bosh sahifa / Sarflash va tejash / Investitsiya qilishni endi boshlayotganlar uchun: barqaror daromad olish uchun nimadan boshlash va nimani o'rganish kerak
Инвестиции для начинающих: с чего начать и что изучить, чтобы получать стабильный доход
Yangilanish sanasi: 01.08.2024

Investitsiya qilishni endi boshlayotganlar uchun: barqaror daromad olish uchun nimadan boshlash va nimani o'rganish kerak

Qanday qilib mablag‘ni sarmoyaga tikib, kuyib qolmaslik mumkin? Muvaffaqiyatli investor bo'lishingizga yordam beradigan asosiy qoidalar haqida aytib o‘tamiz.

Investitsiyalar qisqa muddatda ham, uzoq muddatda ham qo'shimcha daromad keltirishi mumkin. Ammo yangi boshlayotganlar uchun bu bozor murakkab va chalkash ko'rinadi. Mazkur maqolada nimadan boshlash va nimaga e'tibor berish kerakligini aniqlashtiramiz.

Investitsiyalar nima va qanday aktivlar mavjud?

Investitsiyalar – daromad olish yoki kapitalni saqlab qolish uchun mablag' tikish hisoblanadi. Mablag' tikish uchun aktivlar birja savdosi vositalari yoki daromad keltiradigan har qanday narsa bo'lishi mumkin: biznes, ko'chmas mulk, qimmatbaho metallar va boshqalar.

Birjada aktivlarning bir nechta turlari mavjud:

  • aksiyalar;
  • obligatsiyalar;
  • PIF va ETFlar;
  • oltin va boshqa qimmatbaho metallar;
  • indeksli investitsiya.

Agar ulardan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, portfel to‘plashingiz kerak bo‘ladi, ya'ni turli aktivlar to'plamini jamlashingiz kerak bo'ladi. Asosiysi – ya'ni strategiya tayyorlash va yaratishdan boshlaylik.

Boshlang'ich pozitsiyalarni aniqlaymiz

Birjaga kirishdan oldin eng muhimi – barcha mablag'laringiz va aktivlaringizni baholashdir. Fond birjasini asosiy daromad manbaingizga aylantirmang yoki oxirgi pulingizni tikmang. Barcha qarzlar va kreditlarni yopish, shuningdek, xavfsizlik yostiqchasini yaratish tavsiya etiladi. Odatda xavfsizlik yostiqchasini 3-6 oylik maoshga tenglashtirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, moliyaviy savodxonlik asoslari va bozor qanday ishlashini o'rganish muhim hisoblanadi. Bu oson emas va ko‘p kuch talab qiladi, lekin boshqa yo'l yo'q. Boshlang'ich investorlar uchun to‘plamimizdagi kitoblardan birini o'qib chiqishingiz, video darslarni tomosha qilishingiz yoki turli xil podkastlar tinglashingiz mumkin. Brokerlar ham bozorda ishlashning barcha jihatlarini qamrab oluvchi kurslari va materiallarini bepul chiqaradilar.

Boshlashdan oldin investitsiya bo'yicha strategiyangizni ishlab chiqishingiz kerak. Buning uchun siz quyidagilarni aniqlab olishingiz kerak bo‘ladi:

  • investitsiya maqsadi;
  • kiritmoqchi bo‘lgan mablag‘ingiz miqdori;
  • siz tayyor turgan risk(xavf) darajasi;
  • investitsiya gorizonti (ya'ni davri).

Investitsion maqsad

Maqsad – topmoqchi bo'lgan mablag'ingiz miqdori. U aniq va eng muhimi, erishish mumkin darajada bo'lishi kerak. Maqsadni to'g'ri aniqlash tegishli instrumentlarni tanlash va to'g'ri investitsiya strategiyasini yaratish imkonini beradi.

Ko‘pincha umumiy maqsadlar – kapital miqdorini ko'paytirish yoki uni saqlab qolish bo‘ladi. Individual maqsadlar esa odatda investorning o‘ziga xos jihatlari va turmush tarziga bog'liq. Misol uchun, yiliga X so'mlik muntazam daromad olishni xohlaysizmi yoki kapitalingizni ikki baravar oshirishnimi?

Investitsiyalar miqdori 

Bu yerda hammasi ravshan: bu sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan miqdoringizdir. Hamma bo'sh turgan pulingizni tikish kerak emasligini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Investitsion bozor – pulni osongina va yo'qotmay turib qaytarib oladigan vosita emas.

Agar o‘zingizni shunchaki sinab ko'rmoqchi bo'lib, katta miqdorda sarmoya kiritishga tayyor bo'lmasangiz, mutaxassislar kamida 3 million so'mdan boshlashni maslahat berishadi. Kam mablag‘ evaziga shunchaki aktivlarni sotib olasiz va portfelingizni xilma-xil qila olmaysiz.

Hali ikkilanib, endi boshlayotganlar uchun ideal variant – broker bilan demo hisobini ochishdir. Bu virtual valyutadagi hisob bo‘lib, faqat investitsiya qilish bilan bog'liq tajribalar uchun ishlatiladi. Ya'ni, go'yoki aktivlarni sotib olishingiz va sotishingiz mumkin, lekin birorta ham real pul ishlatmaysiz. Agar holat yoqib, foyda bilan chiqsangiz, sarmoya kiritishga o'tishingiz mumkin.

Risk (xavf) darajasi

Odatda yuqori xavfga ega aktivlar ko'proq daromad keltirishi mumkin, lekin investorni qiyin ahvolga solib qo‘yishi ham mumkin. Investitsiyalaringiz siz uchun qanchalik muhimligini baholab olishingiz kerak. Agar biror narsa noto'g'ri ketsa, ularni yo'qotishga tayyormisiz? Balki pulni saqlab qolish muhimroqdir, daromad darajasi esa unchalik muhim emasdir?

Xavf darajasiga qarab, strategiya konservativ, mo‘tadil yoki agressiv bo'lishi mumkin. Konservativ strategiya, birinchi navbatda, kapitalni saqlash bilan tavsiflanadi, shuning uchun unda xavfi eng kam vositalardan (ishonchli kompaniyalar aksiyalari, obligatsiyalar) foydalaniladi. Agressiv strategiyada esa aksincha, spekulyativ vositalar yoki tez rivojlanayotgan kompaniyalarning aksiyalari ishlatiladi. Mo‘tadil xavf profili bu ikkisi o'rtasida muvozanatni saqlab turadi.

Biroq, bozor ekspertlari faqat bitta turdagi aktivlarga e'tibor qaratmaslikni tavsiya etadilar. Pulni faqat bitta aktiv yoki sohaga investitsiya qilmaslik, balki har xil turdagi investitsiyalar o'rtasida risklarni taqsimlash afzalroq – bu risklarni kamaytirishga va kapitalni himoya qilishga yordam beradi.

Investitsiya muddati

Investitsiya gorizonti – bu pulingizni sarmoya qiladigan muddat hisoblanadi. Bu qisqa muddatli (bir yilgacha), o'rta muddatli (bir yildan uch yilgacha) yoki uzoq muddatli (uch yildan boshlab) bo'lishi mumkin. Investitsion vositalarni tanlash shunga bog'liq bo'ladi.

Muddatni hisoblashda investitsiya qilayotgan joriy miqdorga va investitsiya maqsadingizga, shuningdek tanlangan aktivlarga va ulardan kutilayotgan daromadga tayanish muhimdir.

Broker tanlash

Broker – bu mijozlarga birjaga kirish huquqini beruvchi yuridik shaxs. Brokerlik hisobisiz fond birjasida savdo qilib bo‘lmaydi.

Tanlovda brokerning bozordagi tarixiga va ishonchliligiga e'tibor berishingiz kerak. Buning uchun broker savdo qilayotgan ilovalar interfeysini o'rganib chiqishingiz ham mumkin. Variant sifatida bir nechta brokerlarda brokerlik hisoblarini ochib, ular bilan ishlashning barcha xususiyatlarini o'rganib, eng mosini tanlashingiz ham mumkin.

Brokerlik hisobini ochganingizdan so'ng birjadagi savdoni boshlashingiz mumkin.

Tayyor echimlar yoki mustaqil savdo

Investitsiyalar barqaror daromad keltirishi uchun ularni malakali boshqarishingiz kerak. Bozor doimo o'zgarib turadi va to'g'ri investitsiya qarorlarini qabul qilish uchun asosiy tendensiyalardan xabardor bo'lish, yangi bilimlar olish va investitsiyalarni tahlil qilib turishingiz muhimdir.

Investitsiyani o'zi mustaqil qilish yoki tayyor investitsiya mahsulotlaridan foydalanish ham mumkin. O'zingiz sarmoya kiritayotganingizda, bozor tendensiyalarini va portfelingizni doim kuzatib borishingiz, kerak bo'lganda uning tuzilishini to'g'irlab turishingiz muhim hisoblanadi. Bu mustaqil qaror qabul qilishingizga imkon beradi, lekin vaziyatni doimiy nazorat qilishni talab qiladi.

Buni oddiygina amalga oshirishingiz mumkin: professionallar tomonidan yaratilgan tayyor investitsiya portfellariga sarmoya kiriting. Ba'zi xizmatlar individual investitsiya portfelini yaratish uchun tayyor yechimlarni taklif qiladi, ularning parametrlarini o‘zingiz qo‘lda tanlanishingiz mumkin. Bundan tashqari, avtomatik kuzatuv deb ataluvchi strategiyalar ham bor – bu holda, hisobingizni tajribali investor strategiyasiga ulaysiz va uning barcha operatsiyalari sizning hisobingizda takrorlanadi.

Xulosa: investor bo'lish uchun nima qilish kerak?

  • Investitsiya muddati, maqsadi, davri bo‘yicha bir to‘xtamga keling.
  • Qanday riskka(xavfga) tayyor ekaningizni aniqlang.
  • Demo hisobini ochib ko'ring, shunda hech qanday tavakkal qilmasdan sarmoya kiritishni boshlashingiz mumkin (garchi real daromad olmasangiz ham).
  • Investitsiya bozoriga kirishni ta'minlaydigan broker bilan hisob oching. Bir nechtasida ochishingiz ham mumkin.
  • Kichik miqdorda sarmoya kiritib ko‘ring va natijalarni kuzatib boring.
  • Agar qobiliyatingizga shubha qilsangiz, professionallar tomonidan yaratilgan tayyor portfellarga sarmoya kiriting.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
2 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Dilshod
Dilshod
9 months ago

Yaxshi

Hikmatilla
Hikmatilla
8 months ago

Foydali maslahat