
Xorijdagi o‘zbekistonliklar: Polshadagi psixolog — Toshkentdagi sevimli maskanlari, karnay-surnay sadolari va Vatanidan esdaliklar haqida
“Xorijdagi o‘zbekistonliklar” turkumidagi maqolalarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘zining xorijga ko‘chib borish tajribasi, vatani haqidagi iliq xotiralari bilan bo‘lishib, muhojirlikda, ayniqsa, nimalarni qattirqroq sog‘inishi haqida hikoya qiladilar.
Kamilla, 33 yoshdaToshkentdan Polshaning Varshava shahriga ko‘chib ketgan
Klinik psixolog, pedagog, sud ekspert-psixologi
Ko‘chish haqida
— Men Varshavaga 2016-yilda, eng sevimli faslim — kuzda, oktyabr oyida ko‘chib ketganman. Ko‘chib ketishga tez va birdaniga qaror qilmaganman. Nizomiy nomidagi Pedagogika universitetida ta'lim olib, uni imtiyozli tamomlagach, “Lider” maktabiga psixologiya bo‘yicha pedagog sifatida ishga kirganman. Biroq, men doim o‘zim uchun yanada ko‘prog‘ini izlardim, chunki bakalavriat bilan cheklanib qolishni istamasdim — men hayotim va ehtirosimga aylangan kasbim bo‘yicha aniq magistratura darajasini olishni rejalashtirgandim.
Ota-onam chet elda o‘qishimni xohlashardi, chunki xorijda psixologiya yo‘nalishi ham amaliy, ham nazariy jihatdan yaxshiroq rivojlangan. Mamlakat va universitetni tanlash chog‘ida yo‘limda onam bilan murojaat qilgan Natalya Venopu-Romanova rahbarligi ostidagi agentlik uchragan. Meni juda omadim kelgan, chunki Natalya turli ta'lim muassasalariga hujjatlar topshirishdan boshlab Varshavaga kelgunimgacha menga hamrohlik qilgan, kamiga Varshavada tom ma'noda qo‘limdan tutgan holda, barcha tashkiliy masalalarni hal qilgan.
Bir muddat Germaniyani mo‘ljallagan edim, chunki nemis tilini bilardim. Men 11 yil darslarni haqiqiy til sohiblari o‘tadigan nemis tiliga ixtisoslashtirilgan 60-maktabda o‘qiganman (aytgandek, maktab davrida Rammstein guruhining Ich will yoki Mutter qo‘shiqlarini yoddan bilardim). Lekin meni aynan Varshavadagi klinik psixologiya fakulteti o‘ziga jalb qilgan. Yo‘nalish tanlovini esa doim tibbiyotga bo‘lgan muhabbatim bilan izohlash mumkin. Otam, Alisher Babadjanov Toshkentda anchagina nomi chiqqan venerolog-dermatolog bo‘lib, men doim tibbiyotga biroz yaqinroq bo‘lishni istardim. Shifokorlar tana jarohatlarini davolaydi, men esa xuddi shunday mas'uliyat bilan ruhiy jarohatlarni davolayman.
Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!
Yaqinlari haqida
— Shubhasiz, Vatandan uzoqda bo‘lganda birinchi sog‘inadiganing — bu ota-onang. Men ota-onamga qattiq bog‘langan edim, ular bilan juda do‘stona munosabatda bo‘lganmiz, ular meni deyarli hamma narsada qo‘llab kelishgan va hozirgacha qo‘llashadi. Polshaga onam bilan birga kelganman, u bir hafta davomida Varshavada joylashishimga yordam bergan, kerakli narsalarni olish uchun IKEA do‘konlariga borardik. Onam ketganidan keyingina bir o‘zim qolganimni his qilganman. Menimcha, otam ayriliqni yanada kuchliroq his qilgan, chunki men oilada yagona farzand edim va doim ularning yonida bo‘lganman — endi esa bizni 4615 km ajratib turardi.
Hozir meni uyga tez-tez kelmasligim uchun koyib turadigan yaqin do‘stlarim va Toshkentda shug‘ullanib turgan faol ishlarim yetishmasdi. Men turli tashkilotlarda ko‘ngilli bo‘lib ishlardim, ijtimoiy masalalar yuzasidan postlar va maqolalar yozardim. Hayotim psixolog hamda havaskor muxbir sifatida xilma-xilliklarga boy edi. O‘z mamlakatingda odamlarga tanish bo‘lganingda, o‘zingni xuddi suvdagi baliqdek his qilasan. Varshavada esa, til va madaniyatni qabul qilishdan boshlab muloqot doirasini shakllantirish, o‘zingni namoyon etish va yangi hayotni yo‘lga qo‘yishgacha — hammasini qaytadan boshlash kerak edi.
Iqlim haqida
— Avvaliga Varshavadagi ob-havo meni hayratga solardi: bu yerga oktyabrda kelganim uchun darhol –15 darajaga duch kelganman, ishoning, bu juda sovuq, yana kuchli shamollarni aytmaysizmi… Toshkentda kimdir +15 darajada sovuqligini aytsa, men uchun Varshavada o‘sha +15 daraja haqiqiy baxt edi. Biroq, odam hayotda hamma narsaga ko‘nikadi, deb bejizga aytishmaydi. Hozir issiqqa dosh berolmayman: Varshavada +27 daraja men uchun oxirgi nuqta hisoblanadi. Keyingi tashrifimda Toshkentdagi jaziramada o‘zimni qanday his qilaman, bilmayman.
Varshavada ko‘pincha havo salqinligidan tashqari, bu yerda quyosh kam. Menimcha, bu ruhiy holatda ham aks etadi: bu yerda g‘amgin kayfiyatga tez tushish mumkin. Toshkentda esa quyosh yil davomida isitib turadi, desa ham bo‘ladi.
Toshkentdagi sevimli maskanlar haqida
— “Chaykof” qahvaxonasini eslayman — kunimni deyarli o‘sha yerda o‘tkazardim. U yerda eng yaxshi maqolalarim va darslar uchun ma'ruzalarimni yozganman, xodimlari esa doim iliq qarshi olishardi. Men uyda ijod qiladiganlardan emasman. Menga atrofimda odamlar va shovqin bo‘lib turgan kovorking yoki kafe kerak — bunday joylar menga ilhom berib, diqqatimni oshiradi. Qachonlardir TCHK kovorking-markaziga borardim, keyinchalik esa “Chaykof” ikkinchi uyimga aylangan. Hozir, bilishimcha, yangicha zo‘r kovorkinglar yaratilgan, u yerlarga ham borishni xohlardim, albatta.
O‘z vaqtida do‘stlarim bilan kechqurunlari tuman bo‘ylab, “Moviy gumbazlar” (“Голубые купола”) bog‘ida sayr qilishni, “Marvarid” (“Жемчуг”), “Bolalar dunyosi”, “Oybek”, “Rossiya” mehmonxonasi (hozir u yerda mutlaqo boshqa mehmonxona bo‘lishiga qaramay, xalq orasida hamon shunday nomlanadi) atroflarida bo‘lishni yaxshi ko‘rardim.
Toshkentda 5-6 yil avval bo‘lgandim, shahar boshqacha bo‘lib ketibdi — arxitekturadan tortib odamlargacha. Hozir do‘stlarimning suratlaridan Toshkent butunlay o‘zgarganini ko‘raman. U yerga borsam, o‘zimni begonadek his qilaman deb o‘ylayman, ammo bu tez o‘tib ketadi degan umiddaman. Yoshlar uchun tadbirlar soni oshganini, ko‘ngilochar joylar, ta'lim olish va mustaqil rivojlanish uchun imkoniyatlar ko‘payganini ko‘rib turibman. Xususan, mamlakatning salohiyatini tobora ko‘proq ochib berayotgan ko‘p sonli madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tabiiyki, bu meni quvontiradi.
Taomlar haqida
— Aksariyat vatandoshlarim kabi sevimli taomlarim — palov, kabob va xonim.
O‘zim palov pishirmayman, ammo Varshavada yashaydigan do‘stlarim meni mehmon qilishadi. Masalan, yaqin dugonam — Sabina Mustayevaning (xonanda, “Ovoz” (“Голос”) shousi ishtirokchisi – tah. izohi) onasi meni ko‘pincha palovga taklif qiladi.
Xonimni hozirgacha sog‘inaman. Esimda, katta tanaffus paytida sinfdoshlarim bilan maktabning orqasiga yugurardik, u paytlar bir buvijon gazetaga o‘ralgan eng mazali xonim sotardi. Kattaroq bo‘lganimdan keyin “Gospitalkaga” borib, o‘sha yerdan xonim oladigan bo‘lganmiz. Yana kichkina kafelardagi qizil rangli plastmassa stol va stullarda ota-onam bilan yegan palovimni eslayman — oddiy, ammo yaxshi paytlar edi. Ya'ni, bu “o‘zingniki” degan shunaqangi hissiyot berardiki, hozir palov tortiladigan hech bir obro‘li restoran u bilan tenglasha olmaydi.
Kelgan zahotim birinchi qiladigan ishim — ota-onam bilan birga restoranga emas, balki yopgan non, qaymoq, palov, shashlik va xonim olish, bozordagi odamlar bilan gaplashish va o‘sha muhitni singdirish uchun eski shaharga yo‘l olaman. Bozorlarda savdo qiladigan odamlarimizning naqadar ajoyibligini gapirmasam ham bo‘ladi! Ular bilan hayot, siyosat, dunyodagi hamma narsa haqida gaplashib, 20 daqiqalab qolib ketish mumkin. Varshavadagi kichik do‘konchalarda bir-ikki og‘iz gaplashadigan tanish sotuvchilar ham paydo bo‘lgan, ammo bu mutlaqo boshqa holat.
Milliy oshxonamiz restoranlariga kelsak, Varshavada ularning soni ko‘p emas, ammo o‘zbek taomlari munosib darajada tayyorlanadi. Shu o‘rinda bu yerda, masalan, sariq sabzi unchalik ommalashmaganini, faqat yaqin vaqtdan buyon turk do‘konlaridan topish mumkin bo‘lganini hisobga olish kerak — axir, sariq sabzi “o‘zimizning” palovni tayyorlashda eng muhim masalliqlardan biri hisoblanadi. Shashlikka kelsak, men bir fikrda qolaman: Toshkentdagi go‘sht o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Varshavada halol go‘sht sotiladigan ko‘plab turk do‘konlari bor. U ham o‘z holicha mazali, undan ovqat ham pishirganman, ammo Toshkent shashligining ta'mini bu yerda hech qachon his qilmaganman va topa olmasam kerak. Zira kabi ziravorlar ham sotiladi, ammo imkon bo‘lganida, uni menga Toshkentdan qurt, shakarli yeryong‘oq va palov uchun guruch bilan birga olib kelishadi.
Moddiy buyumlar haqida
— Avvallari Varshavadan Toshkentga parvoz yo Turkiya, yo Belorussiyada boshqa samolyotga o‘tish orqali amalga oshirilardi — bunday sharoitda ko‘p parvoz qilolmaysan. Hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys borligi hayotni juda qulaylashtirdi, ammo u yaqindagina ochildi. Bungacha Varshavadan Toshkentga yoki aksincha yo‘nalishda ketayotgan odam imkon qadar narsalarni tanishlari, do‘stlari orqali berib yuborishga harakat qilgan.
Ota-onam menga suvenirlar va o‘qituvchilarim uchun chiroyli milliy ro‘mollar, taqinchoq va bezaklar berib yuborishardi. Bu yerda o‘qituvchilar sovg‘alarni juda ehtiyot bo‘lib olishadi, Polshada o‘quv yili oxirida yoki tug‘ilgan kunda “minnatdorlik bildirish” madaniyati yo‘q. Biroq men o‘qituvchilarimga mamlakatimizda minnatdorlik bildirish odati borligini tushuntirganman — taqinchoqlar va ro‘mollar ularga juda yoqardi.
O‘zim doim onamdan milliy ruhdagi biron buyum yuborishini so‘rayman: naqshli shim, milliy printli yengil yopinchiq, sallalar. Ularni kiyib ko‘chada yurganimda, ko‘pincha qayerdan sotib olganimni so‘rashadi. Shuningdek, uyimda palov to‘la laganni ushlab turgan o‘zbek erkak va ayollari tasvirlangan magnitlar doim bo‘ladi.
Bayramlar va musiqa haqida
— Oilada barcha milliy bayramlarni nishonlamaymiz. Ammo do‘stlarim bilan birga bayramda shahar aylangan vaqtlarimizdagi odamlarning takrorlanmas kayfiyatini eslayman: hamma mehmon qiladi, har yerda musiqa va raqslar — buning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Varshavadagi do‘stlarim so‘zlarimni tasdiqlashi mumkin: ba'zida dam olish kunlarida klublarga borganimizda, turk musiqasi yangrashi bilan (har holda madaniyatimiz yaqin) men raqs tusha boshlayman. Do‘stlarimning aytishicha, bunday hollarda hattoki nigohim ham o‘zgararkan. Milliy ohanglarni eshitgan zahotim darhol qayerdan ekanligim yodimga tushadi, axir genlar va tabiatni alday olmaysan.
Hech qachon buni aytaman deb o‘ylamagandim, ammo karnay-surnay sadolarini sog‘inaman. Ba'zan ota-onam menga mahalladagi qo‘shnilarimiz turmushga chiqayotgan va shu musiqa yangrayotgan videolarni yuborishadi. Mening bir istagim bor: agar Varshavada turmushga chiqsam, polshaliklarga karnay-surnay qanday bo‘lishini ko‘rsataman. Umid qilamanki, shovqin uchun meni politsiyaga olib ketishmaydi.
Toshkent bilan bo‘lajak uchrashuv haqida
— Polshalik do‘stlarim O‘zbekistonga borishni xohlashadi, ammo Vatanimning har bir burchagiga birgalikda sayohat qilish uchun ularni taklif qilishimni kutishmoqda. Avvalroq aytganimdek, kelganimda birinchi qiladigan ishim — ota-onam bilan birga xonim va shashlik yeyish uchun eski shaharga boraman. Bu aniq, muhokama ham qilinmaydi.
Yana men imkoni boricha ko‘proq madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalarga borishni istayman, chunki bizdagi iste'dodli rassomlar, hunarmandlar va milliy naqshli matolarni qo‘lda yaratadigan ustalarni juda qadrlayman. Albatta, o‘zimga va do‘stlarimga nimalardir sotib olaman. Shuningdek, qadimiy shaharlarimizni ko‘rishni xohlardim. O‘z vaqtida men faqat Samarqandda bo‘lganman, vaholanki bag‘rikeng diyorimizda ajoyib maskanlar son-sanoqsiz.
Vatanparvar emasman desam, o‘zimni aldagan bo‘laman. Albatta, vatanparvarman. Afsuski, o‘zbek tilini bilmayman, ammo Vatandan uzoqda va yoshim ulg‘aygani sayin o‘z mamlakatimga mansublik va g‘ururni kuchliroq his qilib boryapman. Shu bois, kelgusi safarim chog‘ida Toshkent bilan qaytadan tanishishni va unga imkon qadar bor mehrimni berishni maqsad qilganman.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar — toshkentlik ayol Amerikadagi hayot, qadrdonlar sog'inchi va saqlanib kelinayotgan o‘zbek an'analari haqida
Izoh qo‘shish