
2024-yilda dunyoning 10 ta eng boy odami: Forbes reytingi
Forbes nashri asosida dunyodagi 10 ta eng boy odam haqida sizlarga aytib bermoqchimiz.
Dunyodagi milliard dollarlik boylikka erishgan birinchi odam Jon Rokfeller hisoblanadi. Amerikalik milliarder bunga “Standard Oil” neft korporatsiyasi muvaffaqiyati tufayli erishgan. 1937-yilda vafot etganida uning boyligi 1,4 milliard dollarga baholangan, bugungi kunda bu 400 milliard dollardan ko‘proq miqdorga teng. Milliarder xayriya ishlarida ham faol ishtirok etgan, uning ismi esa butun dunyoga tanildi. Bugun zamonamizning eng boy odamlari bilan tanishamiz. Biz Forbes nashri muayyan vaqtda yangilaydigan milliarderlar ro‘yxatini tahlil qildik. Sizga dunyodagi 10 ta eng boy odamni namoyish etamiz.
Bernar Arno
- Boyligi: $232,1 mlrd
- Boylik manbasi: LVMH
- Yoshi: 75
- Fuqaroligi: Fransiya
Fransiyalik tadbirkor Bernard Arno 2023-yil yakuniga ko‘ra ilk marta reytingda birinchi o‘rinni egalladi va ikkinchi yil shunday maqomga ega bo‘lmoqda. Bu yil uning boyligi esa 2023-yilga nisbatan 20 milliard dollarga oshdi. Arno boyligining o‘sishi hashamatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Louis Vuitton Moët Hennessy” transmilliy korporatsiyasining muvaffaqiyati bilan bog‘liq. So‘nggi paytlarda dunyoda ushbu mahsulotga talab sezilarli darajada oshdi.
Arno 21 yoshida universitetni tugatgandan so‘ng biznes bilan shug‘ullana boshlagan. Dastlab otasining hamkori bo‘lib, 25 yoshida oilaviy qurilish shirkatiga rahbarlik qiladi. Uni sotib, AQShda biznes strategiyasini o‘rgangach, bo‘lajak multimilliarder Fransiyaga qaytadi va e'tiborini “Christian Dior” kompaniyasiga qaratdi. Modalar uyini sotib olish Arno uchun hashamatli mahsulotlar ishlab chiqarish dunyosiga yo‘l ochdi. 1988-yildan boshlab fransuz Louis Vuitton Moët Hennessy aksiyalarini sotib olishni boshladi va asr oxiriga kelib uni lyuks toifasidagi buyumlar ishlab chiqarish sohasida yetakchi mavqega olib chiqdi.
Bernar Arno biznesdan tashqari xayriya ishlarida ham faol bo‘lib, unga yuz millionlab evro sarflaydi. Magnatning beshta farzandi bor va mish-mishlarga ko‘ra, barcha aktivlarini ular o‘rtasida teng taqsimlashni rejalashtirmoqda.
Ilon Mask
- Boyligi: $195,1 mlrd
- Boylik manbasi: Tesla, SpaceX
- Yoshi: 52
- Fuqaroligi: AQSh
2021-yil noyabr oyida bu ajabtovur milliarder boyligi 300 milliard dollardan oshgan tarixdagi birinchi shaxs bo‘ldi. O‘sha yili Mask dunyoning eng boy odamlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Biroq, amerikalik tadbirkorning bir qator muvaffaqiyatsiz biznes qarorlari tufayli uch yildan kamroq vaqt ichida boyligi 100 milliard dollarga kamaydi va u reytingda ikkinchi o‘ringa tushib ketdi.
Ilon Mask Janubiy Afrikada tug‘ilib o‘sgan va 17 yoshida universitetda o‘qish uchun Kanadaga ko‘chib keladi. U Kanada universitetini tamomlamaydi, ammo AQShda matematika va fizika bo‘yicha bakalavr darajasini oladi. Universitetdan so‘ng, bo‘lajak milliarder biznes bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. Keyinchalik u muvaffaqiyatli sotilgan bir nechta kompaniyani tashkil etadi — ular orasida Zip2 va PayPal. 2002-yilda Mask SpaceX kompaniyasiga asos soladi va 2004-yilda tadbirkor Tesla direktorlar kengashi raisi lavozimini egallaydi.
Hozirda Mask Tesla va SpaceX kompaniyalarining bosh direktori bo‘lib qolmoqda, daromadining asosiy qismi ana shu kompaniyalardan tushadi. Shuningdek, Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘i(sobiq Twitter) va “The Boring Company”ga egalik qiladi va Neuralink hamda OpenAI asoschilaridan biri hisoblanadi.
Jeffri Bezos
- Boyligi: $194 mlrd
- Boylik manbasi: Amazon
- Yoshi: 60
- Fuqaroligi: AQSh
Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, Jeffri Bezos 2017 yilda 90,5 milliard dollar boyligi bilan dunyoning eng boy odami deb tan olingan. 2022-yilning yanvar oyida Bezosning aktivlari 302 milliard dollarga baholangan edi. Eng so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, amerikalik milliarderning bisotida qariyb 200 milliard dollar puli bo‘lgan.
Bezos 1986-yilda nufuzli Prinston universitetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan va bir necha yil Uoll-Stritda ishlagan. 1994-yilda Jeffri dastlab onlayn kitob savdosiga ixtisoslashgan Amazon.com saytini ishga tushiradi. Asta-sekin Amazonda mahsulot ko‘paya boshlaydi. Hozirgi kunda ushbu xizmat eng yirik onlayn savdo platformalaridan biri hisoblanadi.
2000-yilda Bezos kosmik sayyohlar parvozlari bilan shug‘ullanuvci “Blue Origin” xususiy aerokosmik kompaniyasiga asos soladi. 2013-yilda tadbirkor “The Washington Post” nashriyotini sotib oladi. Bu aktivlar Bezosga har yili milliardlab daromad keltiradi.
Mark Tsukerberg
- Boyligi: $177,4 mlrd
- Boylik manbasi: Facebook
- Yoshi: 39
- Fuqaroligi: AQSh
Mark Sukerberg tarixdagi eng yosh milliarder hisoblanadi — Facebook tarmog‘ining asoschisi bu darajaga 23 yoshida erishgan. U hali-hanuz ro‘yxatimizdagi eng yosh multimilliarder bo‘lib qolmoqda — 39 yoshli amerikalikning boyligi 170 milliard dollardan ko‘proqqa baholanadi.
2004 yilda Garvard universitetida o'qiyotganda Tsukerberg Facebook ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushiradi. Dastlab, bu tarmoq universitet talabalari o‘rtasida muloqot qilishga mo‘ljallangan edi, ammo tezda dunyo miqyosida mashhurlikka erishadi va dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqqa aylanadi. Facebook aksiyalari qiymatining oshishi Tsukerberg boyligini ham ko‘paytiradi.
Hozirda Mark Facebook, Instagram, WhatsApp va Reality Labs kabi xizmatlarni boshqaradigan Meta korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi bo‘lib qolmoqda. Meta AQShdagi eng yirik beshta texnologiya kompaniyasining biri hisoblanadi. Tsukerberg rafiqasi Prissilla Chan bilan birgalikda kasalliklarga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi xayriya loyihasiga asos solgan. Chan va Tsukerberg ushbu loyihaga milliardlab dollar sarflaydilar.
Larri Ellison
- Boyligi: $139,5 mlrd
- Boylik manbasi: Oracle
- Yoshi: 79
- Fuqaroligi: AQSh
Larri Ellison avvalgi nomzodlar kabi o‘ta mashhur emas, ammo bu holat uning 140 milliard dollar boyligi bilan reytingimizda beshinchi o‘rinni egallashiga to‘sqinlik qilolmaydi. Ellisonning ismi Forbes sahifalarida ilk bora 1986-yilda paydo bo‘lgan, uning aktivlari 185 million dollarga baholangan.
Ellison amakisining oilasida tarbiyalangan — otasi bolaning tug‘ilishi haqida hatto bilmas edi, onasi bilan esa Larri birinchi marta 48 yoshida uchrashgan. Ellison Illinoys va Chikago universitetlarida ta'lim olgan va 1970-yillarning boshlarida elektr kompaniyalarida ishlagan. 1977-yilda Ellison “Software Development Laboratories” kompaniyasining uch asoschisidan biriga aylanadi. Besh yildan so‘ng kompaniya “Oracle” deb qayta nomlanadi.
Oracle dasturiy ta'minot ishlab chiqarish sohasida yetakchilardan biriga aylanadi. Korporatsiya 1990-yillardagi inqirozni yengib, texnologiya bozorida o‘z mavqeini mustahkamlaydi. Ellison 2014-yilgacha 38 yil davomida Oracle bosh direktori lavozimida ishlagan. Hozirda u korporatsiya direktorlar kengashi raisi sifatida ishlashda davom etmoqda.
Uorren Baffet
- Boyligi: $133,2 mlrd
- Boylik manbasi: Berkshire Hathaway
- Yoshi: 93
- Fuqaroligi: AQSh
Uorren Baffet — ro‘yxatimizdagi eng keksa magnat bo‘lib, shu bilan birga zamonamizning eng taniqli va muvaffaqiyatli tadbirkorlari va investorlaridan biridir. Baffet dunyodagi eng nufuzli odamlardan biri bo‘lib qolmoqda, 2008-yilda dunyoning eng boy odami deb eʼtirof etilgan.
Baffet birinchi sarmoyaviy tajribasini 11 yoshida, singlisi bilan birjada bir nechta aksiyani sotib olib, so‘ng ularni foyda bilan sotishganida orttirgan. Talabalik yillarida do‘sti bilan o‘yin avtomatlari biznesini boshlaydi. Keyinchalik uni sotib yuboradi. 1965 yilda Baffet “Berkshire Hathaway” kompaniyasining majoritar aksiyadoriga aylanadi. Aynan shu kompaniya biznes-imperiyasining asosi bo‘ladi. 1970-yillarda tadbirkor GEICO sug‘urta kompaniyasini, shuningdek, “The Washington Post” gazetasining aksiyalarini sotib oladi.
Baffetni insoniyat tarixidagi eng yirik xayriyachi deb atash mumkin — 2010 yilda u beshta xayriya jamg‘armasiga $37 mlrd xayriya qilgan. Shuningdek, har yili o‘tkaziladiпфт kim oshdi savdosining g‘olibi milliarder bilan nonushta qilish huquqini qo‘lga kiritadi. Barcha tushumlar xayriya ishlariga sarflanadi.
Bill Geyts
- Boyligi: $127,7 mlrd
- Boylik manbasi: Microsoft
- Yoshi: 68
- Fuqaroligi: AQSh
Ba'zilar Bill Geytsni dunyodagi eng mashhur milliarder deb ataydilar. Amerikalik milliarder sayyoramizning eng boy odamlari ro‘yxatida deyarli 20 yil davomida — 1996 yildan 2016 yilgacha (2008 yilda uzilish bilan) birinchi oʻrinni egallab kelgan. O‘sha yillarda Geyts eng yirik aksiyadori bo‘lgan Microsoft kompaniyasi kompyuter dasturiy ta'minot bozorida yakka ustunlik qilgan.
Geyts bolaligidan dasturlashga qiziqqan va birinchi dasturini 13 yoshida yozgan. To‘rt yil o‘tgach, do‘sti Pol Allen bilan birgalikda yo‘l harakati hisobotlarini tuzadigan kompaniyaga asos soldi. Uning sotuvidan sheriklar 20 ming dollar daromad oldilar. 1975-yilda Geyts va Allen Micro-Soft kompaniyasini tashkil etishdi (ha, kompaniya nomi dastlab ikki so‘zdan iborat bo‘lib, defis bilan yozilgan). 1985-yilda Windows operatsion tizimining yaratilishi kompaniyaning haqiqiy muvaffaqiyatini ta'minladi. Microsoft aksiyalari va qiymati keskin oshib, Geytsga asosiy investor sifatida milliard dollarlik foyda olib keldi.
Shu bilan birgalikda, Geyts muntazam xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi. 2000-yilda sobiq rafiqasi Melinda bilan birgalikda “Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi”ni — AQShdagi eng yirik xususiy xayriya jamg‘armasini tashkil etgan. Hayoti davomida Geyts xayriya uchun 30 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.
Stiv Balmer
- Boyligi: $121,1 mlrd
- Boylik manbasi: Microsoft
- Yoshi: 67
- Fuqaroligi: AQSh
Stiv Balmer — kompaniya asoschisi yoki merosxo‘ri sifatida emas, balki yollanma xodim sifatida milliardlab daromad olgan yagona ro‘yxat namoyandasi. Balmer Bill Geytsdan keyin Microsoft aksiyalarining ikkinchi eng yirik jamlamasi egasi bo‘lib qolmoqda. Aynan kompaniya aksiyalari qiymatining doimiy o‘sishi Balmerning aktivlari 100 milliard dollardan ortiq baholanishiga olib keldi.
1970-yillarning oxirida Stiv Garvard universitetida tahsil olib, u yerda kursdoshi va bo‘lajak hamkasbi Bill Geyts bilan tanishadi. 1980-yilda Geytsning taklifiga binoan Ballmer “Microsoft”da ishlay boshlaydi va birinchi operatsion tizimlarni ishlab chiqish uchun mas'ul bo‘ladi. Ballmer boshidanoq korporatsiyaning asosiy shaxslaridan biriga aylanadi, 2000-yilda esa bosh direktor lavozimini egallaydi va Microsoft kompaniyasining moliyaviy rivojlanishi uchun to‘liq javobgar bo‘ladi.
2014 yilda Ballmer bosh direktor lavozimini tark etadi va 2015 yilda o‘zining Ballmer Group investitsiya firmasiga asos soladi. Tadbirkor, shuningdek, NBA “Los Angeles Clippers” basketbol klubini 2 milliard dollarga sotib oladi.
Mukesh Ambani
- Boyligi: $116,4 mlrd
- Boylik manbasi: Reliance Industries
- Yoshi: 66
- Fuqaroligi: Hindiston
Hindistonning eng boy odami Mukesh Ambani boyligining katta qismini 1966-yilda Reliance Industries xoldingiga asos solgan otasi Dhirubhay Ambani yordamida orttirgan. Vaqt o‘tishi bilan u Hindistondagi eng yirik xususiy kompaniyaga aylanadi va muntazam yuqori daromad keltiradi. 2002-yilda otasining vafotidan so‘ng, Mukesh xoldingning yangi egasi bo‘ladi va direktorlar kengashini boshqaradi, bu faoliyati uni dunyodagi eng boy odamlardan biriga aylantirdi.
2023-yilda Reliance Industries kompaniyasining daromadi neft bitimlari tufayli 100 milliard dollarni tashkil etadi. Bu Ambani boyligini sezilarli darajada oshiradi. Mukesh xoldingni asta-sekin qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Buning uchun Reliance Industries tadqiqot ishlari va yangi ekologik kompleksni qurish uchun qariyb 80 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Ambani oilasi Osiyodagi eng nufuzli oilalardan biri bo‘lib qolmoqda. Mukeshning ukasi Anil otasidan meros qolgan Reliance Anil Dhirubhai Ambani Group kompaniyasini boshqaradi. U ham dollarlik milliarderlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bir oila bo‘lishiga qaramay, aka-uka gaz narxi xususida uzoq vaqtdan beri o‘zaro kurashib kelmoqdalar, ularning murosaga kelish niyati yo‘q.
Larri Peyj
- Boyligi: $113,7 mlrd
- Boylik manbasi: Google
- Yoshi: Google
- Fuqaroligi: AQSh
Larri Peyj — Google qidiruv tizimining ikki asoschisi va ishlab chiquvchilaridan biri. Amerikalik biznesmen Google korporatsiyasiga egalik qiluvchi Alphabet xolding kompaniyasining bosh ijrochi direktori lavozimini egallaydi. Shuningdek, Peyj Ilon Maskning Tesla kompaniyasi investorlaridan biri hisoblanadi.
Peyj Michigan universitetining informatika fani professori bo‘lgan otasi tufayli bolaligidanoq kompyuter faniga qiziqa boshlagan. Larri Michigan va Stenford universitetlarini tamomlagan va u yerda Google kompaniyasini yaratish bo‘yicha hamkori Sergey Brin bilan tanishgan. Ular birgalikda 1998-yilda internet-kompaniyaga asos soladilar.
Peyj qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qiziqadi va sahovatpesha inson sifatida ish olib boradi. Milliarder muqobil energiya manbalarini rivojlantiradigan kompaniyalarga sarmoya kiritadi, shuningdek, Google tomonidan yaratilgan Singularity Universitetini faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Izoh qo‘shish