
Moliyaviy odatlar: shokolad do‘koni egasi — shaxsiy xarajatlar, dam olish uchun jamg‘armalar va tejash usullari haqida
“Moliyaviy odatlar” ruknida O‘zbekiston aholisi shaxsiy yoki oilaviy byudjetni qanday shakllantirishi, bank mahsulotlaridan qanday foydalanishi va pullarni qanday boshqarishi haqida so‘zlab beradi.
Byudjetni shakllantirish
— Oilada turmush o‘rtog‘im ikkimiz ishlaymiz, ular ham tadbirkor. Daromadimiz alohida. Ikkimiz ham o‘z mulkimiz, biznesimizga ega bo‘lib, ancha ulg‘aygan yoshda turmush qurganimiz sababli, ikkimiz ham o‘z ehtiyojlarimizni o‘zimiz qondira olamiz. Lekin daromadimizning ma'lum bir qismini umumiy xarajatlarga — dam olish, o‘yin-kulgi, uy uchun ajratamiz.
Daromadim oyiga 50 mln so‘mni tashkil etadi. Har oyda daromadimning 10 foizini cherkovga xayriya qilaman, shuningdek, pul jamg‘arib boraman: dam olish va o‘yin-kulgi uchun 5 foiz ajrataman (jamg‘armalar haqida batafsil ma'lumot maqola oxirida — muharrir izohi).
Shaxsiy moliyaviy tahlil uchun ikki yildan beri Monefy mobil ilovasidan foydalanaman. U men ajratgan va guruhlagan 10 ta xarajat toifasini — oziq-ovqat, kiyim-kechak uchun har oylik xarajatlarni foiz nisbatida ko‘rsatadi. Ilovani tejash uchun emas, balki har oyda nimaga e'tibor qaratganimni tushunish va xarajatlarni tahlil qilish uchun ishlatishni boshladim. Masalan, o‘tgan oyda kiyim-kechak uchun odatdagidan ko‘proq pul sarfladim. Agar hozir biror kiyim sotib olgim kelsa, bunday qilmaganim ma'qul, degan fikr keladi — hammasini xotirjam va oqilona bajaraman.
Muntazam xarajatlar
Oziq-ovqat. Ovqat tayyorlashni yaxshi ko‘rganim va oilamning ovqatlanishiga katta e'tibor berishim sababli bozorlikni doim o‘zim qilaman. Men uchun qadoqni o‘qish, yaroqlilik muddatini tekshirish, mahsulotlarni baholash juda muhim. Shuning uchun barra sabzavotlar, mevalarni yonimizdagi do‘konchadan yoki uyimdan besh daqiqalik yo‘lda joylashgan supermarketdan xarid qilaman. Yaqinda birinchi marta mahsulotlarni onlayn yetkazib berishga buyurtma qildim, bu ham men uchun bir tajriba bo‘ldi. O‘zim uchun ba'zi narsalar, masalan, kir yuvish kukuni yoki shunga o‘xshash mahsulotning tashqi ko‘rinishi muhim bo‘lmagan va o‘zim o‘rgangan brendlarni onlayn buyurtma qilish qulay, degan fikrga keldim. Sabzavotlar, mevalar, ko‘katlarni esa, menimcha, o‘zimiz tanlaganimiz ma'qul, harqalay.
Ancha vaqtdan beri supermarketlar beradigan kartochkalardan foydalanaman. Ilgari ularga ishonmasdim, lekin bonusim yuz mingdan ortib, bepul bir pachka pampers olganimdan keyin (o‘sha paytda qizim hali go‘dak edi) juda xursand bo‘ldim. O‘shandan beri sodiqlik dasturlaridan foydalanaman.
Kommunal xizmatlar. Bularga to‘lov tizimi ilovasi orqali to‘layman, unda “uy” yorlig‘im bor. Kvartira uchun to‘lovlar har doim onlayn rejimda ko‘rsatilishi qulay: balans qanday, to‘lov uchun qancha yetmayapti. Ba'zi belgilangan to‘lov summasiga ega xizmatlarni bir yilga oldindan to‘lab qo‘yaman — unutmaslik uchun. Elektr va suvga to‘lash uchun esa muntazam ravishda ma'lum summani tashlab turaman — mavsumga qarab balansda 200-500 ming ushlab turaman. Mablag‘ tugaganda, hisobni to‘ldirish kerakligi haqida SMS xabar keladi.
Transport. Men uchun eng qulay transport shaxsiy avtomobildir. Undan tashqari “Yandex.Taksi”, MyTaxi ilovalaridan foydalanaman. Taksida kartadan foydalanishni ma'qul ko‘raman: uni servis ilovasiga ulab qo‘yaman va yo‘l haqi avtomatik ravishda to‘lanadi. Transportga o‘rtacha byudjetning 5-7 foizi sarflanadi: bir oyda 2%, boshqa oyda esa — 10%, agar shinalarni almashtirgan yoki texnik xizmatdan o‘tgan bo‘lsam.
Bunda men uchun eng yaxshi tejash usuli — xizmat ko‘rsatish va ta'mirlashni bu sohani yaxshi biladigan odamga ishonib topshirishdir. Mashinani o‘zim texnik xizmat ko‘rsatishga olib borganimda, juda qimmatga tushgan edi. Ammo bu masala bilan turmush o‘rtog‘im shug‘ullana boshlagach, texnik ko‘rik uch barobar arzonroq, ehtiyot qismlar va moy almashtirish sifatliroq bo‘lgandi.
Go‘zallik. O‘zingizga yoqadigan bitta sartaroshga borish go‘zallik sohasidagi eng yaxshi tejamkorlikdir. Bu borada juda konservativman. Ko‘p yillardan beri boradigan sartaroshim va sevimli salonim bor. Yangilik qilishni yoqtirmayman va to‘g‘ri parvarish hamda tavsiyalar bera oladigan mutaxassislar xizmatidan foydalanishni afzal ko‘raman.
Kosmetikani do‘kondan sotib olaman, onlayn buyurtma berishim yoki sayohat qilganimda chet eldan sotib olishim mumkin. Duty Free'da bularni deyarli standart narxda sotib olish mumkin — O‘zbekistonda ba'zi brendlar juda qimmat yoki shunchaki yo‘q.
Kiyim-kechak. Har yili garderobimni tartibga keltiraman: kiyimim qancha ko‘p bo‘lsa, tanlov shunchalik qiyin bo‘ladi. Menga shunchaki o‘zimmasiga yoqadigan 10 ta ko‘ylak bo‘lsa, bo‘ldi. Ko‘ylaklarim 15 ta bo‘lib qolsa, tanlash ham qiyinlashib ketaveradi. Xarid qilish uchun multibrend do‘konlarni afzal ko‘raman, bu yerga 3−4 oyda bir marta borib, birdaniga kiyim va poyabzal topish va bir joydan 2−3 xil obraz sotib olish mumkin.
Internetda kiyim buyurtma qilmayman, chunki narsalarni ushlab, kiyib ko‘rishni yaxshi ko‘raman. Singlim esa butun oilasini, to‘rt farzandini onlayn kiyintira oladi — yana hamma narsalari, hatto poyabzali ham mos keladi. Buni qanday uddalaydi, bilmayman. (Kuladi.) Uning mahoratiga, onlayn xarid qilish qobiliyatiga qoyil qolaman.
Katta va yillik xarajatlar
Ta'lim. Men juda ko‘p narsalarni o‘rganaman: qandolatchi sifatida ham, umuman biznes bo‘yicha ham. Ta'limga byudjetning o‘rtacha 15−20 foizini sarflayman. Bundan tashqari, katta xarajatlarsiz o‘qish uchun juda ko‘p imkoniyatlar, ko‘plab bepul kurslar mavjud — menga o‘xshab ulardan boshlashingiz mumkin. Keyinchalik esa, qanday kurslar foydali, qandaylari foydali emasligini tushunish, netvorking va muloqot orqali turli imkoniyatlar topishingiz mumkin.
Yaponiya va Amerikaga grant dasturi bo‘yicha o‘qishga bordim: xarajatlarning 10-20 foizini o‘zim to‘ladim, qolganini esa grant qopladi. Bu unchalik qiyin emas — institutga grant olish qiyinroq. Insho yozish, mantiqiy va boshqa vazifalarni yechish, niyat, maqsad va tajribangizni ko‘rsatishingiz kerak. UJC O‘zbekiston-Yaponiya markazi va Uzbekistan Business Leaders Program (UBL) orqali o‘qidim. Yoshlar uchun sarmoya kiritishga tayyor ko‘plab fondlar mavjud bo‘lib, bu rivojlanish uchun ajoyib — bepul yoki qisman to‘lanadigan imkoniyatdir.
Sovg‘alar. Kimga va nima sovg‘a qilishni oldindan o‘ylab qo‘yaman, aytaylik, Yangi yil uchun: ko‘pincha maxsus sovg‘a buyurtma qilish yoki olib kelish, xarajatlar uchun mablag‘ ajratish kerak. Oktyabr oyidan sovg‘alar xaridini rejalashtirishni boshlayman — oxirgi fursatda do‘konlarda yurishni yoqtirmayman. Narxlar ham arzonroq bo‘lishi mumkin. Shunaqa voqea bo‘lgan: Yangi yilga brend sumka sotib olmoqchi edim. Oktyabr oyidan boshlab qayerda sotilishini, qancha turishini kuzatishni boshladim va chegirmalarni kutdim. Dekabrda bo'ladigan katta savdolarning birinchi kunida 33% arzonroq sotib oldim.
Katta xarajatlar. Oilamizda katta xarajatlar oldindan rejalashtiriladi, agar biror narsa sotib olish kerak bo‘lsa — pul jamg‘ariladi. Ya'ni daromadimizni bilamiz va pulning qancha qismi erkin ekanligini, qanchasi oylik xarajatlarga ketishini tushunamiz. Shundan kelib chiqib, turmush o‘rtog‘im bilan nimalarni bu oyda, nimalarni bir-ikki oydan keyin, nimalarni bir yildan so‘ng sotib olishimiz mumkinligini maslahatlashib olamiz.
Dam olish va o‘yin-kulgi
Sayohat. Sayohatni oldindan rejalashtirish va pul jamg‘arish imkoniyati bo‘lgani ma'qul. Men sayohatni olti oy, hatto bir yil oldin rejalashtirishga harakat qilaman va tavsiya etaman. Yil davomidagi jadvalimni taxminan bilaman. Dekabrda ish mavsumim bo‘ladi va ishda bo‘lishim shart, keyin yanvar boshida ishlamayman; iyul va avgust oylarida ham dam olishim mumkin. Yilning ana shu oylarini ta'tilga ajrataman.
Chiptalarni va mehmonxonalarni oldindan bron qilamiz, shunda ancha tejash mumkin. Sayohat sanasiga yaqin narxlar oshadi, eng arzon tariflar yopiladi. Shuningdek, ba'zi mehmonxonalarda erta bron qilish amal qiladi, bu ham xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi.
O‘yin-kulgi. Bizning oilaviy dam olishimiz — bu batutda sakrash, bouling o‘ynash, kulolchilik yoki rasm chizish bo‘yicha master-klassga borishdir. Toshkentda dam olish uchun har doim ham pul kerak emas. Parklarda arg‘imchoqlar va boshqa ko‘ngilochar tadbirlar mavjud, ko‘plab bepul konsertlar o‘tkaziladi, teatrga chiptalar ham arzon turadi. Yana bunday dam olish variantlarini topish mumkin bo‘lgan saytlar ham bor: biror joyga bormoqchi bo‘lsak, afisha yoki MyTicket saytiga kiramiz va nima borligini ko‘ramiz.
Jamg‘armalar va keshbek
Jamg‘armalar. Daromadimning 5 foizini dam olish va o‘yin-kulgiga ajratish odatim bor. Ilgari bunday odatim yo‘q edi, dam olish uchun vaqt topa olmasdim. Doimo muhimroq va shoshilinchroq ishlar borday tuyulardi, o‘yin-kulgi haqida ortiqcha pulim bo‘lganida o‘ylayman, derdim. Ammo ortiqcha pul hech qachon paydo bo‘lmasdi: men tadbirkorman, doim g‘oyalarim ko‘p, shuning uchun hamma mablag‘im biznesga ketardi. Hozir “dam olish rejasi”ni tuzganimdan so‘ng, hamma narsa o‘z joyiga tushdi, muvozanat paydo bo‘ldi. Ishim yanada unumliroq bo‘ldi, chunki dam olgan inson jamiyatga hamda mijozlarga faqat quvonch va foyda keltiradi.
Jamg‘arish uchun kartadan foydalanaman: unga pul o‘tkazaman va sarflamayman. Depozitlardan foydalanmayman: do‘stlarimdan so‘rab, o‘zim ham shartlarni ko‘rib chiqdim, lekin o‘zim uchun ma'qul variantni topa olmadim — shuning uchun hozircha shunday.
Keshbek. QR-kodli cheklar orqali keshbekni qaytarish uchun Soliqdan foydalanaman — yaqinda ishlata boshladim va jami 4 millionga yaqin pul yig‘dim. Bir million yoki besh yuz ming yig‘ilganida, yechib olishim mumkin. Soliqdan pulni birinchi marta bog‘ga borganimizda yechib oldim. Bugun tadbir homiysi soliq qo‘mitasi, deb hazillashdim. (Kuladi.)
Xulosa
Quyida qahramonimiz bilan suhbatning qisqacha mazmuni keltirilgan. Mariya tejash va jamg‘arish uchun foydalanadigan qoidalar va odatlar bilan bo‘lishamiz:
- kerakli paytda quvvatni tiklab olishga moliyaviy imkoniyat bo‘lishi uchun daromadning 5 foizini dam olishga ajratish;
- do‘konlarning sodiqlik kartalaridan foydalanish;
- ortiqcha to‘lamaslik va sifatli xizmatdan foydalanish uchun avtomobilning TXKni masalani yaxshi tushunadigan odamga ishonib topshirish;
- Toshkentda bepul dam olish variantlarini shahar afishasi saytlari orqali topish;
- o‘qishni bepul kurslardan boshlash va qo‘shimcha ta'lim xarajatlarini kamaytirish uchun grantlar masalasini o‘rganish;
- sovg‘alarni oldindan xarid qilish, ayrim sovg‘alarni katta savdo davrida sotib olish;
- sayohatni 6-12 oy oldin rejalashtirish, chiptalarni oldindan sotib olish va mehmonxonalarda erta bronlashdan foydalanish;
- Soliq'da cheklarni skanerlash va keshbek olish.
Izoh qo‘shish