
Ish haqi qanday to‘lanadi: mehnatga haq to‘lashning shakl va tizimlari
Ish haqi nima ekanligini aytib beramiz va qanday shaklda to‘lanishi mumkinligini bilib olamiz.
Ish haqi xodimga oylik bajarilgan ish uchun to‘lanadi va lavozim hamda ish ko‘rsatkichlariga qarab farq qilishi mumkin. Ishga joylashayotganda, asosan ish haqi miqdori hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, turli kompaniyalarda ish haqi turli yo‘llar bilan to‘lanadi. Bu nimaga bog‘liq? Buni bugun aniqlaymiz, shuningdek, ish haqining qanday shakl va tizimlari mavjudligini va qonun ish haqi to‘g‘risida nima deyishini bilib olamiz.
Ish haqi nima
Ish haqi – bu yollanma xodimning mehnati uchun haq to‘lash shakli. Uning to‘lovi moddiy shaklda amalga oshiriladi: ko‘pincha pulda, kam hollarda mahsulotlarda. Ish haqi miqdoriga ko‘plab omillar, jumladan xodimning lavozimi, ish tajribasi, malakasi va ko‘rsatkichlari ta'sir qiladi.
Ish haqi to‘g‘risidagi dastlabki ma'lumotlar qadimgi manba va asarlarda uchraydi. Misol uchun, qadimgi kitoblardan birida fors shohi Artakserks I ning xizmatkorlari xizmat va sadoqat uchun mukofot sifatida tuz olganligi eslatib o‘tilgan. Rim askarlari ham o'z xizmatlari uchun tuz to'lovlarini olishgan — bu qadimgi Rim yozuvchisi Pliniyning “Tabiiy tarix” asarida aytilgan. Aksariyat Yevropa tillarida "ish haqi" so‘zining o‘zagi "tuz" ma'nosini anglatuvchi "sal" birikmasidan iborat.
Mehnatga haq toʻlash XIX — XX asr boshlarida sanoat inqilobi rivojlanishi bilan, Yevropa va Amerika mamlakatlarida yollangan ishchilar sinfi paydo bo‘lganda joriy qilindi. O‘shandan beri va hozirgi kungacha ish haqi xodimlarning asosiy daromad manbai bo‘lib qolmoqda.
O‘rtacha ish haqini qanday hisoblash kerak: bosqichma-bosqich ko‘rsatma
Ish haqi nimadan iborat
Ish haqi bir nechta qismlardan iborat bo‘lib, asosiylari maosh va mehnat shartnomasida belgilangan tarif stavkasi hisoblanadi. Bundan tashqari, xodim qo‘shimcha — kompensatsiya va rag‘batlantirish to‘lovlarini olishi mumkin.
Kompensatsiya to‘lovlariga maxsus sharoitlarda — masalan, xavfli ishlab chiqarishlarda, iqlimi og‘ir bo‘lgan hududlarda va ish vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun to‘lanadigan ish haqi kiradi. Shuningdek, maxfiylik uchun qo‘shimcha to‘lovni ham o‘z ichiga oladi — bu davlat xizmatidagi ayrim xodimlariga tegishli.
Rag‘batlantiruvchi to‘lovlarga mukofotlar, bonuslar, alohida xizmatlari va ish staji uchun qo‘shimcha to‘lovlar kiradi. Bunday qo‘shimcha to‘lovlar xodimni mehnatsevarligi uchun mukofotlaydi va yanada yaxshi ishlashga rag‘batlantiradi.
Barcha to‘lovlarning miqdori, shartlari va boshqa qoidalar mehnat shartnomasida ko‘rsatiladi va mahalliy normativ hujjatda ham belgilanishi mumkin.
Ish haqini to‘lashning qanday shakllari mavjud
Mehnat kodeksiga binoan pul shaklida haq to‘lash to‘lovning asosiy shakli sifatida qabul qilinadi. Shu bilan birga, ish haqi milliy valyutada — so‘mda to‘lanishi kerak. Ish haqini kuponlar, tilxatlar, qarz majburiyatlari tarzida to‘lash qonun bilan taqiqlanadi. Shuningdek, xodimga natura shaklida haq to‘lash taqiqlanadi, bundan hukumat tomonidan belgilangan hollar mustasno.
Qonunga ko‘ra, ish haqi oyiga kamida ikki marta — avans (bo‘nak) va ish haqining asosiy qismi shaklida to‘lanishi kerak. Qoida tariqasida, to‘lovlar orasidagi interval yarim oyni tashkil qiladi. Odatda avans har oyning 15-dan 20-kunigacha, ish haqining asosiy qismi esa keyingi oyning 5-kunida to‘lanadi. Ish beruvchi to‘lov usulini tanlash huquqiga ega — buxgalteriya bo‘limi orqali naqd pulda yoki bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan naqdsiz shaklda.
Mehnatga haq to‘lash tizimlari
Ish haqini to‘lash shakli va mehnatga haq to‘lash tizimi bir xil narsa, degani emas. Birinchisi, xodimga ish haqi qanday shaklda to‘lanishini belgilaydi. Ikkinchisi xodimga nima uchun va qanday miqdorda to‘lovlar berilishini belgilaydi.
Mehnatga haq to‘lash tizimi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Bir tashkilotda turli xodimlarga nisbatan mehnatga haq to‘lashning turli xil tizimi qo‘llanilishi mumkin. O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning tarifli va tarifsiz tizimlari qo‘llanilishi mumkin.
Tarifli tizimi eng keng tarqalgan. Yakuniy summani shakllantirish uchun to‘rtta parametrni — tarif setkasini, tarif stavkalarini, tarif razryadlari va koeffitsiyentlarini hisobga oladi.
Tarif setkasi xodimning malakasiga qarab to‘lovlarni differensiyalashni nazarda tutadi. Masalan, yuqori razryadga ega bo‘lgan xodim bir xil ish uchun pastroq razryaddagi xodimga qaraganda ko‘proq ish haqi to‘lanadi.
Tarif stavkasi — maosh deb ham ataladi — bu oyiga ma'lum bir mehnat normasi bajarilganligi uchun belgilangan ish haqi miqdori.
Tarif razryadi ishlarning murakkabligini va xodimning malaka darajasini aks ettiradi.
Tarif koeffitsiyentlari xodimlar malaka darajasining razryadlar bo‘yicha nisbatini ko‘rsatadi va har bir razryad uchun ish haqi darajasini belgilaydi.
Tarifsiz tizim tobora kamroq qo‘llanilmoqda. Bu kompaniyaning muvaffaqiyati va ko‘rsatkichlariga qarab xodimga ish haqi to‘lashni nazarda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, ish beruvchining daromadi oshgani sayin, xodimlarning ish haqi ham oshadi. Agar tijorat ko‘rsatkichlari pasaysa, xodimlarning ish haqi ham kamayadi. Yagona cheklov — tarifsiz tizim bo‘yicha ish haqi belgilangan eng kam ish haqidan (MHEKM) past bo'lishi mumkin emas.
Ish haqi to‘g‘risidagi qonunlar
Ish haqini to‘lash tartibi va shartlari Mehnat kodeksining 15-bobida batafsil bayon qilingan. Kodeksga muvofiq, ish beruvchi xodimning ish haqini to‘lamaganligi uchun javobgar bo‘ladi va xodimga ish beruvchining hisobidan kompensatsiya to‘lovlarini kafolatlaydi.
O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM) belgilangan bo‘lib, u oyiga 1 mln 50 ming so‘mni (2024-yilning sentabr oyi holatiga) tashkil qiladi. Demak, birinchi razryaddagi xodimga oylik mehnat normasini bajarilganligi uchun belgilangan miqdordan kam bo‘lmagan ish haqi kafolatlanadi. Eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib, eng kam soatbay ish haqi belgilanadi.
Alohida sharoitlarda ishlash qonunda belgilangan ustama to‘lovlar bilan rag‘batlantiriladi. Ish vaqtidan tashqari ish, shuningdek, dam olish va bayram kunlaridagi ish kamida 2 koeffitsiyent bilan to‘lanishi kerak. Tungi vaqtdagi ish kamida 1,5 koeffitsiyent bilan to‘lanadi.
Kodeksda ish haqining bir qismini ushlab qolish tartibi ham belgilangan. Ushlab qolish soliqlar, jarimalar va alimentlarni to‘lash, sud qarorlarini ijro etish va boshqa bir qator sabablarga ko‘ra amalga oshiriladi. Qonun ish haqini ushlab qolish miqdorini cheklaydi.
Mehnat kodeksi ish haqini belgilashda har qanday diskrimatsiyani taqiqlaydi va bir xil lavozimdagi erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini kafolatlaydi.
Izoh qo‘shish