bosh sahifa / Sarflash va tejash / Operatsion foyda nima va uni qanday hisoblash mumkin
Что такое операционная прибыль и как её рассчитать
Yangilanish sanasi: 13.11.2024

Operatsion foyda nima va uni qanday hisoblash mumkin

Otabekning oshxona mebeli ishlab chiqarish biznesi bor. U stollar, taburetkalar va oshxona shkaflarini yasaydi. Qaysi yo‘nalish ko‘proq daromad keltirayotganini tushunish uchun Otabek har bir mebel turini ishlab chiqarish va realizatsiya qilishga qancha sarflayotganini va qanchaga sotayotganini hisoblab, farqni ayirishi kerak. Olingan natija operatsion foyda (keyingi o‘rinlarda OF) hisoblanadi. U nimadan iboratligini va qanday hisoblash mumkinligini aytib beramiz.

Operatsion foyda nima

Bu biznesning asosiy faoliyatidan olingan foyda: ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish, sotib olingan tovarlarni realizatsiya qilish, xizmatlar ko‘rsatish yoki ishlarni bajarish.

OF ko‘rsatkichini bilish uchun tushumdan asosiy faoliyat xarajatlarini ayirish kerak. Mahsulot ishlab chiqarish biznesi misolida bularga nimalar kirishini ko‘rib chiqamiz.

Ishlab chiqarish xarajatlari. Doimiy va o‘zgaruvchan bo‘ladi. Doimiy xarajatlar — bu, masalan, ishlab chiqarish joyini ijaraga olish, xodimlarning belgilangan ish haqi. Uning miqdori har oyda bir xil bo‘ladi. O‘zgaruvchan xarajatlar ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq. Bularga xomashyo, qadoqlash xarajatlari, xodimlarning ishbay maoshi kiradi.

Ma'muriy xarajatlar. Ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq emas. Bunga, masalan, buxgalter, kadrlar bo‘yicha menejer, logist va mahsulotni ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydigan boshqa xodimlarning maoshlari kiradi. Ma'muriy xarajatlarga ofis ijarasi, internet, telefon aloqasi, kommunal xizmatlar xarajatlari ham kiradi.

Tijorat xarajatlari. Mahsulotni targ‘ib qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar: reklama kampaniyalari, promomateriallar uchun to‘lovlar, marketolog, kopirayter, dizayner hamda reklama va marketing bo‘yicha boshqa mutaxassislarning ish haqi.

Kompaniyada daromad keltiradigan yana boshqa faoliyat bo‘lsa, u OF hisobiga olinmaydi. Masalan, do‘kon texnika sotadi va uni tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Sotish asosiy faoliyat, tanlash esa qo‘shimcha faoliyat hisoblanadi.

O'zbekistonda MChJ qanday ochiladi: bosqichma-bosqich ko'rsatma

Ma'lumot olish

OF boshqa foyda turlaridan qanday farq qiladi

Biznes faoliyati natijalarini to‘g‘ri baholash uchun foydaning barcha turlarini tahlil qilish muhimdir: operatsion, yalpi, marjinal va sof. Bular qanday farq qilishini ko‘rib chiqamiz.

Marjinal foyda — bu daromad va asosiy faoliyatning o‘zgaruvchan xarajatlari o‘rtasidagi farq. Doimiy xarajatlar hisob-kitobda hisobga olinmaydi

Yalpi foyda — tannarx (asosiy faoliyatning  doimiy va o‘zgaruvchan xarajatlari) chegirib tashlangan holda olingan tushum.

Sof foyda — bu tushum va tannarx va boshqa barcha xarajatlar — asosiy faoliyat bo‘yicha doimiy va o‘zgaruvchan xarajatlar, ma'muriy va tijorat xarajatlari, shuningdek, soliqlar va yig‘imlar, kredit foizlari hamda boshqa to‘lovlar ayirmasi. Shuningdek, asosiy bo‘lmagan faoliyatdan olingan daromad va xarajatlar ham hisobga olinadi.

OF — yalpi va sof foyda o‘rtasidagi oraliq miqdor bo‘lib, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod qilinmagan. Shuning uchun kompaniya bu mablag‘ni sarflay olmaydi: egalar o‘rtasida taqsimlash, biznesni rivojlantirishga sarmoya kiritish yoki zaxira fondida qoldirishi mumkin emas. Faqat sof foydani shunday tasarruf etish mumkin.

Operatsion foydani nima uchun hisoblash kerak

OF biznesning asosiy faoliyatga ko‘p yoki mumkin bo‘lgan miqdorda pul sarflayotganini ko‘rsatadi. Ehtimol, qimmatroq va sifatli xomashyoni sotib olish uchun resurs bor yoki aksincha, arzonroq muqobillarni izlash kerakligini aniqlaydi.

Ko‘rsatkichni dinamikada taqqoslasak, ishlab chiqarish xarajatlari oshayotganini kuzatish mumkin. Buning sababi materiallarning ko‘p va tejamsiz sarflanishi yoki yetkazib beruvchilar xarid narxlarini oshirgani va asosiy faoliyat xarajatlarini kamaytirish uchun yangi hamkorlarni izlash kerakligi bo‘lishi mumkin.

Operatsion foydani qanday hisoblash mumkin

OF — asosiy faoliyat xarajatlari chegirib tashlangan tushum ekanligini eslatib o‘tgan edik.

Hisoblash formulasi quyidagicha:

Operatsion foyda = tushum - asosiy faoliyat uchun doimiy va o‘zgaruvchan xarajatlar - ma'muriy xarajatlar - tijorat xarajatlari.

Ko‘rsatkichni xonadonlarni ta'mirlash biznesi misolida hisoblaymiz.

Bir oylik tushum — 25 mln so‘m, ombor ijarasi — 3 mln so‘m. Bu doimiy ishlab chiqarish xarajatlari.

Loyiha ustida ishlagan ikkita ustaga 4 mln so‘mdan pul to‘landi. Yangi shurupovert sotib olish uchun yana 500 ming so‘m sarflandi. Jami o‘zgaruvchan ishlab chiqarish xarajatlari 8,5 mln so‘mni tashkil etdi.

Kompaniya mobil aloqa uchun 150 ming so‘m sarfladi. Bu yagona ma'muriy xarajat toifasi.

Reklama uchun 2,5 million sarflandi — bu tijorat xarajatlari.

Demak, operatsion foyda quyidagicha bo‘ladi:

25 000 000 - 3 000 000 - 8 500 000 - 150 000 - 2 500 000 = 10 850 000 so‘m.

Operatsion foydani qanday tahlil qilish kerak

OF ko‘rsatkichi foydali yoki yo‘qligini tushunish uchun uning rentabelligini, ya'ni tushumga nisbatini hisoblash kerak.

Agar yuqoridagi misolimizdagi tushum 25 mln, OF esa 10 850 000 bo‘lgan ma'lumotlarni olsak, rentabellik quyidagicha bo‘ladi: (10 850 000 / 25 000 000) x 100 = 43,4%.

Rentabellikning o‘zgarishini oyma-oy kuzatib borgan ma'qul. Savdo hajmi saqlangan holda u pasaysa, demak, tushumning katta qismi operatsion xarajatlarga ketadi va buni qanday qisqartirish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rish kerak.

Kompaniyaning operatsion foydasini qanday oshirish mumkin

Katta OF biznesning samaradorligini ko‘rsatadi, obro‘siga ijobiy ta'sir qiladi, hamkor va investorlar oldida kompaniyaning jozibadorligini oshiradi. Barqaror yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun tushumni oshirish va operatsion xarajatlarni qisqartirish kerak.

Xususan:

  • tovar pozitsiyalari assortimentini yoki xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish, biroq yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish xarajatlariga barcha mablag‘ sarflanmagan holda;
  • tushumni ko‘paytirish uchun mahsulot sifatini oshirish, lekin bu tannarxning qimmatlashishiga olib kelmasligini nazorat qilish;
  • narx siyosatini optimallashtirish; ehtimol, juda arzon sotyapsiz, natijada tushumingiz past, ishlab chiqarish xarajatlari esa yuqori;
  • logistikani takomillashtirish — masalan, yetkazib berishning yanada samarali yo‘nalishini topish, ombor zaxiralarini nazorat qilish, hamkor transport kompaniyasidan chegirma olish;
  • qayta sotish uchun xomashyo yoki tovarlarni pastroq narxlarda, lekin sifatini yo‘qotmasdan sotib olishga harakat qilish;
  • reklama va marketing xarajatlarini kamaytirish: arzonroq reklama tarqatish kanallarini topish yoki aynan mijozlaringizga aniqroq yo‘naltirilgan tarzda sotish.

Operatsion foyda haqida qisqacha

  • Operatsion foyda — bu tushumdan tannarx, tijorat va ma'muriy xarajatlar ayirmasi.
  • Ko‘rsatkichni bilish biznesni boshqarish va targ‘ib qilish uchun qancha pul sarflanayotganini tushunish uchun muhimdir.
  • Yana bir foydali ko‘rsatkich — OF bo‘yicha rentabellik.
  • Ko‘rsatkichni oshirish uchun tushumni ko‘paytirish va operatsion xarajatlarni kamaytirish kerak.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments