bosh sahifa / Sarflash va tejash / Timbilding nima: sodda tilda tushuntiramiz
Что такое тимбилдинг: объясняем простыми словами
Yangilanish sanasi: 11.09.2024

Timbilding nima: sodda tilda tushuntiramiz

Xodimlar o‘zlarini baxtli va jarayonga jalb qilinganligini his qilsa, bu kompaniya uchun foydali.

Misol uchun, Harvard Business Review tadqiqoti natijalariga ko‘ra, jamoada kayfiyat ko‘tarilsa, sotuvlar 37% ga, ish samaradorligi esa 31% ga oshishi mumkin. Bunday natijaga erishish uchun kompaniyalar turli usullardan, jumladan, timbildingdan foydalanadi.

TEAMBUILDING.UZ korporativ dasturlar bo‘yicha menejer Vladimir Dolgiy bilan birgalikda timbilding nima ekanligi, uni qanday tashkil etishni batafsil ko‘rib chiqamiz va har qanday jamoa uchun universal g‘oyalarni taklif etamiz.

Vladimir Dolgiy
TEAMBUILDING. UZ. korporativ dasturlari bo‘yicha menejer.

Timbilding va u bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha 17 yillik tajribaga ega

Timbilding nima, qachon va nima uchun kerak

Timbilding — shunchaki ko‘ngilochar tadbir emas, balki xodimlarni jipslashgan jamoaga aylantirish uchun muntazam o‘tkaziladigan tadbirlar. Inglizcha “team building” so‘zi “jamoa qurish” deb tarjima qilinadi. Bu g‘oya sportdan kelib chiqqan bo‘lib, unda jamoaning muvaffaqiyati uning har bir a'zosiga bog‘liq bo‘ladi.

Bunday tadbirlar quyidagi hollarda foydali:

  • xodimlar bir-birlarini yaxshi tanimaydi, lekin umumiy loyiha ustida birgalikda ishlashlari kerak, timbilding orqali ular bir-birlarini yaxshiroq tanib oladi;
  • jamoada ishni qiyinlashtiradigan mayda kelishmovchiliklar tez-tez yuzaga keladi, tadbir davomidagi erkin muhit tufayli xodimlarga o‘zaro nizolarini hal qilish osonroq bo‘ladi;
  • kompaniyaning turli bo‘limlari alohida ishlaydi, bo‘lim rahbarlari esa tajriba va ma'lumot bilan almashmaydi. Qo‘shma tadbirlar davomida odamlar tezroq tanishib, muloqotga kirishadi;
  • kompaniya tuzilmasida o‘zgarishlar yuz berdi va xodimlar yangi ish sharoitlariga moslashishi qiyin bo‘lyapti. Ishdan tashqari sharoitlarda xodimlar yangiliklarga osonroq moslashadi.

Jamoa qanchalik jipslashgan bo‘lsa, u shunchalik samarador bo‘ladi. Biznes uchun bu foydali: daromad va korporativ obro‘ni oshirish mumkin.

Maslou ehtiyojlar piramidasi: bu nima va biznesda qanday qo‘llaniladi

Ma'lumot olish

Timbilding turlari

Har qanday formatda bo‘lishi mumkin, asosiysi — bu faoliyat jamoa qiziqishlari yoki ishning o‘ziga xos xususiyatlariga mos kelishi.

Timbildingning ommabop turlari:

  • Oshpazlik. Kompaniyalar master-klass o‘tkazish uchun shef-oshpazlarni taklif qiladi yoki ekzotik taomlar tayyorlash bo‘yicha musobaqalar uyushtiradi.
  • Intellektual. Guruh mashg‘ulotlari, viktorinalar va intellektual o‘yinlar nafaqat yashirin iste'dodlarni yuzaga chiqaradi va bilimlarni sinaydi, balki bir-birini yaxshiroq tanib olishga ham yordam beradi.
  • Sportga oid. Bunday format faol va serg‘ayrat jamoalar uchun mos keladi. Estafetalar, jamoaviy velosiped poygalari, darts bo‘yicha turnir, ekstremal rafting yoki birgalikda toqqa chiqish — bularning barchasi ishtiyoq va raqobat ruhini uyg‘otadi.
  • Ijodiy. Agar kompaniya kreativ vazifalar bilan shug‘ullansa, bunday format ijodiy fikrlashni rivojlantirishga yordam beradi. Bunga birgalikdagi teatr postanovkalari, kinoga borish, fotosessiyalar kiradi.
  • Psixologik. Ishonch va hurmatni mustahkamlash uchun foydali, ayniqsa, jamoada taranglik yoki nizolar bo‘lsa. Masalan, emotsional intellekt mavzusida trening yoki psixologik test o‘tkazadigan malakali psixologni taklif qilish mumkin.
  • Tematik. Jamoada umumiy xobbilar bo‘lsa, tematik kecha yoki ko‘rgazma uyushtirish ajoyib g‘oya bo‘ladi.
  • Xayriya. Daraxt ekish yoki hududni tozalash kabi jamiyat ravnaqi uchun qilinadigan ishlar har bir kishiga umumiy ishga hissa qo‘shish va ahamiyatlilik hissini beradi. Shuningdek, bolalar uyi yoki qariyalar pansionatiga borishni tashkil qilish mumkin, bu ishtirokchilar uchun ham, ular borib ko‘radigan insonlar uchun ham quvonch keltiradi.

Timbilding tashkil etish

Har qanday tadbir tashkil etish uchun bir nechta muhim bosqichlardan o‘tish kerak:

  1. Maqsadni aniqlash. Qanday format kerakligini tushunish uchun so‘rovnoma o‘tkazish, rahbarning fikrini so‘rash yoki hamkasblarning o‘zaro munosabatini kuzatish mumkin. Bu nimani yaxshilash kerakligini tushunish va tadbir yo‘nalishini tanlashga yordam beradi.
  2. Kim ishtirok etishini hal qilish. Butun kompaniyani to‘plash shart emas: agar muammolar bitta bo‘limda yoki alohida jamoalar o‘rtasida, masalan, marketologlar va sotuv menejerlari o‘rtasida bo‘lsa, hamjihatlikni yaxshilash uchun aynan ular uchun timbilding tashkil qilgan ma'qul.
  3. Byudjetni rejalashtirish. Tadbir byudjeti va uning qoplanishini baholash uchun materiallar, transport va bino ijarasi xarajatlarini hisoblang. Agar timbilding qimmatga tushayotgan bo‘lsa, uning maqsadlari esa global bo‘lmasa, kam xarj variantlar — sovrinli viktorina yoki ofisdagi tematik kechahaqida o‘ylab ko‘ring.
  4. Tadbir formatini tanlash. Timbilding birinchi bosqichda aniqlangan muammolarni hal qilishi lozim. Formati har xil bo‘lishi mumkin: odamlar birgalikda harakat qilishni o‘rganadigan jamoaviy musobaqalardan har biri o‘z nuqtai nazarini yoqlaydigan va boshqalarni tinglashga harakat qiladigan o‘yin muzokaralarigacha.
  5. Ssenariy ishlab chiqish. U tadbir tuzilishini belgilaydi. Agar tayyor o‘yinni tanlasangiz, ishning katta qismi allaqachon bajarilgan bo‘ladi. O‘ziga xos tadbir uchun barchasini mustaqil ravishda tashkil qilish kerak: dastur, jadval, vazifalar, boshlovchi, joy va rekvizit. Agar ishtirokchilar zeriksa, zaxira reja bo‘lishi muhim, masalan, ma'ruzani mahorat darsiga o‘zgartirish mumkin.
  6. Vaqt va joyni tanlash. Timbilding uchun qulay sanani belgilang va jamoani oldindan xabardor qiling: tadbirdan ikki hafta oldin, 2-3 kun oldin va bir kun oldin e'lonlar bering. Birinchi e'londa tadbirning barcha tafsilotlari va savollar uchun bog‘lanish ma'lumotlarini ko‘rsating, keyingi e'lonlarda esa o‘tkazilish sanasi va joyini eslatib o‘ting.

Onlayn-format uchun platformaga hamma ulana olishiga ishonch hosil qiling va texnik muammolarning oldini olish uchun test rejimida ishga tushirib ko‘ring. Oflayn-tadbirlar uchun rekvizit tayyorlang, tamaddilarga buyurtma bering va uskunalarni tekshiring.

Jamoani timbildingga jalb qilish metodlari

Har qanday tadbirda ishtirok etish ixtiyoriy, har bir ishtirokchi uchun qiziqarli va foydali bo‘lishi muhim.

Buning uchun:

  • har bir kishi tadbirning maqsadi va o‘z rolini biladigan qulay muhitni yarating;
  • har bir fikrni qadrlang va timbildingda har bir g‘oya foyda keltirishi mumkinligini ta'kidlang;
  • jarayonga odatda chetda qoladiganlarni ham jalb qiling, ularga savollar bering va ularning ishtiroki ham muhimligini ko‘rsatish uchun oddiy topshiriqlar bering;
  • natijalarni mustahkamlang. Ishtirokchilar birgalikda nimadir yaratsin, masalan, hissiyotlar xaritasi yoki ishni yaxshilash uchun g‘oyalar yozilgan hujjat. Bu motivatsiyani va o‘z qadrini his etishni kuchaytiradi.

Timbildingning samaradorligini qanday qilib tushunish mumkin

Timbildingning muvaffaqiyatini baholash uchun quyidagi o‘lchov metodlaridan foydalanish mumkin:

  • Miqdoriy metrikalar:
    • ishtirok etish foizi: barcha taklif qilingan xodimlardan nechtasi ishtirok etdi;
    • fikr-mulohazalar: olingan ijobiy va salbiy fikr-mulohazalar soni.
  • Sifat metrikalari:
    • qatnashchilarning tadbirdan qoniqish darajasi;
    • timbilding o‘tkazilgandan keyin jamoadagi muhit.

Timbildingdan so‘ng xodimlarga nima yoqqani va ular ishda qanday o‘zgarishlarni payqaganini bilish uchun anonim so‘rovnoma o‘tkazing. Agar ko‘pchilik tadbirdan foyda ko‘rgan bo‘lsa va bunday tadbirda yana ishtirok etishni istasa, demak, hammasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Agar ziddiyatlar saqlanib qolgan va ish yaxshilanmagan bo‘lsa, timbilding formatini qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.

Timbildingni tashkil etishda keng tarqalgan xatolar

Hatto yaxshi g‘oyalar ham noto‘g‘ri tashkil etish tufayli barbod bo‘lishi mumkin.

Mana, qochish kerak bo‘lgan bir nechta odatiy xatolar:

  • Aniq maqsad yo‘qligi. Timbilding aniq vazifaga ega bo‘lishi va muntazam ravishda o‘tkazilishi shart. Muntazamligi ishning xususiyati va byudjetga bog‘liq.
  • Jamoa qiziqishlari inobatga olinmaydi. Agar xodimlarga shaxsiy narsalar haqida gapirish noqulay bo‘lsa, ularni majburlamang. Barchaga qiziqarli va salbiy his-tuyg‘ularni keltirib chiqarmaydigan mashg‘ulotlarni o‘tkazing.
  • Noqulay vaqt. Timbildinglar ish vaqtida o‘tkazilishi va maxsus safarlardan tashqari ikki soatdan ortiq davom etmasligi kerak. Ammo shunda ham dam olishga vaqt berish muhim.
  • Natijalar muhokama qilinmaydi. Agar timbildingdan so‘ng natijalar muhokama qilinmasa va jamoani mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlar rejalashtirilmasa, xodimlar buning nima uchun kerak bo‘lganligini tushunmaydilar.

Qachon timbilding kerak bo‘lmaydi

Timbilding — bu ajoyib instrument, biroq har doim ham samarali emas. Quyida qachon uni o‘tkazish ma'qul bo‘lmagan holatlar keltirilgan:

  • Jamoaviy ish bo‘lmaganda. Masalan, merchandayzerlar kamdan-kam hollarda boshqa xodimlar bilan hamkorlikda, ko‘pincha yolg‘iz ishlaydi. Agar ish jamoaviy sa'y-harakatlarni talab qilmasa, timbilding vaziyatni yaxshilay olmaydi.
  • Xodimlar qattiq charchaganda. Agar jamoa charchagan bo‘lsa, ularga o‘yin-kulgi emas, dam olish kerak. Bunday hollarda ish jarayonini qayta ko‘rib chiqqan ma'qul.
  • Jamoaning o‘rtacha ish faoliyati. Agar xodimlar ishga qiziqish bildirmasa va ularning mehnat natijalari past bo‘lsa, jamoa birlashtirishga qaratilgan tadbirlar foyda bermaydi. Avvalo, motivatsiyaning pastligi sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish lozim.
  • Kadrlarning ishdan ketishi yuqori bo‘lganda. Timbildinglar tez-tez o‘tkazilishi doimiy ishdan bo‘shash muammosini hal qilmaydi. Xodimlarning ketish sabablarini anglash muhimdir. Timbilding faqatgina yangi xodimlarga tezroq moslashishga yordam berishi mumkin.

Ofis uchun timbilding g‘oyalari

Taklif qilingan tadbirlar ofis uchun mos keladi. Ulardan ba'zilarini jamoaviy dam olish vaqtida yoki uzoq kengashdan keyingi tanaffusda ham o‘tkazish mumkin.

Kviz. Boshlovchi ishtirokchilarni jamoalarga bo‘lib, viktorinani noodatiy savollar, hazil yoki yumor bilan boshlaydi. Bu timbildingni kompaniya uchun unikal qilish usuli, chunki korporativ madaniyat, xodimlarning xobbisi yoki korxona tarixi to‘g‘risidagi savollarni nozik tarzda kiritish mumkin.

Foyda. Fikrlash tezligi, intuitsiya va jamoada ishlash ko‘nikmasi rivojlanadi.

Monopoliya. Barchaga tanish o‘yin, ammo real o‘lchamlarda: 6×6 metrlik o‘yin maydoni, ulkan o‘yin figuralari, kubiklar va kartondan yasalgan mehmonxonalar, mer, hakam va politsiyachi rollarini esa haqiqiy odamlar bajaradi. Ushbu biznes-simulyatsiyada ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, aktivlarni sotib olish uchun raqobatlashadi, jumboqlarni yechadi va bankrot bo‘lmaslik uchun harakat qiladi.

Foyda. Strategik fikrlash va cheklangan vaqt sharoitida birgalikda qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantiradi.

Tabiatda timbilding g‘oyalari

Agar katta guruhning jamoaviy ruhini mustahkamlash kerak bo‘lsa, nima uchun ochiq havoda quvnoq mashg‘ulotlar o‘tkazmaslik kerak. Bunday timbilding barchaga kompyuter ekranlaridan chalg‘ish va jonli muloqotga kirishish imkonini beradi.

Piyoda ekskursiya. Uni nafaqat gidning qiziqarli hikoyalarini tinglash, balki ma'lum bir yodgorlik bilan suratga tushish yoki biror bir joyni uning fotosurati orqali topish kabi quvnoq vazifalarni bajarishbmumkin bo‘lgan kvest bilan ham birlashtirish mumkin.

Foyda. Jamoaviy ruh mustahkamlanadi, xodimlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik yaxshilanadi.

Film suratga olish. Dastlabki so‘rovnomani o‘tkazing va ko‘pchilik ishtirokchilarning xohish-istaklarini hisobga olgan holda istalgan janrni tanlang. Har bir jamoaga ssenariy ishlab chiqish, suratga olish va montaj qilish uchun bir xil vaqt beriladi. Tadbir qizil yo‘lakdagi premyera va taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.

Foyda. Jamoaviy ishlash ko‘nikmasini rivojlantiradi va ishtirokchilarga ijodiy muhitda ochilmagan qirralarini kashf qilishga yordam beradi.

“O‘zbekistonda timbilding bo‘yicha arizalarning aksariyati sayohat formatida — tabiat qo‘ynida, tog‘larda, dam olish bazalari, mehmonxonalar, kempinglarda o‘tkazishga kelib tushmoqda. So‘nggi yillarda rafting va xayking tobora ommalashib boryapti.

Odatda, timbilding treninglar, kompaniya yubileylari, yillik yig‘ilishlar, distribyutorlar uchrashuvlari va hokazolarni o‘tkaziladigan korporativ safarga qo‘shimcha hisoblanadi. Biz mikst-dasturlar ishlab chiqamiz — faol-ijodiy plyus intellektual.

Jamoalar a’zolarining vazifa va rollarini psixotipidan, ishtirokchilarning vakolatlari va ular erishishi kerak bo‘lgan maqsadlardan kelib chiqqan holda o‘zlari taqsimlaydi.”

Vladimir Dolgiy
17 yildan beri timbildinglar tashkil qiladi

Timbilding haqida qisqacha

  • Timbilding — bu jamoani jipslashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlar majmuasi bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zaro hamkorlik qilish, bir-biriga ishonish va ziddiyatlarni boshqarishni o‘rganadi.
  • Bunday tadbirlarning asosiy maqsadlari: jamoada kommunikatsiyani yaxshilash, xodimlardan stressni yo‘qotish va katta maqsadlarga umumiy qarashni shakllantirish, bu esa bevosita samaradorlikka ta'sir qiladi. Timbilding pazandalik, intellektual, ijodiy, sport, psixologik, tematik, xayriya yoki onlayn tarzda o‘tkazilishi mumkin.
  • Agar kompaniyada jamoaviy ish mavjud bo‘lmasa, xodimlar qattiq charchoqni his qilsa, past natijalarni ko‘rsatsa va ishdan bo‘shash hollari ko‘p bo‘lsa, timbilding bu muammolarning yechimi bo‘la olmaydi.
  • Tashkillashtirish uchun tadbir maqsadlarini aniqlash, mos keladigan format va lokatsiya tanlash, byudjetni hisoblash, dastur ishlab chiqish va o‘tkazilgandan so‘ng natijalarni baholash kerak.
  • Samarali timbilding uchun barcha xodimlarni jalb qilish va har bir kishi tadbirning maqsad va talablarini biladigan, har bir fikr esa qadrlanadigan qulay muhit yaratish muhimdir.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments