bosh sahifa / Xavfsizlik / Bank ilovasiga kirishni qanday himoya qilish kerak

Bank ilovasiga kirishni qanday himoya qilish kerak

Sizga bank dasturiga kirishda o‘zingizni xavf-xatarlardan qanday himoya qilish kerakligini aytib beramiz va onlayn- bankingdan xavfsiz foydalanish qoidalarini jamlaymiz.

Banklarning mobil dasturlaridan foydalanish juda qulay. Ular sizga bank filiallariga borib o‘tirmasdan operatsiyalarni amalga oshirishga va mijozlar vaqtini tejashga imkon beradi. Bank dasturlari foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini o‘z ichiga oladi va shu sabab foydalanish paytida ma'lum xavflarni keltirib chiqaradi. Bankning mobil ilovasiga kirishni xavfsiz qilish uchun dasturchilar maxsus himoya mexanizmlarini yaratdilar. Bugun bankning mobil ilovasidan foydalanishni qanday qilib xavfsiz va qulay qilishni o‘rganamiz.

Bank dasturidan foydalanish xavfi

Bank ilovasida bank mijozining barcha shaxsiy va to‘lov ma'lumotlari mavjud. Shuning uchun, begona shaxslar ilovaga kirish huquqini qo‘lga kiritsa, egasi bilmagan holda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, firibgarlar shaxsiy ma'lumotlarni o‘g‘irlashlari va undan o‘z manfaati uchun foydalanishlari mumkin — masalan, kredit yoki muddatli to‘lov olishda.

Har qanday mobil ilova singari, onlayn-banking ham ma'lumotlarni o‘g‘irlaydigan va firibgarlarga yetkazadigan zararli va josuslik dasturlari bilan kasallanishi mumkin. Shuningdek, bank mijozlari firibgarlar tomonidan ma'lumotlarni o‘g‘irlash uchun yaratilgan soxta bank dasturlariga duch kelishlari mumkin.

Bank ilovasiga kirishni himoya qilish

Ilovani buzib kirish va foydalanuvchi ma'lumotlarining yo‘qolishini oldini olish maqsadida banklar ilovaga kirishni himoya qilish tizimlarini ishlab chiqmoqdalar. Aksariyat banklar mijozlarga PIN-kod yoki barmoq izlarini skanerlash va yuzni aniqlash orqali kirishni taklif qilishadi. Ba'zilar qo‘shimcha ravishda foydalanuvchiga SMS-xabar orqali kodni yuborishadi, uni ilovaga kirishni tasdiqlash uchun kiritish kerak.

Bank ilovasiga kirishda o‘zingizni himoya qilishning beshta usulini taklif etamiz.

Ishonchli parol o‘ylab topamiz

Odatda siz to‘rtta raqamdan iborat parolni kiritib, bank ilovasiga kirishingiz mumkin. Shaxsiy ma'lumotlaringiz , qarindoshlaringiz va do‘stlaringizning ma'lumotlariga aloqasi bo‘lmagan raqamli kombinatsiya o‘ylab ko‘ring. Masalan, tug‘ilgan kunni yoki mashina va kvartiraning raqamini parol sifatida belgilash tavsiya etilmaydi — boshqacha qilib aytganda, jamoat mulki bo‘lgan ma'lumotlarni topish mumkin. Shuningdek, raqamlarning ketma-ket birikmalaridan yoki takrorlanadigan raqamlardan tashkil topgan kombinatsiyalardan foydalanmang. Bunday parollarni tanlab turib ham topish juda oson. Ishonchli parol o‘ylab topsangiz, uni yozmasdan, yaxshisi eslab qoling. Yon daftarlarni yo‘qotib yoki o‘g‘irlatib qo‘yish mumkin, ammo xotirangizga firibgarlar kira olmaydi.

Agar imkoniyat bo‘lsa, harflar yoki harf va raqamlar kombinatsiyasidan va to‘rtdan ortiq belgidan iborat parol variantini tanlang. Bunday parollar eng ishonchlilari hisoblanadi. Bunday holda, ochiq ma'lumotlar bilan bog‘liq bo‘lgan kod so‘zlari va ketma-ketliklarni, shuningdek oddiy va takrorlanadigan belgilar kombinatsiyasini o‘ylab topmang.

Bank ilovasiga kirishning eng yaxshi himoyasi ikki faktorli autentifikatsiyadir. Bu shuni anglatadiki, foydalanuvchi parolni kiritgandan so‘ng, bank hisob bilan bog‘langan gadjetga kirishni tasdiqlovchi bir martalik kodni yuboradi. Siz esa bu kodni maxsus maydonga kiritgandan keyingina ilovaga kirishingiz mumkin.

Barmoq izi yoki yuzni aniqlash orqali kirishni sozlang

Ilovaga kirishni himoya qilishning yana bir ishonchli usuli — bu biometrik skanerlash, ya'ni barmoq izi yoki yuz yordamida dasturni qulfdan chiqarish. Bu kirish usuli bilan siz  begona shaxslarning ilovani blokdan chiqarishga urinishlarini to‘xtatgan bo'lasiz va parolni tanlab topishni yo'qqa chiqarasiz. Biometrik kirishni faqat o‘zingiz uchun sozlang va boshqa birov ilovani qulfdan chiqarish uchun biometrik ma'lumotini o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymang.

Bildirishnomalarni yashirin qilish

Ko‘pincha, banklar operatsiya amalga oshirilgandan so‘ng, mijozlar qurilmalariga xabarnoma yuborishadi. Bunday bildirishnomalarda operatsiya to‘g‘risidagi ma'lumotlar, hisobdagi mablag‘lar qoldig‘i va ba'zi shaxsiy ma'lumotlar bo‘ladi. Begona shaxslar to‘lov ma'lumotlaringizni tasodifan ko‘rib qolmasliklari uchun bildirishnomalarni o‘chirib qo‘yishni yoki faqat gadjet ekranini qulfdan chiqargandan so‘ng, ularni ko‘rsatishni sozlashingizni maslahat beramiz.

Ilovaning yangi versiyalarini kuzatib boring va antivirusni o‘rnating

Banklar ilovaga kirishning himoya mexanizmlarini doimiy ravishda takomillashtirib boradi va ularning versiyalarini muntazam yangilab turadi. Shuning uchun, vaqti-vaqti bilan bank ilovasi uchun yangi versiya chiqqanligini tekshiring va yuklab olishdan erinmang. Bank ilovasini faqat rasmiy ilovalar do‘konlaridan o‘rnating va uni chiqargan kompaniyani tekshiring. Ko‘pincha firibgarlar tashqi ko‘rinishi asl nusxasi bilan bir xil bo‘lgan o‘xshash dasturlarni yaratadilar. Ularninq funksiyalari haqiqiy dasturnikiga o‘xshash bo‘lsa-da, aslida foydalanuvchining ma'lumotlarini o‘g‘irlaydi.

Shuningdek, antivirus dasturi ilovaga ruxsatsiz kirishdan himoya qilishi mumkin. Firibgarlar foydalanuchiga virus yuqtirilgan havola bilan bank nomidan SMS-xabar yuborishlari mumkin. Antivirus bunday tahdidlarni to‘xtatishi mumkin.

 

Sim-kartaga parol o‘rnating

Smartfon yoki sim-kartani yo‘qotish yoqimsiz, bank ilovasi yozilgan gadjetni yo‘qotish esa ikki baravar yoqimsiz. Firibgarlar sim-kartangizga kirishi mumkin bo‘lgan holatlardan himoyalanish uchun unga parol o‘rnatishingizni maslahat beramiz. Bu nafaqat bank ilovasiga kirishni, balki qurilmada saqlanadigan boshqa barcha shaxsiy ma'lumotlarni ham himoya qilishga yordam beradi.

Bank ilovasidan xavfsiz foydalanish qoidalari

Bank ilovasidan foydalanishni xavfsiz va qulay qiladigan asosiy qoidalarni jamlaymiz:

  • Mobil bankdan foydalanadigan smartfonga ishonchli parolni o‘rnating va uni hech kimga aytmang, shuningdek begona shaxslar oldida parolni kiritmang. Kirish paytida ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalaning.
  • Ilovalar va hisoblarning parollari yozilgan qog'ozlarni hecham bir joyda saqlamang: telefoningizdagi yozuvlarda, daftaringizda yoki hamyoningizda. Parollarni eslab qolishga harakat qiling.
  • Umumiy Wi-Fi tarmog‘iga ulanganingizda, bank dasturiga kirmang. Bunday tarmoqlar orqali firibgarlar qurilmangizga eng oson yo‘l bilan kirib olishadi. Onlayn bankka faqat uy tarmog‘i yoki o‘zingizning mobil internetingiz orqali kiring.
  • Zararli dastur yoki buzib kirilgan dasturiy ta'minotli gadjetga bank ilovasini o‘rnatmang. Aks holda, qurilmagangizga virus tushishi yoki undan ham yomoni, ilovangizni buzib kirishlari va ma'lumotlarni o‘g‘irlashlari mumkin.
  • Telefoningizga antivirus dasturini o‘rnating. Ilova do‘konlarida antiviruslarning bepul versiyalarini topishingiz mumkin. Agar siz yuqori darajadagi himoyani xohlasangiz, pulli versiyani sotib oling. Gadjetlar uchun mo‘ljallangan antiviruslarning narxi shaxsiy kompyuterlarnikidek qimmat emas. Shunday qilib, qurilmadagi ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlashingiz mumkin.

Qurilma yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan hollarda darhol bankdan kartalarni bloklashni, shuningdek bank ilovasiga kirish uchun parolni o‘zgartirishni so‘rashni unutmang. Eng muhimi, hech qachon begona shaxslar, hatto bank xodimlari ham bank ilovangizdan mustaqil ravishda foydalanishiga yo‘l qo‘ymang.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
2 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Zuxriddin Zayniddinov
Zuxriddin Zayniddinov
10 months ago

Yaxshi

Zuxriddin Zayniddinov
Zuxriddin Zayniddinov
10 months ago

Juda zor