
Chillani qayerda o‘tkazish mumkin: yozgi ta’til uchun 8 ta hamyonbop yo‘nalish
Jaziramadan qochib ketish va yangi taassurotlarga ega bo‘lish uchun hamyonbop sayohat yo‘nalishlarini to‘pladik.
Ko‘pchilik ta'tilni chilla davriga rejalashtiradi. Oilaviy hordiq uchun jaziramada yondirib, sillangizni quritmaydigan eng arzon yo‘nalishlarni tanladik. Shu bilan birga, ta'tilda nima bilan shug‘ullanish va qaysi joylarga borish kerakligi haqida qisqacha qo‘llanma tuzdik.
Turkiya
Toshkentdan Istanbulga muntazam ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar va charterlar uchadi. Shuningdek, poytaxtimiz va Samarqanddan Turkiyaning eng mashhur kurortlaridan biri – Antalyaga charter reyslari tashkil etilgan. Garchi bu shahar va qo‘shni hududlar Turkiyaning eng issiq joylari hisoblansa-da (yozda havo harorati ko‘pincha +38...+40°C gacha ko‘tariladi), dengiz yaqinida jazirama yozni o‘tkazish osonroq bo‘ladi. Dengizdagi suvni esa yangi sog‘ilgan sutga o‘xshatish mumkin — uning harorati ko‘pincha +26°C gacha yetadi.
Yana bir variant Antaliyadan 130 km masofada joylashgan, narxlari bir qadar hamyonbop bo‘lgan Alanya. Egey dengizi sohili biroz salqinroq, ko‘kalamzor va ko‘plab sovuq buloqlar tufayli yozda dengiz suvining o‘rtacha harorati +22 °C dan +25 °C gacha yetadi. Eng mashhur kurortlar Bodrum, Fethiye, Kushadasi, Dalaman, Marmaris hisoblanadi. Marmaris shahrida “uch yulduz” toifasidagi arzon mehmonxonalar ko‘p. Plyajdagi hordiqqa yaxta sayrlari (Istanbulda guruh bo‘lib sayohat qilish o‘rtacha 12 yevrodan va dengiz kurortlarida bir kishi uchun 20 yevrodan boshlanadi), ekskursiyalar va boshqa ko‘ngilochar tadbirlarni qo‘shish mumkin, ularni mehmonxonalar yoki qirg‘oqdagi agentliklar qo‘shimcha to‘lov evaziga taklif qilishadi.
Qanday borgan yaxshiroq: turistik agentlikdan parvoz, turar joy va ovqatlanish kiritilgan yo‘llanmani sotib olish.
Viza: kerak emas. Mamlakatga sayyoh sifatida kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada 90 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Polsha
Toshkentdan Varshavaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud bo‘lib, chiptalarni arzon narxda sotib olishingiz mumkin. Polshada yozda issiq emas, kunduzi harorat +19 °C atrofida, ammo issiq kunlarda harorat +30°C gacha ko‘tarilishi mumkin. Boltiq dengizi sohilida qumli plyajlar va rivojlangan infratuzilmaga ega ko‘plab kurortlar mavjud. Eng mashhurlari — Svinouystse, Dembki, shuningdek, Krinitsa-Morska, Xel, Sopot kurortlaridagi plyajlar. Yozda suv odatda +22°C gacha isiydi. Ekskursiya ishqibozlari diqqatga sazovor joylarning ko‘pligi bois “Sharqiy Parij” deb ham ataluvchi Varshavada to‘xtashlari; Krakov, Vrotslav, Lodzga tashrif buyurishlari; eskicha uylarga to‘la ko‘plab ko‘chalarda sayr qilishlari mumkin. Shuningdek, mamlakatda yozda faol dam olish ixlosmandlarini o‘ziga jalb qiladigan ko‘plab tog‘lar ham bor. Eng mashhurlari (va eng balandlari) Tatra tog‘lari bo‘lib, etagida asosiy mahalliy kurortlardan biri — ko‘rkam Zakopane shaharchasi joylashgan. Shaharlarda avtobus yoki temir yo‘lda harakatlanish qulay. Mehmonxona yoki mini-mehmonxona, mehmon uyi, apartamentlarda yashashingiz mumkin.
Qanday borgan yaxshiroq: mustaqil ravishda.
Viza: kerak. Mamlakatga Shengen yoki milliy viza bilan kirish mumkin. Ikkala holatda ham viza to‘lovi kattalar uchun 80 yevro, 6-12 yoshli bolalar uchun 40 yevroni tashkil etadi.
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Rossiya
O‘zbekistondan har kuni Moskva, Sankt-Peterburg, Mineralnye Vody va Rossiyaning boshqa shaharlariga samolyotlar uchadi. Sankt-Peterburgdan Kareliyaga borish qulay. Yozning o‘rtalari u yerga borish uchun eng yaxshi vaqt hisoblanadi. Iyul oyida o‘rtacha harorat kunduzi +20 ° C, kechasi esa salqin — taxminan +15 ° C. Yozda issiq bo‘lishiga qaramay, havo harorati kamdan-kam hollarda +30 °C dan yuqori ko‘tariladi. Iyul oyida mahalliy suv havzalarida harorat juda yoqimli bo‘ladi, bemalol cho‘milish mumkin. Plyajda dam olishni “Ruskeala” bog‘i, Kivach sharsharasi va boshqa mahalliy diqqatga sazovor joylarga borish, sayr qilish, daryolarda suzish, baliq ovlash bilan birlashtirish mumkin. Ladoga va Onega sohillarida ko‘plab dam olish maskanlari va mehmon uylari mavjud. Arzonroq variant — mahalliy aholidan uy yoki kvartirani ijaraga olish. Mineralnye Vody aeroportidan mintaqaning barcha kurortlariga — Pyatigorsk, Yessentuki, Jeleznovodsk, Kislovodskka yetib olish qulay. Kislovodskda o‘ziga xos mikroiqlim tufayli yozda havo juda yoqimli: iyul oyida kunduzi o‘rtacha harorat +24°C va qo‘shni shaharlardagi kabi issiq bo‘lmaydi. Dam olishni sog‘lomlashtirish muolajalari bilan birlashtirib, xususiy sektorda, mehmonxona yoki sanatoriyda yashash mumkin. Bir necha kunni Yevropadagi eng yirik, soya-salqin Kislovodsk bog‘i bo‘ylab sayr qilishga bag‘ishlash kerak. Qo‘shni shaharlarga elektropoyezd yoki mikroavtobuslarda borish qulay, shuningdek, mahalliy sayyohlik firmalari Dombay, Prielbrusiye, Shimoliy Osetiya, Checheniston Respublikasiga arzon bir kunlik sayohatlarni taklif qiladi.
Qanday borgan yaxshiroq: mustaqil ravishda.
Viza: kerak emas, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ichki pasport bilan kirishlari va 90 kungacha qolishlari mumkin.
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Latviya
Toshkentdan Rigaga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar mavjud. So‘ng Latviya poytaxtida qolishingiz yoki salqin Boltiq dengizi sohiliga — Yurmala, Liepaya, Ventspils, qo‘shni shaharchalar yoki qishloqlardan biriga sayohat qilishingiz, qumli plyajlarda sayr qilishingiz, qumtepalarni tomosha qilishingiz, toza ignabargli o‘rmonlar havosidan nafas olishingiz mumkin. Rigada ham cho‘milish mumkin — shaharda sakkizta jihozlangan dengiz va daryo plyajlari bor, “Vetsaki” plyaji ayniqsa mashhur. Yozning o‘rtalarida sohildagi o‘rtacha havo harorati +20°C atrofida bo‘ladi, suv ham taxminan shu darajagacha isiydi. Biroq, kechalari salqin bo‘lishi va tez-tez yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Sohildagi dengiz sayoz, bu bolalar bilan dam olgani kelganlar uchun ayni muddao bo‘ladi. Mehmonxonada (Latviyada mini-mehmonxonalar ko‘p), mehmon uyida to‘xtash, kvartira, apartament yoki uyni ijaraga olish mumkin. Sohilda sanatoriylar ham ko‘p. Bu yerda ochiq osmon ostidagi Yurmala muzeyiga — go‘zal baliqchilar qishlog‘iga tashrif buyurishingiz, qadimiy qasr va saroylar bilan tanishishingiz mumkin. Eng mashhurlari — Rundal va Mejotno saroylari Bauska yaqinida joylashgan. Shaharning o‘zida (unga Rigadan jamoat transportida borish mumkin) Bauska qal'asiga borishingiz mumkin.
Qanday borgan yaxshiroq: mustaqil ravishda.
Viza: kerak. Shengen vizasi bo‘yicha kirish (yig‘im kattalar uchun 80 yevro, 6-12 yoshli bolalar uchun 40 yevro).
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Vengriya
O‘zbekistondan Vengriyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘q bo‘lsa-da, aviachiptalar unchalik qimmat emas, boshqa samolyotga o‘tish vaqtlari esa qulay. Barcha Yevropa davlatlari ichida Vengriya mustaqil sayohat uchun eng arzonlaridan biri hisoblanadi. Budapeshtda arzon narxda kvartirani ijaraga olish, kichik mehmonxona yoki xostelda to‘xtash mumkin. Vengriya oshxonasi arzon, to‘yimli va mazali taomlarga boy. Iyul oyida o‘rtacha havo harorati mamlakat shimolida +25°C dan janubida +30°C gacha bo‘ladi. Poytaxtdan Balaton yoki Heviz ko‘llariga borish, Dunay bo‘ylab daryo kemasida sayr qilish, Aggtelek milliy bog‘iga borish mumkin. Mahalliy hammomlarga borib kelish uchun butun kunni bag‘ishlash mumkin. Eng kattasi ochiq havoda joylashgan Secheni hammomi bo‘lib, bu joy issiq va sovuq, shuningdek, bug‘li hovuzlarga ega yaxlit hammom majmuasidir. Bir kunlik chipta 10,5 ming forintdan (taxminan 28 dollar) boshlanadi — shkaf ijarasi, barcha hovuz, saunalar va bug‘ kabinalariga cheksiz kirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yozda shaharda bir nechta plyajlar ishlaydi, eng mashhuri — Margit orolidagi “Palatinus” hammomida joylashgan (2024-yilda ikki soatlik chipta haftaning kuniga qarab 3,8 ming forintdan (taxminan 10 dollar), kun bo‘yiga 5 mingdan (taxminan 14 dollar) boshlanadi).
Qanday borgan yaxshiroq: mustaqil ravishda.
Viza: kerak. Turizm maqsadida kirish Shengen vizasi bilan mumkin (kattalar uchun viza to‘lovi 99 dollar, 6-12 yoshdagi bolalar uchun - 50 dollar).
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: yo‘q. Istambul yoki Varshavaga qo‘nish orqali uchish qulay.
Chernogoriya
Yoz mavsumida Toshkentdan Tivatga charter reyslar amalga oshiriladi. Shuningdek, Tivat yoki Podgoritsaga bir marta qo‘nish va qulay vaqt bilan muntazam reyslarga arzon aviachiptalarni sotib olish mumkin. Chernogoriya Yevropadagi narxlari bir qadar hamyonbop kurortlardan biri hisoblanadi. Bunga yumshoq iqlim, ajoyib plyajlar, turli hamyonga mos ko‘plab mehmonxonalar, apartamentlar va mehmon uylari, toza dengiz, chiroyli arxitektura va noyob tabiatni qo‘shish mumkin. Sohilni shartli ravishda uchta asosiy plyaj zonasiga bo‘lish mumkin: Budvan, Ultsin va Gersegnov sohillari. Birinchisi sayyohlar orasida ayniqsa mashhur. Chernogoriyada yozgi ta'til dengiz va plyaj bilan cheklanib qolmaydi: mamlakatda bir nechta go‘zal milliy bog‘lar mavjud, eng yiriklari — Durmitor, Skadar ko‘li va Lovchen. Iyul va avgust oylarida havo harorati +30°C dan yuqori ko‘tariladi, biroq dengizning yaqinligi va o‘t-o‘lanning ko‘pligi tufayli jaziramani osonlikcha o‘tkazish mumkin. Dengiz harorati ham 27°C gacha isiydi.
Qanday borgan yaxshiroq: mustaqil ravishda yoki sayyohlik firma yo‘llanmasi bo‘yicha (2024-yil iyul oyida ikki kishi uchun parvoz, transfer, uch yulduzli mehmonxonada yashash va nonushta bilan bir haftalik turlarning narxlari o‘rtacha 1400 dollardan boshlanadi).
Viza: yoz mavsumida talab qilinmaydi. O‘zbekiston fuqarolari 1-apreldan 31-oktyabrgacha mamlakatga vizasiz kirishlari va 30 kungacha qolishlari mumkin.
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Gruziya
Toshkentdan Tbilisiga ortiqcha qo‘nishlarsiz yetib borish mumkin. Batumidagi dengizga esa bitta qo‘nish bilan uchib borsa bo‘ladi. Istasangiz, har ikki shaharga tashrif buyurib, sohil bo'yidagi hordiqni poytaxtning ko‘rkam ko‘chalarida sayr qilish bilan birlashtirish mumkin. Ta'tilni qiziqarli taassurotlar bilan boyitish uchun Ajariyaning qadimiy o‘rmonlari, Kaxetiya uzumzorlari, Svanetiya tog‘lari, Borjomi mineral buloqlari va Gruziyaning boshqa ko‘plab diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurish mumkin. Yumshoq subtropik iqlim tufayli Gruziyada hatto iyul-avgust oylarida ham jazirama issiq bo‘lmaydi: o‘rtacha harorat +27°C atrofida, sohilda jaziramani dengiz shabadasi kesgandek bo‘ladi, tog‘li hududlarda esa har doim salqin bo‘ladi. Gruziyada arzon mini-mehmonxonalar va xostellar ko‘p, shuningdek, xususiy sektorda ham hamyonbop narxlarda joylashish mumkin. Ovqat va taksi ham arzon narxlarda.
Qanday borgan yaxshiroq: mustaqil ravishda.
Viza: kerak emas. O‘zbekistonlik sayyohlar Gruziyaga 90 kungacha bo‘lgan muddatga xorijga chiqish pasporti bilan kirishlari mumkin.
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Vyetnam
Vyetnamning sayyohlik va sohil markazi — Nyachangga haftada bir necha marta Toshkentdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qatnaydi. Vyetnamda yomg‘irlar mavsumi yozning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi, ammo Nyachangda bu davrda yomg‘ir kamdan-kam yog‘adi. Yuqori namlik noqulaylik tug‘dirishi mumkin, ammo suv yaqinida u deyarli sezilmaydi, xonangizda esa konditsioner yordam beradi. Termometr ko‘rsatkichlari taxminan +31 ... + 33 ° C dan oshmaydi. Iyul oyining boshlarida dengiz +29 ° C gacha isishi mumkin, ammo oyning oxiriga kelib suv biroz salqinlashadi. Plyajda dam olish bilan bir qatorda dayving, snorkling yoki vindserfing bilan shug‘ullanish, shuningdek, ko‘plab mahalliy diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish mumkin. Eng mashhurlari sifatida Po Nagar minoralari, Bao Dai villalari, Long Shon ibodatxonasini ko‘rsatish mumkin. Nyachang o‘zining diskotekalari, kafelari va tungi klublari bilan ham mashhur. Sokin hordiqni istaydiganlar kurortning janubiy qismida to‘xtaganlari ma'qul. Bolalarni Milliy okeanografiya muzeyi va akvariumga, shuningdek, Xon Che orolidagi Vyetnamning Disneylendi — Vinpearl Land ko‘ngilochar parkiga olib borish mumkin. Kattalar uchun chipta narxi 800 ming dong (taxminan 31 dollar), bo‘yi 140 sm gacha bo‘lgan bolalar uchun 600 ming dongni (taxminan 24 dollar) tashkil qiladi, bo‘yi 100 sm dan past bo‘lgan bolalar uchun bepul, shuningdek, 16:00 dan keyin chegirmalar amal qiladi. Maymunlar oroli va Tuzli plantatsiyalarga, Ba Xo sharsharalariga ham borish kerak. Shuningdek, Nyachangda bir nechta loy va mineral kurortlar mavjud. Qisqasi, u yerda sira zerikmaysiz.
Qanday borgan yaxshiroq: sayyohlik firmasi yo‘llanmasi bo‘yicha (ikki kishi uchun parvoz, transfer, uch yulduzli mehmonxonada yashash va nonushta bilan bir haftalik turlarning narxlari o‘rtacha 1000 dollardan boshlanadi).
Viza: viza uchib kelganda rasmiylashtiriladi va 25 dollar turadi.
O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bormi: ha.
Izoh qo‘shish