
Xorijdagi o‘zbekistonliklar — toshkentlik ayol Amerikadagi hayot, qadrdonlar sog'inchi va saqlanib kelinayotgan o‘zbek an'analari haqida
"Xorijdagi o‘zbekistonliklar" turkumidagi maqolalarimizda O‘zbekiston fuqarolari xorijga ko‘chish tajribasi, Ona yurti haqidagi iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashadilar va muhojirlikda, ayniqsa, nimani sog‘inishlarini aytib beradilar.
Lola, 36 yosh.AQSh ning Nyu-York shahrida turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi bilan 1 yildan ortiq vaqt mobaynida yashab keladi.
Yangi mamlakatga ko‘chish va u yerdagi hayot haqida
Nyu-Yorkka ko'chib kelganimizga 1 yildan sal oshdi. Turmush o‘rtog‘imning ishi sababli bu yerga ko'chib keldik. Bundan avval 2 yilcha Turkiyada ham yashadik. Amerikada ilgari ham bo'lganman, katta o‘g‘limni shu yerda dunyoga keltirganman. Oradan bir necha oy o‘tgach, O‘zbekistonga qaytib ketganmiz.
Bu yerga yashashga kelayotganimizda, eng kerakli narsalar bilan birga ko‘rpacha olib kelganman. Ochig‘i, u yerda bunaqa narsani topa olamanmi-yo‘qmi, deb o‘ylagandim. Lekin, keyin kelib ko‘rsamki, bu yerda ko‘rpachalar bor ekan. Lekin, ularni shu yerning o‘zida tikishadimi yoki O'zbekistondan buyurtma qilishadimi, bilolmadim.
Ortiqcha qimmatbaho narsalar olib kelmaganman, faqat Chorsu bozoridan esdalik sovg‘alar — bobo ko'rinishidagi haykalchalar olib kelganmiz. Biron xushxo‘r narsani ko‘nglimiz tusab qolsa deb, qazi, qurt, pistalar olib kelgandim. Lekin bularning hammasi Nyu-Yorkda bor ekan, faqat ancha qimmat. (kuladi)
Nyu-Yorkda o‘zbek milliy taomlarini tayyorlaydigan joylar ko‘p. Qaysi milliy taomni ko‘nglingiz tusasa — somsa, kabob, norin, palov — hammasidan bemalol topa olasiz. Hattoki shunday fast-fud tarmoqlari filiallari ham borki, Toshkentdagilar ayni formatda ochilgan. Faqat hech birining ta'mi Toshkentdagiga yetmaydi.
O‘zbekistondan Top-12 sovg‘alar: do‘stlar va tanishlarga qanday esdalik sovg‘alari olib kelish mumkin
Vatan sog'inchi haqida
Bilasizmi, yangi joyga ko‘chib kelganingizda, dastlab bir-ikki oy yangi sharoitga moslashishga ketar ekan. Yangi uyga joylashib, ro'zg'orni bir yo‘singa solib oldim. Yon-atrofni o‘rgandik: do‘kon qayerda, yaqin atrofda maktab-bog‘chalar bormi. Oradan bir yarim oylar o'tgandan keyin, uyimni sog‘ina boshladim. Ramazonda oilaviy iftorliklar, katta oila bo‘lib, Qadr kechasini kutib olish, bayramlarda bir-birini yo‘qlab borishlar, keng dasturxon atrofida dildan qilingan suhbatlarni sog‘inyapman hozir.
Bu yerda faqat bitta qarindoshimiz bor. Lekin, tez-tez ko‘risholmaymiz. Chunki hamma o‘z ishi bilan ovora, o'zing xohlagan payting birovnikiga borolmaysan. Chunki bu yerda eng qimmatbaho narsa – vaqt. Odamlar vaqtini behudaga sarflashni xohlashmaydi.
Chet elda yashashning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Masalan, o‘g‘limning do‘stlari yo‘q. Maktab tugagandan keyin uyda bir o‘zi zerikib qoldi. Shunga, siqilib qolmasin deb ta'tilda onamnikiga — Toshkentga jo'natib yubordim. U yerda o'zi tanigan o'rtoqlari bor, mazza qilib o‘ynaydi. Sog‘ingan taomlaridan mazza qilib yeydi. Onamning aytishlaricha, o‘g‘lim kelganidan beri faqat chuchvara yeyotgan emish.
Kelganimizga endi bir yildan oshdi, hali O‘zbekistonga bormadik. Lekin kelganimda, birinchi bo‘lib yaqinlarimni ko‘rgani boraman, Toshkentdagi qarindoshlarni ziyorat qilib chiqaman. Chunki hammalarini qattiq sog‘inganman. Musofirchilikda yursangiz, yaqinlari, jon-jigarlarning qadri bilinaverar ekan. Balki avvallari — yoshroq paytida kelganimda, bu yerdagi hayot menga ko‘proq yoqqan bo‘lardi. Lekin, ulg‘ayganimiz sayin ota-ona, yaqinlar, tug‘ilgan makoning g‘animat ekanini tushunaverar ekansan. Shunga, bir muddat bu yerda yashagach, turmush o‘rtog‘im ishlarini davom ettirib qolsalar ham, men bolalar bilan Toshkentga qaytib ketmoqchiman.
O'zbekistondan buyurtmalar haqida
Bu yerliklar bizning milliy matolarga, rang-barang idish-tovoqlarimizga juda qiziqishadi. Masalan, milliy adras matomizdan kiyimlar kiyib yursam, darrov to‘xtatib, “Buni qayerdan olgansiz?”, “Shunaqasini qayerdan topsa bo‘ladi?” deb so'rashadi. Shunda “O‘zbekistondan olib keltirganman” deyman yoki qayerdan olganimni aytaman. Agar yaqinroq bo‘lsangiz, o'sha yoqtirgan narsasini sovg‘a qilib yuborsangiz ham bo‘ladi. Yoki “Istasangiz sizga ham buyurtma qilib berishim mumkin”, deysiz. Agar O‘zbekistondan biron yegulikmi, shirinlikmi, yoki quruq mevalar olib keltirsak, qo‘shnilarimga ham ulashaman. Bunday iltifotni amerikaliklar juda yaxshi ko'rishadi, judayam xursand bo‘lib ketishadi.
An'ana, urf-odat va bayramlar
Biz O‘zbekistonda nishonlanadigan hamma bayramlarni nishonlaymiz. Ramazon va Qurbon hayitida chak-chak, bo‘g‘irsoqlar pishiraman, osh qilaman. Yaqin qo'shnilarimizga ham ulashganlar. “Vatandoshlar” famoat fondi (2021-yilda tashkil etilgan jamoat fondi bo‘lib, uning oliy maqsadi xorijdagi vatandoshlarni o‘z Vatani atrofida birlashtirish, ularning qalbi va ongida Vatan uchun g‘urur tuyg‘usini uyg‘otish va milliy o‘zlikni saqlab qolishdir) katta bayramlar bayram qayerda va qachon nishonlanishi haqida oldindan e'lon beradi. Odatda bunday bayramlar bog‘ yoki parklarda tashkil etiladi. Bayram kuni o‘sha shtatda yashovchi o‘zbeklar bir yerga jam bo‘lishadi. Bir-birlari bilan tanishishadi, suhbatlashishadi, bolalar birgalashib o‘ynashadi. Konsertlar tashkil qilinadi. Katta qozonlarda osh damlanadi, boshqa milliy taomlar pishiriladi. Xullas, bayramni o‘zbekona ruhda o‘tkazishga harakat qilishadi.
Biz ham hamma bayramlarni nishonlaymiz. Bu yerdagi kalendarga mos kelmasa ham, o‘zmizga o‘zimiz dam e'lon qilamiz. O‘sha kuni xo‘jayinim ishga, bolalar esa bog‘cha va maktabga borishmaydi. Bolalar bilan aylangani chiqamiz. Istirohat bog‘i yoki ko'ngilochar markazlarga boramiz. Bolalar mazza qilib o‘ynashadi, keyin biron yerga borib tushlik qilamiz.
Bu yerda yana o‘zbek to'ylari juda chiroyli o‘tkaziladi. O‘zimizning barcha urf-odatlarimizni saqlagan holda, karnay-surnaylar, sozanda-yu raqqosalar, qo‘shiqchilar ansambllari bilan xuddi O‘zbekistondagidek qilib o‘tkaziladi. Amerikada bularning hammasi bor. Hattoki O‘zbekistondan qo‘shiqchilarni taklif qilayotgan oilalar ham bor. To‘ylarga asosan Otabek Mahkamov boshlovchilik qiladi. Nikoh oqshomi chog‘i milliy liboslarda, milliy ruhda chiroyli qilib kelin-salomlar o‘tkaziladi. To‘g‘risi, hali bu yerda o'zbekcha to‘yda mehmon bo‘lmadik, lekin o'zbeklarning to‘ylarini Youtube'da ko‘rib boraman. Ko‘rganimda, yuragim qandaydir boshqacha bo‘lib ketadi. Bu ham sog‘inch, ham faxr, ham shodlik tuyg'ulari bo‘lsa kerak. Chunki Toshkentimni yaxshi ko'raman.
Izoh qo‘shish