
O‘zini o‘zi band qilganlar ham soliq to‘lashi kerak: qanday va qancha
2024-yil bahor oyida o‘zini o‘zi band qilganlarni soliqqa tortishda o‘zgarishlar yuz berdi: joriy yilning 1-aprelidan soliq davrida daromadi 100 mln. so‘mdan oshganlar 4% soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Soliq bilan bog‘liq bahslarning oldini olish uchun, endilikda daromadingizni diqqat bilan hisoblash va qayd etish kerak.
O‘zini o‘zi band qilganlar kim?
Bular ish beruvchiga ham, bo‘ysunuvchi xodimlarga ham ega bo‘lmagan, ya'ni o‘zlari uchun ishlaydigan jismoniy shaxslar (nomi ham shundan kelib chiqqan). Davlat o‘zini o‘zi band qilganlar buxgalteriya ishlarini yuritishi, soliq idoralariga hisobot topshirishi va boshqa ma'muriy ishlar bilan shug‘ullanishi shart bo‘lmasligini ta'minlagan. Shunchaki 1 BHM (2023-yil 1-dekabrdan — 340 000 so‘m) to‘lash kifoya, va bemalol ishlash mumkin.
Faoliyat sohalari bo‘yicha ham cheklovlar mavjud. 2020-yilda mavjud ish va xizmatlar ro‘yxati kengaytirildi — endi u yerda 90 turdagi faoliyat mavjud. Masalan, quyidagi sohalar kiritildi:
- hamshiralik ishi;
- rieltorlik xizmatlari;
- toshdan yodgorliklar, suvenirlar tayyorlash;
- savat to‘qish;
- kulolchilik mahorati;
- kibersport bo‘yicha faoliyat;
- biser to‘qish;
- uy sharoitida do‘ppi mahsulotlarini tayyorlash.
O‘zimni o‘zim band qilishim mumkinmi?
Ha, agar 16 yoshga kirgan bo‘lsangiz va tasdiqlangan ro‘yxatdagi ish/xizmat turlaridan biri bilan shug‘ullanishni xohlasangiz. Ammo yakka tartibdagi tadbirkorlar bir vaqtning o‘zida o‘zini o‘zi band qilishi mumkin emas. Bittasini tanlash kerak.
Chet el fuqarolari ham ushbu maqomni ololmaydi. Gap shundaki, O‘zbekistonda mehnat faoliyatining barcha turlari Aholi bandligi to‘g‘risidagi qonun va Mehnat kodeksi bilan nazorat qilinadi. Ularda chet el fuqarosiga ishlash uchun ruxsatnoma ish beruvchi tomonidan berilishi kerakligi qayd etilgan. O‘zini o‘zi band qilgan ― o‘zi uchun ish beruvchi shaxs bo‘lib, bunday hujjatni bera olmaydi.
Qanday soliqlarni to‘lash kerak bo‘ladi?
Yaqin vaqtgacha o‘zini o‘zi band qilganlar faqatgina ijtimoiy soliq (kamida 1 BHM) to‘lagan. 2024-yil 1-apreldan boshlab soliqlari 100 mln so‘mdan oshganlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar singari, 4 foiz soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Demak, o‘z daromadimni hisoblashim kerak ekan-da?
Soliq solishning yangi tamoyili endigina kuchga kirdi va soliq inspeksiyasi daromad miqdorini qanday tekshirishi hozircha noma'lum. Ammo hozirning o‘zidayoq qonun bilan ziddiyatga bormaslik uchun daromadni hisoblashni qoida qilib olish kerak. Eng oddiy usuli — bankda alohida hisob raqami ochish va barcha faoliyatni u orqali amalga oshirish. Hisobga POS-terminalni ulash mumkin — bu mijozlarga bank kartalari bilan to‘lovlar qilish imkonini beruvchi qurilma.
Agar to‘lovni naqd pulda qabul qilsangiz, ularni ham hisobingizga yuborishingiz mumkin. Shunda qaysi davrda qancha ishlaganingizni aniq bilasiz.
Har qanday holatda ham bu YTT singari buxgalteriya yuritishdan ko‘ra ancha oson.
O‘zini o‘zi band qilganlarga pensiya beriladimi?
Ha, o‘zini o‘zi band qilish mehnat stajiga qo‘shiladi. Bu ro‘yxatdan o‘tish uchun yana bir motivator: norasmiy xizmat ko‘rsatuvchilar pensiyaga chiqish paytida faqatgina bazaviy stavkaga umid qilishlari mumkin.
Agar pensiyani oshirishdan manfaatdor bo‘lsangiz, oshirilgan ijtimoiy soliq to‘lashingiz mumkin. Uning eng kam miqdori 1 BHM, lekin ko‘proq to‘lashngiz taqiqlamagan.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida qanday ro‘yxatdan o‘taman?
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini maxsus Soliq mobil ilovasi orqali rasmiylashtirish mumkin. Bu holda quyidagi sxema bo‘yicha amal qiling:
- Ilovani yuklab oling va o‘rnating.
- “O‘zini o‘zi band qilganlar uchun” bo‘limiga o‘ting.
- “Shaxs guvohnomasi” vkladkasini oching va o‘z JShShIRingizni kiriting.
- Telefon raqamingizni ko‘rsating ― unga SMS-kod keladi.
- Kiritish satriga kodni kiriting va “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasini bosing. Ma'lumotlaringiz to‘g‘risidagi ma'lumotnoma avtomat tarzda shakllantiriladi.
- “Faoliyatni tanlash” bo‘limini ochib, “Qo‘shish” tugmasini bosing va ro‘yxatdan bitta yoki bir nechta yo‘nalishni tanlang.
- Faoliyat yuritiladigan joy ― viloyat va shaharni ko‘rsating.
- “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasini bosing.
- QR-kod oling.
Zarur bo‘lganda, ushbu kodni chiqarib olish mumkin.
Ilova nafaqat ro‘yxatdan o‘tish imkonini beradi, balki faoliyat yuritishga ham yordam beradi. Masalan:
- buyurtmalarni qabul qilish va bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq olish;
- daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish;
- yuridik shaxslarga elektron hisob-fakturalarni taqdim etish;
- o‘z xizmatlaringizni reklama qilish;
- buyurtmachilar fikr-mulohazalari va baholarini to‘plash.
Ilovada daromad ma'lumotnomasini ham shakllantirish mumkin. U soliq chegirmasini olish uchun va ba'zi hollarda ― qarz va imtiyozli kreditlar uchun zarur.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham rasmiylashtirish mumkin:
- my.gov.uz saytini oching.
- Login va parol yordamida avtorizatsiyani amalga oshiring yoki OneID tizimida ro‘yxatdan o‘ting.
- “Soliqlar” bo‘limini oching.
- “O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish”ga o‘ting.
- “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing.
- Ko‘rsatmalarga amal qilib, so‘rovnomani to‘ldiring.
O‘zini o‘zi band qilishni to‘xtatmoqchi bo‘lsam-chi?
Bu ham Soliq ilovasi orqali amalga oshiriladi — unda o‘zini o‘zi band qilishni to‘liq bekor qilish yoki to‘xtatib turish to‘g‘risida ariza berish mumkin (masalan, uzoq vaqt davolanishingiz kerak bo‘lsa va ishlay olmasangiz). To‘g‘ri, to‘xtatib turishdan ma'no kam: o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga hech qanday to‘lov berilmaydi, faqat ijtimoiy soliqni to‘lamaslik mumkin bo‘ladi. Ammo shuni yodda tutingki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatingiz to‘xtatilgandan keyin stajingiz uziladi.
Izoh qo‘shish
Ажойиб
Zur
Zuy
Yaxshi
Zor
Men soliqdan foydalanaman l. Bu yaxwi iahlab chiqilgan
Zor
Yaxshi
Foydasi bor ekan
Zoʻr