
Sochni parvarish qilish vositalari: yog'lardan tortib sеrum (zardob)gacha
Sochni parvarish qilish vositalarining zamonaviy assortimenti 20 yil oldin taqdim etilganlaridan farq qiladi. Ularni chalkashtirib yuborish juda oson. Suyuq vositani zardobdan qanday ajratish mumkin? Konditsioner va balzam o'rtasidagi farq nimada? Pomada va soch mumi bir xil narsami? Barcha savollaringizga javobni byuti-mahsulotlar bo'yicha qo'llanmamizda topasiz.
Konditsioner
Odatda shampundan keyin ishlatiladigan yuvib tashlanuvchi vosita. Konditsionerning asosiy vazifalari — sochlarning chigalini yechish va tarash jarayonini osonlashtirish, sochlarga silliqlik va yorqinlik bag‘ishlash, shuningdek, statikasini kamaytirishdir. Agar siz gidroksidli shampunlardan foydalansangiz, albatta konditsioner kerak, chunki u sochlarning PH-muvozanatini tiklaydi, konditsioner ishlatmasangiz, sochlar hurpayib, qurib qolgan ko'rinadi.
Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!
Balzam
Ko'pincha konditsioner bilan adashtirishadi. Aslida, bu mahsulotlarning maqsadi bir — tarashni osonlashtirish va sochlarning ko'rinishini yaxshilash — lekin balzam quyuqroq bo‘lib, tarkibi boy, shuningdek, u bir qator qo'shimcha vazifalarni bajaradi. Xususan, teri parchalarini muhrlaydi va namlik yo'qolishining oldini oladi. Shu sababli, balzam shikastlangan, ingichka va bo'yalgan sochlar uchun tavsiya etiladi, konditsioner esa oddiy va yog'li sochlar uchun ko'proq mos keladi.
Niqob
Turmaklashning issiq usullari, sochlarni bo‘yash, qattiq suv va hatto quyosh nurlari sochlaringizga katta zarar yetkazishi mumkin. Uzoq davom etgan kasallik, ortiqcha toliqish va stress holatlari ham sochlarga salbiy ta'sir ko'rsatadi: sochlar quriydi, uchlari gullaydi, rangi xira tortadi.
Agar siz shu belgilarni sezsangiz, demak, “og‘ir artilleriya”ni ishga solish payti keldi: niqoblar. Niqob — balzam yoki konditsionerdan ko'ra tarkibi boy va konsentratsiyalangan mahsulot. Ikki mahsulotdan birini niqob bilan almashtirishingiz shartmas. Uni tez-tez ishlatib ham bo‘lmaydi (aks holda siz sochingizni “charchatib” qo‘yishingiz mumkin). Niqoblar odatda haftasiga bir-ikki marta konditsionerli vositalar bilan almashtirgan holda ishlatiladi. Niqoblar soch tolasini chuqur oziqlantiradi, silliqlaydi va namlaydi, sochlarni vazmin va yorqin qiladi.
Gel
Turmaklashda ishlatiladigan mashhur vosita bo‘lib, odatda turmak shaklini “ushlash” uchun nam sochlarga surtiladi. Gel turli soch turmaklarini yaratishda ishlatiladi, lekin ko'pincha "ho'l sochlar" effekti uchun qo‘llaniladi. Geldan foydalanish juda oson: yuvgandan keyin sochlarga surtiladi va fen bilan yoki tabiiy ravishda quritiladi.
Gelning salbiy ta'sirlaridan biri — nozik sochlarni “og‘irlashtirish” qobiliyatidir. Shu sababli uni soch ildizlariga qo'llamaslik kerak, aks holda soch turmagi hajmini yo'qotadi. Agar sochingiz quruq bo'lsa, gel tarkibida spirt bor-yo'qligini tekshiring (aks holda siz sochlaringizni yanada quritasiz) va har doim gelni faqat nam sochlarga qo'llang. Bundan tashqari, gel sochlarda to'planishga moyil, shuning uchun vaqti-vaqti bilan yaxshilab tozalash uchun shampundan foydalanish kerak.
Sochni mahkamlovchi sprey (lak)
Turmaklashning yakuniy bosqichida ishlatiladigan yana bir mashhur mahkamlovchi vosita. Soch laklari orasidagi asosiy farq — fiksatsiya darajasidir. Sochlarni to'g'rilaydigan, yorqinlik va hajm bag‘ishlaydigan, sochlarni "kumush", "oltin" yoki "marvarid" changlari bilan qoplaydigan va hatto sochni yengil rangga bo'yaydigan laklar ham bor. Odatda laklar aerozol shaklida chiqariladi. To'lqin sochli turmakni yoki jingalak uslubni laksiz tasavvur qilish qiyin.
Zardob(serum)
Zardob “ikkisi birda” mahsulotdir: bir tomondan, sochlarni parvarishlaydi, shuningdek, turmak uslubini yaratishda yordam beradi. Zardoblar sochlarni silliq qiladi va ularni namlikdan himoya qiladi (noxush jingalaklar paydo bo'lishining oldini oladi), shuningdek, soch tolalarini qalinlashtiradi va ularga yorqinlik baxsh etadi.
Soch zardobi quyidagi hollarda tavsiya etiladi:
- sochlaringiz doim chigallashsa;
- sochlaringiz qattiq va quruq bo‘lsa.
- ko‘p vaqtingiz quyoshda o‘tsa;
- nam iqlimli hududda yashasangiz.
Zardobni ishlatishda muhimi – uni haddan tashqari ko‘p qo‘llamaslik. O'rta uzunlikdagi sochlar uchun kaftlar orasida isitilgan bir-ikki tomchi yetarli. Zardobni hech qachon soch ildizlariga surtmang, aks holda sochlaringiz tartibsiz holga keladi.
Soch suyuqligi (flyuid)
Yuvib tashlanmaydigan vosita. Zardobdan kremsimon tarkibi bilan farq qiladi, gullagan sochlarga mo'ljallangan. Flyuid suyuqligi g'ovaklikka qarshi (soch tolasi ichidagi bo'shliqlarni to'ldiradi), hurpayishga qarshi (teri parchalarini silliqlaydi), quruq va shikastlangan sochlarni oziqlantiradi (tarkibidagi vitaminlar va oqsillar yordamida). Zardob singari, flyuid suyuqligi ham oz-ozdan qo'llaniladi: qancha kam bo'lsa, shuncha yaxshi.
Sochlar uchun muss ("ko'pik")
Tarkibi yengil bo‘lgan ushbu vosita nozik va jonsiz sochlarga hajm berish yoki qattiqroq qilish uchun ishlatiladi. Mussning asosi sintetik qatron bo‘lib, u soch tolalarini qoplab, ularni mustahkamlaydi va qalinlashtiradi. O‘ta yengilligi tufayli muss barcha turdagi sochlarga mos keladi. Muss standart sxema bo'yicha ishlatiladi: mussni nam sochlarga taqsimlab surting, so‘ng tabiiy ravishda quriting (tabiiy ko‘rinishi uchun) yoki fen yordamida quriting (turmagingiz tekis chiqishi uchun).
Agar soch turmagi siz xohlaganday chiqmasa, mussni tarab tashlash mumkin. Geldan afzalligi shunda.
Soch uchun pomada
Sochga yorqinlik va silliqlik baxsh etuvchi suv yoki mum asosidagi yog‘li mahsulot. Pomada necha o'n yillar mobaynida ishlatib kelinadi, ammo uning formulasi borgan sari yaxshilanmoqda. Ilgari sochni pomadadan tozalash uchun ko'p harakat qilingan, bugungi kunda esa osongina iliq suv bilan yuvib tashlanadi.
Pomada to'liq qurimaydi, ya'ni soch turmagini "yangilash" uchun uni kun davomida sochlarga qayta-qayta surtish mumkin. Ushbu mahsulot jingalak va qalin sochlar uchun ko'proq mos keladi, lekin u ingichka va kalta sochlarni “og'ir”lashtirishi mumkin.
Mum
Soch tolalarini kerakli holatda ushlab turuvchi quyuq vosita. Geldan farqli, mum yumshoq holatini saqlaydi va kuni davomida qurib qolmaydi. Quruq va mo'rt soch sohiblariga mum juda mos keladi.
Yaxshi natijaga erishish uchun ushbu vosita butunlay quruq sochlarga surtilishi kerak. U soch bo'yog'iga qaraganda uzoqroq turadi, uni yuvish osonroq.
Soch uchun loy (gil)
Tarkibi tabiiy loydan iborat nisbatan yangi byuti-vosita. Gil soch follikulalarini mustahkamlaydi, sochga hajm va hayotiy kuch bag‘ishlaydi, shuningdek, terining ortiqcha yog'ini o'zlashtiradi va bosh terisi holatini yaxshilaydi. Agar siz soch yorqinligiga qiziqsangiz, sizga gil to‘g‘ri kelmaydi: gil sochlaringizga jilosiz olijanob tus beradi.
Quruq shampun
Odatda kukun, sprey yoki muss shaklida ishlab chiqariladi. Juda tez quriydi, terining ortiqcha yog'ini va kirini o'zlashtiradi, keyin oson taraladi. Asosiy afzalligi — suv yo'qligida sochingizni "yuvish"ingiz mumkin. Quruq shampun teri va soch ildizlarini tozalashda oddiy shampundan qolishmaydi (ba'zan undan ham yaxshiroq) va sizga tozalik hissidan zavqlanish imkonini beradi.
Agar siz yaqinda sochingizni bo'yagan bo'lsangiz va bu jiloning umrini uzaytirmoqchi bo'lsangiz, quruq shampun — ajoyib yechimdir. Quruq shampun sayohat paytida juda qo‘l keladi. Agar soch turmagingizga tantanali tus bermoqchi bo‘lsangiz, soch ko'pigini quruq shampun bilan almashtirish mumkin.
Soch uchun moy
Bu sochlarni o‘rab oladigan, oziqlantiradigan va ularga parvarishlangan ko‘rinish beradigan yuz foizlik parvarish vositasidir. Odatda soch moyi faqat bir emas, balki tabiiy yog'larning butun majmuasidan iboratdir. Vositani nam sochlarga (ko'pincha uchlariga) surtiladi, lekin moyni soch niqoblariga qo'shish yoki kechasi qo'llash mumkin.
Issiqlikdan himoya qiluvchi vosita
Soch dazmoli, fen yoki jingalak qiluvchi qisqichdan deyarli hamma foydalanadi. Yaxshiki, issiqlikdan himoya qiluvchi vositani to‘g‘ri tanlab, termozararni kamaytirish mumkin. Bunday vositalar turli ko‘rinishda chiqariladi – sutsimon malham, krem, sprey, flyuid suyuqligi. Bular sochlarda ko'rinmas "qalqon" hosil qilib, soch tolalarini qattiq qizib ketishdan himoya qiladi.
Soch vositalarini sotib olayotganda, nimaga e'tibor berish kerak
Agar sochlaringiz mo'rt va quruq bo'lsa, vositaning tarkibida spirt bor-yo'qligiga alohida e'tibor bering. Spirtsiz vositalar sochlaringizni quritmagan holda turmagingiz shaklini mahkam ushlaydi.
Vosita tarkibida paraben bo'lmagani ma'qul. Bular sochni parvarishlovchi vositalarda juda ko‘p uchraydi, shu bois allergik reaksiyalar, hatto kontaktli dermatitni keltirib chiqarishi ham mumkin. Homilador ayollar mazkur vositalarni islatmasligi kerak, chunki bunday holat homilaning o'sishi va rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Agar siz hidlarga o'ta sezgir bo'lsangiz yoki allergiyaga moyil bo'lsangiz, neytral va yumshoq hidli mahsulotlarni tanlang. Yaqin odamingiz ham allergiyadan aziyat cheksa, yana shu qoidaga amal qiling. Ishontirib aytamizki, sochlaringiz hidni uzoq vaqt saqlab qolishga qodir, hatto siz ko'nikib qolib, hidni sezmay qolsangiz ham.
Izoh qo‘shish
Soch uchun juda foydali ma'lumotlar ekan , koʻp narsalarni bilib oldim, raxmat