
Moliyaviy hisobot nima va nima uchun kerak
Moliyaviy hisobot — bu kompaniyaning muayyan davrdagi daromadlari, xarajatlari, kapitali, majburiyatlari va foydasi ko‘rsatilgan hujjat. Biznesni tahlil qilish va rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston qonunlariga rioya qilish uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Moliyaviy hisobot nima ekanligi, unda qanday ma’lumotlarni aks ettirish, hujjatlarni qachon va qayerga taqdim etish kerakligi haqida aytib beramiz.
Moliyaviy hisobot nima uchun kerak
Moliyaviy hisobot tadbirkorlar va kompaniya rahbarlari uchun asosiy vositalardan biridir. Bu tashkilotning ma'lum vaqtdagi ish natijalarini baholashga va biznesni qaysi yo‘nalishda rivojlantirish kerakligini tushunishga yordam beradi. Hisobotda aks ettirilgan ma'lumotlar buxgalteriya hujjatlari ma'lumotlaridan jamlanadi.
Bunday ma'lumotlar quyidagilar uchun kerak:
- Ichki foydalanish uchun. Masalan, yangi reklama aksiyasini o‘tkazmoqchi bo‘lgan marketologga, boshqa ta'minotchilarni topishi kerak bo‘lgan ta'minot bo‘limi boshlig‘iga yoki xodimlarga mukofot hisoblash uchun rahbarga kerak bo‘lishi mumkin. Ya'ni, hisobot kompaniyaning moliyaviy holatini yaxshilashi mumkin bo‘lgan xodimlarga kerak.
- Tashqi foydalanish uchun. Birinchi navbatda, moliyaviy hisobot soliq xizmatiga taqdim etiladi — bu qonunchilik talabi. Shuningdek, boshqa shaxslar, masalan, kompaniya rivojiga sarmoya kiritish uchun investorlar yoki qarzlarni o‘z vaqtida qaytarmaganda kreditorlar tomonidan talab qilinishi mumkin. Bunday holda, hujjatdagi ma'lumotlar biznesning moliyaviy holatini va ishonchliligini baholashga yordam beradi. Hisobotni aksiyadorlar, statistika xizmati, auditorlar, sug‘urta kompaniyalari va boshqalar ham talab qilishi mumkin.
O'zbekistonda nimani ochgan ma’qulroq: MChJ, YTT, XK, OK yoki o‘zini o‘zi band qilishmi
Moliyaviy hisobotga nimalar kiradi
Moliyaviy hisobot — bu:
- Buxgalteriya balansi, 1-sonli shakl. Bu kompaniyaning qancha aktiv va passivlari borligini ko‘rsatadi. Aktivlar — bu, masalan, bank hisobvaraqlaridagi pullar, ko‘chmas mulk, korxona jihozlari, passivlar esa kredit va qarzlardir.
- Tashkilotning moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi hisobot, 2-sonli shakl. Bu kompaniya muayyan davrda olgan va sarflagan barcha daromad va xarajatlarni aks ettiradi. Ya'ni hisobotda biznes qanchalik muvaffaqiyatli ishlaganligi va bunga nima ta'sir qilganligi ko‘rsatiladi.
- Xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot, 5-sonli shakl. Unga kompaniyaga tegishli barcha aktivlar va so‘nggi vaqtlarda qanday o‘zgarganligi kiritiladi. Masalan, Ustav fondi to‘ldirildi yoki ta'sischilardan biri boshqaruvdan ketdi. Bunday ma'lumot kapitalning o‘zgarishi to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirilishi kerak.
- Pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobot, 4-son shakl. Kompaniya muayyan davrda qancha daromad qilganini va qancha pul sarflaganini ko‘rsatadi. Bu asosiy, shuningdek, tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan boshqa faoliyatdan olinadigan daromad va xarajatlar. Masalan, bank omonatidan foiz oladi yoki xayriya ishlariga pul o‘tkazadi
- Hisobotga tushuntirishlar. Bu yerda hisobotlarda aks ettirilmagan ayrim ko‘rsatkichlar va hisob-kitoblar izohlanadi. Odatda, bu shaklga ma'lum bir jarayon qanday sodir bo‘lishini tushunish uchun muayyan korxonaning ichki qoidalariga taalluqli ma'lumotlar kiritiladi. Masalan, tashkilot tomonidan qancha aksiya chiqarilgan va qanday narxda taklif etilyapti.
Hisobot shakllari qonunchilikda belgilangan bo‘lib, lex.uz veb-saytida topish mumkin.
Kichik va mikro biznesga tegishli kompaniyalar moliyaviy hisobotni soddalashtirilgan sxema bo‘yicha tuzadilar. Bunga faqat buxgalteriya balansi va o‘tgan yilgi moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot kiradi. Demak, mablag‘lar harakati va kapital o‘zgarishiga taalluqli shakllarni to‘ldirish shart emas. Yakka tartibdagi tadbirkorlar moliyaviy hisobot taqdim etmaydilar.
Hisobot tuzish standartlari
O‘zbekistonda moliyaviy hisobot Buxgalteriya hisoboti milliy standartlari (BHMS) bilan tartibga solinadi. Bular buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni to‘ldirish qoidalaridir. Ular O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Har bir tashkilot va tadbirkor, qaysi biznes bilan shug‘ullanishidan qat'i nazar, bu talablarga amal qilishi shart. Standartlar bilan lex.uz saytida tanishish mumkin.
Tashkilotlar buxgalteriya hisobotlarini rasmiylashtirish uchun BHMSga o‘z ko‘rsatmalarini qo‘shishlari mumkin. Bunday qoidalar faqat kompaniya doirasida amal qiladi.
Hisobot davri
Tijorat korxonalari hisobotlarni qachon taqdim etish kerakligini ko‘rib chiqamiz.
Hisobot turi | Hisobot shakli | Davr | Hisobot taqdim etishning oxirgi muddati |
Yillik | barcha shakllar | 1 yanvar — 31 dekabr | hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevraliga qadar |
Chorak | hamma shakllar | 1 yanvar — 31 mart 1 aprel — 30 iyun 1 iyul — 30 sentabr 1 oktabr — 31 dekabr |
hisobot choragidan keyingi oyning boshida |
Oylik | investorlar, kreditorlar va boshqalarning so‘rovi bo‘yicha | har oyning 1-sanasidan 30-sanasigacha | hisobot oyidan keyingi oyning boshida |
Muhim jihat: kichik biznes yillik hisobotni 1 va 2-sonli shakllarda, katta biznes esa barcha shakllarda taqdim etadi.
Tashkilot bir yildan kamroq ishlagan bo‘lsa, hisobot tuzish kerak emasligini anglatmaydi. Masalan, MChJ avgust oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Bunda rahbar tashkilot ochilgan sanadan boshlab 31-dekabrgacha bo‘lgan davr uchun hisobot tuzishi kerak. Ma'lumotlar keyingi yilning 15-fevraliga qadar taqdim etilishi kerak.
Hisobot o‘z vaqtida taqdim etilmasa, kompaniya 10 bazaviy hisoblash miqdorida (BHM) jarimaga tortilishi — 2024-yilda bu 3 400 000 so‘mni tashkil etadi yoki korxonaning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatib turilishi mumkin. Noto‘g‘ri ma'lumotlar bilan taqdim etilsa, 3 BHM — 1 020 000 so‘m jarima solinadi. Shuningdek, rahbar va buxgalteriya xodimlari 3-7 BHM, vaziyat takrorlansa, 7-10 BHM miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
O‘zbekistonda moliyaviy hisobot qayerga taqdim etiladi
Moliyaviy hisobot, birinchi navbatda, kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan joydagi soliq xizmatiga taqdim etilishi kerak. Bu biznes turidan qat'i nazar, har qanday tashkilot uchun qonunchilikning majburiy talabidir. Hisobot faqat raqamli shaklda hamda rahbar va bosh buxgalterning elektron imzosi bilan qabul qilinadi. Moliyaviy hisobotni taqdim etishni statistika xizmatlari, tashkilotlar ta'sischilari va aksiyadorlari va boshqalar ham talab qilishlari mumkin.
Moliyaviy hisobot haqida qisqacha
- Moliyaviy hisobot tadbirkor va tashkilotlar uchun qonunchilikda belgilangan majburiy hujjat hisoblanadi. U korxonaning moliyaviy holatini va umuman faoliyat natijasini baholashga imkon beradi. Moliyaviy hisobot buxgalteriya hujjatlarining ma'lumotlari bo‘yicha maxsus dasturlarda tuziladi, masalan, 1C: Buxgalteriya.
- Hisobotni tuzish uchun standart davr — bir yil. Uni keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan joydagi soliq xizmatiga taqdim etish lozim. Aks holda, korxona jiddiy jarima sanksiyalariga tortilishi mumkin.
Izoh qo‘shish