bosh sahifa / Sarflash va tejash / Mikroqarzlar: uning afzalliklari, kamchiliklari va 2024 yilda berish qoidalari

Mikroqarzlar: uning afzalliklari, kamchiliklari va 2024 yilda berish qoidalari

Mikromoliya tashkilotlari qanday tuzilgani, nima uchun kreditdan ko‘ra mikroqarz olish oson ekanligi va rasmiylashtirishdan oldin nimalarni bilish kerakligini aytib o‘tamiz. Agar qiyin moliyaviy vaziyatga tushib,sizga zudlik bilan pul kerak bo'lib qolsa – masalan, uyga biror narsa sotib olish, ta'mirlash, davolanish uchun to'lash – mikroqarz yordam berishi mumkin. Uni olish kreditga qaraganda tezroq va osonroq. Biroq, mikroqarz yoki mikrokreditlar ham ma'lum kamchiliklarga ega. Birinchidan, bu yuqori foiz stavkalarda beriladi. Shu bilan birga boshqa nozik jihatlari ham bor.

Mikroqarz o‘zi nima

Oddiy so'z bilan aytganda, bu kichik miqdordagi kredit hisoblanadi. Uning miqdori qarz oluvchining to'lov qobiliyatiga – uning daromadiga, kredit yuklamasi va kredit tarixiga, shuningdek, kreditning moliyaviy ta'minlanishiga bog'liq.

Mikroqarzni rasmiylashtirish uchun katta miqdordagi kreditni rasmiylashtirishdan ko'ra kamroq vaqt talab etiladi. Siz bir kun ichida bank tasdig‘ini va hatto pulni ham olishingiz mumkin. Bundan tashqari, odatda ko'p hujjatlarni yig'ishingiz shart bo‘lmaydi. Mikroqarzlar va oddiy kreditlar o'rtasidagi yana bir farq shundaki, pulni o‘z xohishingizga qarab, har qanday maqsadda sarflashingiz mumkin. Qarz beruvchi tashkilot mablag‘ sizga nima maqsadda kerakligi bilan qiziqmaydi. Kreditlar esa ko‘p hollarda ma'lum tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish uchun beriladi.

Mikroqarz uchun garov – shaxs kreditni to'lay olmagan taqdirda kafolat sifatida – sug‘urta polisi yoki mol-mulk: ko'chmas mulk yoki avtomashinadan foydalanish mumkin. Yoki sizga doimiy rasmiy ish va barqaror daromadi bo'lgan kafil kerak bo'lishi mumkin. Ayrim banklar mikroqarzlarni (odatda kam miqdorda 10-15 million so‘mgacha) faqat pasport bilan beradi. Bu esa odatda maosh oluvchi mijozlarga qo‘llaniladi. Buni ilovadan yoki bankning veb-saytidagi shaxsiy kabinetingizda identifikatsiyadan o'tish orqali amalga oshirsa bo‘ladi. Shuningdek, siz ba'zi mikromoliya tashkilotlaridan pasportingiz yordamida kichik mikroqarzlarni olishingiz mumkin.

O'zbekistonda mikroqarzlarni kimlar beradi

Mikroqarzlar banklar, mikromoliya tashkilotlari (MMT), shuningdek, lombardlar tomonidan berilishi ham mumkin. MMTlarida puldan foydalanish uchun foiz stavkalari odatda banklarga qaraganda yuqori, lombardlarda esa ular eng yuqori hisoblanadi. Ammo MMTdan qarz olish odatda bankdan ko'ra osonroqdir. Asosan banklar qo'shimcha shartlar qo'yadilar. Misol uchun, banklar mikroqarzni faqat maosh oluvchi mijozlar, byudjet tashkilotlari xodimlari yoki shu bankning kartasi bo'lganlarga berishlari mumkin. MMTlarda bunday shartlar yo‘q.

Bundan tashqari, mikromoliya tashkilotlari garov yoki kafillarsiz ham kichik miqdordagi mikroqarzlarni berishga tayyor turishadi. Biroq, u yerda foizlar yuqoriroq bo‘ladi.

Agar 2024 yil fevral oyi boshida ayrim banklarda yillik 30 foizdan kam bo‘lgan stavkada mikroqarz olish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, MMTlarda foiz stavkasi oyiga o‘rtacha 3,6-3,8 foizni tashkil qildi. Ya'ni, yillik stavka 43-46% tashkil etadi.

Lombardlar fuqarolarga shaxsiy ko'char mulkni garovga olgan holda qisqa muddatli qarzlar beradi. Bu oltin zargarlik buyumlari, maishiy texnika, antiqa buyumlar va boshqalar bo'lishi mumkin. Qarz miqdori mulk qanchaga baholanganiga bog'liq bo‘ladi. Bunday qarzlar juda yuqori foiz stavkalariga ega bo'lganligi sababli (oyiga o'rtacha 8%), ularni hatto bir necha oyga olish moliyaviy jihatdan foydasiz hisoblanadi. Odatda, odamlar lombarddan qarzga olingan qarz mablag‘larini va unga hisoblangan foizlarni bir necha kun yoki hafta ichida qaytarishga harakat qilishadi.

Mikromoliya tashkilotlari nima va ular qanday ishlaydi?

Mikromoliya tashkilotlarining ishlash qoidalari “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda belgilab berilgan. Unga ko‘ra, MMT nobank kredit tashkiloti bo‘lib, mikromoliyaviy faoliyat va bir qator boshqa xizmatlarni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yuridik shaxs hisoblanadi. Misol uchun, islomiy moliya xizmatlarini taqdim etishi mumkin. Banklardan farqli o'laroq, MMTlarga siz depozitga pul qo'ya olmaysiz.

Mikroqarzlar turlari

Mikroqarzlar jismoniy shaxslarga milliy valyutada beriladi. Mablag‘lar naqd pul ko‘rinishida berilishi, hisob raqamiga yoki kartaga o'tkazib berilishi mumkin. Ko'pgina banklar va mikromoliya tashkilotlari ikkala variantni ham taklif qilishadi - siz o'‘zingizga qulayini tanlashingiz mumkin. 2024 yildan boshlab, mikromoliya tashkilotlariga faqat yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Mikroqarzni rasmiylashtirish usullariga qarab, ularni oflayn rejimda – bank, lombard yoki mikromoliya tashkiloti ofisida, shuningdek onlayn tarzda beriladigan usullarga ajratish mumkin. Misol uchun, ba'zi banklar maosh  oluvchi mijozlari uchun, shuningdek, doimiy daromad va o‘sha bankning kartasiga ega bo'lganlar uchun bunday imkoniyatni taqdim etadilar.

Bunday hollarda, arizani bank veb-saytidagi shaxsiy kabinetingiz yoki mobil ilova orqali topshirishingiz mumkin - va u ma'qullangandan so'ng,  qarzni onlayn tarzda rasmiylashtirishingiz ham mumkin. Natijada mablag‘lar bank kartangizga yoki hisobingizga tushadi.

Mikroqarz qancha muddatga beriladi?

Shartlar bank yoki mikromoliya tashkilotida o‘rnatilgan qoidalarga bog'liq. 10-15 million so‘mgacha bo‘lgan kichik mikroqarzlar odatda 3-6 oy muddatga beriladi. Katta miqdordagilari – 2-3 yilgacha, 5 yilgacha berilganlari esa odatda kam uchraydi. Muddatti qancha uzoq bo'lsa, yakuniy foizlar bo‘yicha ortiqcha to'lov shunchalik katta bo'ladi. Bunda foizlar butun tasdiqlangan limit uchun hisoblanmaydi, balki faqat haqiqatda olingan pulga hisoblanadi.

Lombardlar mikroqarzlarni bir yilgacha muddatga beradi. Bundan tashqari, ular shu chegara doirasida o'z cheklovlarini o'rnatishi mumkin. Masalan, qarzning maksimal muddatini uch oygacha cheklashi mmkin.

Siz istagan vaqtda qarzni muddatidan oldin to'lashingiz mumkin – kredit tashkilotlari qarz muddatidan oldin to'langan taqdirda, jarima yoki boshqa moliyaviy sanksiyalarni qo'llash huquqiga ega emaslar.

Shuningdek, ularga arizalarni ko'rib chiqish yoki mikroqarzlarni rasmiylashtirish jarayonlari uchun haq olish ta'qiqlanadi.

Mikroqarzni qanchalik tez olish mumkin?

“Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasiga asosan, MMT yoki lombard uch kun ichida hujjatlarni ko'rib chiqishi va qaror qabul qilishi shart. Ammo amalda kun-kunida amalga oshiriladi. Hujjatlarni topshirishdan pul olishgacha bo'lgan barcha jarayon ikki soat ko‘p vaqtni olmaydi. Agar siz onlayn tarzda kredit olish uchun ariza topshirsangiz, muddat yanada qisqaroq bo'lishi mumkin.

Mikroqarz uchun bankka murojaat qilganda, jarayon bir necha daqiqadan (masalan, kredit onlayn tarzda berilgan bo'lsa va bankda mijozning moliyaviy ahvoli va daromadlari haqida barcha ma'lumotlar bo'lsa) bir necha kungacha davom etishi mumkin.

Mikroqarzni qancha miqdorda olishim mumkin?

Banklar va mikromoliya tashkilotlari uchun minimal miqdor odatda 1 million so'mdan boshlanadi. Lombardga murojaat qilganda esa qarz miqdori siz garov sifatida taqdim etayotgan mol-mulkning bahosiga bog'liq bo'ladi.

2024 yilda jismoniy shaxslar uchun mikroqarzlarning maksimal chegarasi oshirildi. Ilgari 50 million so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozir 100 million so‘mni tashkil etadi. Biroq, bu yuqori chegara ekanligini unutmasligimiz kerak. Limit har bir mijozga individual tarzda - shaxsning daromadiga, kredit yuklamasiga, kredit garoviga va boshqa omillarga qarab hisoblanadi.

Tadbirkorlar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar 300 million so‘mgacha mikroqarz olishlari mumkin - lekin maqsadsiz ajratilmaydi, balki ushbu mablag‘lar shartnomaga muvofiq muayyan maqsadlarda foydalanish sharti bilan beriladi.

Necha yoshdan mikroqarz olish mumkin?

Mikroqarzlarni 18 yoshdan oshgan fuqarolarga berishga ruxsat etiladi. Biroq, ba'zi kredit tashkilotlari ularni faqat 21 yoshdan oshganlarga beradi. Yuqori yosh chegarasi ham belgilanishi mumkin - ko'pincha bu 60-65 yoshni tashkil etadi.

Ishlamaydiganlar ham mikroqarz olish mumkinmi?

Aksariyat banklar va mikromoliya tashkilotlari mikroqarz olish shartlaridan biri sifatida rasmiy daromad – ish haqi yoki pensiyani talab qiladi. Biroq, ba'zilarida rasmiy ravishda ishlamaydiganlar uchun mikroqarz berish variantlari ham mavjud. Lekin buning uchun doimiy daromadingiz borligini hujjatlar orqali tasdiqlab berishingiz kerak, masalan, xonadonni ijaraga berishdan. Yoki garov kerak bo'ladi – ko'char mulk (masalan, avtomobil) yoki ko'chmas mulk. Shuni inobatga olingki, mikromoliya tashkilotlari ko'chmas mulk garovi ostida bir yildan kam muddatga mikroqarz berish huquqiga ega emas.

Rasmiy ishi bo'lmagan, lekin qimmatli narsasi bor va nisbatan kichik mikroqarzga muhtoj bo'lganlar uchun lombard yechim bo'lishi mumkin.

Qanday cheklovlar mavjud?

Banklar, MMT va Lombardlar qarz yuklamasi (kreditlar bo'yicha o'rtacha oylik to'lovlarning o'rtacha oylik daromadga nisbati) 50% dan ortiq bo'lgan shaxsga mikroqarz bermasligini inobatga olishingiz lozim. Markaziy bank bu ko‘rsatkichni 2024-yil 1-iyuldan boshlab 60 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Boshqa mikroqarz yoki kreditlarni to'lashda qarzingiz bo'lsa, qarz olishingiz rad etiladi.

Xulosa: mikroqarzni rasmiylashtirayotganda, moliyaviy xavflarni qanday kamaytirish mumkin

  1. Mikroqarz olishdan oldin, unga bo'lgan ehtiyojni, shu bilan birga, moliyaviy imkoniyatlaringizni hisobga oling. Agar pulni o'z vaqtida qaytarishingiz va to'lovlarni muntazam qila olishingizga ko'zingiz yetmasa, uni olmaganingiz ma'qul.
  2. Foiz stavkasini va kredit berish shartlarini ko'rib chiqing.
  3. Banklarda foiz stavkalari pastroq, lekin u yerdagi qarz oluvchilarga qo'yiladigan talablar mikromoliya tashkilotlariga nisbatan yuqoriroq. Eng yuqori foiz stavkalari lombardda, shuning uchun u yerdan bir necha kun yoki haftaga mikroqarz olishingiz ma'qulroq. Hatto rasmiy ishlamaydiganlar ham qimmatbaho buyumlarni lombardga garovga berib, undan mikroqarz olishlari mumkin. Qarz miqdori buyumning qanchaga baholanishiga bog'liq.
  4. Mikroqarz olish imkoniyatlaringizni baholab chiqing - yoshingiz to‘g‘ri keladimi, hozirda mavjud kreditlar bo'yicha qarzingiz bormi, kredit yuklamangiz qancha.
  5. Qancha muddatga qarz olishni rejalashtirayotgangizda, uzoqroq muddatga qarz olsangiz, ortiqcha to'lov ko'proq bo'lishini inobatga oling.
  6. Kredit olish uchun murojaat qilishni rejalashtirayotgan tashkilotingizni batafsil o‘rganib chiqing. U ishonchli bo'lishi kerak.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
2 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Madaminbek
Madaminbek
9 months ago

Uy xarajatlariga

Baxrom
Baxrom
6 months ago

Xarajatlar uchun