bosh sahifa / Sarflash va tejash / Barter nima va uning o‘rnini nima bosishi mumkin

Barter nima va uning o‘rnini nima bosishi mumkin

Tovar ayirboshlash — pul paydo bo‘lishidan ancha oldin mavjud bo‘lgan eng qadimgi savdo usullaridan biridir. Odamlar barra mevalarni yangi boltaga yoki sopol tuvakni yangi tutilgan baliqqa almashtirganda, hamma birdek foyda ko‘rgan. Har kim ortiqcha bo‘lgan narsasini berib, o‘ziga kerakli narsalarni olgan. Vaqt o‘tishi bilan bu almashinuv jarayoni barter deb atala boshlandi.

Ekspert Abdurahim Rahmatullayev, bank sohasidagi yurist bilan birgalikda barter nima ekanligini va u O‘zbekistonda mavjudmi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqamiz.

Barter nima

Barter — bu to‘g‘ridan to‘g‘ri almashinuv operatsiyasi bo‘lib, bunda puldan foydalanmagan holda tovar, xizmat yoki qimmatbaho narsalar boshqa tovar, xizmat yoki qimmatbaho narsalarga almashtiriladi. Bunday bitimda har bir ishtirokchi bir vaqtning o‘zida ham sotuvchi, ham xaridor bo‘ladi. Bunda ikkala tomon ham tovar yoki xizmatlar narxi bozorda farq qilsa-da, ularning teng qiymatli ekanligiga kelishib oladi. Xizmat yoki tovar uchun to‘lov qilish imkoniyati bo‘lmaganda, lekin evaziga taklif qilishga biror narsa mavjud bo‘lsa, barter foydali hisoblanadi.

“1996-yil 1-sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet bilan hisob-kitoblar uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida barter asosida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish taqiqlangan. Biroq huquqiy jihatdan barterga o‘xshash bo‘lgan ayirboshlash shartnomasi mavjud. Ayirboshlash haqida lex.uz saytida o‘qishingiz mumkin.”

Abdurahim Rahmatullayev
yurist

Elektron barter — Respublikamiz hududida qonuniy bo‘lgan yagona barter turi. Bu jismoniy shaxslar uchun Internet orqali ayirboshlashning zamonaviy usulidir. Maxsus platformalar tegishli ayirboshlash takliflarini topishga yordam beradi. Masalan, Olx.uz'da bunday bitimlar uchun alohida bo‘lim mavjud.

Bu bo‘limda servis foydalanuvchilari avtomobil, telefon, aksessuar va boshqa narsalarni almashadilar.

“Barter tomonlarning individual ehtiyojlarini qulayroq tarzda qondiradi, chunki ommaviy bozorda taqdim etilmagan tovarlar va xizmatlarni ayirboshlash imkonini beradi.

Biroq, barterda, ayniqsa turli xildagi tovar yoki xizmatlarning teng qiymatini aniqlash qiyin. Yagona pul o‘lchovining yo‘qligi turli ayirboshlash obyektlarining qiymatini solishtirish va aniqlashni qiyinlashtiradi”.

Abdurahim Rahmatullayev
yurist

Ayirboshlash nima

Barter qonun bilan taqiqlanganligi sababli, ayirboshlash qanday qilib barter bitimlarining o‘rnini bosishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Ayirboshlash — bu Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solingan fuqarolik-huquqiy bitim turi bo‘lib, unda tomonlarning har biri o‘z tovarini boshqa tomon tovariga almashtirish majburiyatini oladi. Bunday operatsiyada har bir ishtirokchi bir vaqtning o‘zida ham o‘z tovarining sotuvchisi, ham barter tamoyillariga o‘xshash tarzda ayirboshlash evaziga olinadigan tovarning xaridori hisoblanadi. Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan harakatlar miqdori qisqaradi: ikkita bitim o‘rniga endi faqat bitta bitim tuziladi va shunga mos ravishda faqat bitta shartnoma tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, agar ayirboshlash shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, faqat bitim tuzilgandan keyingina almashtirilayotgan tovarning egasiga aylanasiz.

Bitim ishtirokchilari ham jismoniy, ham yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin. Har bir tomon shartnomada ko‘rsatilganidek, berilayotgan mol-mulk qiymatiga teng bo‘lgan daromad solig‘ini to‘laydi.

Masalan, toshkentlik Azamat va samarqandlik Bahodir avtomobil ayirboshlash to‘g‘risida kelishib oldilar: Azamat Bahodirga 2015-yilgi Toyota Corolla, Bahodir esa Azamatga xuddi shu yilgi Hyundai Solaris avtomobilini beradi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, bunday bitim notarial tasdiqlashni talab qiladi, chunki avtomobillar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Agar mashinalar teng qiymatli deb baholansa, ayirboshlash qo‘shimcha to‘lovlarsiz amalga oshiriladi. Biroq, avtomobillardan biri ikkinchisidan qimmatroq bo‘lsa, uning egasi narxdagi farqni talab qilishi mumkin. Qo‘shimcha to‘lov miqdori tomonlarning kelishuviga ko‘ra avtomobillarning bozor qiymati asosida belgilanadi.

Tadbirkor: qanday qilib tadbirkor bo'lish va qancha pul ishlash mumkin

Ma'lumot olish

Ayirboshlashning barterdan farqi

Ayirboshlash barterdan farqli o‘laroq, faqat tovarlar ayirboshlash bilangina cheklanadi va xizmatlar yoki bajarilgan ishlar natijalarining ayirboshlanishini o‘z ichiga olmaydi.

Bu turdagi bitimlar o‘rtasidagi yana bir muhim farq teng bo‘lmagan tovarlar bilan muomala qilishdadir. Barter doirasida ayirboshlanadigan tovarlar, ularning qiymati farq qilsa ham, teng qiymatli deb hisoblanadi. Ayirboshlash shartnomasiga ko‘ra, tovarlarning qiymati farq qilsa, arzonroq tovar egasi narxdagi farqni qoplashi kerak. Ammo qo‘shimcha to‘lovlar tartibi ikki tomonning kelishuvi va shartnomada ko‘rsatilgan holda o‘zgartirilishi mumkin.

Ayirboshlash shartnomasi qanday rasmiylashtiriladi

Ayirboshlash to‘g‘risida jismoniy shaxslar kelishayotganda, og‘zaki kelishuv yetarli bo‘lishi mumkin. Lekin bitimda kompaniyalar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar  ishtirok etayotgan bo‘lsa, yozma ayirboshlash shartnomasi tuzilishi shart. Bunday bitim Fuqarolik kodeksining 497-moddasi bilan tartibga solinadi.

Oldi-sotdi shartnomasiga o‘xshab, ayirboshlash shartnomasini ham notarial tasdiqlovsiz sodda yozma shaklda tuzish mumkin.

Hujjat yuridik kuchga ega bo‘lishi uchun unda barcha asosiy jihatlar ko‘rsatilishi kerak:

  • hujjatning raqami va tuzilgan sanasi;
  • bitim ishtirokchilari. Tomonlarning to‘liq yuridik nomlari va rekvizitlari;
  • tovar va xizmatlar. Ularning nomi, miqdori va qiymatini aniq ko‘rsatish muhimdir;
  • yetkazib berish. Odatda, har bir tomon o‘z tovarlarini yetkazib berish xarajatlarini qoplaydi. Ammo tomonlardan biri barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi haqida kelishib olishlari mumkin;
  • mulkiy huquqning o‘tishi. Bu holat qachon tovar ikkinchi tomonning qonuniy mulkiga aylanishini ko‘rsatadi. Mulkiy huquq ayirboshlash to‘liq tugallangandan keyingina o‘tadi. Agar kompaniya o‘z tovarini topshirmagan bo‘lsa, ikkinchi tomonning tovariga nisbatan mulkiy huquqni talab qila olmaydi, hatto tovar allaqachon uning omborida bo‘lsa ham;
  • ayirboshlash muddati va sanasi. Tovarlarni bir kunda yoki har xil vaqtda ayirboshlash mumkin. Masalan, YaTT Alixonov tovarni bugun, YaTT Tojiyev esa bir oydan keyin jo‘natishi mumkin. Bu shartnomada aniq ko‘rsatilishi kerak. Har bir tovar uchun yuk xati tuzilishi kerak;
  • ko‘zda tutilmagan holatlar bo‘yicha bitim shartlari;
  • qo‘shimcha shartlar. Shartnomaga ba'zi jihatlarni aniqlashtirish kerak bo‘lsa, qo‘shimcha bandlarni kiritish mumkin. Masalan, ko‘pincha hujjatga shartnomada ko‘rsatilgan tovar sotilmaganligi, garovga qo‘yilmaganligi va xatlanmaganligi haqida aniqlik kiritiladi.
  • bitim ishtirokchilarining imzolari.

Quyida kompaniyalar o‘rtasida tuzilgan ayirboshlash shartnomasi namunasi keltirilgan.

Barter haqida qisqacha

  • Barter — bu bugungi kunda jismoniy shaxslar o‘rtasida amal qiladigan qadimiy savdo usuli. Bu kerakli tovar va xizmatlarni pulsiz ayirboshlash imkonini beradi.
  • O‘zbekistonda Respublikasida barter bitimlari qonun bilan taqiqlangan. Ammo “ayirboshlash” tushunchasi mavjud bo‘lib, u mohiyatan barterga o‘xshaydi.
  • Ayirboshlash shartnomasi ikki shaxs o‘z mol-mulkini puldan foydalanmasdan yoki kelishuv bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov bilan ayirboshlashga rozi bo‘lganda rasmiylashtiriladi. Bu jarayon bitta hujjat doirasida har bir buyumni bir vaqtning o‘zida oldi-sotdi qilishga o‘xshaydi, bunda standart oldi-sotdi qoidalari qo‘llaniladi.
  • Shartnoma sodda yozma shaklda tuzilishi mumkin. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolar va soliq muammolarining oldini olish uchun unda barcha kerakli bandlarni ko‘rsatish va ayirboshlanadigan tovarlar qiymatini to‘g‘ri baholash muhimdir.
  • Tomonlardan biri shartnoma shartlariga rioya qilmasa, ikkinchi tomon bitimni bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments