bosh sahifa / Xavfsizlik / Qanday qilib xavfsiz tarzda qarz berish mumkin: qarz tilxati haqida hamma narsa
Yangilanish sanasi: 20.08.2024

Qanday qilib xavfsiz tarzda qarz berish mumkin: qarz tilxati haqida hamma narsa

Otabekning do'sti Diyor 10 million so'm qarz so'radi. Otabek yordam berishga tayyor, chunki u yangi noutbuk sotib olish uchun to'plangan mablag'ga ega. Biroq, u do'stiga yordam berish uchun sotib olishni kechiktirishga tayyor bo'lsa-da, Otabek Diyor pulni o'z vaqtida qaytarib berishiga ishonch hosil qilishni xohladi.

O'z huquqlaringizni himoya qilish uchun pulni topshirish faktini belgilash va tilxat tuzish mumkin. U sudda o'z huquqlaringizni himoya qilishga yordam beradi. Buni qanday qilib to'g'ri bajarish kerakligini — biz maqolada aytib beramiz.

Tilxatni qanday qilib tuzish kerak

Otabek Diyorga qarz berishga qaror qildi. U qarz beruvchi sifatida pulni beradi, Diyor esa qarz oluvchi sifatida belgilangan muddatda pulni qaytarish majburiyatini oladi. Ushbu operatsiyani tasdiqlash uchun ular tilxat tuzishga qaror qilishdi. U notarius tomonidan tasdiqlanishi shart emas: hujjat oddiy qog'oz varag'ida rasmiylashtirilishi mumkin. Ushbu tilxat sudda pul haqiqatan ham qarzga berilganligi to'g'risida dalil bo'lib xizmat qiladi.

Otabek o‘rtog'idan qarz tilxati olmoqchi bo‘lib, xijolat tortdi. Ammo agar do'sti oldindan qarzni to'lashni rejalashtirgan bo'lsa, bu uning uchun muammo bo'lmasligi kerak.

Tilxatni kompyuterda tergandan ko'ra, qo'lda yozgan doim ma'qul. Bu tilxatni aynan qarzdor yozganini isbotlashga yordam beradi.

Hujjatni rasmiylashtirishda guvohlarni taklif qilish tavsiya etiladi. Bu bitim xavfsizligining qo'shimcha kafolati bo'lib xizmat qiladi. Tilxatda guvohlarning to'liq ismi va manzillari ko'rsatilishi, shuningdek ularning imzolari olinishi kerak. Bitta nusxa yetarli, uni qarz bergan kishi saqlashi kerak.

Asosiy ma'lumotlarni ko'rsatish

Tilxat nomi. Ular turli xil bo'ladi: uy-joy uchun oldindan to'lovni olish haqida, ijara to'g'risida. Shuning uchun, bu qarz olish haqidagi tilxat ekanligini aniq yozish muhimdir.

Pul o'tkazayotgan va olayotganlarning shaxsiy ma'lumotlari. Kvitansiyada nafaqat qarz oluvchi va qarz beruvchining ismini, balki ularning manzillari va pasport ma'lumotlarini ham ko'rsatish muhimdir. Ushbu ma'lumot sudga murojaat qilishda foydali bo'lishi mumkin. Ko'rsatilgan manzillar qaysi sud ishni ko'rib chiqishini aniqlashga yordam beradi.

Qarz miqdori va valyutasi. Miqdor raqamlar va so'zlar bilan ko'rsatilishi kerak, shunda ularni tuzatib bo'lmaydi.

Agar qarz sifatida bergan summa eng kam ish haqining 10 miqdoridan ko'p bo'lsa, tilxat emas, balki qarz shartnomasini tuzishingiz kerak.

Pul berishni maqsadi. Agar bu qarz bo'lsa, uni albatta hujjatda yozib o'tishingiz kerak. Aks holda, oluvchi pul unga sovg'a sifatida berilganligini da'vo qilishi mumkin, bu esa sud orqali qaytarib olishni deyarli imkonsiz qiladi.

Qaytarish sanasi. U aniq yozilishi kerak: sana, oy va yil.

Qaytarish shartlari. Puldan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishini va u qancha bo'lishini ko'rsating. Agar qarzni qismlarga bo'lib qaytarish rejalashtirilgan bo'lsa, to'lovlar jadvalini va har bir badal miqdorini belgilang.

Kechiktirganlik uchun jarima. Qarzni o'z vaqtida qaytarmaslik shartlarini aniq yozing, shunda kechikish bo'lsa, yakuniy summani, shu jumladan barcha hisoblangan jarimalar va foizlarni to'g'ri hisoblash mumkin bo'ladi.

Sana va qarz oluvchining imzosi. Qarz oluvchi imzo yonida sana va to'liq ismni ko'rsatishi kerak. Bu uning qarz shartlariga roziligini va pulni belgilangan muddatda qaytarish majburiyatini tasdiqlaydi.

Foizlarni hisoblash usulini ko'rsating

Qarzdordan foizlarni olish yoki olmaslikni o'zingiz qaror qilasiz. Sizning pulingiz — sizning shartlaringiz. Masalan, quyidagilarni so'rashingiz mumkin:

  • xuddi shu miqdorni foizsiz qaytarish;
  • hisoblangan foizlar bilan ko'proq qaytarish;
  • foizsiz o'z vaqtida qaytarib berish va agar shartnomani buzgan bo'lsa, kechiktirilgan har bir kun yoki oy uchun foizlar bilan to'lash.

Agar ma'lum bir foiz evaziga qarz berishni rejalashtirayotgan bo'lsangiz, unda bu ma'lumot tilxatda ham yozilishi kerak. Qarz miqdorining oyiga 1% kabi aniq foiz stavkasini ko'rsating. Shuningdek, qarz muddati tugagandan so'ng to'lanishi kerak bo'lgan umumiy miqdorni ko'rsatish muhimdir. Masalan: qarz summasi 10 mln so'm, uch oydan keyin qarz summasi foizlar bilan birga 10 mln 300 ming so'mni tashkil etadi.

Qarzni to'lashni kechiktirish uchun jarimalarni belgilash

Bu yerda ham bir nechta variant mavjud. Masalan, 10 million so‘m 31 avgustgacha qaytarilishi kerak. Otabek quyidagilarni tanlashi mumkin:

Belgilangan miqdorni ko'rsatish. Masalan, 1 sentabrdan qarz miqdori 12 mln so'mgacha oshadi. Bu yerda foizlar tayinlanmaydi.

Foiz stavkasini oshirish. Agar 31 avgustgacha qarz stavkasi oyiga 1% bo'lgan bo'lsa, u holda 1 sentabrdan — 1,5% bo'ladi.

Muayyan sanadan boshlab qarzdan foydalanganlik uchun foizlarni ko'rsatish. Masalan, 1 sentabrdan boshlab har kuni qarz miqdoriga ushbu summaning 1 % qo'shiladi.

Agar qarz oluvchi qarzni belgilangan muddatda qaytarmagan bo'lsa, sudga murojaat qilishingiz mumkin. Bu qarzni to'lashi kerak bo'lgan kundan boshlab uch yil ichida amalga oshirilishi mumkin. Da'vo arizasini tayyorlang va unga tilxat nusxasini ilova qiling. Asl hujjat to'g'ridan-to'g'ri sudda taqdim etilishi kerak.

Qarzni qaytarishda tilxatni berish

Otabekning qo‘lida tilxat bor ekan, qarz to‘lanmagan hisoblanadi. Diyor to‘liq summani qaytarishi bilan bitim shartlarini bajarganligini tasdiqlovchi tilxat unga beriladi.

Eng kam ish haqining 10 baravaridan ortiq miqdorda bo'lgan bitimlar uchun mablag'lar qaytarilishi yozma ravishda tasdiqlanishi kerak.

Hujjat yo‘qolgan yoki shikastlangan bo‘lsa, pulni qaytarishda Otabek Diyorga undan qarz miqdorini to‘liq olganligi va unga nisbatan boshqa da'vosi yo‘qligini tasdiqlovchi yangi tilxat berishi kerak bo‘ladi.

Tilxat tuzishda nima qilish mumkin emas

Og'zaki kelishish. Masalan, kechiktirilgan to'lov uchun jarima haqida. Sud faqat hujjatda yozilgan narsalarni hisobga oladi, shuning uchun tilxatda barcha shartlar va tafsilotlar ko'rsatilishi kerak.

Noto'g'ri yoki to'liq bo'lmagan ma'lumotlarni ko'rsatish. Masalan, to'liq ism o'rniga taxalluslar, taxminiy qaytarish muddati, seriya va pasport raqami boshqa ma'lumotlarsiz.

Qaytarish muddatini ko'rsatmaslik. Bunday holda, qaytarib berish muddati pulni yozma ravishda qaytarib berishni talab qilgan vaqtingiz hisoblanadi. Qarzdor buni talab qilingan kundan boshlab 30 kun ichida bajarishi kerak.

Nimani yodda tutish muhim

  • Tilxat so'rash — uyat emas. Agar biror kishi qarzni to'lash niyatida bo'lsa, bu hujjat uni hayron qoldirmaydi.
  • Tilxatga qancha ko'p ma'lumot kiritilsa, qarzni talab qilish shunchalik oson bo'ladi.
  • Sudda tilxat qabul qilinishi uchun uni qo'lda yozib, guvohlar oldida tasdiqlagan ma'qul. Notariusni ham yollashingiz mumkin, ammo bu shart emas.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments