bosh sahifa / Xavfsizlik / Bank kartasi o'g'irlandi: firibgarlarning operatsiyalarini qanday bekor qilish kerak
Украли банковскую карту: как аннулировать операции мошенников
Yangilanish sanasi: 31.05.2024

Bank kartasi o'g'irlandi: firibgarlarning operatsiyalarini qanday bekor qilish kerak

Bank kartangiz firibgarlar qo‘liga tushib qolib, ular pullaringizni ishlatib qo'ygan bo‘lsa, nima qilish kerakligini aytib beramiz.

Mansur va uning oilasi dam olish vaqtida noxush holatga duch kelishdi: u ichida bank kartasi bo‘lgan hamyonini yo‘qotib qo‘ydi. Hamyonda deyarli naqd pul bo'lmagani bilan, kartasida anchagina puli bor edi. Afsuski, Mansur kartani bloklash uchun bank bilan bog‘lanigunga qadar, firibgarlar bir necha marta xaridlar qilishga ham ulgirib qolishdi.

Har birimizning bank kartasi begona qo‘llarga tushib qolishi mumkin, bundan hech kim himoyalanmagan. Bunday bo‘lmasligi uchun iloji boricha hamma choralarni ko'rishingiz mumkin. Lekin uni yo‘qotib yoki o‘g‘irlatib qo'yishingiz mumkin. Keyin esa pulingizni ham ishlatib qo'yiladi.  Bunday holda, to'lovga e'tiroz bildirishingiz kerak.

Bank kartasini o'g'irlab ketib, pulingizni yechib olishsa, nima qilish kerak

Quyidagi oddiy bosqichma-bosqich yo‘riqnoma nima qilish kerakligini ko'rsatib beradi.

1. Kartani bloklang

Kartada mavjud pullarni saqlab qolish uchun – buni iloji boricha tezroq bajarish kerak. Kartani  bank ilovasida yoki bank veb-saytidagi shaxsiy kabinetda bloklash mumkin. Yoki bank ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling. Oxirgi holatda, bloklash uchun bank bilan shartnoma tuzish davrida kiritilgan kod so'zini aytishingiz kerak bo'ladi. Bu menejerga karta egasining o‘zi kartani bloklashni so'rab, qo'ng'iroq qilayotganiga ishonch hosil qilish imkonini beradi.

2. Bankka karta o'g'irlanganligi haqida xabar bering

Agar uzoqda bo'lsangiz – bankning mijozlarni qo'llab-quvvatlash xizmatiga yozib  yoki qo'ng'iroq qilib, amalga oshirishingiz mumkin. Agar qo'ng'iroq qilib kartani bloklashni so'rasangiz, 1 va 2-bosqichlarni birlashtirsangiz bo‘ladi. Shuningdek, pasportingiz bilan bank filialiga kelib, kartangiz o'g'irlanganligi haqida ariza yozishingiz mumkin.

3. Hisob qaydnomangizni tekshiring

Karta o'g'irlangan davrga alohida e'tibor qarating. Tranzaksiyalar ro‘yxatini chiqarib oling yoki uni bank menejeriga buyurtma bering. Keyingi bosqichda kerak bo‘lib qolishi mumkin.

4. Operasiyalarni bekor qilish uchun bankka ariza yozing

Tafsilotlar bank qoidalariga bog'liq bo'ladi. Agar karta siz safarda paytingiz o'g'irlangan bo'lsa va yaqin orada O'zbekistonga qaytmasangiz, onlayn qanday qilish kerakligini bilib oling. Yoki kelganingizdan so'ng, darhol bank ofisiga boring. Jarayonning aniq tartibini bank menejeri aytib beradi.  Odatda ariza erkin shaklda yoziladi. Unda siz operatsiyaga rozi emasligingizni bildirishingiz kerak. Arizada quyidagilarni ko‘rsatishingiz kerak:

  • pasport ma'lumotlaringiz;
  • O'zbekistonda ro'yxatdan o'tish manzili;
  • aloqa ma'lumotlari – telefon, elektron pochta (e-mail);
  • bank kartasi ma'lumotlari – raqami, amal qilish muddati;
  • o'g'irlik qanday, qayerda va qachon sodir bo'lganligi haqidagi ma'lumot;
  • firibgarlar kartadan foydalangan holda, qanday operatsiyalarni bajarganligi – to‘lov sanasi, vaqti, joyi, savdo shahobchalarining nomlari, aniq summalari ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak;
  • bu operatsiyalarni siz bajarmaganingiz va karta sizdan o'g'irlanganini tasdiqlashga yordam beruvchi qo'shimcha ma'lumot.

Agar karta o'g'irlangandan so'ng darhol Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan bo‘lsangiz (bu tavsiya etiladi), sizga berilgan hujjatnusxasini ilova qiling.

Mabodo o'g'irlangan kartadan chet elda operasiyalar amalga oshirilgan bo‘lsa-yu, o'sha paytda siz O'zbekistonda yoki tranzaksiyalar amalga oshirilgan joydan boshqa davlatda bo‘lgan bo'lsangiz – bu haqda tegishli hujjatlarni ilova qiling. Bunda xalqaro pasportning barcha sahifalari nusxasi, o'sha kuni ofisda bo'lganingiz haqida ish joyidan ma'lumotnoma va boshqalar bo'lishi mumkin.

Bundan tashqari, bank qo'shimcha hujjatlarni talab qilishi ham mumkin.

“To‘lov va to‘lov tizimlari to'g'risida”gi Qonunning 36-moddasiga muvofiq, bank arizani 15 kun ichida ko‘rib chiqishi shart. Agar qo'shimcha tekshirish yoki boshqa hujjatlar talab etilgan taqdirda, muddat uzayishi mumkin, lekin 30 kundan oshmasligi kerak. Bank ko'rib chiqish muddati uzayganligi to'g'risida xabar berishga majbur, misol uchun elektron pochta orqali. Agar holat boshqa davlatda sodir bo'lgan bo'lsa, arizani ko'rib chiqish muddati 45 kungacha uzaytiriladi.

5. Eng yaqin militsiya bo'limiga murojaat qiling

U yerda xuddi shunday sxema bo'yicha bank kartasi va undan pul o'g'irlanganligi haqida ariza yozing, shuningdek, barcha tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiling. Agar jinoyatchilar qo‘lga olinsa, huquq-tartibot idoralari yordamida pulni qaytarib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Agar ular boshqa mamlakatda bo‘lsa, bunday natijaga erishishning imkoniyati juda kam. Lekin, militsiyaga ariza berganligingiz bank uchun qo'shimcha dalil bo'ladi.

Shu sabab, buni bank bilan operatsiyalar bo‘yicha tortishuvdan oldin bajarsangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

6. Bank qarorini kuting

Bank tegishli o‘rganishlar o'tkazib,  uning natijalariga ko'ra o'z qarorini (xat yoki onlayn, elektron pochta orqali) bildirishi kerak. Bank mazkur o‘rganishlar jarayonida to‘lov tizimini arbitrajga ulashi mumkin (masalan, xalqaro – Visa va Mastercard, milliy UzCard va HUMO). Agar tovar va xizmatlar uchun to'lovlar yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, charjbek – to'lovni qaytarish tartibini ishga tushirishi mumkin. Bank kartasidan qilingan to‘lovga karta egasi norozi bo‘lib, e'tiroz bildirish jarayoni shunday ataladi. Bu jarayonda:

  • kartani chiqargan bank;
  • to'lov tizimi;
  • firibgarlik to'lovini qabul qilgan bank;
  • pulni olgan yuridik shaxs (savdo shoxobchasi, xizmat ko‘rsatuvchi va boshqalar) ishtirok etadi.

Kartani chiqargan, ya'ni emitent bank oluvchidan va qabul qiluvchi bankdan to‘lov operatsiyasining qonuniy ekanligini isbotlashni talab qiladi. Shundan so‘ng, bank barcha ma'lumotlarni taqqoslaydi va shu asosida tegishli qarorni qabul qiladi.

Agar bank mablag‘ni qaytarishni ma'qullagan bo'lsa, pul qabul qiluvchining hisobvarag'idan yechib olinadi va to'lovni qabul qilgan bankka yuboriladi, u esa kartani chiqargan emitent bankka yo'naltiradi. Shundan so'ng, pul noqonuniy yechib olingan karta egasining hisob raqamiga o'tkazib beriladi.

"To'lovlar va to'lov tizimlari to'g'risida" Qonunning 37-moddasiga asosan, bu ijobiy qaror qabul qilingandan keyin bir kun ichida amalga oshirilishi kerak.

Ammo shuni hisobga olish kerakki, pulni qaytarish rad etilishi mumkin — qarorni bank chiqaradi va ko'p jihatdan jabrlanuvchi tomonidan taqdim etilgan dalillarga bog‘liq bo‘ladi. Agar bank rad etsa, buning sabablarini ko'rsatishi lozim.

Bunday vaziyatlarga duch kelmasliklari uchun nima qilish kerak

  • Bank kartalarini xavfsiz joyda saqlang. Masalan, ularni kiyimingizning ichki yopiladigan cho'ntagida yoki o'g'rilarning qo‘li yetishi qiyin bo'lgan sumkaning (ryukzak) yashirin ichki cho'ntagida saqlang.
  • Kartani qarovsiz qoldirmang. Uni ish stolingiz yoki mehmonxona tumbaniga qo‘ymang.
  • Yodda tuting: bank kartasiga bog'langan hisobdagi mablag'larga kirish uchun yovuz niyatli kimsalar uni jismonan o'g'irlashlari shart emas. Buning uchun shunchaki karta raqami, egasining ismi va familiyasi, amal qilish muddati, CVV yoki CVC kodi (kartaning orqa tomonidagi uch yoki to'rtta raqam) ma'lumotlarni olish kifoya qiladi. Shuning uchun, uning nusxasini elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali yubormang. Agar uni jo‘natish shart bo'lsa, ma'lumotlarning bir qismini bo‘yab qo‘ying. Kafe va restoranlarda to‘lov qilayotganda, kartani berib yubormang – ofitsiantdan terminalni olib kelishini so‘rashingiz mumkin. Bankomatdan pul yechib olishda va xaridlar uchun to‘layotganda, PIN-kodni kiritish chog‘ida terminalni qo‘lingiz bilan yopib turing.
  • Hech kimga kartangizning toʻliq maʼlumotlarini bermang, SMS yoki push- bildirishnomalarda keladigan CVV yoki CVC kodni, PIN kod va tranzaksiyani tasdiqlash kodlarini begonalarga aytmang.
  • PIN-kodni kartaga yozmang va uning yonida yozilgan qog'ozlarni saqlamang (masalan, hamyonda yoki karta qutisida) – agar u ham jinoyatchilar qo'liga tushib qolsa, ular tezda hisobdagi hamma pullaringizni yechib olishlari mumkin. Uni yoddan eslab qolishga harakat qiling – shunda firibgarlar qo'liga tushib qolish ehtimoli kamayadi. Agar sizdan tranzaksiya uchun PIN-kod so'ralsa, uni o'zingiz kiritishni talab qiling.
  • Agar bank kartangizda maoshingiz to‘liq yoki katta miqdordagi mablag‘ bo‘lsa,   qo‘shimcha karta oling: kundalik to‘lovlar, do‘konlarda xarid qilish, dam olish sayohatlari, mehmonxonalarni bron qilish va turli xizmatlar uchun. Zarurat tug‘ilsa,  kerakli pulni asosiy kartangizdan unga o'tkazib qo‘yib, asosiysini uyda qoldirishingiz mumkin. Yoki pulni o‘sha bankdagi boshqa hisob raqamida saqlang va zarurat bo‘lganda uni karta bog‘langan hisob raqamiga o‘tkazing. Bunday holda, agar karta jinoyatchilar qo‘liga tushib qolsa ham, ular faqat oz miqdordagi mablag‘laringizni qo‘lga kiritishi  mumkin.
  • Naqd pul yechib olish va to‘lovlar qilish uchun minimal limitlarni belgilang. Agar sizga katta miqdordagi mablag'ni yechib olish, katta xaridlar yoki xizmat uchun to'lash kerak bo'lsa, uni har doim shaxsiy hisobingizga yoki bank ilovasiga kirib qilishingiz mumkin. Cheklovlarni keyinroq yana kamaytirishni unutmang.
  • Shubhali saytlarda xarid qilmang yoki karta ma'lumotlarini kiritmang.
  • Ularni kiritish va to‘lov qilishdan oldin manzil satrida “qulflash” belgisi va “https” harflari mavjudligiga ishonch hosil qiling - bu karta ma'lumotlari xavfsiz ulanish orqali uzatilishiga qo‘shimcha kafolatdir.
  • Bank kartasi operatsiyalari haqida SMS yoki push-bildirishnomalarni ulang. Ikkala variantni ham ulash optimal bo‘ladi. Misol uchun, agar telefoningiz internetga ulanmagan bo'lsa, sizga SMS keladi. Bunday holda, siz ruxsatsiz yechilayotgan mablag‘lar yuzasidan tezda harakatga tushasiz va kartani bloklashga ulgirib qolasiz.

Xulosa: o'zingizni firibgarlikdan qanday himoya qilish kerak va bank kartasi yo'qolganda, mablag'ni qanday qaytarish mumkin 

  • Bank kartangiz firibgarlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun barcha mumkin bo‘lgan xavfsizlik choralarini ko‘ring.
  • Agar shunday holat sodir bo'lsa, uni imkon qadar tezroq bloklab qo'ying va bankka tranzaksiyalar bo'yicha e'tiroz arizasini taqdim eting.
  • Bu operatsiyalarni siz amalga oshirmaganingiz haqida iloji boricha ko'proq dalillar keltiring.
  • Yodda tutingki, bank pulni qaytarish yoki rad etish to‘g‘risida dalillarda keltirilgan ma'lumotlar asosida qaror qabul qiladi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
2 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Azamat
Azamat
8 months ago

Raxmat maʼlumot uchun

Шухрат
Шухрат
7 months ago

Рахмат хамаси ажойиб билиб олдик