
Islom banki qanday ishlaydi: xususiyatlarni ko‘rib chiqamiz
Islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi allaqachon tayyor va tez orada parlamentda ko‘rib chiqiladi. U joriy etilishi bilan musulmonlar uchun nima o‘zgaradi? Banklar qanday xizmatlarni taklif qilishlari mumkin va bu diniy tamoyillar bilan qanday bog‘lanadi? Asosiy savollarga javob beramiz.
Islom banki oddiy banklardan qanday farq qiladi?
Islom banki shariat qonunlari va islom axloqiga asoslanadi. Uning asosida qo‘shma moliyalashtirish prinsipi yotadi. Agar klassik bankda moliya institutlari asosan pul mablag‘larini joylashtirish orqali pul ishlasa, islom bankida moddiy aktivlar hisobidan daromad oladilar. Bu asosiy farqlardan biridir.
Masalan, islom banki qoidalariga ko‘ra, bank iste'mol krediti berib, kredit miqdoridan foiz ololmaydi. Islomda bu ribo, ya'ni sudxo‘rlik hisoblanadi va qat'iyan man etiladi.
Shuningdek, ayrim harom faoliyatlarni moliyalash mumkin emas. Misol uchun, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlar, cho‘chqa go‘shti va qurol ishlab chiqarish. Yuqori xatarga ega aktivlarga (masalan, kriptovalyuta) sarmoya kiritish ham taqiqlanadi. Bundan tashqari, kriptovalyuta nomoddiy aktiv hisoblanadi, bu ham taqiqlangan.
Demak, aksiyalarga sarmoya kiritish taqiqlanganmi?
Qisman. Islom bankining tamoyillari qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritishga ruxsat beradi. Ammo bir nechta muhim mezonlar mavjud.
Birinchidan, qimmatli qog‘ozlar moddiy aktiv bilan ta'minlanishi kerak. Ya'ni, investorlar shunchaki qarz oluvchiga pul bermaydilar, balki undan aktivning bir qismini sotib oladilar. Misol uchun, agar qurilish kompaniyasining obligatsiyalarini sotib olsangiz, investitsiyangiz kompaniyaga tegishli bo‘lgan real ko‘chmas mulk yoki qurilish uskunalari bilan ta'minlanishi kerak.
Ikkinchidan, qimmatli qog‘zlar foizsiz bo‘lishi kerak.
Shariat qonunlari va islom axloqiga mos keladigan obligatsiyalar sukuk deb ataladi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, bu yerda ham sheriklik tamoyili qo‘llaniladi: barcha xatarlarni investor ham, aktivning asosiy egasi ham o‘z zimmasiga oladi. Misol uchun, agar savdo markazi qurilishini moliyalashtirish uchun chiqarilgan sukukga sarmoya kiritsangiz, investitsiyangiz real ko‘chmas mulk bilan ta'minlanadi. Agar loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, chakana savdo maydonchasini ijaraga berishdan olingan daromadning bir qismini olasiz. Agar yo‘qotishlar yuzaga kelsa, ular barcha ishtirokchilar o‘rtasida, jumladan, investor sifatida sizga ham taqsimlanadi, bu islom moliya tizimidagi adolat va mas'uliyat tamoyillariga mos keladi.
Eshitishimcha, foizsiz ssuda olsam bo‘ladi...
Ha, bu islom banklarida qo‘llaniladi. Foizsiz ssuda “qarz al-hasan” deb ataladi. U aniq maqsadlar — masalan, to‘y yoki xayriya loyihasini amalga oshirish uchun berilishi mumkin. Asosiy shart — pulni o‘z vaqtida qaytarish.
Qarz al-hasanning qiziq xususiyati shundaki, qarz oluvchi ixtiyoriy ravishda to‘lov miqdorini oshirishi, ya'ni qo‘shimcha miqdor (hibo) bilan qaytarishi mumkin. Biroq, bu oldindan belgilanmaydi va qo‘shimcha to‘lov bo‘yicha majburiyatlar yo‘q. Shunday qilib, qarz al-hasan islom banki tamoyillariga mos keladigan foizsiz ssuda bo‘lib qolmoqda.
Agar pul emas, balki ma'lum bir mahsulot (masalan, maishiy texnika yoki gadjetlar) kerak bo‘lsa, siz uchun bay-bi-silo mos keladi. Bu deyarli nasiya hisoblanadi: tovarni qiymatining bir qismini to‘lab olasiz, qolgan summani keyinroq bo‘lib-bo‘lib to‘laysiz. Hech qanday foiz, ya'ni ortiqcha to‘lovlar nazarda tutilmagan.
Islom bank tizimida ishtirok etuvchi banklar xayriya tashkilotlari emas, balki tijorat korxona ekanligini yodda tutish muhim. Ularning asosiy vazifasi foyda olish va rivojlanishdir, shuning uchun foizsiz kredit hammaga ham berilmaydi.
Islom banki yordamida kvartira sotib olsam bo‘ladimi?
Ha, lekin bitimni rasmiylashtirish odatdagidek bo‘lmaydi. Odatda, kvartira sotib olmoqchi bo'lgan odam bankda ipotekani rasmiylashtiradi, pul oladi, bitim tuzadi va keyin summani foizlari bilan to‘laydi. Ammo islom bankida foizlar taqiqlangan. Shuning uchun, bitim quyidagicha tuziladi: bank mijoz uchun kvartira sotib oladi va keyin o‘z daromadlarini hisobga olgan holda yuqori narxga sotadi. Bunday holda, shariat normalari buzilmaydi. Islom ipotekasining bu turi murobaha deb ataladi.
Yana bir turi bor — mushoraqa, ya'ni birgalikda egalik qilish. Bunday holda, bank va mijoz ko‘chmas mulkni birgalikda sotib oladilar, ammo mulk to‘langan summani hisobga olgan holda ulushlarda rasmiylashtiriladi. So‘ng mijoz bankka tegishli qismini ijaraga oladi va to‘langan summa ulushni sotib olishga ketadi. Bu butun ulush to‘liq sotib olinmaguncha davom etadi.
Depozitlar haqida nima deyish mumkin?
Islom bankida depozitlarning ikki turi mavjud: vaqala va muzoraba. Ularning klassik depozitlardan asosiy farqini shu joyning o‘zida belgilab o‘taylik. Barcha xatarlar bankka emas, balki omonatchiga tushadi. Bankning qasddan qilgan harakatlari tufayli pul yo‘qotilishi sodir bo‘lgan holatlar, ya'ni firibgarlik yoki beparvolik bilan bog‘liq alohida holatlar bundan mustasno.
Vaqala kafolatlangan daromadni ta'minlaydi — bu shartnoma tuzish jarayonida muhokama qilinadi. Bank pulingizdan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanadi, lekin investitsiyalarning halolligini (ya'ni islom me'yorlari va shariat qonunlariga mos bo‘lishini) kafolatlaydi. Odatda, amal qilish muddati tugagunga qadar pulni yechib ololmaysiz. Umuman olganda, vaqala an'anaviy muddatli omonatga o‘xshaydi.
Muzoraba — yuqori xatarga ega loyiha. Bunda investitsiya sohasini mijoz tanlaydi, bank esa maslahatchi va boshqaruvchi vazifalarini bajaradi. Shu bilan birga, bank belgilangan foyda yoki investitsiyalardan ulush olishi mumkin. Ulushlarning nisbati hech qanday tartibga solinmaydi va shartnoma tuzishda belgilanadi.
Islom depozitlaridan tashqari, talab qilib olguncha omonat — qarz ham mavjud. Bunda puldan hech qanday daromad olish nazarda tutilmaydi, lekin naqd puldan xalos bo‘lishga va barcha mablag‘larni xavfsiz joyda (hisobda) saqlashga imkon beradi. Hisobni to‘ldirish yoki aksincha, undan pul yechib olish mumkin. Bank o‘z xohishiga ko‘ra omonat egalariga imtiyozlar yoki sovg‘alar berishi mumkin, ammo ular shartnomada belgilanmagan va kafolatlanmagan.
O‘zbekistonda islom banki qachon yo‘lga qo‘yiladi?
Aniq sanani aytish qiyin: hozirda faqat qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha bu yil parlamentda ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev ma'lum qildi. Islom banki xizmatlarini rivojlantirish yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” konsepsiyasida ham ko‘zda tutilgan. Muammo shundaki, bunday bank tamoyillari hali ba'zi qonunlarga — hatto bank faoliyati to‘g‘risidagi asosiy qonunlarga ziddir.
Misol uchun, ipoteka krediti o‘rniga islom banki aslida ko‘chmas mulkni qayta sotishdan foydalanadi. Biroq banklar moliya institutlari bo‘lib, rasmiy ravishda ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanish huquqiga ega emaslar. Bunday xususiyatlar juda ko‘p, shuning uchun bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish kerak.
Qo‘shni davlatlarda islom banki faoliyati qonuniylashtirilganmi?
Ha, u Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda ishlaydi. Bu mamlakatlarning har birida islom banki faoliyatini faqat bir nechta muassasalar amalga oshiradi. Aytishimiz mumkinki, uning rivojlanishi hali ham davom etmoqda, lekin juda faol emas. Tajriba tariqasida islomiy bank xizmatlari Rossiyada Dog‘iston, Checheniston, Boshqirdiston va Tatariston hududlarida ham taqdim etiladi.
Islomiy aktivlar bo'yicha eng yirik davlatlar Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Janubiy Afrika va Qatardir. Ushbu davlatlarda bunday bank turi uzoq vaqtdan beri ishlab kelmoqda va davlat idoralari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanadi.
Izoh qo‘shish
Tezroq ishka tushsin halol yol blan halqa manfatli hizmat qilsin bu islomi bank inshaAlloh