bosh sahifa / Sarflash va tejash / O‘zbekiston fuqarolari vizasiz qaysi mamlakatlarga tashrif buyurishlari mumkin
Какие страны граждане Узбекистана могут посетить без визы
Yangilanish sanasi: 29.05.2024

O‘zbekiston fuqarolari vizasiz qaysi mamlakatlarga tashrif buyurishlari mumkin

O‘zbekiston fuqarolari boshqa davlatlarga borish uchun mamlakatga kirish va uning hududida qolish uchun ruxsatnoma olishlari kerak. Bu huquqni beruvchi hujjat viza hisoblanadi. Odatda u sayohat rejalashtirilgan mamlakat konsulligi tomonidan beriladi. Vizada arizachining shaxsiy ma’lumotlari, shuningdek, amal qilish muddati va foydalanish shartlari haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Ammo o‘zbekistonliklarga kirish uchun viza talab qilmaydigan 30 dan ortiq davlatlar ham bor. Bugun shunday davlatlar haqida aytib beramiz, shuningdek, O‘zbekiston pasportining “kuchini” bilib olamiz.

Qanday viza rejimlari mavjud

Vizalarning har xil turlari mavjud. Oʻzbekiston fuqarolariga baʼzi davlatlar uchun viza kerak boʻlmasa, boshqalari uchun elektron viza yoki pasportiga toʻliq huquqli “stiker” olishlari lozim.

Viza olish zarurati va shartlariga qarab jami besh turdagi viza rejimini ajratish mumkin:

  • vizasiz rejim — boshqa davlat hududiga kirish va qolish uchun viza talab qilinmaydi;
  • tranzit viza — chegara punktidan o‘tishdan oldin xorijiy davlat hududiga kelganda viza olish kerak;
  • elektron viza — boshqa mamlakatga kirish vizasi onlayn ariza topshirilgandan so‘ng beriladi, bunda shaxsiy ishtirok etish talab qilinmaydi;
  • ETA (mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma) — asosan ingliz huquqiy tizimiga ega mamlakatlarda qo‘llaniladigan soddalashtirilgan elektron viza formati; bunday viza tezlashtirilgan tarzda masofadan beriladi va minimal hujjatlar to‘plamini talab qiladi;
  • viza rejimi — borilayotgan mamlakatning konsulligi yoki boshqa vakolatxonasida shaxsan olish kerak bo‘lgan viza.

Aksariyat hollarda, viza olish uchun faqat shaxsiy hujjatlarni taqdim etish va davlat bojini to‘lash kerak. Ammo AQSh, Kanada va Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari kabi baʼzi mamlakatlar vizaga ariza topshirishda, shuningdek, bank hisobvarag‘idan ko‘chirmalar, sug‘urta polisi va boshqa qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishni talab qiladi.

O‘zbekiston pasporti reytingi

Norasmiy “pasportlar kuchi reytingi” mavjud. Bunday eng nufuzli reytinglardan biri Henley & Partners xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan yuritiladigan ro‘yxat hisoblanadi. Undagi pasportlar hujjat egasiga vizasiz kirish huquqini beradigan mamlakatlar soni asosida tartiblanadi. Reytingda jami 200 dan ortiq kirish yo‘nalishlari hisobga olinadi. 2024-yilning birinchi choragidagi eng so‘nggi versiyasida Germaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Singapur va Yaponiya dunyodagi “eng kuchli” pasportga ega davlatlar sifatida tan olingan. Ushbu davlatlar fuqarolari vizasiz 194 ta yo‘nalishga sayohat qilishlari mumkin.

Reytingning bu versiyasida O‘zbekiston pasporti 80-o‘rinda joylashgan. 2024-yil mart oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 31 davlatga vizasiz kirishlari, yana 28 davlatga tranzit viza olishlari mumkin, 15 davlatga tashrif buyurish uchun esa elektron viza olishlari kifoya. Maqolamizda ushbu mamlakatlar haqida aytib beramiz.

Vizasiz rejimga ega mamlakatlar

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, dunyoning 31 mamlakatiga sayohat qilish uchun O‘zbekiston pasporti egasi viza olishi shart emas. Ushbu ro‘yxatga quyidagilar kiradi:

  • Antigua va Barbuda,
  • Armaniston,
  • Barbados,
  • Belarus,
  • Birlashgan Arab Amirliklari,
  • Dominika,
  • Eron,
  • Falastin,
  • Filippin,
  • Gaiti,
  • Gambiya,
  • Gruziya,
  • Keniya,
  • Kot-d'Ivuar,
  • Malayziya,
  • Mikroneziya,
  • Mo‘g‘uliston,
  • Moldova,
  • Namibiya,
  • Ozarbayjon,
  • Qatar,
  • Qirg‘iziston Respublikasi,
  • Qozog‘iston,
  • Rossiya,
  • Sent-Vinsent va Grenadin orollari,
  • Seyshel orollari,
  • Shri-Lanka,
  • Surinam,
  • Tailand,
  • Tojikiston,
  • Turkiya,
  • Ukraina.

Vizasiz kirish rejimi mamlakat hududida cheksiz vaqt qolish huquqini bermaydi. Qolish muddati 7-10 kundan 180 kungacha bo‘lishi mumkin. Ammo mamlakat hududidan chiqib ketib, bir kundan so‘ng kira olmaysiz. Odatda mamlakatda ma'lum vaqt davomida qolish mumkin — bir oy, chorak, yarim yil yoki 360 kun. Bu vaqt tugaganidan so‘ng, sayohat mamlakatiga vizasiz qayta kirish uchun muddatning yangi sanoq davrini kutish kerak bo‘ladi.

Tranzit vizaga ega mamlakatlar

Oʻzbekiston fuqarolari 28 ta davlatga tashrif buyurishlari uchun tranzit viza olishlari kifoya. Buning uchun, odatda, faqat viza narxini to‘lash kerak bo‘ladi. Pasportdan tashqari qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi. Davlatlarning toʻliq roʻyxati bilan Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxonovning telegram-kanalida tanishish mumkin.

Tranzit viza turistga chegara punktidan oʻtishdan oldin maxsus migratsiya xizmatlari tomonidan beriladi. Bunday vizaning amal qilish muddati odatda sayohat sanalariga toʻgʻri keladi va mamlakatga bir marta kirish va chiqishni nazarda tutadi. Koʻpincha bunday viza pullik boʻlib, uning narxi bir necha oʻn dollardan oshmaydi.

Elektron vizaga ega mamlakatlar

O‘zbekistonliklar 15 mamlakatga sayohat qilish uchun safardan oldin elektron viza olishlari kerak. Aksariyat hollarda, buning uchun faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish, shuningdek, xizmat haqini to‘lash talab etiladi. Ba'zi davlatlar viza olish uchun qo‘shimcha hujjatlarni ham talab qilishi mumkin. Ushbu davlatlar roʻyxati Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning telegram-kanalidagi nashrida  keltirilgan.

Elektron vizani olish uchun odatda tashrif buyuradigan mamlakat konsulligi saytida tegishli arizani toʻldirish kerak. Arizada shaxsiy ma'lumotlar, sayohat sanalari koʻrsatiladi va ba'zida sug‘urtani biriktirish talab qilinadi. Bunday vizani berish toʻgʻrisidagi qaror sayohatdan oldin qabul qilinadi. Chegara nazoratidan oʻtayotganda faqat pasportni taqdim etish kerak boʻladi. Turist vizasi haqidagi barcha ma'lumotlar chegarachilarning maxsus tizimiga joylashtiriladi.

Xulosa: O‘zbekiston pasporti bilan qayerga uchish mumkin

O‘zbekiston pasporti egasi  soddalashtirilgan viza rejimi bilan 74 ta mamlakatga tashrif buyurishi, ulardan 32 davlatga vizasiz kirishi mumkin. Sayohat qilishdan oldin tashrif buyuradigan mamlakatga kirish va uning hududida qolish qoidalarini diqqat bilan o‘rganib chiqish tavsiya etiladi. O‘zgarishlar ko‘pincha yangi kalendar yilining boshida kuchga kiradi, shuning uchun yilning birinchi oylarida sayohat qilishda bu masalaga alohida e'tibor bering.

Vizasiz rejim sayohat qilayotgan mamlakatda cheklanmagan muddatga qolish mumkinligini anglatmaydi. Odatda, qolish muddati yil davomida 90 yoki 180 kundan oshmaydi. Shuningdek, boshqa mamlakatga vizasiz kirish huquqi ushbu mamlakatda ishlashga ruxsat berishni anglatmaydi. Ish uchun ma'lum bir turdagi viza yoki ishlash uchun ruxsatnoma olish kerak.

Boshqa davlatda bo‘lganingizda, uning qoida va qonunlarini buzmang. Ba'zi qoidabuzarliklar mamlakatdan chiqarib yuborilishiga olib kelishi, huquqbuzarning ma'lumotlari esa qora ro‘yxatga kiritilishi mumkin. Va vizasiz rejimga qaramay, mamlakatga qayta tashrif buyurish ta'qiqlanadi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments