bosh sahifa / Sarflash va tejash / Sayohat kartasi: chet el sayohati uchun bank kartasini qanday tanlash kerak
Yangilanish sanasi: 26.08.2024

Sayohat kartasi: chet el sayohati uchun bank kartasini qanday tanlash kerak

Har yili millionlab O'zbekiston fuqarosi chet elga turli maqsadlarda - ishlash, sayyohlik va hokazo uchun bormoqda. Hozirda bunday safarlar xalqaro sayohat kartasisiz mumkin bo‘lmay qoldi. Turar joy, oziq-ovqat, xaridlar uchun to‘lovni oson amalga oshirish, valyuta konvertatsiyasi, naqd pul yechib olish va boshqa operatsiyalarda pul yo‘qotmaslik uchun chet elda foydalaniladigan to‘g‘ri kartani tanlang. Qanday karta sayohat uchun qulay? Mavzuni batafsil tahlil qilamiz.

Chet elda foydalanish uchun bank kartasiga qo'yiladigan asosiy talablar

Chet elda ishlatiladigan karta quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

  • Xalqaro karta bo'lishi kerak. Kartani rasmiylashtirayotganda, ushbu masalaga  aniqlik kiritish kerak. Faqat mamlakat ichida foydalanishga mo‘ljallangan tariflar ham  bor. Bunday kartalardan chet elda foydalanolmaysiz.
  • Ishonchli bank. Faqat yuqori reytingga ega ishonchli moliyaviy tashkilotlarga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.
  • Optimal xalqaro to'lov tizimi. Eng ma'quli – Visa kartalari (Amerika tizimi, dollarga konvertatsiya qilinadi) va Mastercard (Yevropa tizimi, yevroga konvertatsiya qilinadi). Bunday to'lov tizimlarining kartalari dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qabul qilinadi, ammo noqulay holatlarga yo'l qo'ymaslik uchun sayohatdan oldin bankda buni aniqlashtirib oling.
  • Plastik karta nomingizga ochilgan bo‘lishi kerak. Embossirlangan karta rasmiylashtirganingiz ma'qul (bo‘rtma harflar bilan yozilgan ism, familiya va raqam o'chib ketmaydi). Kartadagi ma'lumotlar chet el pasportidagi ma'lumotlarga mos kelishi kerak.
  • Xavfsizlik. Firibgarlar har bir mamlakatda bor.  Aynan sayyohlar ulardan ko‘pincha aziyat chekishadi. Aldov usuli turlicha bo'lishi mumkin, shuning uchun xavfsizlik chorasini ko‘rib qo‘yish kerak. Bank karta operatsiyalarini kuzatish xizmatini; shubhali operatsiya paytida yoki yo'qolganida kartani bloklash xizmatini taklif qilishi kerak. Uzzu-kun amalga oshiriladigan onlayn-yordam xizmati bo'lishi kerak. Chipli va kontaktsiz to'lov qobiliyatiga ega karta tanlashni tavsiya etamiz.
  • Onlayn-banking. Bu - bank veb-sayti yoki qulay mobil ilova bo'lishi mumkin. Muhimi – hisobingizdagi mablag‘ni Internet orqali boshqarish imkoniyatiga ega bo'ling.

O‘zbekistonda sayohat uchun faqat debet kartalarini rasmiylashtirish mumkin. Ushbu jihatni hisobga olgan holda, sayohat byudjetini oldindan rejalashtirish kerak, chunki kredit limitini ochish va bankdan tezda qarz olish mumkin bo'lmaydi.

Eslatma: HUMO va Uzcard milliy kartalari xorijda ishlamaydi. Ammo ba'zi banklar ikkita to'lov tizimining qo'shma kartalarini chiqaradi - masalan, Uzcard Visa, HUMO Mastercard. Bunday kartalar chet elda muammosiz qabul qilinadi, ya'ni ko'rsatilgan to'lov tizimlari ishlaydigan davlatlarda. Universal kartalarning qulayligi shundaki, hisobdan hisobga pul oʻtkazish shart emas: bitta kartadan Oʻzbekistonda ham, xorijda ham foydalanishingiz mumkin, konversiya avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

Qo'shimcha bonuslar

Asosiy imkoniyatlaridan tashqari, sayohat kartasi bir qator qo'shimcha bonus va imtiyozlarga ega bo'lishi mumkin:

  • Keshbek. Hamkor do'konlarda har bir xarid uchun kamida 1% olsangiz ham, chet elga sayohatingiz davomida tuzukkina miqdorda keshbek yig'ishingiz mumkin.
  • Qoldiq bo'yicha foizlar. Pul ishlashi kerak - va agar hisobingizdagi mablag' qoldig'idan foiz beradigan xalqaro karta olgan bo‘lsangiz, juda yaxshi.
  • Bonuslar, sodiqlik tizimi. Banklar mijozlarga turli shartlar taklif qiladilar: xaridlar uchun ball, bepul sug'urta, “mil” to‘plash (kelajakda ulardan bepul parvoz uchun foydalanish imkoniyati mavjud) va boshqa ko'plab bonuslar. Sizga mos keladiganini tanlang.

Chet elda karta orqali to'lov qanday amalga oshiriladi?

Qanday xalqaro karta tanlanganingizdan qat'iy-nazar, chet elda to'lov elektron to'lov tizimi yordamida amalga oshiriladi. Tranzaktsiya summasi joriy kurs bo'yicha avtomatik tarzda mahalliy valyutaga aylantiriladi. Buning uchun qo'shimcha harakat qilishingiz shart emas.

Muayyan mamlakat, bank va boshqa omillarga ko‘ra, to‘lovni tasdiqlash uchun PIN-kod va hatto pasport talab qilinishi mumkin. Shuning uchun chet elda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatni doim yoningizda olib yurishni tavsiya etamiz. Boshqa murakkabliklar yo‘q: terminal orqali pulni to'laysiz, konvertatsiya esa avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Chet elda to'lov uchun kartani qanday ochish mumkin?

Jarayon oddiy, boshqa bank kartalarini rasmiylashtirishdan farq qilmaydi. Bajariladigan amallar:

  • Talabga javob beradigan, qulay tariflarni taklif qiladigan va xalqaro kartalarni ochadigan bankni tanlang.
  • Quyidagi hujjatlar bilan bankka boring: shaxsni tasdiqlovchi hujjat, JShShIR va ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi hujjat. Boshqa hujjatlarni ham talab qilishlari mumkin - aniq ro'yxatni tanlagan bankingizda bilib olasiz.
  • Bank mutaxassisi bilan uchrashuvda, hujjatlarni taqdim etasiz va karta uchun ariza to'ldirasiz. Xalqaro hisobvaraq ochish pulli xizmat bo'lib, xizmat narxi tanlangan bank, to'lov tizimi, tarif va boshqa omillarga bog'liq.

Odatda arizani ko'rib chiqish, kartani chiqarish va arizachiga topshirish uchun 5 ish kunigacha vaqt ketadi. Karta birinchi to'ldiruvdan so'ng faollashadi. Ba'zi banklarda sayohat uchun virtual debet kartasini olishingiz mumkin - sizda hisob qaydnomasi bo'ladi, lekin jismoniy vositaga ega bo'lmaysiz. Chet el sayohati uchun bu – o‘ta ishonchli usul emas, lekin xavfsizlik ma'nosida shunday qilish mumkin.

Tajribali sayyohlar nimani tavsiya qiladi?

Sayohat debet kartangiz ishonchingizni oqlashi, muammo tug'dirmasligi yoki ortiqcha sarf-harajat keltirib chiqarmasligi uchun quyidagi qoidalarga amal qiling:

  1. Agar dollarda toʻlov qilinadigan davlatga boradigan boʻlsangiz, Visa kartasini oling, Yevropaga sayohati uchun Mastercardni tanlagan maʼqul. Shunda uch karra konvertatsiya qilishdan qutulasiz va uncha-muncha pulni tejab qolasiz.
  2. Kartangizga birdaniga katta miqdorda pul qo‘ymang. Zarur bo'lgandagina kerakli miqdorni asosiy hisobingizdan unga o'tkazing – onlayn-banking yoki mobil ilova orqali. Kartangiz yo'qolsa yoki karta ma'lumotlari firibgarlarga ma'lum bo'lib qolsa, shu tariqa mablag‘ingizni saqlab qolishingiz mumkin.
  3. Imkoni bo'lsa, turli to'lov tizimlaridan ikkita karta oling - Visa va Mastercard. Ham foydali, ham qulay bo‘ladi: agar siz birini yo'qotsangiz, ikkinchisi qo‘lingizda qoladi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, savdo shoxobchalari ma'lum to‘lov tizimining kartalarini qabul qilmay qoladi. Kartangiz bir nechta bo‘lsa, noqulay holatga tushmaysiz.

Shuningdek, tajribali sayyohlar doim yoningizda mahalliy valyutada ozgina bo‘lsa ham naqd pul olib yurishni maslahat berishadi.

Xulosa: qaysi karta yaxshiroq?

Qaysi bank kartasi sayohat uchun yaxshiroq ekanini aniq aytish qiyin. Eng qulay tarifni faqat o‘zingiz tanlanishingiz kerak, asosiy omillarni hisobga olgan holda:

  • qaysi davlatga ketayapsiz, u yerda qanday valyuta ishlatiladi;
  • naqd pul yechib olasizmi;
  • bankning ilovasi bormi, siz onlayn-banking xizmatidan foydalanishni rejalashtirayapsizmi yoki faqat terminal orqali to'laysizmi?

Sayohat kartasini diqqat bilan tanlang. Turli banklarning takliflarini o‘rganib chiqing, imtiyoz va kamchiliklarini baholang, xizmat narxini aniqlang. Turli banklarning xilma-xil takliflarini o‘rgangan holda qilingan tanlov sayohat maqsadiga mos keladigan, o‘zingizga ma'qul variantni topishga imkon beradi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments