
SKU nima: misol yordamida ko‘rib chiqamiz
Chakana savdo va logistika olamida ko‘pincha qo‘llaniladigan SKU atamasi zaxiralar va sotuvlar boshqaruvining asosiy elementi hisoblanadi. SKU biznesga keng assortiment bilan xatosiz ishlashda, tovarlar mavjudligini nazorat qilishda va buyurtmalar aniq bajarilishini ta’minlashda yordam beradi. Ushbu maqolada savdo sohasidagi SKU nima ekanligini, uning qanday ishlashini va biznes uchun ahamiyatini ko‘rib chiqamiz.
Atama tavsifi
SKU qisqartmasi Stock Keeping Unit so‘zlaridan iborat. Bu ombor va do‘kondagi tovarlarni hisobga olish va boshqarish uchun qo‘llaniladigan o‘ziga xos identifikator. SKU mahsulotning o‘lchami, rangi, modeli kabi xususiyatlari yoki boshqa o‘ziga xos detali bo‘yicha ajralib turuvchi har bir alohida pozitsiyasiga biriktiriladi. Oddiy qilib aytganda: SKU – bu assortimentdagi har bir tovarni oson identifikatsiya qilish va kuzatish imkonini beradigan xos raqam (kod).
Qayd etish joizki, SKU va artikul — bir xil narsa emas. Ko‘rsatkichlar o‘xshaydi, ammo baribir muhim farqlar mavjud. SKUning artikuldan farqi shundaki, birinchisi kompaniya ichida ishlab chiqiladi va qo‘llaniladi, ikkinchisi esa tashqi kod hisoblanadi va mijozlarga ma'lum bo‘lishi mumkin.
Identifikator vazifalari
SKU zaxiralarni samarali boshqarish va biznes-jarayonlarni maqbullashtirishga yordam beradigan bir nechta muhim funksiyalarni bajaradi.
Tovarni identifikatsiya qilish
SKU assortimentdagi har bir alohida tovarni oson identifikatsiya qilish imkonini beradi. Bu rangi, o‘lchami yoki modeli kabi turli talqinlarda mavjud bo‘lgan mahsulotlar uchun juda muhim. Masalan, bitta brendga mansub futbolkalar rangi va o‘lchami bo‘yicha farq qilishi mumkin, shu bois ularning har biri o‘zining xos raqamiga ega bo‘ladi.
Zaxiralar hisobi
Identifikator yordamida omborda har tovarning qancha birligi borligini bilish mumkin bo‘lib, bunda tovarlar ortiqchaligi yoki tanqisligining oldi olinadi. Bu zaxiralarni yanada samarali boshqarish va ularni o‘z vaqtida to‘ldirish imkonini beradi.
Tovar harakatlanishini kuzatish
SKU kodi mahsulotning omborga kelib tushganidan boshlab sotuvgacha bo‘lgan butun yetkazib berish zanjiri bo‘ylab harakatlanishini kuzatish uchun qo‘llaniladi. Bu xariddan boshlab yakuniy mijozga yetkazib berishgacha bo‘lgan har bir bosqichni nazorat qilish, har qanday muammolarni tezlikda aniqlash imkonini beradi.
Inventarizatsiyani osonlashtirish
SKU inventarizatsiya jarayoniga yanada tez va aniq tus beradi. Identifikatorni skanerlash yoki kiritish har bir tovar sonini tezda hisoblash hamda uni hisob tizimidagi ma'lumotlar bilan solishtirish imkonini beradi. Bu inventarizatsiya jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yilishi ehtimolini sezilarli darajada pasaytiradi.
Logistikani osonlashtirish
Noyob identifikatorning mavjudligi ombor va taqsimlash markazlaridagi jarayonlarni osonlashtiradi. Ishchilar kod orqali kerakli tovarlarni tez topishlari mumkin, bu buyurtma to‘planishini tezlashtirib, omborda operatsiyalarni bajarish vaqtini qisqartiradi.
Mijozlar bilan ishlashni quvvatlash
Noyob identifikator, ayniqsa, qaytarish, almashtirish va kafolatli xizmat ko‘rsatishga doir masalalarda mijozlar bilan yanada samarali ishlash imkonini yaratadi. Masalan, do‘kon yoki ko‘mak xizmatining xodimlari SKU kodini olgach, zarur axborotni bir zumda topishlari va mijozning so‘rovini tez hal qilishlari mumkin.
SKU qanday ishlaydi
SKU — kompaniya assortimentidagi har bir alohida tovar pozitsiyasiga biriktiriladigan noyob kombinatsiya. Bu tizimning qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.
Identifikatorni biriktirish
Har bir tovarga uning toifa, brend, model, rang, o‘lcham kabi o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa muhim parametrlari asosida kod biriktiriladi. Masalan, kiyimlar do‘koni uchun SKU “TSHIRT-BLU-M” shaklida bo‘lishi mumkin, bunda “TSHIRT” tovar toifasini (futbolka), “BLU” — rangni (ko‘k), “M” esa — o‘lchamni (o‘rtacha) anglatadi. SKU bo‘yicha qancha tovar birligi qolganligi, ular qayerda ekanligini (omborda, yetkazilmoqda va h.k.) tez bilib olish mumkin.
Hisob tizimiga integratsiya qilish
Tovarga SKU biriktirilganidan keyin ushbu kod zaxiralarni boshqarish tizimiga yoki savdo tizimiga integratsiya qilinadi. Tovarga oid jami ma'lumotlar uning identifikatoriga bog‘lanadi, bu ma'lumotlarni olish va zaxirilarni boshqarish jarayonini osonlashtiradi.
SKUni qo‘llash afzalliklari
SKUni qo‘llash biznes uchun ko‘p foyda keltiradi. Identifikatorlarning asosiy afzalliklari:
- Ombordagi ishning tezlashishi. Noyob kod buyurtmalarni yig‘ish uchun kerakli tovarlarni tezroq topishga yordam beradi va bu ularning mijozlarga yetkazilishini tezlashtiradi.
- SKU yordamida qaysi tovar pozitsiyalari yaxshiroq, qaysilari esa yomonroq sotilayotganini ko‘rish mumkin. Bu qaysi tovarlarga yana buyurtma berish, qaysilarini esa assortimentdan chiqarish mumkinligi yuzasidan qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
- SKU, masalan, mijozlar tovarni qaytarishni yoki almashtirishni istaganida ularning so‘rovlariga tez va aniq ishlov berishda yordam beradi. Natijada xizmat ko‘rsatish yanada tezlashadi va sifatliroq bo‘ladi.
- SKU bo‘yicha ma'lumotlar asosida mijozlarning shaxsiga mos tavsiyalarni taklif qilish mumkin va bu takroriy xaridlar ehtimolini oshiradi.
- SKUni qo‘llashning aniq tizimi mahsulotlarni hisobga olishda va buyurtmalarni yig‘ishda xatolar xavfini pasaytiradi. Bu kompaniya ishini yanada samaraliroq qiladi.
SKU bo‘yicha ma'lumotlar tahlili: biznesni maqbullash uchun qo‘llash
SKU — nafaqat tovarlarni hisobga olish, balki biznes-jarayonlarni sezilarli ravishda maqbullashtira oladigan ma'lumotlar tahlili uchun ham kuchli vositadir. SKU bo‘yicha ma'lumotlardan foydalanish operatsiyalar samaradorligini oshiradigan, zaxiralar boshqaruvini yaxshilaydigan va foydani ko‘paytiradigan asoslangan qarorlarni qabul qilish imkonini beradi. Buning qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.
Zaxiralar boshqaruvini maqbullashtirish
Ma'lumotlar qaysi tovarlarga talab ko‘pligini, qaysilari esa omborlarda qolib ketayotganini aniq kuzatib borishga yordam beradi. Har bir pozitsiya bo‘yicha sotuvlar tarixini tahlil qilish orqali mavsumiy talab o‘zgarishlarini aniqlash hamda xaridlarni tovar ortiqchaligi va tanqisligiga yo‘l qo‘ymagan holda rejalashtirish mumkin.
Talabni prognozlash aniqligini oshirish
Sotuvlar bo‘yicha tarixiy ma'lumotlar talab bo‘yicha nisbatan aniq prognozlarni hosil qilish imkonini beradi. Statistik tahlil va mashinaviy o‘qitish usullaridan foydalangan holda, kelajakda turli tovarlarga talabning qanday o‘zgarishini oldindan bashorat qilish mumkin. Bu biznesga prognoz qilingan talabni hisobga olgan holda, ishlab chiqarish va xaridlarni rejalashtirishda yordam beradi.
Assortimentni maqbullashtirish
Tahlil qaysi tovarlar eng ko‘p daromad olib kelayotganini, qaysilari esa kamroq rentabellika ega ekanligini baholash imkonini beradi. Bu past aylanmali tovarlarni yo‘qotish va nisbatan daromadli pozitsiyalar ulushini oshirish hisobiga assortimentni maqbullashtirishga yordam beradi. Masalan, ma'lumotlar qaysidir mahsulotlar qatori zaif sotilayotganini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bu tovarlarni assortimentdan chiqarib tashlash yoki ularni ommaboplariga almashtirish imkonini ko‘rib chiqish mumkin.
Marketing strategiyalarini yaxshilash
SKU bo‘yicha ma'lumotlar yanada aniq va samarali marketing kampaniyalarini ishlab chiqish uchun qo‘llanilishi mumkin. Masalan, agar tahlil ayrim SKU ma'lum reklama aksiyalaridan keyin yoki boshqa mahsulotlar bilan birga yaxshi sotilayotganini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bu bilimdan kelgusi kampaniyalarni rejalashtirishda foydalanish mumkin.
Narx shakllanishini boshqarish
SKU bo‘yicha ma'lumotlar tahlili turli narx strategiyalarining sotuvlarga qanday ta'sir ko‘rsatishini tushunishga yordam beradi. Aniq bir SKU bo‘yicha narx o‘zgarishi sotuvlar hajmi va umumiy tushumda qanday aks etishini taqqoslab ko‘rish mumkin. Bu narxlar bo‘yicha tajribalar o‘tkazish hamda foydani oshiradigan maqbul ko‘rsatkichlarni topish imkonini beradi.
SKU turli tarmoqlarda qo‘llanilishiga doir misollar
SKU ko‘plab sohalarda tovarlar boshqaruvini osonlashtirish va biznes-jarayonlarni maqbullashtirish uchun qo‘llaniladi. Quyida identifikatorning turli sohalarda ishlatilishiga bir nechta misolni keltiramiz.
Poyabzal do‘koni
Poyabzal chakana savdosida identifikator har bir modelni uning xususiyatlariga qarab tizimlashtirish va kuzatib borishda yordam beradi. Masalan, yirik poyabzal do‘konlari tarmog‘ida har bir poyabzal modeli rangi, o‘lchami va materiali bo‘yicha ko‘plab talqinlarga ega bo‘lishi mumkin. 42 o‘lchamli qora rangli bir juft krossovka, aytaylik, “CRS-BLK-42” SKUga ega bo‘lgan bir vaqtda, xuddi shu modelning oq rangi va 40 o‘lchami o‘zining “CRS-WHT-40” noyob kodini oladi.
Elektronika
Elektronika sotuvlari sohasida SKU modellar va konfiguratsiyalar xilma-xilligini boshqarish uchun zarur. Masalan, smartfonlar sotiladigan elektronika do‘konida har bir SKU qurilmaning brendi va modelidan tashqari, boshqa xususiyatlarni ham hisobga oladi: rangi, xotira hajmi va h.k. Xotira hajmi 128 GB bo‘lgan qora rangdagi iPhone 14 bo‘yicha “IPH14-BLK-128” SKU bo‘lsa, xuddi shu iPhone 256 GB xotira va oq rangda — “IPH14-WHT-256” bo‘ladi.
Internet-do‘konlar va marketpleyslar
Onlayn-savdolarda va marketpleyslarda SKU katta hajmdagi ma'lumotlarni tizimlashtirish va boshqarish imkonini yaratadi. Masalan, maishiy texnika internet-do‘koni model, funksional xususiyatlar va brendni hisobga olish uchun har bir tovar uchun identifikatordan foydalanadi. Xususan, quritish funksiyasiga ega va yuklash hajmi 7 kg bo‘lgan Bosch rusumidagi kir yuvish mashinasining SKU kodi “BOS-WASH-DRY-7KG” bo‘ladi, bu orada yuklash hajmi 9 kg bo‘lgan xuddi shu model boshqa SKUga ega bo‘ladi – “BOS-WASH-DRY-9KG”.
Oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar
Oziq-ovqat mahsulotlari tarmoqlarining do‘konlari va omborlarida SKU nafaqat mahsulot turi, balki uning vazni, qadog‘i, yaroqlilik muddatini hisobga olgan holda, oziq-ovqat mahsulotlarining xizma-xilligini boshqarishga ko‘maklashadi. Xususan, 1 kg vaznli “Tyoplыy Kolos” rusumli guruch o‘rami “RICE-TK-1KG” kodiga ega bo‘ladi, shuningdek xuddi shu guruchning 2 kg vaznli o‘ramiga “RICE-TK-2KG” kodi beriladi. Bu zaxiralarni samarali boshqarish hamda oziq-ovqat sanoatida o‘ta muhim sanalgan yaroqlilik muddatlarini kuzatib borish imkonini beradi.
Umumiy ovqatlanish muassasalari
Restoranlar va kafelarda SKU masalliqlar va tayyor taomlar sonini hisobga olishda qo‘llaniladi. Xususan, turli xil qaylalarning o‘z kodlariga ega bo‘lishi oshxonadagi zaxiralar boshqaruvini osonlashtiradi. Masalan, 500 ml hajmdagi tomat qaylasining kodi “SAUCE-TOM-500” bo‘lishi mumkin, xuddi shu hajmdagi pishloqli qayla esa “SAUCE-CHEESE-500” kodi bilan qayd etiladi.
Dorixonalar va farmatsevtika
Dorixonalarda SKU turli dori vositalarini ularning dozirovkasi, chiqarish shakli va ishlab chiqaruvchisiga qarab hisobga olishda yordam beradi. Masalan, aspirin tabletkalarining 100 mg o‘rami “ASP-100MG” kodiga ega bo‘lsa, xuddi shu rusumga xos, ammo 200 mg o‘lchamdagi tabletkalar uchun “ASP-200MG” kodi beriladi. Bu farmatsevtlarga kerakli dorilarni tez topishda, ularning mavjudligini nazorat qilishda va yaroqlilik muddatlarini boshqarishda yordam beradi.
Yuqoridagi misollar SKU turli tarmoqlardagi bizneslarga tovarlarni samarali boshqarishda, logistikani yaxshilashda va mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qanday yordam berishini ko‘rsatib beradi. Faoliyat sohasi qanday bo‘lishidan qat'iy nazar, SKU ishni tashkillashtirish va biznesda muvaffaqiyatga erishishda muhim vosita hisoblanadi.
Izoh qo‘shish