bosh sahifa / Sarflash va tejash / Maktab o‘quvchisi uchun uyda ish joyini tashkil etishning 5 ta asosiy qoidasi
Как обустроить рабочее пространство для школьника дома

Maktab o‘quvchisi uchun uyda ish joyini tashkil etishning 5 ta asosiy qoidasi

O‘quvchining ish joyini tashkil etish o‘qish va rivojlanish uchun qulay muhit yaratishdagi muhim qadamdir. To‘g‘ri tashkil etilgan joy bolaga diqqatni yaxshiroq jamlashga, o‘quv natijalarini yaxshilashga va mustaqil ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Maqolada barcha kerakli jihatlarni hisobga olgan holda maktab o‘quvchisining ish joyini qanday qilib to‘g‘ri tashkil etish haqida aytib beramiz.

Xona maydonini tashkil etish

O‘quvchining ish joyini tashkil etishdagi birinchi qadam ish va o‘yin zonalarini aniq ajratib olishdir. Maydonni vizual chegaralash uchun mebel, to‘siq yoki pardevordan foydalanish mumkin. Masalan, kitob javonlari yoki shkaflar o‘quv joyini xonaning qolgan qismidan ajratib turadigan to‘siq bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘qish vaqtida o‘yinchoqlardan cheklash muhimdir. Bola uy vazifalarini bajarayotganda chalg‘imasligi uchun o‘yin anjomlari maxsus konteynerlar yoki javonlarda saqlanishi kerak. Karavot ostidagi tortmalar, devor tokchalari yoki savatlardan foydalanish xonani batartib saqlashga yordam beradi.

Xonadagi stolni to‘g‘ri joylashtirish ham o‘quvchining diqqatini jamlash uchun muhimdir. Parta yorug‘ joyda, tabiiy yorug‘lik tushishi uchun deraza yoniga qo‘yilishi kerak. Stolni o‘naqaylar uchun yorug‘lik chap tomondan, chapaqaylar uchun esa o‘ng tomondan tushadigan qilib joylashtirgan ma'qul. Bu ish yuzasi soya tushmasligining oldini oladi va ko‘rishni  yaxshilaydi.

Ranglar gammasi

Psixologlar tinchlanish va konsentratsiyani yaxshilashga yordam beradigan ko‘k va yashil ranglardan foydalanishni tavsiya qiladilar. Bu ranglar ayniqsa, uzoq muddatli o‘qish uchun muhim bo‘lgan tinch muhitni yaratadi. Qizil yoki to‘q sariq kabi yorqin va to‘yingan ranglardan energiya berish va chalg‘itmaslik uchun oz miqdorda ishlatish mumkin.

O‘quv joyi o‘quvchining o‘ziga yoqishi muhimdir. Xonani bezatishda: dekor, posterlar yoki hatto o‘simliklarni tanlashda ham farzandingizni o‘zi ishtirok etsin. Xona maydonini tashkil etishda bolaning bevosita ishtiroki o‘qish uchun qulay va rag‘batlantiruvchi muhitni yaratishga yordam beradi.

Farzandimizni maktabga tayyorlaymiz — cheklist

Ma'lumot olish

Yozuv stolini tanlash

Stol tanlashda funksional imkoniyatlari va xona maydonining tashkil etilishini hisobga olish muhimdir. Stolda o‘quv materiallari, kompyuter va boshqa zarur narsalar uchun yetarlicha joy bo‘lishi kerak.

Yaxshi tashkil etilgan ish joyi diqqatni jamlashga va kerakli narsalarni tez topishga yordam beradi. Turli organayzerlar va konteynerlar kanselyariya buyumlari, kitoblar va o‘quv materiallarini saqlash uchun foydalidir. Tokchalar, tortmalar va qo‘shimcha bo‘limlar o‘quvchining ish joyini tashkil etish va tartibni saqlashga yordam beradi.

Stol dizayni ham alohida ahamiyatga ega. Xonaning umumiy interyeriga va bolaning didiga mos keladigan partani tanlash muhimdir. Yog‘och stollar qulay muhit yaratadi va zamonaviy ko‘rinishga ega, metall va plastik modellarning funksional jihatlari ko‘proq va parvarish qilish unchalik murakkab emas.

Stolning optimal balandligi

Yozuv stolini tanlashda eng muhim omillardan biri uning balandligi hisoblanadi. Stolning optimal balandligi bolaning qaddi-qomatiga va dars tayyorlayotganda uzoq vaqt bemalol o‘tirishiga bevosita ta'sir qiladi. Maktab o‘quvchilari uchun balandligi sozlanadigan modellarni tanlash tavsiya etiladi, shunda bola ulg‘aygan sari stolni uning bo‘yiga moslash mumkin bo‘ladi.

Yozuv stolining standart balandligi bolalar uchun 52 dan 70 sm gacha o‘zgarib turadi. Parametrni tanlashda bolaning oyoqlari polga tegib turishi, tizzalari 90 gradus burchak ostida bukilishi kerakligini hisobga olish lozim. Qo‘llar stol ustida erkin turishi, ya'ni juda baland ham, juda past ham bo‘lmasligi kerak. Agar stolning balandligi sozlanmasa, balandlikdagi farqni qoplash va tananing to‘g‘ri holatini ta'minlash uchun balandroq stul va oyoq tagligidan foydalanish mumkin.

Yoritish

O‘quvchi ish joyining asosiy qoidasi — to‘g‘ri yoritilishida. U ko‘z zo‘riqishini kamaytirishga, konsentratsiyani oshirishga va yangi bilim olish uchun qulay muhit yaratishga yordam beradi. Bolaning o‘quv zonasida yorug‘likni ta'minlashda hisobga olinishi kerak bo‘lgan asosiy jihatlarni ko‘rib chiqamiz.

Tabiiy yorug‘lik

O‘qish uchun eng yaxshi yoritish varianti. Bu nafaqat ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, balki umumiy kayfiyatni ham oshiradi. Iloji bo‘lsa, o‘quvchi kun davomida tabiiy yorug‘likdan foydalana olishi uchun yozuv stolini deraza yoniga joylashtiring. Agar bu yetarli bo‘lmasa, bor yorug‘likni qaytarish va kuchaytirish uchun ko‘zgulardan foydalanish mumkin.

Sun'iy yorug‘lik

Sun'iy yoritishni tanlashda bir nechta omillarni hisobga olish muhimdir. Asosiy qoida — yorug‘lik yetarli darajada yorqin bo‘lishi va butun ish yuzasiga bir tekisda taqsimlanishi kerak.

  • Stol lampasi. O‘quvchi ish joyi uchun zaruriy element. U sozlanadigan oyoqchaga va yorug‘lik to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish yuzasiga tushishi uchun egilish burchagini o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Yorug‘ligi yumshoq, shu'la va soyalar bermaydigan lampalardan foydalangan ma'qul. LED lampalar ajoyib tanlovdir, ular tejamkor bo‘lib, yaxshi yoritishni ta'minlaydi.
  • Umumiy yoritish. Stol lampasidan tashqari, xonaning to‘liq yoritilishini ta'minlash muhimdir. Bu butun xonani bir xil yoritadigan shift yoritgichlari bo‘lishi mumkin. LED lampalar va diffuzorli chiroqlardan foydalanish ko'zni charchatmaydigan yumshoq va bir xil yorug'likni yaratishga yordam beradi.
  • Yorqinlikni sozlash. Turli sharoitlarga moslashish uchun yorug‘lik sozlanishi kerak. Kechqurun yoki bulutli kunlarda yorqinroq yorug‘lik talab qilinishi mumkin, kunduzi esa yumshoq yorug‘lik yetarli.
  • Rang harorati. O‘qish uchun rang harorati 4000 dan 5000 Kelvin gacha bo‘lgan chiroqlardan foydalanish tavsiya etiladi, bu sovuq oq yorug‘likka mos harorat. Bunday yorug‘lik miya faoliyatini rag‘batlantiradi va konsentratsiyani kuchaytiradi.
  • Shu'la va soyalar. Yoritgichlarni shunday o‘rnatish kerakki, ish yuzasiga shu'la va soyalar tushmasligi kerak. Bu ayniqsa, kompyuter yoki planshetdan foydalanganda muhimdir, chunki ekrandagi yorug‘lik ko‘zni tezda toliqtirishi mumkin. Buning uchun shu'laga qarshi ekranli yoritgichlardan yoki monitorlar uchun maxsus filtrlardan foydalanish mumkin.

Stul tanlash

Agar farzandingizning ish joyini to‘g‘ri tashkil qilishni istasangiz, stul tanlashga alohida e'tibor bering. Bu nafaqat o‘quvchining qulayligi, balki sog‘lig‘i masalasi. Qulay va ergonomik stul to‘g‘ri qomatni saqlashga, toliqib qolmaslikka va darslarda diqqatni jamlashga yordam beradi. O‘quvchining ish joyi uchun stul tanlashda bir nechta asosiy jihatlarni hisobga olish muhimdir.

Ergonomika va belni tutib turish

Stul umurtqa pog‘onasining tabiiy holatini saqlab turishi kerak. Stul suyanchig‘i umurtqa pog‘onasining egilishlarini takrorlab, bel qismini to‘g‘ri tutib tura olishi kerak. Bu qaddi-qomat bilan bog‘liq muammolar rivojlanishining oldini olishga yordam beradi va bel og‘rig‘i paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.

Sozlanadigan balandlik

Bola oyog‘ini polga to‘liq tekkizib, tizzalari 90 gradus burchak ostida bukilgan holatda o‘tirishi kerak. Agar stul juda baland yoki past bo‘lsa, bu qomatning noto‘g‘ri shakllanishiga va noqulaylikka olib kelishi mumkin.

Balandligi bo‘yicha sozlanadigan stullar o‘rindiqni o‘quvchi bo‘yi va stol balandligiga moslab sozlashga imkon beradi. Bu, ayniqsa, o‘sishda davom etayotgan bolalar uchun muhim bo‘lib, ular ulg‘aygan sari stulni moslashtirish mumkin bo‘ladi.

Komfort va materiallar

Yumshoq va nafas oladigan materiallar hatto uzoq vaqt o‘tirganda ham qulaylikni ta'minlaydi. Masalan, yumshoq yoki to‘rsimon suyanchiqli o‘rindiqlar yaxshi havo almashinuvini ta'minlaydi va qizib ketishning oldini oladi.

Stul uzoq vaqt xizmat qilishi va ishonchli tayanchni ta'minlashi uchun karkas mustahkam va chidamli bo‘lishi kerak. Metall yoki plastik karkaslar odatda juda mustahkam va ancha chidamli.

Tirsak qo‘ygich va qo‘shimcha funksiyalar

Tirsak qo‘ygichlar o‘tirish qulayligini anchagina yaxshilashi mumkin, ular qo‘lga tayanch berib, yelka kamarini bo‘shashtirishga yordam beradi. Biroq, stuldan yozuv stolida ishlash uchun foydalanilsa, tirsak qo‘ygichlar erkin harakatlanishga va tortmalarni ochishga xalaqit bermasligi kerak.

Ba'zi stullar g‘ildiraklar bilan jihozlangan bo‘lib, bu o‘rnidan turmasdan xonada oson harakatlanish imkonini beradi. Bu holatini tez-tez o‘zgartiradigan yoki turli ish zonalari o‘rtasida harakatlanadigan bolalar uchun ayniqsa qulaydir.

Dizayn va uslub

Funksionallik va qulaylik ustuvor jihatlar bo‘lsa-da, dizayn ham katta ahamiyatga ega. Stul xonaning umumiy interyeriga mos kelishi va bolaga yoqishi kerak.

Ikkita bola uchun ish joyini tashkil etish

Ikkala o‘quvchi uchun ham maktabdagidek individual, qulay va teng imkoniyatli ish joylarini yaratishga yordam beradigan bir nechta strategiyalarni ko‘rib chiqamiz.

Xonani bo‘lish

Birinchi navbatda, har bir bola o‘z o‘quv joyiga ega bo‘lishi uchun ish joyini ajratish kerak. Buni bir necha yo‘l bilan amalga oshirish mumkin:

  • Ikkita alohida stol qo‘ying. Bu joy yetishmasligi bilan bog‘liq kelishmovchiliklarning oldini olishga yordam beradi va har bir bolada shaxsiy hudud tuyg‘usini shakllantiradi.
  • Agar xonada ikkita stolni joylashtirishga imkon bo‘lmasa, to‘siq yoki pardevordan foydalanib, bitta katta stolni ikkita alohida ish joyiga ajratish mumkin. Pardevorlar, shuningdek, vizual chalg‘ituvchi omillarni kamaytirishga va osoyishta muhit yaratishga yordam beradi.
  • Modulli mebel yoki xonani ajratib turadigan maxsus saqlash tizimlaridan foydalanish ham ajoyib yechimdir. Misol uchun, ish joylarini ajratish uchun baland shkaf yoki tokchalarni o‘rnatish mumkin.

Shaxsiylashtirish va individual ehtiyojlar

Ish joyini tashkil etishda har bir farzandingizning individual ehtiyojlari va istaklarini hisobga oling. Bir nechta maslahatlar:

  • bolalarning o‘z o‘quv qurollari borligiga ishonch hosil qiling;
  • farzandlaringiz ish joylarini o‘z didi va qiziqishlariga ko‘ra bezatishlariga imkon bering.

Ba'zi bolalar tinchlikda dars qilishni yaxshi ko‘rsa, boshqalariga samarali ishlash uchun vizual va audiostimullar kerak. Ish joyi uchun joylashuv va jihozlarni tanlashda bu xususiyatlarni hisobga oling.

Umumiy zonalar va resurslar

Ish zonalarining bo‘linishiga qaramay, bolalar birgalikda foydalanadigan umumiy maydon va resurslarni tashkil etish ham muhimdir.

  • Umumiy tokchalar va shkaflar: Bolalar birgalikda foydalanadigan kitoblar, o‘quv materiallari va boshqa resurslarni saqlash uchun umumiy joylar yarating. Bu tartibni saqlashga va kerakli narsalarni oson topishga yordam beradi.
  • Agar farzandlaringiz birgalikda foydalanadigan kompyuter yoki planshetingiz bo‘lsa, undan har ikkisi ham foydalana olsin. Mojarolarning oldini olish uchun aniq foydalanish jadvalini belgilang.
  • Loyihalar va ijodkorlik uchun bolalar birgalikda ishlashi mumkin bo‘lgan umumiy hududni tashkil qiling. Bu katta stol yoki polda maxsus joy bo‘lishi mumkin, u yerda farzandlaringiz o‘z loyihalarini joylashtirishlari va birgalikda ishlashlari mumkin.

Muloqot va qoidalar

  • O‘qish, tozalash, sokinlik vaqti kabi ish joyidan foydalanish qoidalarini belgilang. Bu qoidalarni bolalar bilan gaplashib oling va ularning ahamiyatini tushunganlariga ishonch hosil qiling.
  • Har bir bolaning vaqtini hisobga olgan holda ish jadvalini tuzing. Bu mojarolarning oldini olishga yordam beradi va har bir o‘quvchiga xotirjam o‘qish uchun vaqt beradi.

O‘quvchining to‘g‘ri tashkil etilgan ish joyi o‘qishdagi muvaffaqiyatni oshiradi, bilimlarni o‘zlashtirishga yordam beradi. To‘g‘ri rejalashtirib va yuqorida tavsiflangan strategiyalardan foydalanib, farzandlaringiz yangi yutuqlarga erishishlari uchun qulay va samarali makon yaratishingiz mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments