bosh sahifa / Sarflash va tejash / Meros avtomobil: mashinani sotmoqchi bo‘lganlar uchun batafsil ko‘rsatma
Как продать автомобиль, полученный в наследство: пошаговая инструкция и полезные советы

Meros avtomobil: mashinani sotmoqchi bo‘lganlar uchun batafsil ko‘rsatma

Meros qolgan mashina har doim ham kerak bo‘lavermaydi. Agar oilada mashina bo‘lsa, hech kim mashina haydamasa, litsenziya olishni rejalashtirmasa yoki pulga muhtojlik bo‘lsa, bunday holat meros avtomobilni sotish uchun sabab bo‘la oladi. Biroq bunday bitimning o‘ziga xos jihatlari bor - bu haqda maqolada gaplashamiz.

Merosxo‘rlar mashinani qachon sotishlari mumkin?

Buni merosga ega bo‘lgandan keyin amalga oshirish mumkin. Meros e'lon qilinishi bilan vafot etgan shaxsning mol-mulkiga egalik huquqi vujudga keladi. O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 1116-moddasiga ko‘ra, meros ochilgan vaqt meros qoldirgan shaxs vafot etgan kundan hisoblanadi. Agar u sud qarori bilan “vafot etgan” deb e'lon qilingan bo‘lsa (masalan, shaxs bedarak yo‘qolgan bo‘lsa-yu, dalil-isbotlar uning o‘limini ko'rsatsa), sud qarori kuchga kirgan kuni meros ochilgan hisoblanadi, agar unda boshqa sana ko‘rsatilmagan bo‘lsa.

Biroq, merosxo‘rlar merosga ega bo‘lganidan keyingina mulkni tasarruf etishlari, sotishlari yoki hadya qilishlari mumkin. Bunday holat meros e‘lon qilingan kundan olti oy o‘tgach amalga oshirilishi mumkin. Ya'ni o‘sha paytgacha qonunga ko‘ra avtomobilni nafaqat sotish, balki undan foydalanish ham mumkin emas.

Meros guvohnomasini qanday va qayerdan olish mumkin?

Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan joydagi notarius tomonidan beriladi. Odatda bu vasiyat qiluvchining so‘nggi doimiy yashash joyidir. Ya'ni, siz Toshkent shahrida yashaysiz, sizga avtomobilni meros qilib qoldirgan qarindoshingiz Farg‘onada yashagan bo‘lsa, meros o‘sha yerda ochiladi.

Avvalo meros ochilgan joydagi notariusga murojaat qilib, uni qabul qilish istagingizni bildirishingiz kerak. Buni shaxs vafot etgan yoki sud tomonidan vafot etgan deb e'lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tmasidan amalga oshirish kerak. Agar merosni qabul qilish muddatini o‘tkazib yuborsangiz, sudga murojaat qilib, sababini isbotlashingiz kerak bo‘ladi.

Notariusga olib boriladigan hujjatlar ro‘yxati individual vaziyatga bog‘liq. Kamida quyidagi hujjatlar kerak:

  • pasport;
  • o‘lim haqidagi guvohnoma;
  • vafot etgan shaxsning oxirgi doimiy yashash joyi to‘g‘risida Ichki ishlar vazirligining ma'lumotnomasi, vafot etganlik to‘g‘risida guvohnoma yoki uy daftarchasidan ko‘chirma;
  • asl vasiyatnoma (agar marhum uni qoldirgan bo‘lsa);
  • vafot etgan shaxsning mulkka bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar (masalan, avtomobil oldi-sotdi shartnomasi);
  • vafot etgan shaxs bilan qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar - tug‘ilganlik yoki nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • mulkni baholash bo‘yicha hujjatlar.

Agar boshqa hujjatlarni topshirish kerak bo‘lsa, bu haqda notarius sizga xabar beradi.

Meros e'lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tganidan so‘ng, siz yana notariusga tashrif buyurishingiz kerak, shunda u sizga meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani beradi. Ba'zi hollarda uni oldinroq olish mumkin - agar notariusda boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi haqida ma'lumot bo‘lsa. Odatda hamma olti oy kutadi, chunki bu vaqt mobaynida boshqa merosxo‘rlar paydo bo‘lishi mumkin.

Birinchi tashrifdagi hujjatlarni, shuningdek, agar notarius zarurligini ko‘rsatgan bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlarni o‘zingiz bilan olib boring.

Hujjatlarning umumiy ro‘yxatini “Elektron notarius” portalida topish mumkin. Buning uchun "Xizmat katalogi"da "Vasiyatlar va meros" saytini tanlashingiz kerak. Shuningdek, veb-saytda amaldagi notariuslarning manzillari va telefon raqamlari ko‘rsatilgan, ular qabuliga onlayn-ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud.

Notariusga shaxsan tashrif buyurish shart emas – portalda tegishli bo‘limni tanlab, “One ID” tizimidan foydalangan holda tizimga kirib, meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani masofadan rasmiylashtirish mumkin. Keyin barcha kerakli ma'lumotlarni to‘ldirish kerak. Shundan so‘ng o‘zingizga qulay sana va vaqtni belgilaysiz va videokonferentsiya orqali muloqot qilasiz. Notarius tasdiqlagan meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani elektron shaklda - elektron pochta orqali yoki qog‘oz shaklida - kuryerlik xizmati orqali olish mumkin. Agar hujjatni ofisda rasmiylashtirsangiz, sizga hujjatning qog‘oz varianti beriladi.

Merosxo‘rlar bir nechta bo‘lsa va ulardan faqat bittasi avtomobilning rasmiy egasi bo‘lsa, mashinani sotish oson va tez bo‘ladi. Qolgan merosxo‘rlar ixtiyoriy ravishda ushbu shaxs foydasiga o‘z ulushlaridan voz kechsalar, jarayon tez kechadi. Bunday voz kechish beminnat, boshqa meros evaziga yoki shu ulush uchun pul kompensatsiyasi evaziga amalga oshirilishi mumkin.

Sertifikatni olgandan keyin nima qilish kerak?

Meros huquqini olgandan so‘ng, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida (Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati) mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishingiz kerak. “Avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq, avtotransport sohiblari egalik huquqini qo‘lga kiritganidan e'tiboran 10 kalendar kun ichida Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasining hududiy organiga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu muddat meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma olingan paytdan boshlab hisoblanadi. Avtomobilga egalik huquqini Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng, merosxo‘r uni sotishi mumkin.

Avtomobilni sotish uchun nima kerak?

Avtomobilni sotish va sotib olish notarius tomonidan rasmiylashtiriladi. Bungacha avtomobil Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi, agregat raqamlari ro‘yxatga olish raqamlariga muvofiqligi tekshiriladi va texnik pasportga tegishli muhr bosib beriladi. Bu avtomobil ro‘yxatga olingan yoki tranzaktsiya qilingan joyda amalga oshirilishi mumkin. Muhr 10 kun amal qiladi. Shuning uchun xaridor topilganidan keyin Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasiga murojaat qilgan ma'qul.

Navbatdagi jarayon - bitimni notariusda ro‘yxatdan o‘tkazish.

Kerakli hujjatlar:

  • sotuvchi va xaridorning pasportlari;
  • agregatlar muvofiqligini tasdiqlovchi shtamp qo‘yilgan texnik pasport;
  • meros guvohnomasi (nusxasi o‘tmaydi - asl nusxasi kerak);
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiyalar;
  • agar xaridor avtomobilni kreditga sotib olsa - kredit shartnomasining nusxasi.

Merosxo‘r bir nechta  bo‘lsa, har birining roziligi kerak. Notarius bitimda vorislarning hammasi shaxsan ishtirok etishini xohlashi ham mumrin. Shuning uchun meros olish jarayoni boshlanishidan oldin mulk bir shaxs nomiga rasmiylashtirilishini kelishib olgan ma'qul.

Notarius avtomashinani sotish ta'qiqlanganmi, hibs belgilanganmi – tekshiradi-da,  keyin bitimni tasdiqlaydi. Bitim qanday tuziladi, buning uchun nimalar zarurligi haqida batafsil ma'lumotni “Elektron notarius” portalidagi “Transport vositasining oldi-sotdi shartnomasi” bo‘limida topishingiz mumkin. Agar avtomashinani oflayn tartibda sotib olish va sotish bo‘yicha bitim tuzish imkoniyati bo‘lmasa, uni onlayn shaklda videokonferentsiya orqali tuzish mumkin.

Qancha sarf-xarajat qilasiz?

Sarf-harajatlar bir necha qismdan iborat:

  • avtomashinani yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasida qayta ro‘yxatdan o‘tkazish - BRVning 20 foizi (asosiy hisob-kitob qiymati, 2023-yil dekabridan 1 BRV = 340 ming so‘m);
  • har bir notarial maslahat uchun to‘lov - BRVning 10%;
  • meros guvohnomasini rasmiylashtirish uchun davlat boji - ko‘chmas mulk va avtomobil uchun BRVning 50 foizi (har bir mulk uchun), boshqa mol-mulk uchun 30 foizi;
  • avtomobil oldi-sotdi bitimini rasmiylashtirish uchun davlat boji - BRVning 3 barobari;
  • gerb yig‘imi (meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma va oldi-sotdi shartnomasi uchun) - har bir blank uchun BRVning 10 foizi;
  • har bir xizmat bo‘yicha loyiha tuzish uchun notariusga to‘lov (meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani berish, oldi-sotdi bitimi) - BRVning 20 foizi;
  • notarius tomonidan mol-mulkni begonalashtirish bo‘yicha ta'qiq va hibs yo‘qligini tekshirish - BRVning 15 foizi. Bunday tekshiruv meros huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishda va avtomobil oldi-sotdi bitimi paytida amalga oshiriladi;

Har bir holatdan kelib chiqqan holda, notarial idorada boshqa to‘lovlar ham amalga oshirilishi mumkin,. Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasining muhri bepul qo‘yiladi.

Xulosa: meros avtomobilni qanday sotish mumkin?

Meros avtomobilni sotish uchun sizga quyidagilar kerak:

  1. Sizga meros qoldirgan shaxs vafotidan keyin olti oy ichida meros bo‘yicha da'vo arizasi bering.
  2. Ushbu olti oy o‘tganidan so‘ng, notariusdan meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani olib, merosga rasman ega bo‘ling.
  3. Avtomobilga egalik huquqini Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazing.
  4. Xaridor toping va narxni kelishib oling.
  5. Avtomobil oldi-sotdi bitimini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yana notarius qabuliga boring.
  6. Notariusda oldi-sotdi bitimini tuzishdan oldin 10 kun ichida avtomobil agregatlari raqamlarining davlat raqamlariga mos kelishini ta'minlash uchun Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasida avtomobil texnik pasportiga muhr bostiring.
  7. Avtomobil oldi-sotdi bitimini notarius qabulida rasmiylashtiring.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Muxbira xatamova
Muxbira xatamova
7 months ago

Meroshorlarga voyagea yetmagan bòlsa Nima qilsh kerak