
Dividendlar: bu nima va uni qanday olish mumkin
Eng daromadli moliyaviy vositalardan biri — bu qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish. Ba’zi aktivlarning qiymati yil va hatto yarim yil davomida ikki xonali foizda o‘sadi. Ko‘plab kompaniyalar aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lab keladi, bu investorga yanada ko‘proq foyda keltirishi mumkin. Dividend to‘lovlarini olish uchun ular qachon va qanday to‘lanishini bilishingiz kerak. Bugun kompaniyalar dividend to‘lash bo‘yicha qarorlarni qanday qabul qilishi va ularni qanday olish mumkinligini aytib beramiz.
Dividendlar nima
Dividendlar — bu kompaniya o‘z aksiya egalari o‘rtasida ularning soniga muvofiq taqsimlaydigan foyda qismi. Aksiyalar egasi, agar to‘lov kunida dividenlar portfelida bo‘lsa, ularni olishi mumkin. Dividendlarni to‘lash majburiy emas — bu qaror kompaniyaning aksiyadorlar kengashi tomonidan qabul qilinadi.
To‘lovlar miqdori, muddati va tartibi ham aksiyadorlar kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Dividendlar har oyda, olti oy yoki yilda bir marta to‘lanishi mumkin. O‘z aksiyalari bo‘yicha umuman dividend to‘lamaydigan kompaniyalar ham mavjud. To‘lov tartibi odatda kompaniyaning ichki hujjatlarida, masalan, dividend siyosati to‘g‘risidagi nizomda belgilanadi. Ushbu hujjatlar bilan tegishli tashkilotning saytida tanishish mumkin.
Dividendlar to‘lanishini qanday bilish mumkin
Odatda, kompaniyalar ma'lum bir moliyaviy davr uchun hisobotda daromadlar qayd etilganidan va aksiyalar barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lganidan so‘ng, dividend to‘lovlari to‘g‘risida qaror qabul qilishadi. Dividendlar to‘g‘risidagi qaror, shuningdek, aksiyalar qiymatining o‘sishini qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirishi mumkin. Shu bilan birga, dividendlarning yo‘qligi yoki haqiqiy hajmi kutilganidan kichikroq bo‘lishi aksiyalar qiymatining pasayishiga olib kelishi mumkin. Misol uchun, agar kompaniya moliyaviy yilni yaxshi iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan yakunlasa va aksiyalari o‘sib borayotgan bo‘lsa, ular bo‘yicha dividendlar to‘lash ehtimoli katta. Va aksincha: kompaniya zarar ko‘rsa, aksiyadorlar bo‘sh mablag‘larni dividendlarga emas, balki biznesni rivojlantirishga sarflashni afzal ko‘radilar.
Shu bilan birga, kompaniyalar dividend siyosati qoida va asoslarini bir tomonlama o‘zgartirish huquqiga ega. Va agar biron bir tuzilma har yili dividendlar to‘lagan bo‘lsa ham, bu to‘lovlar kelgusi yilda amalga oshirilishini anglatmaydi.
Dividendlarni qanday olish mumkin
Dividend to‘lovlarini olish uchun ma'lum bir sanada, ya'ni aksiyalar egalari reestrini shakllantirishning oxirgi muddatida kompaniya aksiyalari paketining egasi bo‘lish kerak. Aksiyalarga egalik qilish muddati muhim emas: kompaniyaning barcha qimmatli qog‘ozlari egalari dividendlar bo‘yicha teng huquqqa ega.
Shuni yodda tutish kerakki, aksiyalarni sotib olgandan so‘ng, uning xaridori darhol egalar reestriga kiritilmaydi. Buning uchun birjaga odatda bir yoki ikki ish kuni talab etiladi. Shuning uchun, dividendlarni to‘lash sanasi ma'lum bo‘lganida, kompaniyaning aksiyalarini imkon qadar tezroq sotib olganingiz ma'qul. Shuni ham hisobga olish kerakki, dividend to‘lovlari arafasida aksiyalarga talab ortgani sababli qiymati ham odatda ko‘tariladi.
Dividend to‘lovlari miqdori ko‘pincha aksiyalari chiqarilgan kompaniyaning saytida ko‘rsatiladi. Buni bir aksiya uchun dividend hajmining dividend qiymatiga nisbati formulasi bo‘yicha mustaqil ravishda hisoblab chiqish ham mumkin. Qiymat yillik foizlarda ko‘rsatiladi — xuddi bank omonatlari va depozitlarida bo‘lgani kabi.
Dividend to‘lovlarini olish uchun hech qanday maxsus harakatlarni amalga oshirish kerak emas. To‘lov ma'lum muddat ichida aksiyadorning shaxsiy brokerlik hisob raqamiga o‘tkaziladi. Odatda bu muddat taxminan bir oyni tashkil etadi. Oʻzbekistonda 2024-yil oxirigacha jismoniy shaxslar aksiyalar boʻyicha dividendlar uchun daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
Dividend gepidan qanday foydalanish kerak
Dividend toʻlovlarini talab qiluvchi aksiyadorlar roʻyxati yopilganda, dividend gepi deb ataladigan hodisa yuzaga keladi. U bir aksiyaning qiymati shu aksiya boʻyicha rejalashtirilgan dividend miqdorigacha pasayishini nazarda tutadi. Bu ikki sababga koʻra sodir boʻladi — birinchidan, dividend toʻlash sanasidan oldin aksiyadorlar roʻyxati yopilgandan soʻng, investorlarning kompaniya aksiyalariga boʻlgan qiziqishi kamayadi. Shu bilan birga, ularning qiymati ham pasayadi. Ikkinchidan, kompaniya dividend toʻlash uchun erkin mablagʻlarni yoʻnaltiradi. Natijada kompaniya mablagʻlari kamayadi, bu esa aksiyalar qiymatiga ta'sir etadi.
Dividend gepidan oqilona foydalanish mumkin. Ba'zi investorlar direktorlar kengashi dividendlarni toʻlash toʻgʻrisida e'lon qilganidan keyin aksiyalarni sotib olishga va aksiyadorlar roʻyxati yopilgandan soʻng darhol sotishga harakat qiladilar. Bu maksimal daromad keltirishi mumkin, chunki sotuv qimmatli qogʻozlar eng katta qiymatga ega boʻlganida amalga oshiriladi.
Yana bir strategiya aksiyalarni qiymati pasayganidan keyin sotib olish va dividendlarga tayanmaslikdir. Bu qimmatli qogʻozlarni eng past narxda sotib olish imkonini beradi. Narx maqbul darajaga koʻtarilgandan soʻng aksiyalarni sotish mumkin.
Xulosa: dividend to‘lovlarini qanday olish mumkin
Materialimiz so‘ngida dividend to‘lovlarini olish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan harakatlar ketma-ketligini keltiramiz:
- Brokerni tanlang va investitsiya hisobini oching.
- So‘nggi moliyaviy davrda eng yaxshi moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishgan kompaniyalar ro‘yxati bilan tanishing.
- Aksiyalariga investitsiya qilmoqchi bo‘lgan kompaniyalaringizni tanlang.
- Kompaniyaning dividend siyosatini o‘rganing va dividendlarning taxminiy rejalashtirilgan miqdorini hisoblang.
- Kompaniya aksiyalarini dividendlar to‘lanadigan aksiyadorlar reestri yopilishidan oldin sotib oling.
Investitsiya jarayoni moliyaviy xatarlar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, yangi boshlovchilar yordam uchun brokerlarga murojaat qilgani ma'qul. Ular to‘g‘ri investitsiya strategiyasini tuzishda va xatarlarni baholashda yordam berishi mumkin. Bunday holda, har qanday broker qimmatli qog‘ozlar bilan o‘tkazilgan operatsiyalardan ma'lum komissiya oladi.
Agar o‘zingiz investitsiya qilmoqchi bo‘lsangiz, boshlanishida juda katta mablag‘lar bilan ishlamang va ishonchli kompaniyalarning aksiyalariga sarmoya kiriting. Dividendlarni olish uchun kompaniya aksiyalarini tanlashda dividendlar to‘lanishi eng ko‘p kutilayotgan qimmatli qog‘ozlar ro‘yxatini o‘rganib chiqing.
Izoh qo‘shish