
Qimmatli qog‘ozlar nima va ulardan qanday qilib pul ishlash mumkin?
Aksiyalar nima ekanligini, nima uchun ularni sotib olish kerakligini va bunday aktivdan qanday pul ishlashni aytib beramiz.
“Kapitalbank” aksiyalari birjaga chiqarilgandan so‘ng bir aksiyaning narxi 950 so‘mdan 5 284,8 so‘mgacha — 5 baravar miqdorda qimmatlashdi. Ularni sotib olgan har bir investor bundan pul ishlashi mumkin edi. Sotib olayotganda nimalarga e'tibor qaratish kerakligi va maksimal foyda olish uchun portfelingizni qanday boshqarish haqida ko‘proq ma'lumot olish uchun o‘qishni davom ettiring.
Kompaniya aksiyalari nima va ular nima uchun chiqariladi?
Aksiya — bu uning egasi kompaniya foydasining bir qismini olish huquqini tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz. Aksiyalarni sotib olish bilan investor qimmatli qog‘ozlarini sotib olgan kompaniyaning sherik egasiga aylanadi. Aytaylik, kompaniya ustav kapitalining 20 foizini tashkil etuvchi 100 ta aksiya chiqardi. Aksiyador kompaniyaning 50 ta aksiyasiga ega. Demak, uning ulushi ustav kapitalining 10 foizini tashkil etadi.
Aksiyalarni aksiyadorlik jamiyatlari chiqaradi — ular emitentlar deb ataladi. Bu biznes ehtiyojlari uchun kapitalni jalb qilish, masalan, yangi yo‘nalish ochish uchun zarur.
Aksiyalar fond bozori — “Toshkent” Respublika fond birjasida sotiladi. Ular aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqarilgandan so‘ng u yerga kelib tushadi va o‘sha yerda ularni investorlar sotib olishlari mumkin.
Oltin, qimmatli qog‘ozlar yoki ko‘chmas mulk: nimaga sarmoya kiritish kerak?
Aksiya narxi
Aksiyalar ikki xil narxda bo‘ladi:
- nominal qiymat — kompaniya chiqargan narx;
- bozor — birjaga chiqarilgandan keyingi qiymat. Agar biznes ijobiy prognozga ega bo‘lsa, aksiyalarning bozor narxi ko‘tariladi. Korporativ korrupsiya, sud jarayonlari yoki daromadning pasayganligi kabi salbiy xabarlar bo‘lsa, aksiya narxi tushadi, ehtimol hatto nominal qiymatdan ham past bo‘ladi.
Dividendlar nima
Dividendlar investorlarning aksiyalarga egalik qilganliklari uchun oladigan mukofotidir. Oddiy so‘zlar bilan aytganda: emitent olingan foydaning bir qismini dividendlar orqali aksiyadorlar bilan bo‘lishadi.
Dividendlar aksiyadorga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda shakllantiriladi. Masalan, yil boshida investor har biri 100 ming so‘mdan 100 dona aksiyani sotib oldi, jami 10 mln. Yil yakuni bo‘yicha kompaniya yillik 25 foiz dividend to‘lashga qaror qildi. Natijada investor 10 mln x 25% = 2,5 mln so‘m dividend oldi.
Odatda, mukofot chorak, yilning birinchi yarmi, to‘qqiz oy yoki har yilning yakunlari bo‘yicha to‘lanadi. To‘lov to‘g‘risidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qabul qilinadi. U qabul qilinganidan keyin dividendlar 60 kun ichida o‘tkaziladi.
Dividendlar to‘lanmasligi ham mumkin. Misol uchun, agar biznes kerakli davrda sof daromad olmagan bo‘lsa yoki kompaniyaning keyingi rivojlanishi uchun foydadan foydalanishga qaror qilishsa. Dividendlar to‘lanishi yoki to‘lanmasligini emitentning, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining veb-saytida yoki O‘zbekiston Respublikasi fond birjasining o‘zida bilish mumkin.
Aksiyalarning turlari
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan chiqarilgan aksiyalarning ikki turi mavjud. Ular egalari qanday huquqlar berilishi bilan farqlanadi:
- imtiyozli. Bunday qimmatli qog‘ozlarning egalari jamiyatni tugatish yoki qayta tashkil etish masalalari bo‘yicha jamiyat yig‘ilishlarida qatnashish huquqiga ega. Ularga birinchi bo‘lib dividendlar to‘lanadi va biznes tugatilgan taqdirda pullari qaytarib beriladi.
- oddiy. Bunday aksiyalar hech qanday afzallikga ega emas. Dividendlar imtiyozli aksiyadorlar olganidan keyin to‘lanadi.
Depozitar tilxatlar nima
Ba'zan shunday bo‘ladiki, aksiyalar O‘zbekiston Respublikasi fond birjasida sotilmaydi, masalan, Amerika fond birjasida sotiladi. Ularni sotib olish uchun siz ushbu birjada hisob ochishingiz kerak. Hamma investorlar ham buni eplay olmaydi. Bunday holda, depozitar tilxatlar investorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoni bo‘lmagan birjalardan aktivlar sotib olishga yordam beradi.
Tilxat banklar yoki brokerlar tomonidan beriladi. Investor ulardan biri bilan bog‘lanib, chek sotib oladi. Bu investorning aksiyaga bo‘lgan huquqini tasdiqlaydi, lekin investorning o‘zi aksiyani olmaydi. Bu yerda xatarlar bo‘ladi: agar bank yoki broker bankrot bo‘lsa, investor tilxat uchun to‘lagan pulini yo‘qotadi va aksiyaga egalik qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Varrantlar nima
Varrant — bu o‘z egasining aksiyalarni oldindan kelishilgan narxda va belgilangan muddatda sotib olish huquqini tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz. U emitent tomonidan boshqa qimmatli qog‘ozlar — aksiyalar yoki obligatsiyalar bilan birga o‘z vositalariga ko‘proq investorlarni jalb qilish uchun chiqariladi.
Varrant va aksiya o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, ularga dividendlar to‘lanmaydi va uning egasi ovoz berish huquqiga ega emas. Afzalligi shundaki, aksiyalarni arzonroq sotib olish mumkin. Masalan, Ali aksiya uchun varrant sotib oldi, unda uning narxi ko‘rsatilgan – har bir aksiya uchun olti oy davomida 5 ming so‘mdan, lekin aksiyalarning o‘zini hali sotib olmagan. Birjada besh oylik muomaladan so‘ng aksiyalar narxi ko‘tarilib, har bir dona 5,3 ming so‘mga yetdi. Ali o‘z varrantidan foydalanadi, aksiyalarni arzonroq sotib oladi — 5 mingdan, agar u ularni birjada joriy narxda — 5,3 mingga sotsa, undagi farqdan pul ishlab topishi mumkin.
Qaysi birini sotib olish daromadliroq: aksiyalar yoki obligatsiyalar
Qaysi aktivni sotib olish daromadliroq ekanligini tushunish uchun har birining ishlash prinsipini taqqoslaylik.
Obligatsiya — bu qarz garovidir. Uni kredit bilan solishtirish mumkin: investor obligatsiyani chiqargan kompaniyaga qarz beradi. Korxona yig‘ilgan kapitalni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatadi. Investor obligatsiyani sotib olayotganda, kompaniya uni qanday narxda qaytarib sotib olishini va qog‘ozga egalik qilgan vaqtda qancha foiz olishini oldindan biladi. Masalan, korxona har bir qimmatli qog‘ozning nominal qiymati 100 ming so‘m bo‘lgan, yillik 20% foizi daromadli obligatsiyalar chiqargan. Aylanma muddati — 1 yil. Bir yildan so‘ng investor nominal qiymati — obligatsiya va foizlar uchun 100 ming so‘mni qaytarib oladi: 100 000 x 20% = 20 000 so‘m.
Aksiyalar obligatsiyalardan farqli o‘laroq, fond birjasida xohlagancha sotiladi. Investor ulushga ega bo‘lsa, u ko‘tarilgan narxlardan pul ishlashi yoki dividendlar olishi mumkin. Ya'ni, aksiyalar obligatsiyalar kabi kafolatlangan, oldindan ma'lum daromadga ega emas. Ammo ularning narxi keskin oshishi mumkin, yoki biznes katta foyda olishi va katta dividendlar to‘lashi mumkin.
Shuning uchun sotib olishdan oldin ikkala aktivning oldingi muomala davrlarini taqqoslash va investorga qaysi biri daromadliroq ekanligini hal qilish kerak.
Qaysi biri daromadliroq: aksiyalarmi yoki bank depozitimi?
Aksiyalarni va bank depozitlarini solishtirib, qaysi biri daromadliroq ekanini hal qilishingiz kerak. Qaysi parametrlar muhim:
- Ishonchlilik. Bank omonatlari sarmoya kiritishning eng ishonchli usuli hisoblanadi. Agar bank bilan biror narsa yuz bersa, masalan, bankrot bo‘lsa, qo‘yilgan pulni davlat qaytarib beradi. Investor sotib olgan aksiyalar qadrsizlanishi mumkin, lekin hech kim investorning pulini qaytarmaydi.
- Daromadlilik. Investor bankka qo‘yilgan omonat sarmoyadan qancha olishini darhol biladi. Daromadlilik bank depoziti shartnomasida ko‘rsatiladi. Misol uchun, bugun siz 25% gacha depozit ochishingiz mumkin. Aksiya bilan bunday emas, uning narxi fond bozoridagi ko‘plab omillarga bog‘liq. Investor katta pul topishi yoki hamma narsani yo‘qotishi mumkin.
Aksiyalarni qayerdan va qanday sotib olish mumkin
Aksiyalar birjada sotib olinadi. Sotib olish uchun nima qilish kerak:
- Broker bilan hisobvaraq ochish. U qimmatli qog‘ozlarning hisobini yuritadi va birjaga kirish huquqini beradi, hisobvaraqsiz broker birjada operatsiyalarni amalga oshira olmaydi;
- Aksiyalarni tanlash va ularni sotib olish uchun buyurtma berish. Buni o‘zingiz maxsus dastur — fond bozori axborot-resurs markazi yoki broker orqali amalga oshirishingiz mumkin. Lekin har qanday holatda ham qimmatli qog‘ozlar brokerlik hisobvarag‘ida saqlanadi.
Qanday qilib aksiyalarda pul ishlash mumkin
Avval siz aksiyalarning likvidligini baholashingiz kerak. Bu qimmatli qog‘ozni sotib olayotganda e'tiborga olish kerak bo‘lgan asosiy ko‘rsatkichlardan biridir. Likvidlik aktivning qanchalik tez sotilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Nimalarni e'tiborga olish kerak:
- savdo hajmi — investorlar likvid aksiyalar bo‘yicha eng ko‘p operatsiyalarni amalga oshiradilar, bunday qimmatli qog‘ozlar tezda qulay narxda sotilishi mumkin;
- maksimal sotib olish narxi va minimal sotish narxi o‘rtasidagi farq. Bu farq qanchalik past bo‘lsa, aksiya shunchalik likvid deb hisoblanadi.
So‘ngra investor qanday turdagi daromad olishni xohlayotganini aniqlashi kerak: narxlar farqidan foyda ko‘rishnimi yoki dividendlar olishnimi.
Aksiyadorlar qanday soliqlarni to‘laydilar?
Soliqlar olingan daromad turiga va to‘lovchining statusiga bog‘liq:
- agar investor aksiyalarni bir narxda sotib olib, boshqa narxda sotgan va bundan daromad olgan bo‘lsa, bunday foyda 12% stavkada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortiladi.
- dividend daromadlaridan rezidentlar 5% soliq, norezidentlar esa 10% to‘laydilar.
Investor soliqlarni o‘zi to‘lamaydi. Kalendar yilining oxirida broker soliq summasini investorning hisobvarag‘idan yechadi va uni g‘aznachilikka o‘tkazadi.
Aksiya egalari qanday xatarlarga duch kelishlari mumkin
Aksiyalar — xatarli aktivlardir. Ularning egalariga nima tahdid soladi:
- salbiy xabarlar tufayli aksiyalar narxi tushadi, shunda investor zarar ko‘radi. U bozor qiymati yana ko‘tarila boshlashini kutishi kerak. Ammo bunday bo‘lmasligi ham mumkin. Keyin investor aksiyalarni zarar bilan sotadi;
- delisting — aksiyalarning birjada sotilishi to‘xtatiladi, masalan, emitentning bankrotligi tufayli. Imtiyozli aksiyalarning egalariga birinchi navbatda to‘lanadi, keyin esa biznes kreditorlariga to‘lanadi. Oddiy aksiyalar uchun, agar mablag‘ yetarli bo‘lmasa, umuman hech narsa to‘lanmasligi mumkin.
Fond birjasida uzoq vaqtdan beri va katta hajmlarda sotiladigan ishonchli va taniqli emitentni tanlasangiz, bunday xatarlarga duch kelmaslik ehtimoli kamroq bo‘ladi. Shuningdek, unchalik taniqli bo‘lmagan kompaniyalarning aksiyalariga, hatto ular ko‘proq daromad yoki dividendlar taklif qilsa ham, sarmoya kiritmang.
Qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish haqida qisqacha
- Siz nafaqat bank omonatlariga, balki yirik kompaniyalarning aksiyalariga ham pul tikishingiz mumkin. Ammo shuni yodda tutish kerakki, omonatlar davlat tomonidan himoya qilinadi, ammo aksiyalarni yo‘qotish mumkin.
- Agar aksiya fond birjasida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, u investorlar uni sotib oladigan nominal narxga ega bo‘ladi. Savdo jarayonida u ko‘tarilishi yoki tushishi mumkin.
- Aksiyani tanlashda uning emitentiga e'tibor qaratish kerak: kompaniya bozorda qancha vaqtdan buyon faoliyat yuritadi va uning qimmatli qog‘ozlarining likvidligi qanday. Savdo hajmi yuqori bo‘lgan aksiyalarni ko‘rib chiqqan yaxshiroq.
- Aksiyalar bo‘yicha pul ishlashni ikki yo‘l bilan amalga oshirishingiz mumkin: narxdagi farq tufayli yoki dividendlar orqali.
- Aksiyaning o‘tmishdagi ko‘rsatkichlari kelajakdagi daromadlarni kafolatlamaydi, shuning uchun aktivlarni sotib olishdan oldin kompaniya va uning istiqbollarini diqqat bilan ko‘rib chiqish muhimdir.
Izoh qo‘shish