
Xorijdagi o‘zbekistonliklar: toshkentlik — AQShdagi hayot, tog‘lar sog‘inchi va “xuddi o‘sha” palov haqida
“Xorijdagi o‘zbekistonliklar” turkumidagi materiallarda O‘zbekiston fuqarolari xorijga ko‘chib o‘tish tajribasi, ona yurti haqidagi yoqimli xotiralari bilan bo‘lishadilar va muhojirlikda ayniqsa, nimalarni sog‘inishlarini aytib beradilar.
Pasha, 39 yoshAQShga ko‘chib o‘tgan, Denverda (Kolorado) yashaydi.
IT-mutaxassis, sinovlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Ko‘chib o‘tish haqida
— AQShga grin-karta orqali ko‘chib ketdim, bu haqida tanishimdan eshitgan edim. Avvallari bu qandaydir uydirma deb o‘ylardim. Ammo bir necha yil lotereya o‘ynab, to‘rtinchi marta, 2009-yilda grin-kartani yutib oldim va mustaqil yashash vaqti kelganini tushundim.
Amerikada nima qilishim haqida aniq tasavvurga ega emasdim. O‘zbekistonda aviatsiya institutini bitirib, uch yil Toshkent aeroportida dispetcher bo‘lib ishlaganman, havo harakatini boshqarish bilan shug‘ullanganman. AQShda bunday ish uchun Amerika fuqaroligiga ega bo‘lish kerak, shuning uchun kasbimga “Xayr” deyishga to‘g‘ri keldi. Hammasini noldan boshladim.
Birinchi ish joyim Fry's Electronics maishiy texnika va elektronika do‘koni bo‘ldi, bu yerdan meni bo‘shatib yuborishdi (keyin bu do‘kon bankrot bo‘ldi). Qo‘shma Shtatlarga 2009-yilda kelganman, 2008-yilda esa, agar esingizda bo‘lsa, mamlakatda eng katta inqirozlardan biri sodir bo‘lgandi — shuning uchun dastlabki 2-3 yil yaxshi ish topishim juda qiyin bo‘ldi, bu motivatsiyamni juda so‘ndirdi. Keyin o‘zimni qo‘lga olib, oddiy ishlardan voz kechishga qaror qildi. Qo‘limdan nima keladi? Menga kompyuterlar yoqadi, texnikani yaxshi tushunaman, IT sohasida ishlashga urinib ko‘rishim kerak, degan fikrga keldim. Va buni uddaladim. (Tabassum qiladi.)
AQShga ko‘chib o‘tganimga ko‘p bo‘lmay turib, pasportimning muddati tugadi, moliyaviy ahvolim ham yomon edi, shuning uchun Toshkentga ucha olmadim. Juda xafa bo‘lardim, tabiiyki, hamma nasrsani sog‘inardim, Ona yurtimga qaytishni xohlardim-u, lekin Toshkentga kelsam, yana pul kerak bo‘lib, Amerikaga qaytishimga to‘g‘ri kelishini tushunardim — xullas bularning hammasi juda murakkab. O‘zbekistonga birinchi marta 4 yil o‘tib qaytdim.
Toshkentdagi sevimli joylar haqida
— Toshkentni, ko‘chalarini, ob-havoni, eng muhimi, do‘stlarim va yaqinlarimni juda sog‘ingandim. Hammasini tashlab, odatiy, farovon hayotimga qaytishni xohlardim.
Toshkentdagi sevimli joylarim ro‘yxati unchalik katta emas. Tabiiyki, bu o‘z uyim, ko‘cham va mahallam. Shuningdek, tennis o‘ynagan joylarim, jumladan, teleminora va palov markazi joylashgan Yunusobod tumanidagi tennis kortlari. Lisunovoda yashaganman, hozir bu yer Aviasozlar ko‘chasi bo‘lgan – Kadisheva bozori joylashgan – onam hali ham o‘sha yerda yashaydilar. Atrofdagi hamma narsani juda sog‘inardim: Aviagorodok, Lisunovaning 4-mavzesi, Parkent tumani va atrofidagi hududlarni — qalbimga yaqim joylar. Balki u yerda hech qanday qiziqarli narsa yo'qdir, lekin men xuddi yoshlik paytlarimdagidek shunchaki sayr qilishni xohlardim.
Hali bunchalik shovqin-suronli bo‘lmagan shahar markazini eslayman. Hozir u yer gavjum, mashinalar ko‘p, ilgarilari tinchroq bo‘lgan, chinorlar o‘sardi, Brodveyda sayr qilib, daryo bo‘yida do‘stlar bilan o‘tirsa bo‘lardi.
Qayerga borish mumkin: Toshkentda hamyonbop dam olish uchun g‘oyalar
Tog‘lar haqida
— Men uchun O‘zbekistondagi eng muhimi — tog‘lar, bular bilan bog‘liq xotiralarim ko‘p. Yozda amakim bilan sayohatga chiqardik: velosipedlarni olardik va Toshkentdan 150 km yo‘l bosib, keyin yana bir necha kun tog‘ga ko‘tarilardik. Yaqin-atrofdagi hamma tog‘larga chiqqanman: Chimyon, Mingbuloq, Tavalgan. Qishda esa Beldersoy ayniqsa boshqacha bo‘ladi. Har hafta yoki ikki haftada bir dam olish kunlari chang‘ida uchishga borib, do‘stlarimning vagonchasida tunab qolardim — xotiralarim juda ko‘p.
Tog‘larning meditatsion taassuroti saqlanib qolgan: sayr qildingiz, tog‘ cho‘qqisida turib, bu go‘zal manzarani tomosha qilyapsiz. Sokinlik, shahardan, ishdan, shovqindan yiroqdasiz — toza havodan nafas olib, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Bu tog‘ manzarasidan hech qachon zerikmayman. Albatta, o‘sha yoqqa, tog‘larga qaytgim, o‘z uyim va qadrdon joylarni his etgim kelardi.
Moddiy buyumlar haqida
— Amerikada qancha ko‘p yashaganim sari, O‘zbekistonga kelib-ketishda shuncha kam narsa olaman — yo‘lda yengil yurgim keladi, so‘nggi yillarda shuni odat qilganman. Ilgari, 10 yilcha oldin, uydan biror narsa olib ketishni xohlardim, albatta. O‘zim uchun va sovg‘aga milliy naqshlar bilan bezatilgan idishlar — chiroyli piyolalar, choynaklar sotib olishga harakat qilardim. Tanishlarimga esdalik sovg‘alari (o‘zimda ham milliy libosda kulcha ushlab turgan sopol amakilar bor), do‘stlarimga do‘ppi olib kelardim, kimgadir chopon sovg‘a qilganman. Hatto konservalarda palov ham olardim, lekin o‘zimizning palovga yetmaydi, albatta. (Kuladi.)
Palov haqida qiziq voqea: uni tayyorlash uchun qozon kerak-ku. Lekin Amerikada qozonim yo‘q edi. Toshkentdan (ancha oldin) qozon ham olib kelgan edim! Keyin bilsam, zo‘r tovam bor ekan — chuqur, keng, hech narsa kuyib ketmasligi va issiqlik bir tekis taqsimlanishi uchun tagi va devorlari qalingina. Unda palov qilib ko‘rdim, mazasi menga yoqdi. Lekin qozon hali ham turibdi, faqat og‘ir bo‘lgani uchun ishlatmayapman.
Taom haqida
O‘zbek oshxonasining asosini go‘shtli taomlar tashkil qiladi, lekin hozir yog‘li va og‘ir taomlar uncha yemayman. O‘zbekistonga kelganimda, organizmim o‘zgarishini his qilaman. Oshqozonim: “Oho, qancha narsa yeding-a!” - deb yuboradi. Toshkentda bir-ikki marta osh, kabob, sho‘rva yesam yetadi, shu bilan to‘yaman.
Shunday bo‘lsa-da, Amerikada ba'zan palov, somsa yoki yangi yopilgan yumshoq non yegim keladi. Yana koreys salatlarini ham sog‘inaman. Bu o‘zbek oshxonasidan emas-ku, lekin aynan Toshkent bilan bog‘liq: bu yerda ko‘p koreyslar yashaydi, turli xil koreys salatlari sotilardi. Esimda, maktabda “gamburger” yoki sendvich qilib yerdik: yopgan non olardik, o‘rtasidan kesib, orasiga shu salatlardan solib berishni so‘rardik.
Men uchun Amerika taom borasida eng yaxshi mamlakat emas, lekin odam hamma narsaga ko‘nikarkan. Agar uyni juda qattiq sog‘inib, palov yegingiz kelsa — Denverda palovni mazali qiladigan restoranlar yo‘q edi — muammo emas, unda o‘zingiz tayyorlang! Ha, bu yerda suv va go‘sht boshqacha, guruch topish (masalan, lazer yoki devzira) — eng katta muammo. Ziravorlarni topish ham qiyin. Zira bor, lekin Toshkentdagi zira boshqacha, muattar, xushbo‘y. Bu farq ovqatning ta'mida seziladi. Ammo yaqinda kichik MDH-do‘konimizga “Made in Uzbekistan” yozuvli lazer guruch olib keltirilayotganini bildim. “Oho, haqiqiy palov yer ekanman-da?!” - deb o‘yladim. O‘sha guruchdan osh qildim — mazasi chindan ham o‘zimizning oshga o‘xshab chiqdi.
Denverda o‘zbek oshxonasi restoranlari deyarli yo‘q: bittasi bor edi, bir-ikki marta kirib ko‘rdim, unchalik yoqmadi. Keyin bu restoran yopilib, qayta ochildi — hali borib ko‘rmadim. Koloradoga kelishdan oldin ikki yil Filadelfiyada yashadim, bu yerda yashaydigan vatandoshlarimiz ko‘p, o‘zbek restoranlari ham ko‘p — uyimdan o‘n daqiqalik yo‘lda oltita restoran bo‘lardi. O‘zim uchun eng zo‘r restoranlardan birini Mayamida topdim — bu yer shinamgina, somsani juda mazali qilishardi. Menimcha, tandirni maxsus buyurtma qilishgan yoki Toshkentdan olib kelinshgan bo‘lsa kerak.
Bayramlar va urf-odatlar haqida
O‘zbek mentalitetining biz boshqa davlatlarda uchratmaydigan xususiyatlari mehmondo‘stlik va kattalarni hurmat qilishdir. Toshkentliklar shunaqa: uncha tanish bo‘lmagan odamlar taklif qilgan bo‘lsa ham, birga o‘tirib, suhbatlashasiz. Shinam va iliq muhitda kutib olishadi, mazali taomlar bilan siylashadi, ahvolingizni so‘rashadi. Yoki, aytaylik, katta, 100-200 kishilik to‘ylar. Milliy liboslar, musiqa sadolari yangraydi, kun davomida turli marosimlar o‘tkaziladi va Toshkentning yozgi ob-havosi... Xuddi shu — so‘z bilan tushuntirish va hozir yashab turgan joyimda uchratish qiyin bo‘lgan o‘ziga xos muhitni juda sog‘indim.
Izoh qo‘shish