
Moliya: sodda qilib aytganda bu nima, turlari, mohiyati va asosiy funksiyalari
“Moliya” atamasi barcha sohalarda qo‘llaniladi, ko‘pchilik buni pul bilan tenglashtiradi. Ammo aslida bu bir xil narsa emas. Moliyaning mohiyati va funksiyalarini ko‘rib chiqamiz.
Moliya nima? Puldan qanday farq qiladi?
Moliya sektori — iqtisodiyotning yirik sohasi bo‘lib, mablag‘larni boshqarish, jumladan, ularni olish, investitsiya qilish va nazorati bilan shug‘ullanadi. Bu jismoniy shaxslar ham, tashkilotlar ham o‘z ehtiyojlari va iqtisodiy sharoitlariga qarab pul resurslarini yig‘ish va foydalanish usullarini o‘rganish va tahlil qilishni qamrab oladi.
Moliya — pul bilan bog‘liq barcha masalalar — pul topish, boshqarish, investitsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi soha. Soha kompaniyalar va jismoniy shaxslar pul topish va o‘z ehtiyojlariga ko‘ra foydalanishlari mumkin bo‘lgan turli usullarni o‘rganish va qo‘llashni nazarda tutadi.
Pul esa moliyaning bir qismi, xolos. Bu tovar va xizmatlarni sotib olish uchun foydalaniladigan ayirboshlash vositasidir.
Moliya va pul o‘rtasidagi asosiy farqlar
Moliya va pul o‘rtasidagi farqni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
Qo‘llanish sohasi
- Moliya investitsiya qilish, qarz olish, lizing, byudjetlashtirish va shu kabi keng ko‘lamli faoliyat va jarayonlarni qamrab oladi.
- Pul bu moliyaviy jarayonlar doirasida iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirish vositasi sifatida foydalaniladigan instrumentdir.
Funksiyalar
- Moliya pul va boshqa aktivlarni boshqarish, ulardan iqtisodiy hamda shaxsiy maqsadlarga erishish uchun samarali foydalanishni ta'minlashga qaratilgan sohadir.
- Pul asosiy iqtisodiy vazifalarni bajarishni ta'minlaydigan vosita sifatida xizmat qiladi: u ayirboshlash vositasi, qiymat o‘lchovi, jamg‘arish usuli va to‘lov vositasi hisoblanadi.
Maqsad va vazifalari
- Moliya kapitaldan foydalanish samaradorligini maksimal darajada oshirish, investitsiyalar daromadliligini ko‘paytirish, xatarlarni boshqarish va tashkilotlar yoki jismoniy shaxslarning moliyaviy barqarorligini ta'minlashni o‘rganadi.
- Pullar bevosita tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun ishlatiladi.
O‘rganish sohalari
- Moliya turli xil bo‘ladi — korporativ, shaxsiy, xalqaro, davlat.
- Pul monetar iqtisodiyotning o‘rganish obyekti bo‘lib, iqtisodiyotga ta'siri tahlil qilinadi.
Pul oʻzi nima va u qayerdan keladi?
Asosiy funksiyalar
Moliya iqtisodiyotda turli funksiyalarni bajaradi. Bunga biznes va loyihalar faoliyati, risklarni boshqarish, resurslarni oqilona taqsimlash, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash bog‘liq. Moliyaning asosiy funksiyalarini ko‘rib chiqamiz:
- Mablag‘larni jalb qilish. Moliya turli manbalardan iqtisodiy resurslarni yig‘ib, keyinchalik ishlab chiqarish, tijorat yoki boshqa loyihalarga investitsiya qilishga yordam beradi. Bunga xususiy investorlarning mablag‘larini jalb qilish, bank kreditlari, aksiya va obligatsiyalarni chiqarish, shuningdek, soliqlar va davlat qarzlari orqali davlat tomonidan moliyalashtirish kiradi.
- Mablag‘larni taqsimlash. Moliya yig‘ilgan resurslarni samaradorlik va ustuvorlik mezonlari asosida turli loyihalar va iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida taqsimlanishini ta'minlaydi. Bunga loyihalarning rentabelligi, xatarlari va iqtisodiy rivojlanishga qo‘shadigan potensial hissasini tahlil qilish kiradi.
- Xatarlarni boshqarish. Moliya tizimining bu funksiyasi korxonalar va shaxslar duch keladigan turli xatarlarni (bozor, kredit operatsiyalari) boshqarishga yordam beradi. Xatarlarni boshqarish vositalariga sug‘urta, xedjirlash, investitsiyalarni diversifikatsiyalash va boshqa moliyaviy vositalar kiradi.
- Resurslardan foydalanishni optimallashtirish. Moliya resurslarni samarasi kam sohalardan istiqbolli sohalarga qayta taqsimlash orqali ulardan yanada samarali foydalanishga yordam beradi. Bu iqtisodiyotning umumiy unumdorligi va samaradorligini oshirishga imkon beradi.
- Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish. Moliya iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi. Sarmoyalar infratuzilma loyihalarini, texnologik innovatsiyalarni, ta'lim va sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin, natijada bu aholi turmush darajasini yaxshilashga olib keladi.
- Jamg‘arma va investitsiyalar. Bu moliya funksiyasi keyinchalik turli iqtisodiy obyektlarga yoki shaxsiy boylikni shakllantirish uchun investitsiya qilish mumkin bo‘lgan kapitalni jamg‘arish va yig‘ish mexanizmlari uchun javobgardir. Bank depozitlari, nafaqa fondlari va boshqa moliyaviy vositalar odamlarga mablag‘larini saqlash va ko‘paytirishga yordam beradi.
Turlari
Moliyalarning bir nechta turlari mavjud. Har bir toifa iqtisodiy tizimda ma'lum bir rol, funksiya, qo‘llanish tamoyillariga ega.
Odatda, moliya kapital kimga tegishliligiga qarab toifalarga bo‘linadi.
Davlat
Davlat resurslari va bularni boshqarish bilan bog‘liq. Davlat moliyasining asosiy vazifalari soliqlarni yig‘ish, mablag‘larni ijtimoiy ehtiyojlarga sarflash, davlat qarzini boshqarish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun resurslarni taqsimlashdan iborat. Davlat moliyasi, shuningdek, byudjetlashtirish va jamoat loyihalarini moliyalashtirish masalalarini ham qamrab oladi.
Korporativ
Kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning ichki moliyaviy boshqaruviga tegishli. Investitsiya, moliyalashtirish, dividendlar, kapitalni boshqarish kabi jihatlarni o‘z ichiga oladi. Korporativ moliyaning asosiy maqsadi resurs va xatarlarni samarali boshqarish orqali aksiyadorlar uchun kompaniya qiymatini maksimal darajada oshirishdir.
Ijtimoiy
Jamiyatda muhim rol o‘ynaydigan, lekin foyda olish maqsadini ko‘zlamaydigan notijorat tashkilotlar va institutlarning moliyasini nazarda tutadi. Bu tashkilotlarga xayriya jamg‘armalari, ta'lim muassasalari, madaniyat va sog‘liqni saqlash jamoat muassasalari kirishi mumkin. Ijtimoiy moliya jamiyat uchun muhim bo‘lgan maqsadlarga erishish uchun mablag‘larni yig‘ish va taqsimlashga qaratilgan.
Shaxsiy
Jismoniy shaxslar yoki oilalar foydalanadigan pullarni boshqarishni qamrab oladi. Shaxsiy moliya byudjetlashtirish, xarajatlarni rejalashtirish, investitsiya qilish, kredit va qarzlarni boshqarish, nafaqani rejalashtirish va sug‘urtani o‘z ichiga oladi. Shaxsiy moliyaning maqsadi moliyaviy barqarorlikni ta'minlash va uzoq muddatli hayotiy maqsadlarga erishishdir.
Moliya bozorlari nima
Moliya bozorlari — xaridorlar va sotuvchilarga turli moliyaviy vositalarni ayirboshlagan holda moliyaviy tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beruvchi mexanizmlar yoki infratuzilmalar. Bu mablag‘larni jalb qilish va turli ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlash imkoniyatini ta'minlaydi.
Pul o‘z-o‘zidan mavjud bo‘la olmaydi. Moliya bozori – bu pul fondlarga, resurslar esa pulga aylanadigan joy. Moliya bozorlarining bir necha turlari mavjud.
Valyuta (Forex)
“Forex” deb ham ataladigan valyuta bozori valyuta savdosi uchun jahon maydoni hisoblanadi. Bu yirik va eng likvid moliya bozori bo‘lib, ishtirokchilari valyutalarni sotib olish, sotish, ayirboshlash, spekulyatsiya qilishlari mumkin. Valyuta bozori xalqaro savdo va investitsiyalarni ta'minlash uchun juda muhim bo‘lib, kompaniyalarga xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Fond
Ommaviy kompaniyalarning aksiyalar oldi-sotdisi amalga oshiriladigan maydonlarning agregatsiyasidir. Fond bozorining asosiy vazifasi kompaniyalarga kompaniyadagi egalik ulushi evaziga kapitaldan foydalanish imkoniyatini berishdir.
Tovar
Neft, oltin, kumush, qahva va boshqa ko‘plab xomashyo tovarlarini sotib olish va sotish bilan shug‘ullanadi. Tovarlar spot bozorlarida (tezkor hisob-kitoblar formatida) yoki fyuchers va opsionlar kabi boshqa moliyaviy vositalar orqali sotilishi mumkin.
Ko‘chmas mulk bozori
Ko‘chmas mulk bozori yer, binolar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish, sotish va ijarasini nazarda tutadi. Bu bozor uy-joy sharoitlari, tijorat faoliyati va investitsiya muhitiga ta'sir ko‘rsatib, iqtisodiyotda asosiy rol o‘ynaydi.
Kredit bozori
Kreditlar (qarzlar) berish va so‘ndirish amalga oshiriladigan moliya bozori sektori. Kredit bozori ishtirokchilari kreditorlar (banklar, moliya muassasalari, xususiy investorlar) va qarz oluvchilar (jismoniy shaxslar, kompaniyalar, davlat) hisoblanadi. Kredit bozorining asosiy vositalariga bank kreditlari, obligatsiyalar va qarz majburiyatlarining boshqa shakllari kiradi.
Investitsiya bozori
Daromad olish maqsadida kapitalni turli aktivlarga investitsiya qilish uchun mablag‘lar va mexanizmlarni o‘z ichiga oladi. Bunday bozorga aksiyalar, obligatsiyalar, investitsiya fondlari, ko‘chmas mulk, qimmatbaho metallar va boshqa muqobil investitsiyalar kiradi. Investitsiya bozori investorlarga kapitallarini ko‘paytirish, investitsiya portfellarini diversifikatsiya qilish va xatarlarni boshqarish imkonini beradi.
Davlat va kompaniyalar moliyani qanday boshqaradi
Davlat va kompaniyalar moliyasini turlicha boshqaradi, lekin asosiy funksiyalar, tamoyillar va usullar odatda o‘xshashdir. Quyida moliyaviy boshqaruv uchun qo‘llaniladigan asosiy strategiyalar va vositalarning qisqacha sharhini keltirib o‘tamiz.
Davlat moliyasini boshqarish
- Byudjetlashtirish. Davlat ijtimoiy ehtiyojlar bo‘yicha xarajatlarni va moliyalashtirish usullarini, jumladan soliq solish va qarz olishni belgilaydigan davlat byudjetini shakllantiradi. Ortiqcha taqchillikning oldini olish uchun byudjet daromad va xarajatlar mutanosibligini ta'minlashi kerak.
- Soliq solish. Aksariyat davlatlar uchun asosiy daromad manbai soliqlar hisoblanadi. Samarali soliq tizimi davlat dasturlari va xizmatlarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni yig‘ishga yordam beradi.
- Davlat qarzi. Davlatlar byudjet taqchilligini yoki alohida loyihalarni moliyalashtirish uchun qarz olishi mumkin. Davlat qarzini boshqarish uning hajmi va tuzilishi, shuningdek qarz olish shartlarini nazorat qilishni ko‘zda tutadi.
- Monetar siyosat. Davlat markaziy bank orqali pul-kredit muhitini, foiz stavkalarini tartibga soladi va shu orqali iqtisodiy faollikka ta'sir ko‘rsatadi.
Kompaniya moliyasini boshqarish
- Moliyaviy rejalashtirish. Kompaniyalar byudjetlar, daromad va xarajatlar prognozlari, moliyaviy maqsadlarga erishish strategiyalarini o‘z ichiga olgan uzoq va qisqa muddatli moliyaviy rejalarni ishlab chiqadi.
- Kapital va investitsiyalarni boshqarish. Korxonalar daromadini oshirish va xatarlarni minimallashtirish uchun resurslarini qanday investitsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qiladilar. Bunga loyihalar tanlash, investitsiya imkoniyatlarini baholash va aktivlar portfelini boshqarish kiradi.
- Xatarlarni boshqarish. Firmalar moliyaviy xatarlarni aniqlab, sug‘urta va boshqa vositalar yordamida minimallashtirish strategiyalarini ishlab chiqadi.
- Pul oqimlarini boshqarish. Pul oqimlarini nazorat qilish kompaniyaning likvidliligini va majburiyatlarini to‘lay olish qobiliyatini saqlash uchun muhimdir.
Davlatlar ham, kompaniyalar ham kelajakda barqarorlik, o‘sish va rivojlanishni ta'minlash uchun moliyaviy resurslarini samarali boshqarishga intiladilar. Barcha ishtirokchilar o‘ziga xos usul va vositalarga ega, ammo umumiy maqsad — resurslardan optimal foydalanish va moliyaviy maqsadlarga erishishdir.
Izoh qo‘shish