bosh sahifa / Sarflash va tejash / Moliyaviy odatlar: Toshkentlik shifokor pullarini qanday sarflashi va tejashi haqida
Yangilanish sanasi: 31.05.2024

Moliyaviy odatlar: Toshkentlik shifokor pullarini qanday sarflashi va tejashi haqida

“Moliyaviy odatlar” boʻlimida Oʻzbekiston fuqarolari shaxsiy yoki oilaviy byudjetni qanday shakllantirishi, bank mahsulotlaridan qanday foydalanishi va pulni qanday boshqarishi haqida gapiradilar.

Zulfiya, 51 yosh.
Shifokor-ginekolog.
Toshkentda eri va uchta voyaga yetgan farzandi: ikki oʻgʻli va qizi bilan yashaydi.

Byudjetni shakllantirish

— Farzandlarimiz ta'lim olayotganlarida, turmush oʻrtogʻim va men ularni qoʻllab-quvvatladik. Oʻqish pullik boʻlgani sababli,  ular bolaligidan pul yigʻa boshladik. Hozirda oʻgʻillarim institutni tugatishgan, ikki oʻgʻlim ham allaqachon oʻzlari pul topishadi, erim bilan men ham ishlaymiz. Qizim hozirda taʻlim olmoqda,  uni moddiy jihatdan taʻminlayapmiz. Oilamizda hammaning byudjeti alohida. Uy-roʻzgʻor ehtiyojlarining hammasi — turmush oʻrtogʻimning zimmasida. Farzandlarimiz yaqindagina pul topishni boshladilar, kichik oʻgʻlim yarim yil oldin, katta oʻgʻlim esa bir yarim yil oldin — ular oziq-ovqatdan yordam berishadi. Ammo, asosan, pullarini oʻzlari taqsimlashadi va oʻzlarini toʻliq moliyaviy taʻminlay olishadi.

Men pulimni oʻz xohishimga ko‘ra sarflayman, turmush oʻrtogʻim hech qachon mendan pul olmaydilar. Ota-onam ancha qarib qolishgan, ularga oz miqdorda molivayiv yordam berib turaman. Asosan pulni tejayman va uni qizimning ehtiyojlari uchun sarflayman. U chiroyli kiyinib yurishni yaxshi koʻradi, qizim uchun har doim eng yaxshilarini olib beraman. Erim juda kamtar insonlar, hashamatni xush koʻrmaydilar, shuning uchun  qizimning barcha istaklarini oʻzim amalga oshiraman.

Oyiga taxminan 4 000 000 soʻm maosh olaman. Shaxsiy biznesim yoʻq, oddiy poliklinikada shifokorman. Oʻgʻillarim — boshlangʻich mutaxassislar, ularning maoshlari oʻrtacha. Turmush oʻrtogʻimning daromadini bilmayman — bizda ayol kishi erining ishlariga aralashmaydi — lekin menimcha, uning maoshi oʻrtacha koʻrsatkichdan biroz yuqori ( 2023-yil yakunlari boʻyicha Toshkent shahrida oʻrtacha ish haqi 7 million 453 ming soʻmga teng — muharrir eslatmasi). Hali nafaqa yoshiga yetmaganmiz, hech narsa ijaraga bermaymiz, shuning uchun oilamizda qoʻshimcha daromad yoʻq.

Oylik va kunlik harajatlar

— Oziq-ovqat sotib olmayman — buni oilamizdagi erkaklar qilishadi: asosan erim, baʻzida bolalarim yana nimalardir koʻtarib kelishadi. Kommunal xizmatlar, aloqa — hammasini erkaklarimiz toʻlashadi. Men pulimni sartarosh, kiyim-kechak, sogʻligʻim, agar ehtiyoj tugʻilsa, dori-darmon sotib olish yoki biron bir tibbiy tekshiruvdan oʻtish uchun sarflayman. Oʻzim shifokorman va bularni oʻzimizning poliklinikamizda yoki yashash joyimiz boʻyicha poliklinikada qilishim mumkin. Ammo agar qoʻshimcha tekshiruvlardan oʻtish kerak boʻlsa, hamkorlikda ishlaydigan klinikalarimga boraman — yaʻni bemorlarimni u yerga yuboraman — u yerda men 10% chegirma qilib berishlari mumkin.

Umuman olganda, unchalik qimmat bo‘lmagan, lekin yuqori sifatli buyumlarni chegirma vaqtlarida sotib olishga harakat qilaman. Soliq ilovasi orqali cheklarni skanerlash va keshbek olish haqida yaqinda oʻrgandim, taxminan olti oy oldin — farzandlarim telefonimga ilovani oʻrnatib berishdi. Ammo foizlar kam, keshbek sezilarli miqdorda koʻp deb ayta olmayman.

Jamoat transportidan foydalanmayman,  oʻzimning mashinam bor — faqat benzinga pul sarflayman. Ishxonam uyga yaqin, koʻp yoʻl yurmaslikka va benzinni tejashga harakat qilaman. Agar biron bir viloyatga ish bilan borishim kerak boʻlsa, unda  bitta safarning oʻzida bir nechta ishlarimni bajarishni rejalashtiraman. Benzin bakini toʻliq toʻldirish taxminan 200 000 soʻm ketadi, bu 2,5–3 haftaga yetadi. Baʻzan mashinamdan farzandlarim, erim ham foydalanishadi. Hozir mashinani oʻgʻlim haydaydi,  har doim mashinani bakini to‘ldirib qaytarib beradi, shuning uchun soʻnggi paytlarda benzinga kam pul sarflayapman.

Zulfiyaning taxminiy oʻrtacha daromadlari taqsimoti shunday koʻrinadi. Ammo oydan oyga rasm oʻzgarishi mumkin: agar taʻtil harajatlari, qizining ehtiyojlari yoki shaxsiy ehtiyojlari kamaysa, jamgʻarmalar koʻpayadi.

Dam olish va oʻyin-kulgi harajatlari

— Sevimli mashgʻulotim yoʻq. Oʻyin-kulgini olsak, onam va dadamni biron joyga olib borishim, har ikki oyda bir marta qizim yoki doʻstlarim bilan kafeda oʻtirishim mumkin. Albatta, men restoranlarga bormayman, oʻrtacha narxlardagi kafelarni afzal koʻraman — ularning narxlari kishi boshiga 200 ming soʻmdan oshmaydi. Agar biron bir joyga oʻgʻillarimiz bilan boradigan boʻlsak, hisobni oʻzlari toʻlashadi. Ular mening pul sarflaganimni yoqtirishmaydi. Agar doʻkonga birga borib qolsak, menga biror narsa yoqib qolsa, oʻzim sotib olishimga hech qoʻyishmaydi — hammasini oʻzlari toʻlab, menga sovgʻa qilishadi.

Rejadan tashqari, beixtiyor harajatlar ham boʻlib turadi — agar men koʻpdan beri izlab yurgan narsamni tasodifan koʻrib qolsam, uni sotib olishga pulim yetadi. Yoki qizim biron bir narsani xohlasa yoki zarurat tugʻilsa, uning rayini qaytarmayman: oʻsha oydagi oxirgi pulimni sarflasam ham, uning xohishini amalga oshirishga harakat qilaman — qizim har doim yaxshi yurishini xohlayman.

Katta harajatlar

— Hech qachon katta, qimmat xaridlarni amalga oshirmaganman — buni turmush oʻrtogʻim qiladilar. Dam olishga bormayman, mehnat ta'tilim asosan uyda oʻtadi. Agar erim bilan ta'tilimiz bir paytga toʻgʻri kelib, biz biron joyga boradigan boʻlsak, hamma harajatlarni erim koʻtaradi. Har doim  mehnat ta'tili pullarimni qizimning sepi uchun yigʻaman. Oʻtgan yili  ellik yoshga toʻlganimda, oʻgʻlim erim bilan menga sayohatga chipta sovgʻa qilishdi, uning hisobidan dam olib keldik.

Oilamizda, qarindoshlarimizda, bayramlarda koʻp tadbirlar boʻladi — bu ham mablag‘ni talab qiladi. Bayramlarni juda yaxshi koʻraman, har doim Yangi yil dasturxonimizda, masalan, yangi idishlar boʻlishini xohlayman. Sovgʻalar ulashishni yaxshi koʻraman, ba'zida ularga katta miqdorda mablagʻ sarflayman. Ammo har doim har xil: bir bayramda yaqinlarimga yaxshi, qimmat, boshqasida esa uncha qimmat emas, ammo ularga yoqadigan sovgʻalar sotib olishim mumkin. Agar soʻnggi Yangi yil va 8-mart uchun harajatlarni hisoblaydigan boʻlsak, ular uncha koʻp emas — ehtimol ish haqimning 5-10% ketdi.

Bayramlar uchun xaridlarni oldindan rejalashtiraman. Chegirmalar boʻlayotgan joylarda va bayramlardan oldin, ertaroq — bir oy oldin yoki undan ham ertaroq hamma kerakli narsalarni sotib olishga harakat qilaman. Bayram arafasida hamma narsa biroz qimmatlashadi. Misol uchun, oldinda 8-mart bayrami kelayotgan boʻlsa, dekabr yoki yanvar oylarida kimga nima berishni oʻylab qoʻyaman va chegirmalar vaqtida oldindan sotib olaman.

Omonat va bank mahsulotlari

- Sovet Ittifoqi davrida dadam menga pul berardilar, men omonat daftarchasini ochganman va mablagʻlarimni foizda saqlardim. Ammo keyin ularning hammasi kuyib ketdi. Hozir bankda hech qanday sarmoyam yoʻq, men va oila aʻzolarim hech qachon omonat hisob raqami ochmaganmiz. Pullarimni uyda, soʻmda saqlayman. Baʻzan soʻmlarni dollarga aylantiraman — valyuta har doim oʻz kuchini saqlab turadi va qadrliroq bo‘ladi — ularni naqd pul koʻrinishida saqlayman.

Har birimizda o'zimizning bank kartamiz bor, ularga ish haqi tushadi. Lekin xaridlar uchun undan deyarli foydalanmayman. Bir paytlar kartada pul saqlab koʻrganman, o‘shanda pulim xuddi kamayib ketayotganday tuyulardi. Hech qanday tayinli narsa sotib olmasam ham,  raqamlar kamayib qolayotganday boʻlardi. Nima uchun bunday boʻlayotganini tushuna olmas edim. Nimaga sarflaganimni eslay olmas edim. Ammo xotiram yaxshi. Bolalarim: "Oyi, hech kim sizning kartangizdan pul oʻgʻirlay olmaydi", - deyishardi. SMS-xabarnoma menga kelmasdi, pullarim qayerga ketganini hech qachon bilmasdim. Shuning uchun men kartaga pul tushishi bilan darhol hammasini yechib oladigan bo'ldim  va uyda saqlayman, deb qaror qildim — deyarli 2-3 yildan beri.

Ish haqining bir qismini sarflamaslikka harakat qilaman. Farzandlarimning toʻylari va har ehtimolga qarshi, doim sogʻligʻim uchun yigʻaman, masalan, ertaga nima boʻlishini hech qachon bilmaysiz. Har oy ma'lum miqdorda pul olib qoʻymayman, har doim ham buning iloji boʻlavermaydi. Shunday oylar boʻladiki, jamgʻarish uchun koʻproq mablagʻ ajrata olaman va bir xil paytlar deyarli butun maoshim harajatlarga sarflanib ketadi. Oʻrtacha 8-10% olib qoʻya olaman. Bu asosan qizimga nimalar sotib olishimga bogʻliq. Agar u biron bir tadbirga borishi kerak boʻlsa, unga yangi koʻylak olish uchun bor maoshimni sarflashim mumkin. Bundan tashqari, hatto jamgʻarmamdan ham ozgina pul olib turaman — lekin bu kamdan-kam vaziyatlarda boʻladi, asosan unga tegmayman.

Tahririyatdan. Har doim karta operatsiyalari, tushumlar va harajatlardan xabardor boʻlish uchun telefoningizda SMS yoki push-bildirishnomalar orqali bildirishnomani yoqish muhimdir. Sizning kartangizni chiqargan bankning mobil ilovasini yuklab olish ham foydalidir — unda hisobdan yechilgan pullar, komissiyalar, qoldiq va harajatlarni kuzatishingiz mumkin.

Agar kartangizda siz amalga oshirmagan tranzaksiyani koʻrsangiz — masalan, xizmatga obuna boʻlish uchun toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa, lekin uni aniq bekor qilgan boʻlsangiz — yoki mahsulotni sotib olgansiz va toʻlagansiz, lekin sotuvchi uni joʻnatmagan boʻlsa, bank bilan bogʻlanishingiz va mablagʻni hisobdan chiqarishga eʻtiroz bildirishingiz mumkin. Toʻlovni qaytarish tartibi bunga yordam beradi: bank sizning koʻrsatmalaringiz boʻyicha kartadagi harajatlarni tekshiradi va pulni qaytarishga yordam beradi — bu naqd pullarga amal qilmaydi.

Xulosa

Qahramonimiz bilan qilgan suhbatimizdan quyidagi xulosani chiqardik.  Zulfiya pulni tejash va jamgʻarish borasida qoʻllaydigan qoida va odatlar roʻyxatini keltiramiz.

  • Mehnat ta'tili pullarini sarflamaslik, balki bu mablagʻlarni jamgʻarish.
  • Jamgʻarmalarning bir qismini valyutaga oʻtkazish va pulni dollarda saqlash.
  • Sovgʻalarni oldindan, chegirma va arzon savdolarda xarid qilish.
  • Soliq ilovasini oʻrnatish, cheklardagi QR kodlarini skanerlash va xaridlardan 1% keshbek olish.
  • Qaysi klinikalarda chegirmaga ega boʻlishingiz mumkinligini bilish va arzonlashtirilgan qiymatlardan foydalanish — siz aksiyalar yoki qulay narxlar haqida muassasalarning veb-saytlarida bilib olishingiz mumkin.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments