
Franchayzing nima: uning tuzilishi va turlari
Franchayzing — biznes olamida tobora ko‘proq uchrab borayotgan tushuncha. U o‘z ishini minimal tavakkallar bilan boshlashni xohlaganlar uchun ayniqsa qiziqarli. Ushbu model tadbirkorlarga allaqachon tekshiruvdan o‘tgan va muvaffaqiyatli biznes-g‘oyadan hammasini noldan boshlash zaruratisiz foydalanish imkonini beradi.
Ammo franchayzing aslida nimani anglatadi, u qanday ishlaydi hamda nima sababdan u aksariyat startaplar va hattoki tajribali ishbilarmonlar tanloviga aylanmoqda? Ushbu maqolada franchayzing o‘zi nima ekanligini, undagi afzalliklar va muvaffaqiyatli biznesni yaratishda qanday yordam bera olishi mumkinligini oddiy so‘zlar bilan tushuntiramiz.
Franchayzing: atama tavsifi
Franchayzing o‘zi nima? Bu biznes yuritish modeli bo‘lib, unda bir kompaniya (franchayzer) o‘z savdo markasi, biznes-modeli va faoliyat yuritish uchun zarur boshqa manbalaridan foydalanish huquqini boshqa kompaniya yoki yakka tartibdagi tadbirkorga (frachayzi) taqdim etadi. Buning evaziga franchayzi odatda franchayzerga boshlang‘ich to‘lov va muntazam royalti (daromaddan foiz) to‘lovlarini amalga oshiradi. Franchayzing tadbirkorlarga o‘z biznesini mashhur brend va franchayzer ko‘magi ostida boshlash imkonini berib, tavakkallarni pasaytiradi va ilk bosqichni osonlashtiradi.
Franchayzing ishtirokchilari
Franchayzing — ikki tomonlama jarayon bo‘lib, unda har biri aniq rolni bajaradigan va o‘z majburiyatlariga ega bo‘lgan ikkita asosiy tomon ishtirok etadi.
Franchayzer
Muvaffaqiyatli biznes va ishlab chiqilgan biznes-modelning egasi hisoblangan kompaniya yoki yakka tartibdagi tadbirkor. Franchayzer o‘z savdo markasi, texnologiyalari, biznes-jarayonlari va boshqa manbalaridan foydalanish huquqini aynan shu brend ostida biznes yuritishni istalgan boshqa tadbirkorlarga taqdim etadi.
Franchayzer biznes yuritish standartlarini ishlab chiqib, franchayzilarni o‘qitadi, ularga o‘z biznes-modelidan foydalanish imkonini taqdim etib, marketing, logistika, boshqaruv kabi turli sohalarda yordam ko‘rsatadi. Franchayzerning asosiy vazifasi — franchayzilar muvaffaqiyatli biznes yurita olishi uchun ularni zarur vositalar va bilimlar bilan ta'minlashdan iborat.
Franchayzi
Faoliyat yuritish uchun franchayzerning brendi va biznes-modelidan foydalanish huquqini sotib oladigan tadbirkor yoki kompaniya. Franchayzi o‘zining biznesini franchayzer standartlari va yo‘riqnomalariga muvofiq boshqaradi.
Franchayzi, jumladan tasdiqdangan biznes-jarayonlar, sifat standartlari, marketing strategiyalari va faoliyatining boshqa xususiyatlaridan foydalanishda franchayzing shartnomasining barcha shartlariga rioya qiladi. Shuningdek, franchayzi o‘z darajasidagi operatsiyalar boshqaruvi, jumladan xodimlarni ishga yollash, hisob yuritish, marketing va mijozlar bilan o‘zaro munosabatlar uchun javob beradi.
Franchayzi franchayzerning brendidan foydalanish huquqi uchun boshlang‘ich to‘lovni, shuningdek muntazam royalti to‘lovlarini amalga oshirishi kerak. Shuningdek, franshiza xaridori o‘z nuqtasini (do‘kon, restoran, ofis va h.k.) ochish va rivojlantirishga sarmoya kiritadi.
Franchayzing turlari
Franchayzing bir nechta shaklda mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘z xususiyatlariga ega hamda biznes turi va tomonlarning maqsadidan kelib chiqib qo‘llanadi.
Tovar shakli
Ushbu modelda franchayzer tovarlarni mashhur brend ostida sotish huquqini franchayziga taqdim etadi. Bu franchayzerning o‘zi ishlab chiqaradigan mahsulot yoki faqat franchayzing tarmog‘i orqali sotiladigan tovarlar bo‘lishi mumkin.
Misol: aniq rusumdagi avtomobillarni sotadigan avtodilerlar yoki mashhur brendlarning mahsulotlarini taklif qiluvchi do‘konlar.
Ishlab chiqarish shakli
Franchayzi franchayzerning brendi ostida mahsulot ishlab chiqarish va sotishga lisenziya oladi. Bunday holatda franchayzi tovarlarni franchayzerning belgilangan standartlari va texnologiyalari bo‘yicha tayyorlaydi.
Misol: mashhur kompaniyaning brendi ostida ichimliklar yoki oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish huquqini qo‘lga kiritgan ishlab chiqarish kompaniyalari. Masalan, yirik xalqaro kompaniya brendi ostida alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish.
Biznes shakli (yoki kompleks franchayzing)
Franchayzi brenddan foydalanish huquqi bilan birga franchayzerning butun biznes-modelidan foydalanish imkonini qo‘lga kiritadigan eng keng tarqalgan franchayzing shakli. Bunda texnologiyalar, operasion amallar, marketing ko‘magi, xodimlar o‘qitilishi va doimiy hamrohlik qamrab olinadi.
Misol: tezkor ovqatlanish restoranlar tarmog‘i, kafe, mehmonxonalar, fitnes-markazlar hamda franchayzi tayyor biznes-konsepsiya hamda biznes yuritishning barcha bosqichlarida ko‘makka ega bo‘ladigan boshqa korxonalar.
Konversion shakl
Ushbu modelga binoan mavjud biznes franshiza ostiga o‘tadi va franchayzerning brendi ostida ishlay boshlaydi. Franchayzi o‘z biznesini franchayzerning standart va talablariga moslashtiradi, bu unga taniqli brend afzalliklaridan va olinadigan ko‘makdan foydalanish imkonini beradi.
Misol: yirik franchayzing tarmog‘ining bir qismiga aylanadigan va ma'lum darajada mustaqilligini saqlab qolgan holda, uning brendi ostida ishlay boshlaydigan mustaqil ko‘chmas mulk agentliklari.
Mohir-franchayzing
Bu modelda franchayzi ma'lum mintaqa yoki mamlakatda franchayzing tarmog‘ini rivojlantirish va boshqarish yuzasidan eksklyuziv huquqqa ega bo‘ladi. Mohir-franchayzi o‘z hududi doirasida yangi nuqtalarini ochishi hamda franshizalarni boshqa tadbirkorlarga sotishi mumkin.
Misol: o‘z mamlakati yoki mintaqada xalqaro brend tarmog‘ini rivojlantirish huquqini sotib oladigan, so‘ngra franshizalarni mahalliy tadbikorlarga sotadigan kompaniyalar.
Franchayzing afzalliklari va kamchiliklari
Franshizaning ochilishi afzalliklar qatorida o‘z kamchiliklariga ham ega. Asosiy ijobiy jihatlar:
- franchayzi mashhur brend ostida biznes yuritish imkoniga ega bo‘ladi va bu boshidanoq mijozlarni jalb qilishga yordam beradi;
- franchayzerning tekshirilgan va muvaffaqiyatli biznes-modelni taqdim etishi yangi biznesni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tavakkallarni pasaytiradi;
- franchayzer tomonidan ta'minlanadigan o‘qitish, doimiy ko‘mak va maslahatlar franchayziga biznes-jarayonlarni tezroq o‘zlashtirishda yordam beradi;
- franchayzer ko‘pincha markazlashgan marketing bilan shug‘ullanadi va bu franchayziga kuchli reklama kampaniyalari va marketing strategiyalaridan foydalanish imkonini yaratadi;
- tekshiruvdan o‘tgan biznes-modeldan foydalanish startaplarga xos omadsizliklar tavakkalini pasaytiradi;
- franchayziga markaziy xaridlardan foydalanish imkonining berilishi ulgurji narxlar tufayli tovarlar tannarxini pasaytiradi;
- franshiza bo‘yicha ishlash yagona brend ostida yangi nuqtalarni ochish orqali biznesni tez kengaytirish imkonini beradi.
Franchayzing tizimining salbiy jihatlari:
- franchayzining franchayzer tomonidan belgilangan standart va tartib-taomillarga qat'iy amal qilishi zarurati biznesga o‘zgartirishlar kiritish va uni mahalliy sharoitlarga moslashtirish imkonini cheklaydi;
- franchayzining royalti va boshqa muntazam to‘lovlarni o‘tkazish majburiyati biznesdan foyda olish imkonini pasaytirishi mumkin;
- biznesning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan brend nufuziga bog‘liq, franchayzerning muammolari barcha franchayziga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin;
- franshizanining xarid qiymati, jumladan boshlang‘ich to‘lov va yo‘lga qo‘yish xarajatlari yuqori bo‘lishi mumkin;
- franchayzing shartnomalari ko‘pincha uzoq muddatga tuziladi, bu biznesdan jiddiy moliyaviy oqibatlarsiz chiqish imkoniyatini cheklaydi;
- ayrim hollarda franchayzi biznesni kengaytirish borasida franchayzer tomonidan belgilangan cheklovlarga to‘qnash kelishi mumkin.
Xulosa
Franchayzing tekshiruvdan o‘tgan va muvaffaqiyatli biznes-modeldan foydalangan holda, o‘z biznesini minimal tavakkallar bilan boshlash istagida bo‘lganlar uchun kuchli vositani taqdim etadi. Mazkur tizim ko‘p sonli afzalliklar, jumladan ko‘mak, o‘qitish va mashhur brenddan foydalanishni taklif qilgani bois, ko‘plab tadbirkorlarni jalb qiladi.
Biroq, har qanday biznes-model singari franchayzing ham o‘z kamchiliklariga ega: cheklangan harakatlar erkinligi va doimiy moliyaviy majburiyatlar. Franshizani sotib olishga doir qarorni qabul qilishdan avval o‘z maqsad va imkoniyatlaringizga imkon qadar mos bo‘lgan yo‘lni tanlash uchun barcha ijobiy va salbiy tomonlarni puxtalik bilan o‘rganish zarur.
Izoh qo‘shish