bosh sahifa / Sarflash va tejash / “Menda fitnes-klubga 22 mln so‘mlik yillik obuna bor”: agentlik egasi daromadlarni qanday taqsimlashi va sarflashi haqida
Финансовые привычки жителей Узбекистана: как владелица агентства управляет бюджетом, бизнесом и деньгами
Yangilanish sanasi: 01.11.2024

“Menda fitnes-klubga 22 mln so‘mlik yillik obuna bor”: agentlik egasi daromadlarni qanday taqsimlashi va sarflashi haqida

O‘zbekistonliklar “Moliyaviy odatlar” ruknida shaxsiy va oilaviy byudjetni qanday shakllantirishi, bank mahsulotlaridan qanday foydalanishi va pullarini qanday boshqarishi haqida hikoya qiladilar.

Nargiza, 30 yoshda

Toshkentdagi Line Concept marketing agentiligi va shourumga rahbarlik qiladi.

Toshkent markazidagi shaxsiy kvartirasida yashaydi, turmush o‘rtog‘i va qizi (bir yarim yoshda) bor. Hayvonlarga yordam berishni yaxshi ko‘radi.

Byudjetni shakllantirish

Menda faqat aktiv daromad manbalari bor, passiv manbalar yo‘q. Asosiy manba — to‘laqonli faoliyat yurituvchi marketing agentligi. Men “konsept-stor” egasiman — bu MDH davlatlari dizaynerlari va brendlari uchun mo‘ljallangan maskan. Shuningdek, tez-tez konsultatsiyalar o‘tkazaman – menga ko‘pincha marketing masalalari yuzasidan murojaat qilishadi, brending haqida so‘rashadi. Turmush o‘rtog‘im bilan byudjetimiz umumiy, uni bo‘lmaymiz.

Raqamlarni ayta olmayman, ammo mening daromadim Toshkent bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori, albatta.

Maoshimning katta qismini o‘zim, turmush o‘rtog‘im va farzandimga sarflayman. Qizim hali kichkina bo‘lganligi uchun unga juda ko‘p pul sarflashga to‘g‘ri keladi. Daromadimning taxminan 30-35 foizi qoladi va uni jamg‘arib boraman.

Xarajatlarimni jiddiy kuzatishga harakat qilaman. Buning uchun o‘zimga Monify va Monetico ilovalarini yuklab olganman. Ulardagi funksional oddiy – shunchaki pullar qayerdan kelganini va qayerga ketganini yozib borasiz. Men uchun bu ilovalar tadbirkorlik faoliyatim tufayli juda qulay – biznes bo‘yicha tushum va xarajatlarni doim kuzatib borish mumkin. Shu vositadan foydalana boshlaganimdan so‘ng ilova menga ko‘plab oldin sezilmagan xarajatlarni ko‘rsatib berdi.

Moliyaviy maqsadlarimga kelsak, ular raqamlar bilan bog‘liq – men uchun pul xuddi qiziqarli o‘yin kabi. Pulni raqamlar sifatida qabul qilishni yaxshi ko‘raman. Shu bois, ko‘pincha mening moliyaviy maqsadim biznesdan olinadigan daromadni oshirishdan iborat. O‘z ishimda tushumlar doim barqaror o‘sishini xohlayman. Har holda qandaydir o‘sish bo‘lishi kerak.

Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!

Qo‘shilish

Oylik va doimiy xarajatlar

Ovqatlanish. Men ovqatlanish borasida umuman oqilonalikka amal qilmayman — turmush o‘rtog‘im bilan ishlaymiz, farzandim esa vaqtini enaga bilan birga o‘tkazadi. Shu sababdan oxirgi 3-4 yil davomida ovqat pishirmayapman. Buning o‘rniga juda yuqori sifatli yarim tayyor taomlar buyurtma qilamiz, tayyor ovqat sotib olamiz yoki biron joyda ovqatlanamiz. Yegulikka xarajatlarni ham Monetico ilovasiga kiritaman. Raqamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ikki kishi uchun bir martalik tushlikka o‘rtacha 400-450 ming so‘m sarflanadi. Shuningdek, daromadning bir qismi bolaga ham ajratiladi – qizimiz uchun faqat eng sifatli mahsulotlarni sotib olamiz. Jami uch kishiga bir oyda hamma narsaga qariyb 22-23 mln so‘m sarflanadi. Menda ovqatlanish borasida pul tejash bo‘yicha qandaydir maxsus layfxaklar yo‘q. Ba'zida, oyning 20-sanalarida ilovada raqamlarni tekshirganimda turmush o‘rtog‘imga tejamkor bo‘lishimiz kerakligini aytaman. U kuladi va nega avval bunday qilmaganmiz-u, endi zarur bo‘lib qolganini so‘raydi. Ba'zida shahar tashqarisidan shirin va mazali mevalar sotib olamiz, ammo bu kamdan-kam holat, chunki juda uzoqqa borishga to‘g‘ri keladi.

Kommunal xizmatlar, aloqa va internet. Kommunal xizmatlar uchun yarim yoki bir yil oldindan biryo‘la to‘lab qo‘yamiz. Buni quyidagicha hisoblaymiz: har oy qancha iste'mol qilishimizni tekshirib, bir necha oyga ko‘paytiramiz va zarur summani oldindan to‘laymiz. Bir yilda bu 10 mln so‘m (oyiga taxminan 830 ming so‘m) atrofida chiqadi. Cheksiz uy interneti uchun (eng oddiy tarif) oyiga taxminan 150-200 ming so‘m ketadi. Mobil aloqaga 300 ming so‘m sarflayman – menda turli opsiyali yig‘ma tarif o‘rnatilgan. Bu juda qulay, chunki menga kerakli internet, daqiqa va SMS miqdorini ulashim mumkin. Bu tarifdan juda mamnunman.

Obuna. Allplay'ga obuna – oyiga 30 ming so‘m, yana bizda Netflix kanaliga $7 lik (taxminan 89 ming so‘m) oilaviy obuna bor. Oyiga 25 ming so‘mlik “Yandeks Plyus” obunasi bor. Shuningdek, har oy telefondagi obunalarimga, jumladan mablag‘larni nazorat qilish uchun ilovalarga $90 (1 mln 140 ming so‘m) sarflanadi. Oyiga 350 dollarni (4 mln 440 ming so‘m) ofis uchun Windows va Zoom rasmiy to‘plamlariga sarflayman. Menda ChatGPT uchun ham to‘lov bor, chunki u orqali ulangan ko‘plab neyrotarmoqlardan foydalanman.

Transport. Bu umuman og‘riqli mavzu. Men Chevrolet Tracker haydayman va uni elektrokarga almashtirish haqida ko‘p o‘ylayman, chunki benzinga xarajatlar juda katta – oyiga 4-4,5 mln so‘m. Balki, bu konditsioner deyarli o‘chmasdan ishlab turgani uchundir. Juda issiq bo‘lmagan kunlarda qariyb 3 mln chiqadi. Yarim yilda bir marta mashinaga xizmat ko‘rsatilishiga $350–400 sarflayman. Masalan, moyni almashtirish bir million so‘mga yaqin turadi. Ikki yil avval “Trekerda” to‘rtta svechani o‘zgartirish 2 mln so‘mga aylangandi, hozir bu yanada qimmatlashgan. Ba'zida taksidan foydalanishga to‘g‘ri keladi, shunda “Komfort+” toifasidagi mashina buyurtma qilaman. Chunki menda “Yandeks Plyus”ga obuna bor, taksiga qandaydir chegirmalar olaman. Bir kunda taksida bir nechta qatnovlarga 170 ming so‘mga yaqin pul ketadi.

Kiyimlar va uy uchun tovarlar. Kiyim xaridlarida qanday tejash mumkin? O‘z shourumingni ochishing kerak, shunda kiyimga ishtaha yo‘qoladi (Kuladi). Qaysidir lahzada kiyimlarim juda ko‘payib ketganini tushundim, shu bois nisbatan oqilona iste'molga o‘tdim. Endi kiyimlarni avvalgidek tez-tez olmaslikka harakat qilaman, ammo tez eskirib ketmasligi uchun faqat eng yuqori sifatlilarini tanlayman. Bir oyda kiyim-kechak xaridiga qariyb 4 mln so‘m sarflanishi mumkin. Farzandimning kiyimlariga, hozirda u faol o‘sish davrida ekanligini hisobga olib, juda ko‘p pul ketadi. Faqat tagliklarning o‘ziga har oyda bir millionga yaqin xarajat chiqadi. Uy tovarlariga doimiy xarajatlarimiz yo‘q, chunki xonadonni barcha zarur buyumlar bilan ta'minlab bo‘lganmiz, yana nimadir sotib olishga hojat yo‘q. Bundan tashqari, oyiga taxminan bir million mablag‘ kir yuvish kukunlari, kimyoviy vositalar, choyshablar uchun konditsionerlar va boshqa zarur buyumlarga sarflanadi.

Go‘zallik va salomatlik. Menda BeFit Sky fitnes-klubiga 22 mln so‘mlik yillik obuna ham bor. Biroq, menga shaxsiy chegirma berilgan, chegirmasiz obuna narxi 30 mln so‘m. Shuningdek, turmush o‘rtog‘im bilan immunitetni qo‘llab-quvvatlash uchun vitaminlarga pul sarflaymiz. BFQ (biologik faol qo‘shimchalar) uchun turmush o‘rtog‘im bilan ikkimizga bir oyda taxminan $150 (1 mln 900 ming so‘m) ketkazamiz, chunki bu ancha qimmat vaziyat. O‘zimni parvarishlash uchun yuqori sifatli kosmetik vositalarni tanlayman. Xususan, kremlar va kundalik pardoz vositalariga har 4-5 oyda taxminan $1500–2000 (19–25 mln so‘m) ketadi. Yana men massaj seanslariga boraman – ularga har oy 2 mln so‘m atrofida to‘layman.

Hayriya. Men ko‘pincha anonim tarzda yordam beraman — kartamda bor bo‘lgan ma'lum summani o‘tkazaman. Lekin aniq ayta olmayman, bu xarajatlar muntazam emas, summalar esa doim turlicha. Faqat birgina doimiy xarajatlar toifasi bor — bu mushuklar uchun boshpanalar. Men hayvonlarni juda yaxshi ko‘raman va ular ochlikdan azob chekayotganiga chetdan qarab turolmayman. Kechqurunlari turmush o‘rtog‘im va qizim bilan birga sayr qilganimizda, hayvonlar uchun yemishlar sotib olamiz va men ularni ovqatlantirib yuraman. Bunga qancha pul sarflashimni hech hisoblamaganman.

Yirik va yillik xarajatlar

Oilamdan shunday tarbiya olganman — hech qachon qarz olma, faqat o'z pulingga ishon. Muddatli to‘lovlar bo‘yicha juda manfaatli dasturlar borligini bilaman va qachondir ulardan foydalanaman. Sarmoya sifatida kvartira sotib olishni rejalashtiryapman. Dastlabki oylarda oylik to‘lov foizsiz stavka bo‘yicha 12 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Menimcha, bu juda qulay vosita – mashinamni ham imtiyozli dastur bo‘yicha aynan muddatli to‘lovga olganman.

Shuningdek, har chorakda bir marta agentligim uchun zarur qurilmalarni sotib olaman: bular — kameralar, yoritish texnikasi, ilma mikrofon, obyektivlar. Bular ham arzon turmaydi — har uch oyda taxminan $1400–1600 (18–20 mln so‘m) ga aylanadi.

Yana ishchilarga ham maosh to‘laymiz. Tozalash xizmati ishchisining haqi oyiga 1,5 mln so‘mni tashkil qiladi. Farzandimning enagasiga bir oyda qariyb $600 (7 mln 600 ming so‘m) sarflaymiz.

Hordiq, xobbi va ko‘ngilochar tadbirlar

Konsertlarga bormaymiz, ammo yozda istirohat bog‘lariga sayr qilish uchun boramiz. Bir martalik sayr 500 ming so‘mga aylanadi. Masalan, “Skaypark” ko‘ngilochar bog‘ida bitta bola uchun chiptaning narxi 250 ming so‘m.

Sayohatlar. Sayohatlarga kelsak — men vaqtimni ko‘proq ishga bag‘ishlayman, aynan dam olish uchun qayergadir kamdan-kam parvoz qilaman. Yilda bir marta borsam ham katta gap. Bunda sayohatga taxminan $3000 (38 mln so‘m) ketadi. Yana qariyb $2000 (25 mln 300 ming so‘m) yillik shopingga sarflanadi.

Omonatlar va bank mahsulotlari

Keshbek va aksiyalar. Menda Soliq ilovasida keshbek bor. Avvaliga undan qanday foydalanishni tushunmagandim, so‘ngra kimdir buni ko‘rsatib berdi, men ham tezda o‘rganib oldim. Natijada bir oyda QR-kodlar orqali yaxshigina pul to‘planadi. Ba'zida ballarni sarflashga ulguraman, ba'zan esa kuyib ketadi. Bir yarim yil davomida ilovada 3 mln so‘m yig‘dim. Lekin hamma kodlarni ham skanerlab o‘tirmayman. Agar qo‘l ostimda bo‘lsa – ajoyib. Umuman olganda, ilova ancha qulay, shuningdek undan pul yechib olish mumkinligi yoqadi.

Boshqalar kabi chegirmalarni yaxshi ko‘raman — yaqinda Uzum Market saytida chilla aksiyasi doirasida xarid qilgandim. Saytga bir kirgandim, birato‘la sho‘ng‘ib ketdim — bolam uchun ko‘p narsalarni yaxshi chegirmalar bilan sotib oldim. Shu tariqa, xaridlarda 600 ming so‘m tejab qoldim. Aslida marketpleyslar men uchun haqiqiy kashfiyotga aylandi — fikrimcha, bu juda yoqimli jarayon. U yerdan ba'zida hattoki yuvish vositalarini, ba'zan esa oziq-ovqat mahsulotlarini ham sotib olaman. Bu juda qulay. Ayniqsa, Uzum Market buyurtmalarni topshirish shoxobchasi uyimning tagida joylashganligi.

Bank omonatlarini ochmaganman. Bu haqida o‘ylagandim, ammo hozircha foydali takliflarni topmadim. Menimcha, ko‘chmas mulkka sarmoya bank omonatiga nisbatan foydaliroq.

Aksiyalar savdosi. Turmush o‘rtog‘im bilan menda bir nechta kompaniyaning aksiyalari va kriptovalyuta bor. Aksiyalar shunchaki hisobimizda erkin mablag‘ sifatida yotadi. Barchaga taniqli bo‘lgan yirik kompaniyalarning aksiyalarini sotib olamiz, chunki bu oson. Buni “sovuq hamyon” deb nomlaganman. Biz o‘z jamg‘armalarimizni diversifikatsiyalash uchun shunday qilamiz.

Avvallari erkin kapitalni valyutada saqlashni eng to‘g‘ri yo‘l deb bilardim, ammo hozir diversifikatsiyada to‘xtaganman. Axir naqd pul inflyatsiya tufayli arzonlashadi. Biroq, aksiyalar va ko‘chmas mulkni xarid qilganda pullar faqat o‘sadi va kapital ortib boradi.

Xulosa

Quyida — qahramonimiz bilan suhbatning qisqacha yakuni. Nargiza tejamkorlik va jamg‘arish uchun foydalanadigan qoidalar va odatlarni o‘rtoqlashamiz:

  • Xarajatlar va daromadlarni kuzatish. Hozirda mavjud ko‘p sonli xarajatlarni nazorat qilish bo‘yicha ilovalar yaxshi yordam beradi. Hech bo‘lmaganda xarajatlarni yozib borish kerak — kimga qanaqa qulay bo‘lsa. Men uchun ayrim xarajatlar syurprizga aylandi.
  • Uyda ovqat tayyorlash uni sotib olganga qaraganda ancha arzonroq. Agar imkoningiz bo‘lsa, taomlarni uyda pishiring. Bu mazali va ajoyib.
  • Bank va moliya ilovalarini o‘rganish. Masalan, 10 yil avval biz foizsiz muddatli to‘lovlar haqida orzu ham qilolmasdik. Hozir esa bu qulay va hamyonbop vosita.
  • O‘zingizdan ayamaslik. O‘zingni qanchalik yaxshi ko‘rsang, pullar shunchalik oson topiladi.

Katta summani qanday qilib yig‘ish mumkin: pul sizga ishlashining 3 ta usuli

Узнать

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments