
Shaxsiy biznesni qanday boshlash kerak: boshlovchi tadbirkorlar uchun bosqichma-bosqich qo'llanma
Biznes boshlash uchun barcha kerakli asosiy bosqichlardan o'tib, puxta tayyorgarlik ko'rilsa, muvaffaqiyatsizlikka uchrash xavfini minimallashtirish mumkin. Sizga biznesni noldan qanday boshlashni va qaysi jihatlarga e'tibor berish kerakligini aytib beramiz.
Biznesni nimadan qanday boshlash kerak?
Aniq harakatlar rejasi cheklangan byudjet bilan ham biznesni boshlashga imkon beradi. Keling, biznes boshlashning asosiy bosqichlarini ko'rib chiqaylik.
G‘oya
Hududingizdagi ommabop biznes imkoniyatlarini ko'rib chiqing, sizga va do'stlaringizga yaqin atrofda qanday tovarlar yoki xizmatlar etishmayotganini aniqlang. Masalan, oziq-ovqat yoki uy-ro'zg'or buyumlari do'konlari, dorixona, tez ovqatlanish kafesi. Hududni shaxsan o‘zingiz ko‘zdan kechiring yoki xaritada, masalan, 2gis.uz saytida o‘rganishingiz mumkin.
Biznes yo'nalishini tanlayotganda, quyidagilarni hisobga oling:
- tanlangan yo'nalishni boshlash uchun sizda bilim, qiziqish, yetarlicha vaqt va kuch bormi?
- qanday yakuniy natijaga erishmoqchisiz, masalan, nom chiqarish, yuqori foyda olish, o'zini-o'zi yuzaga chiqarish.
- g'oyani ishga tushirish uchun boshlang'ich kapital yetarlimi?
Bozor va maqsadli auditoriyani tahlil qilish
Tahlil qiling:
- tanlangan sohada mazkur biznes-g'oyaga talab qanday? Kunning turli vaqtida, hafta davomida raqobatchilarning muassasalariga boring, mijozlar oqimini kuzating;
- g‘oya faslga bog‘liqmi, masalan, yozda qahvaxonalarda issiq choy yoki qahvani kamroq sotib olishadi; yozda “sovuq” menyuga moslashish kerak;
- hududda raqobatchilar ko'pmi, ularning kuchli va zaif tomonlari nimada? Masalan, raqobatchi kafeda bonus kartasi, kun menyusi, birinchi tashrif buyuruvchilar uchun chegirma bor, lekin ofitsiantlar yetarli emas yoki assortiment juda tor;
- o'rganilayotgan mahsulotning raqobatchilardagi narxlari ro'yxatini tuzing, assortimentini baholang. Masalan, siz uy piroglari tayyorlash uchun novvoyxona ochmoqchisiz. Raqobatchilaringiz tayyorlagan shirinlikning nachinkasi qanday, narxi qancha ekanligini aniqlang;
- maqsadli auditoriyani, ya'ni siz biznes-g'oya sifatida tanlagan tovar yoki xizmatga talabgor bo‘ladigan mijozlarni aniqlang, raqobatchilarning mijozlari bilan suhbatlashing, ularga nima yoqadi-yu nima yoqmasligini bilib oling.
Bunday izlanish mahsulotga bo'lgan talab darajasini aniqlashingiz va biznesni noldan qanday boshlash mumkinligini tushunishingizga yordam beradi.
Biznes-reja
Biznes-reja – bu biznesning kelgusi yillardagi rivojini bosqichma-bosqich tavsiflovchi hujjat. Bu reja tadbirkorga biznesni nimadan boshlash kerakligini, istiqboli qanday ekanini, u yoki bu bosqichda nima qilish mumkinligini tushunishga yordam beradi. Agar kompaniyangizni rivojlantirish uchun kredit olmoqchi bo‘lsangiz, biznes-reja albatta kerak bo‘ladi – investor yoki bankirlar rejangizni o'rganishadi.
Biznes-rejaning asosiy nuqtalari:
Biznes-reja bo‘limlari | Tavsifi |
Kirish | Qanday biznesni ishga tushirmoqchisiz, qanday maqsadda va qancha muddatda amalga oshirishni rejalashtirayapsiz? |
Mahsulot tavsifi | Bu mahsulot nimaga kerak, raqobatchilar mahsulotidan farqi, narxi nimaga bog‘liq? |
Mahsulotga talab tavsifi | Atrofda qancha shunga o'xshash biznes yuritilgan, mijozlari qancha, iste'molchilarning qiziqishi oshadimi (agar bu mutlaqo yangi biznes-g'oya bo'lsa)? |
Marketing rejasi | Biznesingizni qanday va qayerda reklama qilasiz: ko'chalarda bannerlar, ijtimoiy tarmoqlarda reklama; mijozlarni qanday jalb qilasiz, masalan, chegirmalar, bonus kartalari |
Tashkiliy tizim | Biznesni qanday rasmiylashtirasiz, qancha xodim yollaysiz? |
Mablag‘ | O'z kapitalingiz bilan ish boshlaysizmi yoki mablag' to'plashingiz kerakmi? Ish boshlash uchun, keyinchalik har oy qancha pul sarflanadi (ish haqi, soliqlar, biznesning kundalik xarajatlari); qancha foyda olishingiz mumkin? Boshlang'ich sarmoya qancha vaqtda qoplanadi; foyda keltirmagan holda majburiy xarajatlarni qoplash uchun biznes kamida qancha pul keltirishi kerak – zarar ko‘rmaslik chegarasini hisoblab chiqing |
Xavf-xatar omillari | Taxminiy xavfli holatlarni va ularni bartaraf qilishning 2-3 xil usulini yozing. Misol uchun, xodim ishdan bo'shadi. Zudlik bilan boshqasini ishga olish uchun kadrlar zahirasini yarating. |
Biznesni ro'yxatdan o'tkazish
Qonuniy faoliyat yuritish uchun biznes ro'yxatdan o'tgan bo'lishi kerak. Ro'yxatdan o'tkazishdan oldin, ushbu jarayon shakllarining afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganing.
Kichik va o'rta biznes uchun qaysi shakl mos keladi:
- o'z-o'zini band qilish – jismoniy shaxs o'ziga ishlab, boshqa xodimlarni jalb qilmaydi. O‘zini ish bilan ta'minlagan tadbirkor nima qilishi mumkinligi qonun bilan belgilangan;
- yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) - yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy shaxsdir. Yakka tartibdagi tadbirkor xodim yollashi mumkin, lekin besh kishidan oshmasligi kerak. YTT nima qilishi mumkinligi ham qonunda ko'rsatilgan;
- xususiy tadbirkorlik (XT) - biznes egasi o'zi ish yuritadi va bu lavozimga boshqa shaxsni yollay olmaydi. Xususiy korxona tijorat tashkiloti hisoblanadi, faoliyat turi bo‘yicha cheklovlar yo‘q;
- oilaviy korxona (OK) - faqat bitta oila a'zolaridan iborat yuridik shaxs. Ishtirokchilarning minimal soni - 2 kishi;
- mas'uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) – faoliyat turi cheklanmagan yuridik shaxs. 1 tadan 50 tagacha ishtirokchi ochishi mumkin.
Soliq, hisobot va jarimalar biznes yuritish shakliga bog'liq.
Biznes uchun bino
Qanday binoni tanlash biznes-g'oyaga bog'liq. Masalan, kichikroq oziq-ovqat do'koni uchun shaharning aholi zich yashaydigan joylari mos keladi. Aksariyat aholi o‘sha yerda to‘plangan, ijara narxi ham markazdagiga nisbatan arzonroq.
Xonani tanlashda quyidagilarni baholang:
- hududning qiyofasi, u yerda piyodalar ko‘pmi, yaqin atrofda jamoat transporti bekatlari yoki odamlar ko‘p bo‘lgan joylar bormi: savdo markazlari, maktab, poliklinika, yirik ofis binolari;
- avtoturargohga qulay kirish joyi bormi, kelib-ketuvchilarning mashinalari uchun joy yetarlimi;
- bino va xonalarning holati, qanday ta'mirlashni amalga oshirish kerak: joriy ta'mirlashmi yoki kommunikatsiyalarni to‘liq almashtirishdan ish boshlash kerakmi?
- ijara haqi qancha va yana qanday shartlar mavjud: oldindan beriladigan pul, kommunal to‘lovlar va boshqalar.
Xodimlar
Xodimlarni tanlashda nomzodning ish tajribasi va ko'nikmalarini hisobga olish kerak. Har bir xodimning vazifalari va ularning mehnat sharoiti oldindan belgilanadi. Bo‘lajak xodimlarni do‘stlaringiz orasidan yoki maxsus saytlarda, masalan, Milliy bo‘sh ish o‘rinlari bazasida, Olx.uz yoki hh.uz saytlarida qidirishingiz mumkin.
Yetkazib beruvchilar
Yetkazib beruvchini tanlashda quyidagi mezonlar baholanadi:
- mahsuloti qancha turadi, oldindan to'lov yoki buyurtma olingandan keyin to'lov qilinadimi?
- sinab ko‘rish uchun mahsulotlaridan namuna taqdim etadimi?
- mahsulotining fotosuratlari va tavsiflari aks etgan veb-sayti bormi?
- sifat sertifikatlari bormi?
- mahsulotni yetkazib berish sxemasi qulaymi, masalan, buyurtma qilishdan yetkazib berishgacha qancha vaqt o‘tadi, qilingan buyurtmadagi mahsulotni almashtirish mumkinmi, buyurtmani bekor qilish yoki boshqa muddatga o‘tkazish mumkinmi, yetkazib beruvchi ma'lum bir mahsulotni ishlab chiqarmay qo‘ygani haqida xabarni qanday beradi?
- talabga javob bermaydigan mahsulot keltirilganida, muammo qanday hal qilinadi?
Yetkazib beruvchini distribyutorlar orqali, Internetda, do'stlaringizdan so'rab yoki raqobatchilardan ehtiyotkorlik bilan so‘rab topishingiz mumkin. Shuningdek, o'zingiz yoqtirgan mahsulotning yorliqlarini o'rganishingiz mumkin, ularda yetkazib beruvchi haqidagi ma'lumotlar mavjud, u bilan bevosita bog'lanishingiz mumkin.
Brend va savdo belgisi
Brend – kompaniyaning yuzi demakdir. Bu belgi iste'molchilarda ma'lum bir taassurotni yaratishga imkon beradi.
Shaxsiy tovar belgisini ishlab chiqish va shu orqali tanilishga erishish uchun siz:
- Kompaniyangiz missiyasi va qadriyatlarini belgilang.
- Raqobatchilarni tahlil qiling va biznesingiz nimasi bilan yaxshiroq ekanini aniqlang.
- logotip – o‘ziga xos savdo belgisini ishlab chiqing.
- Shior – “biznesdan murojaat iborasi”ni o 'ylab toping.
Brend individual bo'lishi kerak, faqat sizning biznesingiz uchun mos bo‘lishi kerak. Tasvir va ranglar palitrasini o'ylab chiqish muhim. Belgi ko'zga tashlanishi, esda qolishi lozim, lekin asabga tegmasligi yoki raqobatchilar brendlariga o'xshamasligi kerak.
G'oyani ishga tushirish va sinab ko'rish
Bu – talab darajasini amaliy baholash hamda ilgari hisobga olinmagan xatolarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan majburiy bosqichdir. Biznes g'oyasini ishga tushirgandan keyin ham takomillashtirishingiz mumkin.
G‘oyani (masalan, oziq-ovqat do'koni ochish g‘oyasini) qanday sinab ko'rish mumkin:
- bir nechta yetkazib beruvchini tanlab, ulardan kichik miqdorda mahsulot xarid qiling. Olib kelishda tejash uchun yaqinroqda ishlaydiganlarni yoki bepul yetkazib beruvchilarni tanlang;
- tovarlar assortimentini yig'ing, bitta narsa bilan to'xtamang. Masalan, uzoq saqlash muddatiga ega bo'lgan donli mahsulotlar, yog‘, un va shakar sotishni boshlab, tez buziladigan mahsulotlarni, masalan, sut mahsulotlarini qo'shishingiz mumkin.
- sinov paytida reklamaga ko'p mablag' sarflamang. Oddiyroq variantlardan boshlang: ochilish kuni eshikka sharlar ilib qo'ying yoki oynalarga do'kon ochilishi haqidagi ma'lumotni yopishtiring, do'stlaringizni taklif qiling yoki ijtimoiy tarmoqlarda do‘kon ochilishi haqida xabar bering.
Ish boshlash uchun pulni qayerdan olish kerak
Agar to'plagan mablag‘ingiz bo'lmasa, unda quyidagi amallarni bajarishingiz mumkin:
- shaxsiy mulkni sotish: avtomobil, dacha va boshqa mulk;
- bankdan kredit olish. Masalan, “Kapitalbank”dan. Buning uchun sizga biznes-reja kerak bo'ladi;
- grant yutib olish. Buning uchun IT-Park yoki Innovatsiyalar vazirligiga ariza topshirishingiz kerak. Sizga biznes-reja kerak bo'ladi;
- investor yoki venchur fondini jalb qiling: g‘oyangizni taklif qiling, biznes- rejangizni ko‘rsating, investor roziligini oling, g‘oya uchun pul oling va biznesni boshlaganingizdan so‘ng foydadan haq to‘lang.
Biznesni rivojlantirish va rag'batlantirish
G'oya ishlayotganiga, ijobiy natija berayotganiga, dastlabki investitsiya qoplanganiga, qarzlar yo'qligiga ishonch hosil qilganingizdan so'ng, biznesni kattalashtirish yoki rivojlantirishni boshlashingiz mumkin.
Nima qilish mumkin:
- maydonni kattalashtirish, masalan, bir nechta stolli qahvaxona bo'lsa, qo'shimcha o'rin uchun mebel sotib olish yoki kattaroq xonani ijaraga olish;
- assortimentni kengaytirish, masalan, agar ilgari faqat pirog sotilgan bo'lsa, tortlarni qo'shish;
- yangi qo'shimcha uskunalar sotib olish, masalan, qahvaxonaga quyma muzqaymoq mashinasini o'rnatish;
- xodimlarni ko‘paytirish, masalan, go'zallik saloniga yana bitta manikyurchi yoki sartaroshni yollash.
Tekshirish ro'yxati (chek-list): biznesni noldan boshlash uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak
- byudjetni aniqlash;
- byudjetga mos g'oya topish;
- g‘oyaga bo‘lgan talabni tahlil qilish;
- bo‘lajak mijozlar kimligini, ular nimani xohlashini aniqlash;
- raqobatchilarni tahlil qilish;
- biznes-reja yozish;
- biznesni ro'yxatdan o'tkazish;
- joy, xodimlar, yetkazib beruvchilarni qidirish, uskuna sotib olish (agar kerak bo'lsa);
- g‘oyani sinab ko‘rish;
- foyda olib, biznesni rivojlantirish haqida o'ylash.
Izoh qo‘shish
Бизнес режа тузиш
Бизнес режа тузиш
Erınmay öqıb chıqdım toğrı maslahatlar uchun rahmat