqs darslari va mahorat darslariga, shuningdek, mahalliy san'atkorlarning konsertlaridan bahramand bo‘lishni taklif qiladi. Bog‘ va barcha tadbirlarga kirish mutlaqo bepul.

Ochiq havoda sayr qilishni ham unutmaslik kerak. Do‘stlar va yaqinlar bilan sayr qilish mumkin bo‘lgan bir nechta joylar:

  • Ecopark,
  • Seoul Moon qirg‘og‘i,
  • “Moviy gumbazlar” xiyoboni,
  • “Navro‘z” bog‘i,
  • Anhor qirg‘og‘i

Toshkentdagi savdo markazlari: ko‘ngil ochish uchun qayerga borish mumkin

Ma'lumot olish

Hamyonbop o‘yin-kulgi

Yapon bog‘i

Biror maqsadsiz, shunchaki sayr qilish uchun Yapon bog‘iga borishingiz mumkun. Sokin va tinch joy yapon madaniyatining turli elementlarini o‘z ichiga oladi: koi karplari suzib yurgan hovuzlar, toshlar bog‘i, choy pavilyoni, tosh chiroqlar, shuningdek, an'anaviy yapon o‘simliklari — bambuk, sakura, qarag‘aylar. Bog‘ shahar shovqinidan dam olish va boshqa madaniyat bilan tanishishga yordam beradi. Kirish pullik — bir kishi uchun 30 ming so‘m.

Botanika bog‘i

Toshkentdagi 65 gektar maydonga ega eng katta yashil zona bo‘lib, butun dunyodan 4500 dan ortiq o‘simlik turlari, jumladan, noyob va ekzotik namunalar yig‘ilgan. Bog‘da ignabargli o‘rmonlardan tortib subtropik o‘simliklargacha turli flora namunalarini tabiiy sharoitlarda ko‘rishingiz mumkin. Shuningdek, bu yerda hovuzlar, issiqxonalar, manzarali xiyobonlar va dam olish maskanlari tashkil etilgan. Kirish chiptasi 15 ming so‘m turadi.

Ochiq osmon ostidagi filmlar namoyishi

Kinoteatrga premyeralarga borish qiziqarli, ammo o‘tgan yillardagi mashhur filmlarni ochiq havoda tomosha qilish ham zavqlidir. Toshkentda bunday kino namoyishlarini taklif qiluvchi bir nechta loyihalar mavjud: Ikat Cinema, UGL Cinema, Loft Cinema, Sakura Cinema. Bular ko‘pincha Yapon bog‘i, Tashkent City va “Do‘stlik” bog‘larida o‘tkaziladi. Film namoyishiga kirish uchun oldindan joy band qilishingiz kerak.

“Tепло Маркет”

Mahalliy brendlar va hunarmandlar festivali taxminan har oyda bir marta o‘tkaziladi. Bu yerda mahalliy brendlarning zargarlik buyumlari va kiyimlari, har qanday didga mos qo‘l buyumlari, zamonaviy va milliy idish-tovoqlar, uy uchun dekor, vinil plastinkalar va boshqa ko‘plab foydali (yoki shunchaki chiroyli) narsalarni topish mumkin. Yarmarkada savdo zonasidan tashqari, mahalliy muassasalardan keytering, o‘qish burchagi, mahorat darslari, fotozonalar ham tashkil etilgan. Shuningdek, deyarli har bir “Тепло” festivalida mahalliy yosh san'atkorlarning konsertlari o‘tkaziladi, hamkor kompaniyalar esa qiziqarli aksiyalar va chegirmalarni taklif qiladi. Chipta narxi — kattalar uchun 50 ming so‘m, bolalar uchun 30 ming so‘m. 2024-yilda festival 7-8-sentyabr kunlari Yapon bog‘ida bo‘lib o‘tadi.

“Говорит Ташкент”

Toshkent ko‘chalarida bo‘lib o‘tadigan audiospektakl — quloqchinlarni taqib, guruh bilan poytaxtning bog‘lari, xiyobonlari, yodgorliklari va hovlilarida sayr qilasiz. Quloqchinlarda Toshkent aholisining xotiralari va intervyulari, Dina Rubinaning "Ko‘chaning quyoshli tomonida" romanidan parchalar, Tamara Xonum haqidagi hujjatli filmlar, Mark Vaylning intervyusidan parchalar va televideniye arxiv materiallar asosida yaratilgan audioqator ijro etiladi. Shahar dekoratsiyaga aylanib, odatiy joylari kutilmagan tarzda namoyon bo‘ladi. Sayrlar har kuni ertalab va kechki payt o‘tkaziladi, chiptani loyiha veb-saytida sotib olish mumkin, narxi — 180 ming so‘m.

- "Тепло" festivaliga borishni tavsiya qilaman — ayniqsa, agar u Yapon bog‘ida o‘tkazilayotgan bo‘lsa. Yarmarkada har doim jonli muhit bo‘lib, har kim o‘ziga yoqadigan narsani topadi: ijtimoiy tarmoqlar uchun chiroyli fotosuratlar olish, foydali narsalarni xarid qilish, yangi odamlar bilan tanishish, mahorat darslariga borish yoki shunchaki ilhom olish. U yerga borishdan oldin dam olib olgan yaxshi, chunki festivalni aylanishga bir soat kamlik qiladi va, albatta, do‘stlar yoki qarindoshlaringizni taklif qilishingiz  mumkin”.

Maqola muallifi Malika poytaxtdagi barcha madaniy yangiliklarni kuzatib boradi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
sattorovshohruxbek03@gmail.com
sattorovshohruxbek03@gmail.com
7 months ago

Juda ajoyib yahshi fikrlar ilgari surilgan