bosh sahifa / Sarflash va tejash / Omonatni prolongatsiya qilish nima va u qachon kerak?
Что такое пролонгация вклада и когда нужна

Omonatni prolongatsiya qilish nima va u qachon kerak?

Omonatni prolongatsiya qilish kapitalni xavfdan xoli qilishi va ko‘paytirishi mumkin, shu bilan birga uni qadrsizlantirishi ham mumkin. Omonatni qanday uzaytirish kerakligini, buni qachon qilish yaxshiroq ekanligini va qanday foyda keltirishini aytib beramiz.

Omonatni prolongatsiya qilish nima degani?

Prolongatsiya — bu omonat muddatini amaldagi yoki yangi shartlarda uzaytirishdir. Bankda depozit ochsangiz, shartnoma tuzasiz. Unda foiz stavkasi, omonatning amal qilish muddati, prolongatsiya qilish imkoniyati yozilgan. Depozitni yopish muddati kelganda, sizda tanlov paydo bo‘ladi:

  • agar foiz stavkalari oshgan yoki  manfaatliroq depozitlar paydo bo‘lgan bo‘lsa, eski omonatni yopish va yangisini ochish;
  • boshqa maqsadlar uchun mablag‘ kerak bo‘lsa, pullaringizni bankdan olish;
  • o‘sha omonatni avvalgi shartlar bilan yangi muddatga uzaytirish.

Agar siz depozitni yopishni emas, balki yana jamg‘arishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, u holda prolongatsiya sizni qo‘shimcha qog‘ozbozlikdan xalos qiladi — hujjatlarni qayta yig‘ish shart emas. Ko‘pincha uzaytirish avtomatik ravishda sodir bo‘ladi. Ammo bank avtoprolongatsiyadan keyin foiz stavkasini yoki shartnoma muddatini o'zgartirishga haqli. Shu sababli, omonatni muddat uzaytirish uchun qoldirishdan avval, yangi shartlar sizga manfaatli bo‘lishini tahlil qiling.

Prolongatsiyaning qanday turlari mavjud?

Banklar depozitlarni uzaytirishning turli variantlarini taklif qilishadi:

  • Avtomatik — dastlabki holatda omonat xuddi shu muddatga uzaytiriladi. Bu shoshilinch xaridlarni rejalashtirmayotgan, depozitlarning tugash sanasini kuzatmaydigan va ularni qayta rasmiylashtirish bilan shug‘ullanishni xohlamaydiganlar uchun yaxshi usul;
  • Talabga ko‘ra — prolongatsiya faqatgina omonatchining xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi. Bu variant kelajakdagi rejalariga ishonchi komil bo‘lmagan yoki o‘zi qaror qabul qilmoqchi bo‘lganlar uchun foydali;
  • Cheklanmagan — omonat mijoz uni yopishni xohlamaguncha uzaytiriladi. Bunday turdagi prolongatsiya uzoq muddatli sarmoyalar va passiv daromad olish uchun mos keladi;
  • Cheklangan — depozit faqat bir necha marta uzaytirilishi mumkin. Bu xaridlarni oldindan rejalashtiradigan va qachon pul kerak bo‘lishini biladiganlar uchun qulaydir.

Agar banklar turli xildagi prolongatsiyalarni taklif qilishayotgan bo‘lsa, ularning qaysi turini tanlash sarmoya kiritish maqsadlari va vazifalariga bog‘liq.

Prolongatsiya qachon kerak

Omonatni uzaytirish foydali bo‘ladi, qachonki:

  • Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirsa, lekin sizda qat'iy belgilangan foizli depozit bo‘lsa. Prolongatsiya uning daromadliligini avvalgi darajada saqlab qolishga yordam beradi;
  • ma'lum miqdordagi mablag‘ni jamg‘arish maqsadi bo‘lsa. Foizlar omonat summasiga qo‘shiladi va jamg‘armangizni ko‘paytiradi;
  • kutilmagan xarajatlar chiqib qolsa. Agar omonat muddatidan oldin yopilsa, siz barcha foizlarni emas, balki faqat prolongatsiyadan keyingi hisoblangan foizlarni yo‘qotasiz. Aytaylik, siz olti oy muddatga yillik 22% stavkada 10 mln so‘m depozitga qo‘ydingiz. 9 oydan keyin, omonat muddati avtomatik ravishda  uzayganda, pulni yechib olishga to'g'ri keldi. Bank omonat summasini va yarim yil uchun foydangizni beradi, qolgan uch oydagi foizlar esa kuyib ketadi. Agar omonat muddati prolongatsiyasiz ochilgan bo‘lsa, depozit muddatidan oldin yopilganda hech qanday daromad to‘lanmagan bo‘lardi.

Qachon omonatni uzaytirish foydasiz

Ba'zi holatlarda omonatni prolongatsiya qilish foydali bo‘lmaydi:

  • bankda yanada foydali mahsulotlar paydo bo‘lsa. Masalan, depozit 20 foiz stavkada edi, bir yildan keyin u xuddi shunday stavkada yana o‘n ikki oyga cho‘zildi, lekin shu vaqtning o‘zida bank yangi taklifni - yillik 22% stavkada omonatlarni chiqardi. Bundan kelib chiqadiki, 20% lik uzaytirilgan omonat foydasiz bo‘lib qoladi;
  • iqtisodiy inqiroz davrida tijorat banklari yoki Markaziy bank stavkalari tez-tez o‘zgarib turadi. Daromadni yo‘qotmaslik uchun yaxshisi 2-3 yil muddatga qat'iy belgilangan foiz stavkasi bilan omonat ochish kerak.

Omonatlarni prolongatsiya qilish shartlari

Prolongatsiya quyidagicha amalga oshirilishi mumkin:

  • avvalgi shartlar asosida;
  • prolongatsiya paytida amal qiladigan shartlar asosida.

Odatda omonatlar dastlabki ochilgandagi davr bilan bir xil muddatga uzaytiriladi. Lekin bankning qaroriga ko‘ra, muddat qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin. Prolongatsiya summasi ham turlicha bo‘lishi mumkin. Ba'zan faqat depozitning o‘zi uzaytiriladi, foizlar esa omonatchiga to‘lanadi. Lekin ko‘p hollarda foizlar omonat summasiga qo‘shiladi (kapitalizatsiya qilinadi). Bu holda ularga ham daromad hisoblanadi.

Masalan, siz 12 oy muddatga yillik 20% stavkada 10 mln so‘mlik omonat ochdingiz. Muddat oxirida siz oladigan daromad — 2 mln so‘m. Agar siz depozitni uzaytirishni xohlamasangiz, bank uni hisobingizga foizlar bilan birga qaytaradi. Agar siz prolongatsiyaga rozi bo‘lsangiz, u holda omonat hisoblangan foizlar bilan birga daromad keltirishda davom etadi. Keyingi yili siz ko‘proq — 2 400 000 so‘m daromad olasiz.

Bank uzaytirishni rad etishga haqli, agarda:

  • omonatni uzaytirish mutlaqo nazarda tutilmagan yoki uzaytirish muddati tugagan bo‘lsa;
  • omonat ortiq mavjud bo‘lmasa.

Bunday hollarda bank omonatchining ishtiroki va roziligisiz depozitni yopadi va pulni qaytaradi.

Prolongatsiya qilingan omonatlar bo‘yicha tavsiyalar

Avtoprolongatsiya qilinadigan omonatlar omonatchi uchun foydasiz shartlarda davom etmasligi uchun uni nazorat qilib turish kerak. Banklar omonat shartlari o‘zgarganligi haqida mijozga xabar bermasdan omonat muddatini uzaytirishi mumkin. Yoki e'tiborsiz qoldiriladigan elektron pochta bilan cheklanishadi.

Shuning uchun quyidagilarni tavsiya etamiz:

  • omonat yopiladigan sanani eslab qolish;
  • har oyda, chorakda bir marta yoki olti oyda bankdan depozitlar bo‘yicha shartlar o‘zgarmaganligini aniqlashtirish, buni qanday davriylikda bajarish — depozit muddatiga bog‘liq;
  • omonat muddati tugayotganda, uni uzaytirish yoki uzaytirmaslikni hal qilish kerak;
  • agar depozitni bankda qoldirishga qaror qilgan bo‘lsangiz, unda uzaytirish shartlarini aniqlashtirish, bankning omonatlar bo‘yicha joriy takliflariga nisbatan qanchalik foydaliligini baholash kerak;
  • agar prolongatsiya shartlari ma'qul kelsa, bank menejeridan omonatingiz avtomatik ravishda uzaytirilishi mumkinligini yoki prolongatsiya uchun ariza yozishingiz kerakligini aniqlashtiring;
  • agar omonatda avtomatik prolongatsiya mavjud bo'lsa, bankning mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetingizga kiring va uzaytirish muvaffaqiyatli o‘tganligiga ishonch hosil qiling.

Prolongatsiya  haqida qisqacha

  • Prolongatsiya - bu qulay usul: omonatchi har gal hujjatlarni qayta yig‘ishi va depozitni qayta rasmiylashtirishi shart emas. Garchi omonat muddati tugaganini unutgan bo‘lsangiz ham, pullaringiz ko‘payishda davom etadi.
  • Depozitni uzaytirishning kamchiliklari — agar uzaytirishdan keyingi stavka bankning joriy omonatlar bo‘yicha taklif qilganidan past bo‘lsa, foydani yo‘qotish mumkin. Bunday holda depozitni uzaytirish emas, balki uni yopish va yuqori stavkada yangisini ochish mumkin. Agar yangi shartlar ma'qul kelmasa, prolongatsiya shartlarini kuzatib borish va omonatni boshqarish muhimdir.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments