
Oila daromadi kamaydi: byudjetni qanday qayta taqsimlash kerak
Har qanday oila daromad kamayadigan vaziyatga tushib qolishi mumkin. Masalan, oila boshlig‘i vaqtincha ishsiz qoldi yoki ish haqi kamaytirilgan holda boshqa lavozimga o‘tkazildi. Yoki ayoli tug‘ruq ta’tiliga chiqdi— bola tug‘ilgandan keyin u birmuncha vaqt ishlay olmasligidan tashqari, yana bir oila a’zosi paydo bo‘lishi bilan majburiy xarajatlar ham ko‘payadi. Katta kredit yoki ipoteka majburiyatlari ham daromadlarni sezilarli darajada pasayishiga olib kelishi mumkin — chunki har oy bankka katta miqdorda pul to‘lash kerak bo‘ladi. Bunday holatlar ko‘p uchrab turadi va bu hollarda byudjetni oqilona ko‘rib chiqish va xarajatlarni optimallashtirish muhimdir.
1-qadam: daromad va xarajatlarni hisoblash
Daromadingiz qancha muddatga kamayishidan qat'i nazar — bir-ikki oy yoki undan uzoqroq vaqtga byudjetni qayta taqsimlash kerak bo‘ladi. Buni qanchalik tez va oqilona qilsangiz, yangi moliyaviy vaziyatga moslashish shunchalik oson bo‘ladi. Va ortiqcha xarajatlar tufayli haqiqatan ham muhim narsalar, masalan, yuqori sifatli mahsulotlarda tejash ehtimoli kamroq bo‘ladi.
Oilaviy byudjetni boshqaradigan, ya'ni barcha daromad va xarajatlarni yozadiganlar uchun uni qayta taqsimlash osonroq bo‘ladi. Buning uchun maxsus ilovalar — byudjetni rejalashtiruvchi dasturlardan foydalanish qulay. Yoki Excelda o‘z jadvalingizni yuritib, u yerga xarajat va daromadlarni kiritish mumkin — hech narsani yo‘qotmaslik uchun bank kartasi bilan to‘lash va shaxsiy kabinet yoki mobil ilovandan ma'lumotlarni unga o‘tkazish qulay. Agar oilangizda bunday foydali odat bo‘lmasa, lekin yaqin orada daromadlar kamayishini (yoki bunday vaziyat sodir bo‘lishi mumkinligini) oldindan bilsangiz, zudlik bilan buni boshlashingiz kerak. Agar moliyaviy inqiroz kutilmaganda ro‘y bergan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda so‘nggi bir necha oy davomidagi xarajatlaringizni yozib olish va tahlil qilish kerak. Ammo bu holda ba'zi xarajatlarni unutishingiz mumkinligini yodda tuting.
Oilaviy byudjetni qanday yuritish va qanday qilib har kuni tejash mumkin
2-qadam: muhim to‘lovlarni aniqlash
So‘ngra, asosiy xarajatlaringizni aniqlang va ularni oqilona rejalashtiring.
Birinchidan, majburiy xarajatlar ro‘yxatini tuzib, ularga oyiga qancha pul sarflashingizni hisoblang. Birinchi navbatda:
- uy-joy kommunal xizmatlari;
- Internet va mobil telefon uchun to‘lov;
- agar oilada mashina bo‘lsa, benzin;
- kredit to‘lovlari;
- bolalar to‘garaklari uchun to‘lov;
- yo‘lkira xarajatlari va ish bilan bog‘liq boshqa qisqartirib bo‘lmaydigan xarajatlar. Ro‘yxatni tuzayotganda, nafaqat oylik to‘lovlarni, balki mol-mulk solig‘i, avtomobil sug‘urtasi yoki transport vositalarini tekshirish kabi boshqa zarur to‘lovlarni ham kiritishni unutmang. Ularni unutsangiz, mablag‘siz qolib ketish xavfi mavjid.
Iloji bo‘lsa, barcha talab qilinadigan oylik to‘lovlarni birinchi navbatda, maosh olganingizdan so‘ng darhol to‘lang. Ushbu miqdorni umumiy daromaddan ayirib, byudjetingizni qolgan mablag‘ asosida rejalashtiring.
Keyin, har oy boshqa muhim xarajatlar uchun qancha pul sarflanishini hisoblang va tahlil qiling. Birinchi navbatda oziq-ovqat va sog‘liq uchun. Faqat taxminiy xarajatlarni va umumiy miqdorni hisoblash emas, eng kamida bir oyda (yaxshisi 2-3 oyda) qancha pul va nimaga sarflanganligi haqida batafsil ro‘yxat tuzish muhim. Shu ro‘yxat yordamida ortiqcha xarajatlarni aniqlash osonroq bo‘ladi.
Voz kechsa bo‘ladigan va voz kechilmaydigan, ammo qisqartirish mumkin bo‘lgan xarajatlar ro‘yxatini tuzing. Misol uchun, ishda biznes tushliklar yoki ishga ketayotganda qahva sotib olish, shuningdek, bolalar uchun do‘konda shirinliklar xarid qilishni og‘ir moliyaviy ahvolda cheklash mumkin. Tushlik va qahvani (termo krujka bir porsiya qahvadan biroz qimmatga tushishi mumkin) uydan o‘zingiz bilan olib keting, bolalarning sevimli do‘kon shirinliklarini sog‘lom va mazalirog‘i — uyda tayyorlangani bilan almashtiring. Masalan, soch oldirish va boshqa zarur xizmatlardan voz kecha olmaysiz — ammo arzonroqlarini topish mumkin. Shuningdek, mobil telefondagi tarifni yanada tejamkorga o‘zgartiring. Shunda, ushbu xarajatlar ancha qisqaradi.
3-qadam: byudjetni qayta taqsimlash
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, har bir kun uchun byudjetni rejalashtirish qiyin: ba'zi kunlarda xarajatlar bo‘lmasligi mumkin, boshqalarida esa odatdagidan yuqori bo‘ladi. Oylik majburiy xarajatlardan keyin qolgan miqdorni 4,3 ga (bir oydagi o‘rtacha haftalar soni) bo'lish qulayroqdir. Shunday qilib, bir hafta uchun oila byudjetining taxminiy miqdorini aniqlaysiz. Ammo shuni yodda tutingki, ba'zi haftalarda kamroq, ba'zilarida esa ko‘proq pul sarflashingiz mumkin.
- Oylik va haftalik byudjet doirasida qolish uchun nima qilish kerakligini o‘ylab ko'ring. Reja tuzing va unga qat'iy rioya qiling. Barcha keraksiz sarflarni qisqartirgandan so‘ng, xarajatlaringiz qanday bo‘lishini taxminan hisoblang. Agar shunda ham byudjet chegarasidan chiqayotgan bo‘lsangiz, ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqing va yana qanday xarajatlarni qisqartirish mumkinligini o‘ylab ko‘ring.
- Kutilmagan xarajatlar kelib chiqishi mumkinligini yodda tuting. Masalan, uyda biron bir texnika buziladi yoki pullik shifokorga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Bunday favqulodda vaziyatlar uchun hech bo‘lmaganda oz miqdorda pul (oylik daromadning 5-10%) ajratishga harakat qiling, chunki qattiq tejash sharoitida rejalashtirilmagan xarajatlar byudjetga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin.
- Cheklangan byudjet sharoitida har kuni barcha daromad, xarajat va qolgan summani yozishni kanda qilmang. Bu xarajatlaringizni rejalashtirishni osonlashtiradi.
- Agar bir oy davomida pulni yaxshi tejab, ozgina pulingiz qolgan bo‘lsa, uni sarflashga shoshilmang, balki kutilmagan xarajatlar uchun ajratib qo‘ying. Ularni darhol sarflash istagi bo‘lmasligi uchun bankda to‘ldirish va yechib olish imkoniyatiga ega omonat ochish qulay. Bunday holda, tejalgan pul sizning foydangizga ishlaydi, chunki ularga foiz qo‘shiladi.
- Oziq-ovqatlarga pul tejayotganda, ratsioningizning sifati buzilmasligiga ahamiyat bering. Kuchli bo‘lish va sog‘liq bilan bog‘liq muammolar qo‘shimcha xarajatlarga olib kelmasligi uchun ratsion muvozanatlashgan bo‘lishi kerak.
- O‘zingiz va oilangiz uchun haddan tashqari — kerak bo‘lganidan ham tejamkor bo‘lmang. Bunday holda, muvaffaqiyatsizlikka uchrash xavfi yuqori bo‘ladi.
Nimalarda tejash mumkin
Pul tejashning oddiy, ammo har doim ham ko'zga ko‘rinmaydigan usullari mavjud. Ular inqirozli vaziyatda, har bir so‘m muhimligida yordam beradi.
- Do‘konlarda. U yerga xaridlar ro‘yxati bilan boring va unga qat'iy rioya qiling. Aksiya va arzon savdolarni kuzatib boring (ammo ortiqcha xarid vasvasasiga tushmang). Turli do‘konlardagi narxlarni solishtiring va arzonroq bo‘lgan joylarni tanlang. Turli brendlarning narxlarni solishtirish ham foydali. Misol uchun, agar siz ko‘p yillar davomida ma'lum bir brendning guruchini sotib olishga odatlangan bo‘lsangiz, boshqalarga e'tibor bering, ehtimol shunga o‘xshash sifatdagi arzonroqlari bordir. Bu nafaqat oziq-ovqat, balki muntazam ravishda sotib olinishi kerak bo‘lgan gigiyena, maishiy kimyoviy vositalar va boshqa tovarlarga ham tegishli.
- Umumiy ovqatlanish va tayyor ovqat yetkazib berishda. Agar ulardan voz kechsangiz va uyda o‘zingiz ovqat pishirsangiz, ancha arzon bo‘ladi.
- O‘yin-kulguda. Byudjetning katta qismi ko‘pincha kino chiptalari yoki bolalar attraksion parklariga sarflanadi. Albatta, bu bo‘sh vaqtni zavqli o‘tkazishning yaxshi usuli, ammo byudjet cheklangan bo‘lsa, filmni uyda bepul tomosha qilish yoki butun oila bilan bog‘da sayr qilish mumkin (uydan tushlik olishni unutmang). Agar bunday xarajatlardan butunlay voz kechgingiz kelmasa, arzonroq seanslarni tanlang. Ko‘plab kinoteatrlarda tanlovlar o‘tkaziladi va chiptalar o‘ynaladi, shuningdek parklarda vaqti-vaqti bilan bepul tadbirlar tashkil etiladi.
- Xizmatlarda. Ko‘pchilik sartarosh, manikyur, pedikyur, fitnes zaliga obuna va shunga o‘xshash xizmatlar uchun ortiqcha pul to‘laydi. Do'stlaringiz bilan suhbatlashib, ular qancha to‘lashlarini bilib oling, shuningdek, boshqa joylarda shunga o‘xshash xizmatlar qancha turishini o‘rganing — ehtimol arzonroq joyni topishingiz mumkin. Shuningdek, onlayn xizmatlar kabi keraksiz obunalardan voz keching.
- Yangi kiyim va poyabzal sotib olishda. Bu nafaqat keraksiz xaridlarga, balki do‘konlarni tanlashga ham tegishli. Ikkinchi qo‘l do‘konlarida yap-yangi kiyimlarni ham topish mumkin (ko‘pincha yorliqlari bilan ham) — ular ancha arzon tushadi. Shuningdek, odamlar o‘zlariga mos kelmagan yoki keraksiz narsalarni (yangi va ishlatilgan) sotadigan olx.uz va boshqa e'lonlar saytlarini ham e'tiborsiz qoldirmang. Ijtimoiy tarmoqlardagi jamoalarga obuna bo‘ling, u yerda odamlar turli xil narsalarni bepul beradilar.
- Uy-joy kommunal xizmatlarida. Qancha suv va elektr energiyasini ishlatayotganingizni kuzatib boring. Energiya tejovchi lampochkalar o‘rnatish, xonadan chiqayotganda yorug‘likni o‘chirish yoki tish yuvayotganda suvni o‘chirib turish va shunga o‘xshash kichik odatlar ham tejashga yordam beradi. Bir yil ichida kattagina mablag‘ yig‘ilishi mumkin.
Fokus va layfxaklar
- Agar maoshni birinchi sanada olmasangiz, byudjetni boshqarish va xarajatlarni bir oyga maoshdan maoshgacha rejalashtirish qulayroq, Masalan, 5 dan 5 gacha.
- Oilangizning haftalik menyusini rejalashtiring va oldindan tayyorlang. Agar ish kuni kechqurun vaqtingiz bo‘lmasa, buni shanba yoki yakshanba kunlari bajaring. Ko‘pincha, muzlatgich bo‘sh ekanligini bilganimizda, yarim tayyor va tayyor ovqatlarni sotib olib, oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shimcha pul sarflaymiz.
- Bankda hisob raqamini oching va unga tejalgan summalarni o‘tkazing. Masalan, agar biron bir narsani sotib olmoqchi bo‘lib, keyin fikringizdan qaytsangiz. Yoki chegirma bilan biror narsa xarid qilsangiz – mahsulotning boshlang‘ich qiymati bilan xarid miqdori o‘rtasidagi farqni o‘sha hisobga tashlang. Shunday qilib, kutilmagan vaziyatlar uchun zaxira shakllantirish osonroq bo‘ladi.
- Qanday ijtimoiy ko‘mak va soliq imtiyozlarini olishingiz mumkinligini bilib oling. Masalan, o‘rtacha oylik daromadi eng kam iste'mol xarajatlari miqdoridan oshmaydigan (2023-yilning aprel oyidan boshlab – bir kishi uchun oyiga 568 ming so‘m) yosh bolali kam ta'minlangan oilalar bolalar nafaqasini olishlari mumkin.
- Qo‘shimcha daromad olish yo‘llarini qidiring. Bu yarim kunlik ish bo‘lishi shart emas, u passiv daromad ham bo‘lishi mumkin. Hatto bank depozitidagi kichik mablag‘ yoki keshbek kartasi ham sizga foizlarda pul ishlashga yordam beradi.
Xulosa: oila byudjetini oqilona tejaymiz
- Qiyin moliyaviy vaziyatga tushib qolganingizda, birinchi navbatda, oilaning daromad va xarajatlarini hisoblab chiqing va tahlil qiling. Qaysilari majburiy ekanligini aniqlang (uy-joy kommunal xizmatlari uchun to‘lov, bolalarning o‘qishi, yo‘lkira va boshqalar). Qolgan xarajatlar uchun byudjetni bu xarajatlarni hisobga olmagan holda rejalashtiring.
- Daromad va xarajatlarning batafsil hisobatini olib boring.
- Qanday xarajatlardan voz kechishingiz va qaysilarini, qancha va qanday qilib qisqartirishingiz mumkinligini aniqlang.
- Kundalik hayotda oqilona tejash rejimiga rioya qiling, xarid qilish jarayonini optimallashtiring.
- Moliyaviy ahvolingizda biron bir imtiyoz, chegirma yoki nafaqalar olishingiz mumkinligini aniqlang.
- Hatto eng qiyin moliyaviy vaziyatda ham bir oz pul ajratishga harakat qiling. Bank depozitlari va keshbek kabi passiv daromad variantlarini e'tiborsiz qoldirmang: qattiq moliyaviy tejamkorlik sharoitida har ehtimolga qarshi pul yig‘ib qo‘yish ayniqsa muhimdir.
Izoh qo‘shish
Bu zur
Maqolaga gap yo zor
Ajoyib manga yoqti
Mablag‘ jamlash va pul tejash uchun men qaytimlarni yig‘ishni va sifatli ko‘ptoq vaqt ishlatiladigan narsalar sotib olishni maqul bilaman
Foydali
Maqolaga gap yuq zur chiqan