
Dala hovlini ijaraga olishda qanday tejash mumkin: katta stajga ega sayohatchilarning shaxsiy tajribasi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisi dala hovlilarni tobora ko‘proq ijaraga olishni boshladi. Jazirama issiq va sayyohlar oqimi tufayli katta shaharlarda yozni o‘tkazish qiyinlashib bormoqda. Shu bilan birga, toza havo va shahar shovqinidan uzoq bo‘lgani uchun dam olish maskanlari ayniqsa odamlarni ko‘proq jalb qilmoqda. Biroq, dala hovlini birinchi urunishdanoq muvaffaqiyatli ijaraga olish unchalik oson emas. Bu masalada o‘ziga xos layfxak va nyuanslar bor. Qanday qilsangiz, joy egasi sizni aldab ketmaydi? Uy tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak? Dala hovlini o‘zingiz uchun eng katta foyda bilan qanday ijaraga olish mumkin? Shu va boshqa savollarga Nora va Elyor javob berdilar.
Nora Pak,har yoz mavsumida oilaviy dam olish uchun dala hovli ijaraga oladi
Dala hovli ijarasi masalasiga Nora mas'uliyat bilan yondashadi, maqbul narxda yaxshi variant qidiradi. Ijaraga olishdan oldin, u birinchi turli hovli joylarga borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. 2013-yildan beri har yozda oilasi uchun hovlisi bor uyni ijaraga oladi. Nora ta'kidlaganidek, hozirgi kunda xay-tek uslubidagi dala hovlilar va kulrang rangdagi yevro ta'mirli uylar juda mashhur. Shu bilan birga, daraxtlar, gullar va o‘t-o‘lan ko‘p bo‘lgan dachalar tobora kamayib bormoqda.
Elyor Yuldashev,2024-yilda besh marta hovlisi bor uyni ijaraga oldi
Dala hovlini birinchi marta 2023-yilning yozida ijaraga olgan. Yigit ijaraga olishni o‘tgan yildan boshlagan bo‘lsa ham, allaqachon o‘zining layfxaklari bor. Elyorning soʻzlariga koʻra, soʻnggi bir yil ichida dala hovlilarni ijaraga olish shartlari hecham oʻzgarmagan, faqat narx oshgan.
Biz qahramonlarimiz bilan narx bo‘yicha eng yaxshi variantni qanday tanlash kerakligi, dala hovlini ijaraga olishda qanday layfxaklar borligi va tanlovga qanday jihatlar ta'sir qilishi haqida suhbatlashdik.
Dala hovli qidirayotganda nimalarga e'tibor berish kerak
– Dala hovlining tavsifiga, ijara shartlariga va, albatta, fotosuratlarga e'tibor qaratish lozim. To‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun joy egasi dala hovlining barcha xonalari va joylarining fotosuratlarini joylashtirgani ma'qul. Brokerlik xizmatlariga duch kelmaslik va ortiqcha pul to‘lamaslik uchun odatda muallifning boshqa e'lonlarini ham ko‘rib chiqaman. Optimal variantni tanlashda dala hovlining holati, joylashuvi, narxi va ijara shartlari bundan kam ahamiyatga ega emas, — deb javob beradi Elyor.
– Qidiruvning asosiy mezonlari — masofa va dala hovlining holati. Men uchun eng muhimi masofa, chunki dam olgani oilam bilan birga boramiz. Biz uchun maksimal vaqt — bir tomonga ikki soat. Ikkinchisi — dala hovli ko‘kalamzor bo‘lishi muhim. Yaqin atrofda — piyoda 10 daqiqalik yoki mashinada 15-20 daqiqa uzoqlikda do‘kon yoki bozor bo‘lgani yaxshi. Dala hovlining holatini shaxsan borib baholagan ma'qul. Shuningdek, men uyning ta'miriga, toza va ozoda bo‘lishiga, gaz va elektr ishlashiga ahamiyat beraman. Hududda elektr ta'minotida jiddiy uzilishlar bormi-yo‘qmi, aniqlashtiraman, — deydi Nora.
Dachani qachon va qayerda foydali ijaraga olish mumkin
– Sanalarga kelsak, hammasi oddiy — dam olish kunlari odatda 40-50 % qo‘shimcha narx qo‘yiladi. Shaharga yaqinroq bo‘lgan dachalar, odatda qimmatroq bo‘ladi, shuning uchun tog‘li hududdan tanlagan ma'qul. Shuningdek, tog‘li hududlarda havo shaharnikidan ancha toza. Pulni iloji boricha tejash maqsadida ish kunlarida va shahardan uzoqda joylashgan dala hovlini ijaraga olgan ma'qul. Masalan, dushanba-seshanbaga Chimyondan dala hovli olish mumkin, — deydi Elyor.
– Agar moliyaviy manfaatlarni hisobga oladigan bo‘lsak, dala hovlini avgustning o‘rtalaridan boshlab ijaraga olish yaxshi. Havo hali issiq, ammo dala hovlilar narxi asta-sekin pasayishni boshlaydi. Masalan, mavsumning eng qizg‘in iyul oyida xay-tek uslubdagi dala hovli bir kechaga 5-6 million so‘m turadi. Xuddi shu joy uchun avgustning oxiri — sentyabrning boshlarida bir kechaga 2 million so‘m to‘laysiz. Agar uzoqroq muddatga olmoqchi bo‘lsangiz, qo‘shimcha chegirma olishingiz mumkin. Biz Toshkentdan uncha uzoq bo‘lmagan Dala Hovli dam olish qishlog‘idagi uylarni ijaraga olishni afzal ko‘ramiz. U yerda deyarli barcha hovli joylar egalari tomonidan ijaraga beriladi va turli narxlarda har qanday didga mos uy topish mumkin: bir kechaga xoh 1 millionlik, xoh 10 million turadigan joyni, — deya qo‘shimcha qiladi Nora.
Hovlisi bor joyni ijaraga olishda yana qanday tejash mumkin
– Hammasi joyning kattaligiga bog‘liq. Agar kichik davra bilan dam olishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, bir qavatli uyni ijaraga olsa ham bo‘ladi. Shunda mavsumda o‘rtacha narx bir kechaga 1,5-2,5 million so‘mni, mavsumdan tashqarida esa 1 milliondan 1,5 million so‘mgacha bo‘ladi. Ikki qavatli va undan kattaroq uylar qimmatroq bo‘ladi. Umuman olganda, shahardan uzoqroqda joylashgan dala hovlilarni ish kunlarida ijaraga olgan ma'qul, — deb, fikrlari bilan bo‘lishdi Elyor.
– “Piramida” hududida o‘zi arzon oddiygina dala hovlilar bor. Eng qimmatlari Chorvoqda joylashgan. U yerda havo toza, joylar esa bir-biriga yaqin bo‘lmagani uchun narxi shunchalik qimmat. Umuman olganda, Toshkentdan istalgan yo‘nalishda mashinada 1,5-2 soatlik masofada har qanday ta'mirdagi va istalgan narxga mos variant topish mumkin, — deb javob beradi Nora.
Dala hovli ijaraga olayotganda qanday aldanib qolmaslik mumkin
– Rasmda bitta, aslida esa boshqa joy bo‘lishi ehtimoli faqatgina 1%. Odatda, iste'molchilar biroz boshqachasiga aldashadi — haqiqiy dala hovlining fotosuratini joylashtirishadi, bozor narxi bilan bir xil narx, ba'zan esa undan ham pastroq narxni belgilashadi va oldindan to‘lov “kiydirishadi”. Egasi bilan kelishib, bron sifatida pul o'tkazasiz, “egasi” esa yo‘q bo‘lib qoladi. Odatda, bunday e'lonlar batafsil ma'lumot va ijara uchun hech qanday majburiy shartlarsiz beriladi. Shuning uchun, variantlar ro‘yxatida ilgari o‘zingiz yoki do‘stingiz ijaraga olgan 1-2 ta joy bo‘lgani yaxshi. Bunday holda aldanib qolish ehtimoli ancha past bo‘ladi, — deydi Elyor.
– Vaqt sarflab, dala hovliga kelib, hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishdan boshqa biron bir foydali usulni bilmayman. Rasmda dala hovli toza va ozoda bo‘lishi mumkin, lekin kelganimizda eski buyumlarning hidini sezamiz. Ba'zida dala hovliga joylashib ulgurmay, yarim soat ichida bir necha marta chiroq o‘chib qolgan holatlar bo‘lgan, keyin bilsak, dacha hududida elektr tez-tez o‘chirilar ekan. Bunday holatlarning oldini olish uchun u yerda 30-40 daqiqa qoli, elektr uzilishlari bor-yo'qligini tekshirishni maslahat beraman, — o‘rtoqlashadi Nora
Dala hovli narxini qanday tushirish mumkin: layfxaklar
– Agar ilgari bormagan joyingizni ijaraga olmoqchi bo‘lsangiz, chegirma olishning deyarli imkoni yo‘q, chunki hovlisi bor uyni ijaraga olishga talab katta. Uy egalari uchun narxni pasaytirishdan foyda yo‘q, chunki yangi mijozlar tezda topiladi. Ammo do‘stlaringizning dala hovlisini ijaraga olishni kelishsangiz, chegirma olishingiz mumkin, ayniqsa avvalgi hordiq yaxshi o‘tgan va mulkka zarar yetkazilmagan bo‘lsa. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, do‘stlarimdan “Ijaraga dala hovli beradigan tanishlaringiz bormi”, deb so‘ragan bo‘lardim. Ish kunini va Toshkentdan uzoqroqda joylashgan dala hovlini tanlardim. Agar joy har jihatdan mos kelsa, u yerda to‘xtab, faqat shu joyning egasi bilan kelishish kerak. Afsuski, bunaqa tanishingiz bo‘lmasa, fotosuratlar va e'lonlar tavsifini diqqat bilan tekshiring. Agar oilangiz bilan dam olsangiz, unda faqat qonuniy nikohi bor er-xotinlarga ijaraga beriladigan joylarni tanlang. Odatda, bunday dala hovlining yolg‘on bo‘lib chiqish ehtimoli juda kam, — tavsiya qiladi Elyor.
Dala hovli tanlayotganda Elyor joyning tavsifi, ijara shartlari va albatta, fotosuratlarga e'tibor qaratishni maslahat beradi. E'londa hamma xonalarning va hovlining surati bo‘lsa, nur ustiga a'lo nur.
– Agar dala hovlini kamida bir haftaga olishingizni aytsangiz, bu narxni pasaytirishga yordam beradi. Bunday holda joy egalari ijarachining puli borligini, lekin ijaraga arzonroq olmoqchiligini tushunadi. Dacha egasiga, agar kelisholsak, hovlini uzoqroq muddatga olishimizni tushuntirish muhim. Chegirma kunlar soniga bog‘liq. Masalan, bir necha yil avval besh kun uchun dacha egalari kuniga 1,5 million so‘m so‘rashar edi. Agar bir haftadan ko‘proq muddatga olsangiz, narx bir kechaga 1 million so‘mgacha tushardi, ya'ni har bir kun uchun 500 ming so‘m chegirma qilishardi. Shuning uchun biz boshidanoq uyni uzoq muddatga ijaraga olmoqchiligimizni aytamiz. Erinmasdan borib, joylarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz kerak. Bir kuni biz ataylab bitta qishloqqa bordik, qaysi uylar ijaraga berilayotganini ko‘rdik, egalari bilan suhbatlashdik va ularning raqamlarini oldik. Shunday qilib, ko‘plab kontaktlarni to‘plash va har doim zaxirada qo‘shimcha variantlarga ega bo‘lish mumkin, – deydi Nora.
Dala hovlini ijaraga olishda qanday tejash mumkin: natijalar
- Dala hovlini ijaraga olishdan oldin, bir nechta omillarni baholash kerak. Birinchidan, ijara muddati va byudjetni aniqlash lozim. E'lon saytlarida turli narxlarda ijaraga beriladigan dala hovlilarning ko‘plab variantlarini topishi mumkin. Toshkent yaqinidagi joyda bir kechaga o‘rtacha narxi1-2 million so‘mni tashkil etadi. Bu summaga ijarachi o‘z ixtiyoriga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uy va hovlini oladi. Bir kechaga arzonroq berish uchun uyni bir haftadan ko‘proq muddatga olish kerak. Ijara muddati qancha uzoq bo‘lsa, bir kechalik narx shunchalik past bo‘ladi. Shuning uchun, ba'zan dala hovlini besh kunga emas, balki bir haftaga ijaraga olish foydaliroqdir.
- Agar ijaraga olishda tejashni istasangiz, dam olishni past mavsumda — yozning oxiri - kuzning boshlariga rejalashtiring. Bu davrda talab pasayib borayotgani sababli dala hovli egalari turar joy uchun chegirmalar qilishadi. Shu bilan birga, kunduzi harorat hali yozgiga yaqin bo‘ladi, kechasi esa birinchi salqin havodan bahramand bo‘lish mumkin. Toshkentdan biroz uzoqroqda joylashgan dala hovlini ijaraga olish ham arzonroq bo‘ladi.
- Sizga mos kelgan dala hovliga borib, shaxsan ko‘rishni tavsiya qilamiz. Shunda, ta'til paytida kamchiliklarni aniqlash xavfi kamroq bo‘ladi. Masalan, tanlangan hududda tez-tez elektr uzilishlari yoki suv yo‘qligi ma'lum bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, uyda yoqimsiz hid bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarga duch kelmaslik uchun do‘stlaringiz va hamkasblaringizdan dala hovlini ijaraga beradigan tanishlari borligini so‘rang. Ishonchli joy egasidan hovlisi bo‘lgan uyni ijaraga olish eng xavfsiz usul hisoblanadi.
Izoh qo‘shish