bosh sahifa / Sarflash va tejash / Pullar ruxsatsiz hisobdan yechilmaydi: Markaziy bank ko‘rsatmasini o‘rganamiz

Pullar ruxsatsiz hisobdan yechilmaydi: Markaziy bank ko‘rsatmasini o‘rganamiz

O‘tgan yilning oxirida O‘zbekiston Markaziy banki mijozning roziligisiz va ogohlantirmagan holda kredit hamda boshqa qarzlarni to‘lash uchun hisoblardan pul yechib olish amaliyotini taqiqlagan edi. Endilikda kompaniya va banklar oylik to‘lovlarni qanday amalga oshiryapti?

Muammo nimada edi?

Shartnomaga muvofiq, kredit bo‘yicha navbatdagi to‘lov sanasi kelganda, bank asosiy hisob raqamidan zarur summani akseptsiz (ya'ni xabardor qilmay va rozilik olmasdan) hisobdan chiqarishi mumkin edi. Nafaqat qarz oluvchidan, balki uning kafillaridan ham.

Bu juda ko‘p noqulayliklar tug‘dirardi. Masalan, qarz oluvchi boshqa shaharga ketgan va hisob raqamiga kerakli summani kiritishga ulgurmagan. Uning hisob raqami to‘satdan “nolga aylanishi” (ya'ni bank barcha mavjud pullarni yechib olardi) va unda chindan ham yashash uchun mablag‘ qolmasligi mumkin edi.

Pul yechish bilan nafaqat banklar, balki sug‘urta kompaniyalari ham shug‘ullangan. Kreditni rasmiylashtirishda ko‘pincha polis ham taklif etiladi, unga ko‘ra sug‘urta kompaniyasi, agar qarz oluvchi to‘lovlarni uddalay olmasa, qarzni to‘liq to‘lashni kafolatlaydi. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, qarzni undirish bo‘yicha barcha huquqlar sug‘urtalovchilarga o‘tadi. Bu ularga ham hisob raqami egasining roziligisiz hisoblardan mablag‘larni yechishga asos bo‘lardi. Banklar, odatda, e'tiroz bildirmasdilar.

Endi pulni o‘zim o‘tkazishim kerakmi?

Yo‘q, avtoto‘lovlar (ya'ni avtomat tarzda pul o‘tkaziladi) avvalgidek ishlaydi. Odatda bu shart kredit shartnomasida yozilgan bo‘ladi. Bu qulay: navbatdagi to‘lov sanasini kuzatish shart emas, shunchaki kerakli summani hisobingizda ushlab turish kifoya.

Endilikda sizga avtoto‘lov xizmati ulansa, bank SMS yuborishi va sizdan rozilik olishi kerak. Xabarda sizga xizmat haqida to‘liq ma'lumot berilishi kerak: kimning foydasiga va qanday shartnoma bo‘yicha pul undiriladi.

Banklar endi pulni qanday yechib olyapti?

Agar pulni yechib olish shartnomada ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bank har bir tranzaksiyaga (o‘tkazishga) rozilik olishi kerak. Buning uchun u sizga SMS yuborishi kerak, unda yechib olinadigan aniq summa, asos (masalan, shartnoma raqami) va oluvchining nomi ko‘rsatiladi.

Oluvchi — har doim ham hisob raqami ochilgan bank bo‘lavermaydi. Bu, masalan, hisob raqami egasiga qarz bergan uchinchi tomon mikromoliya tashkiloti bo‘lishi ham mumkin.

SMS olgandan so‘ng roziligingizni tasdiqlashingiz kerak. Aynan qandayligi xabarnomada ko‘rsatiladi. Masalan, ko‘rsatilgan raqamni javobda yuborish kerak bo‘ladi.

Demak, roziligimsiz pullarimni aniq yechib olishmaydimi?

Umuman olganda, ha. Lekin rozilik talab etilmaydigan holatlar ham bor. Agar siz kimgadir qarzdor bo‘lsangiz va sizga qarshi da'vo qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, sud qarori bilan sizning ruxsatingizsiz hisobingizdan pul yechib olinishi mumkin. Bunday holda sudda g‘olib chiqqan tomon bankka sud qarori va ijro varaqasini taqdim etishi kerak.

Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan boshqa holatlar ham bo‘lishi mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Jahongir Ergashev
Jahongir Ergashev
6 months ago

Oilaviy yetishmovchiligi sabab