bosh sahifa / Sarflash va tejash / Mehnat ta’tilini qachon olgan ma’qul: bayram va ishlanmaydigan kunlarning ta'til davomiyligi va to‘loviga ta’siri
Когда выгоднее брать отпуск: влияние праздничных и нерабочих дней на его продолжительность и оплату
Yangilanish sanasi: 07.11.2024

Mehnat ta’tilini qachon olgan ma’qul: bayram va ishlanmaydigan kunlarning ta'til davomiyligi va to‘loviga ta’siri

Mehnat ta’tilini qachon olish ma’qulligi, bayram kunlari va qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar mavjud oylarda uning davomiyligi va to‘lovi qanday bo‘lishini tushuntiramiz.

O‘zbekistonda ko‘pincha davomiy dam olish kunlari kuzatiladi. Rasmiy bayramlardan tashqari, prezident tomonidan Ramazon hayiti va Qurbon hayiti uchun an'anaviy ravishda qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar e'lon qilinadi. Ularning mehnat ta'tili davomiyligi va to‘loviga, shuningdek bir oylik umumiy ish haqiga qanday ta'sir qilishini ko‘rib chiqamiz.

Bayram yoki ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelgan mehnat ta'tilining davomiyligi qanday hisoblanadi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 221-moddasiga binoan, mehnat ta'tillarining davomiyligini belgilashda respublikada ishlanmaydigan kun hisoblangan to‘qqizta bayram hisobga olinmaydi. Ularning barchasi 208-moddada sanab o‘tilgan. Bular:

  •  1-yanvar — Yangi yil;
  • 8-mart — Xotin-qizlar kuni;
  •  21-mart — Navro‘z bayrami;
  • 9-may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1-sentyabr — Mustaqillik kuni;
  • 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
  • 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
  • Ramazon hayiti bayramining birinchi kuni;
  • Qurbon hayiti bayramining birinchi kuni.

Ya'ni, ushbu bayramlardan biri mehnat ta'tili davriga to‘g‘ri kelsa, uning davomiyligi avtomat tarzda bir kunga uzayadi.

Shuningdek, prezident har yili qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar (masalan, Qurbon hayiti) belgilangan farmonni imzolaydi. Ular mehnat ta'tili davomiyligini hisoblashda inobatga olinadi. Bunda, ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgani sababli boshqa kunga ko‘chiriladigan dam olish kunlari ham hisobga olinadi (bunday talab Mehnat kodeksining 208-moddasida belgilangan). Ya'ni, bu kunlar oddiy dam olish kunlari — shanba va yakshanbalar qatorida mehnat ta'tiliga qo‘shiladi.

Misol

Rashid 21 kunga — 2024-yil 3-iyun, dushanbadan 23-iyun, yakshanbagacha mehnat ta'tili olgan. Uning ta'tili Mehnat kodeksida ko‘rsatilgan to‘qqizta bayramdan biriga to‘g‘ri kelgan (2024-yilda Qurbon hayitning birinchi kuni 16-iyunda nishonlandi). Shu bois mehnat ta'tili bir kunga uzaygan. Rashid 22 kun dam olgan va ishga 24-iyun, dushanbada emas, balki 25-iyun, seshanbada chiqqan.

Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!

Qo‘shilish

Mehnat ta'tilini bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarini inobatga olib hisoblash

Mehnat ta'tili kunlari uchun to‘lov o‘rtacha ish haqidan (o‘rtacha maosh) kelib chiqib amalga oshiriladi. U xodim oladigan nominal ish haqidan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Masalan, yil davomida mehnat ta'tilidan avval unga berilgan ish yakunlari bo‘yicha mukofotlar, turli qo‘shimcha to‘lovlar hamda ijtimoiy soliq hisoblanadigan shunga o‘xshash to‘lovlar ham inobatga olinadi. Bu Mehnat kodeksining 248-moddasida nazarda tutilgan ish haqining qo‘shimcha qismi.

O‘rtacha ish haqini hisoblashda so‘nggi kalendar oy uchun oylik ish haqiga (tarifga) bunday to‘lovlar umumiy summasining 1/12 qismi qo‘shiladi (agar to‘langan bo‘lsa). Agar ishchi bir yildan kam muddat ishlagan bo‘lsa, to‘lovlarning umumiy summasi to‘liq ishlangan oylar soniga bo‘linadi (1/6 – agar ishchi yarim yil ishlagan bo‘lsa, 1/5 – ishchi 5 oy ishlagan bo‘lsa va h.k.).

Mehnat ta'tilining har bir kuni uchun qancha pul olishingizni hisoblash uchun mazkur summani 23,5 soniga — olti kunlik ish haftasida bir oydagi o‘rtacha ish kunlari soniga bo‘lish zarur. Ta'til puli ham olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib to‘lanadi (hattoki besh kunlik ish haftasida ham). Ya'ni, 2023-yildan buyon kamida 21 kalendar kunni tashkil qiluvchi asosiy eng kam mehnat ta'tili (Mehnat kodeksining 217-moddasi) uchun ta'til to‘lovlari 18 ish kuni uchun hisoblanadi.

Bunda, agar O‘zbekistonda rasmiy ishlanmaydigan kun hisoblangan Mehnat kodeksining 221-moddasida ko‘rsatilgan to‘qqizta bayramdan biri mehnat ta'tili davriga to‘g‘ri kelsa, bunday kunlar uchun haq to‘lanmaydi. Qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar bayram kunlari hisoblanmaydi, shu bois ular mehnat ta'tilini hisoblashda qo‘shiladi.

Misol

Rashidning ish haqi — bir oyda 8 mln so‘m. Tasavvur qilaylik, u so‘nggi yil davomida hech qanday mukofot va qo‘shimcha to‘lovlar olmagan. Shu tariqa, uning o‘rtacha kunlik ish haqi 8 000 000 : 23,5 = 340 425 so‘mni tashkil qiladi. Bu summani Rashid mehnat ta'tilining har bir kuni uchun oladi. Agar Rashid 21 kunga mehnat ta'tili olsa, to‘langan ta'til pullarining umumiy summasi, hattoki u bayram tufayli bir kunga ko‘proq dam olgan taqdirda ham, baribir 340 425 x 18 = 6 127 659 so‘mni tashkil qiladi.

Mehnat ta'tili to‘g‘ri kelgan oy uchun ish haqi qanday hisoblanadi

Mehnat ta'tili kunlari to‘g‘ri keladigan oyda ishchining daromadi odatda ta'til pullari hamda u ishlagan kunlar uchun to‘lanadigan ish haqidan iborat bo‘ladi. Istisno — agar odam butun kalendar oy, ya'ni 1-sanadan 30 yoki 31-sanagacha ta'til olgan hollar. Bunday holda u faqat ta'til pulini oladi.

“Ta'til” oylarida buxgalteriya ish haqini qancha kun ishlanganidan kelib chiqib hisoblaydi. Ularning soni har bir ish kuni qiymatiga ko‘paytiriladi. Bu summa bir oyda qancha ish kuni bo‘lishiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Ish kunlarining soni qancha ko‘p bo‘lsa, har birining qiymati ham ko‘proq bo‘ladi. Shunga muvofiq, moliyaviy nuqtai nazardan mehnat ta'tilini ish kunlari eng ko‘p bo‘lgan oylarda olgan foydaliroq. Va aksincha: ish kunlari kam bo‘lgan oylarda ta'til puli va ish haqidan tashkil topadigan umumiy daromad kamroq chiqadi.

Buni hisoblash uchun oddiy formula qo‘llaniladi:

  • Ish kuni qiymati = ish haqi : ishlab chiqarish kalendariga muvofiq bir oydagi ish kunlarining umumiy soni.

1-misol

Rashid besh kunlik ish haftasida ishlaydi. Agar u mehnat ta'tili olmaganida, 2024-yilning iyun oyida unda atigi 18 ish kuni bo‘lardi. Bu oy 30 kalendar kundan iborat, ammo 2024-yilda 10 kun dam olish kunlari — shanba va yakshanbaga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, Qurbon hayit bayrami tufayli yana ikkita dam olish kuni qo‘shilgan. 2024-yilda bayramning birinchi kuni yakshanba, 16-iyunga to‘g‘ri kelgani sababli, bu kundagi dam olish kuni dushanba, 17-iyunga ko‘chirilgan. Seshanba, 18-iyun esa prezident tomonidan qo‘shimcha dam olish kuni sifatida e'lon qilingan. 3-iyundan 23-iyungacha bo‘lgan 21 kunlik mehnat ta'tiliga bayram tufayli yana bir “ortiqcha” kun qo‘shilgani sababli, Rashid ishga seshanba, 25-iyunda chiqqan. Shuning uchun, bu oyda u atigi 4 kun — 25-iyundan 28-iyungacha ishlagan. Har bir ishlagan kuni uchun Rashid 444 444 so‘m (8 000 000 : 18) olgan. Ishlangan 4 kun uchun esa — 1 777 776 so‘m (444 444 x 4), ya'ni, oylik ish haqidan kamroq  olgan. Jami bo‘lib bir oyda u 6 127 659 so‘m (ta'til puli) + 1 777 776 so‘m (ish haqi) = 7 905 435 so‘m olgan. Bu summa uning odatiy bir oylik ish haqidan kamroq.

2-misol

Agar Rashid 2024-yilning iyul oyida 21 kunlik mehnat ta'tilini olganida pul borasida sezilarli yutgan bo‘lardi: bu oyda ish kunlari soni ko‘proq bo‘lgan (23). Bir ish kunining qiymati 347 826 so‘mni (8 000 000 : 23) tashkil qilgan. Iyulda Rashidning ta'til puli summasi avvalgidek qolardi (6 127 659 so‘m), lekin ish haqi iyun oyiga nisbatan ko‘proq bo‘lardi. Masalan, agar u dushanba, 1-iyuldan yakshanba, 21-iyulgacha ta'tilga ketganida, dam olishdan qaytganida unda 8 ta ish kuni qolgan bo‘lardi. Shunga muvofiq, u 2 782 608 so‘m (347 826 x 8) ishlab topgan bo‘lardi. Unga ta'til puli bilan birga bir oyda 8 910 267 so‘m (2 782 608 + 6 127 659) hisoblanardi. Bu uning odatiy oylik ish haqidan ko‘proq.

Xulosa: vaqt yoki pul tejalishi uchun mehnat ta'tilini qachon olish kerak

Ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta'tilining davomiyligiga ta'sir ko‘rsatadi. Agar siz dam olish davri bir kunga ko‘proq davom etishini istasangiz, mehnat ta'tilini Mehnat kodeksi 221-moddasida ko‘rsatilgan bayramlardan biri to‘g‘ri keladigan qilib rejalashtirishingiz mumkin. Biroq, moliyaviy nuqtai nazardan mehnat ta'tilini ish kunlari ko‘proq, dam olish kunlari esa (jumladan, shanba, yakshanba, ishlanmaydigan bayram va qo‘shimcha dam olish kunlari) kamroq bo‘lgan oylarda olgan foydaliroq ekanligini inobatga olishingiz zarur.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments