bosh sahifa / Xavfsizlik / Yoz chillani qanday oson o‘tkazish mumkin: 9 ta foydali tavsiya
как пережить чиллю
Yangilanish sanasi: 08.07.2024

Yoz chillani qanday oson o‘tkazish mumkin: 9 ta foydali tavsiya

Yozning eng issiq kunlarini osonroq o‘tkazish uchun maslahatlarimizga amal qiling va tasdiqlangan usullardan foydalaning.

Yozgi jazirama organizmga og‘ir ta'sir qiladi. Yozgi chillada, Oʻzbekistonga Erondan issiq havo oqimi kirib kelib, termometr +40℃ va undan yuqori darajaga koʻtarilganda, koʻchaga chiqqimiz kelmaydi. Ammo bu zarur bo‘lsa, nima qilish kerak? Eng kami 40 kun bo‘ladigan jaziramada hech qayerga chiqmay o‘tirish qiyin. Uyda ham issiq bo‘lsa-chi?

1. Kunduzi tashqarida kamroq bo‘lishga harakat qiling

Ayniqsa, quyoshning  faolligi maksimal bo‘ladigan soatlarida — 11:00-12:00 dan kamida 16:00 gacha. Agar uydan chiqish kerak bo‘lsa yoki ishingiz shuni talab qilsa, ko‘chaning soyali tomonida yuring. Yo‘l-yo‘lakay konditsioner ishlaydigan do‘konga yoki muassasaga “sovinish” uchun kirishingiz mumkin. Va, albatta, o‘zingiz bilan suv olib yuring (nima ichgan yaxshiroqligini maqolamiz davomida aytib beramiz).

2. To‘g‘ri kiyining

Sog‘liqni saqlash vazirligi eslatib o‘tgandek, zig‘ir yoki paxta kabi tabiiy matolar, shuningdek ularning aralashmasidan tikilgan och rangli kiyimlar kiygan ma'qul. Bu materiallar ter ajralishiga to'sqinlik qilmaydi. Teri bunday kiyimda, sintetikadan farqli o‘laroq, yaxshi nafas oladi. Kiyimlar tor bo‘lmasligi va harakatlaringizni cheklamasligi kerak. Ko‘proq keng kiyimlarni tanlang. Tor kiyimda nafaqat isib ketasiz, balki bu qon aylanishiga ham to‘sqinlik qiladi, bu esa issiqda tobingizni qochiradi va issiqlik urishi ehtimolini oshiradi. Ko‘chaga chiqayotganda, tanangizni iloji boricha quyoshdan himoya qiladigan och rangli kiyim kiying. Va, albatta, bosh kiyimni unutmang. U ham och rangda bo‘lishi kerak.

3. Ko‘proq suyuqlik iching

Kun davomida, kuchli chanqoq bo‘lishini kutmasdan, kichik ho‘plamlarda suv ichish muhimdir. Bu o‘zingizni tetikroq his qilishga yordam beradi, suvsizlanishni oldini oladi, issiqlik va quyosh urishi xavfini kamaytiradi. O‘zingiz bilan bir litr toza ichimlik suvi olib yurishni odat qiling.

Shifokorlar kuniga kamida 3 litr suyuqlik iste'mol qilishni tavsiya etadilar. Choy yoki qahva bu ro'yxatga kirmaydi, chunki ular organizmni suvsizlantiradi. Shirin gazlangan ichimliklar ham suvsizlantiruvchi ta'sirga ega. Chanqog‘ingizni ichimlik suvi (unga limon qo‘shishingiz mumkin), ayron, mevali kompotlar va shakar qo‘shilmagan quruq mevalardan tayyorlangan qaynatmalar, nordon meva va rezavorlarning suv qo'shilgan tabiiy sharbatlari (do‘konda sotib olingan emas, balki yangi siqilgan) bilan qondiring.

Ichimliklar juda sovuq va ayniqsa muz bilan bo‘lmasligi kerak. Bunday ichimlik issiqda kasal bo‘lish xavfini oshiradi. Shuningdek, sovuq ichimliklarni iste'mol qilgandan keyin biroz vaqt o‘tgach, organizm faol ravishda “isinishni” boshlaydi va undan ham isib ketasiz. Xona haroratidagi, iliq yoki hatto issiq ichimliklarni tanlang. Oxirgisini iste'mol qilgandan keyin dastlabki daqiqalarda isib ketishingiz mumkin, ammo organizmning tabiiy termoregulyatsiyasi tufayli keyin salqinroq bo‘ladi.

4. Ratsioningizni qayta ko‘rib chiqing

Ratsionda energiya beradigan oqsil, sabzavotlar, mevalar va ko‘katlar bo‘lishi kerak. Og‘ir, yog‘li, haddan tashqari qovurilgan taomlar issiqda organizmga ortiqcha yuk bo‘ladi. Achchiq, tuzlangan ovqatlar va marinadlardan ham voz keching, ular suvsizlanishni kuchaytiradi. Tuzdan umuman voz kechmasdan, me'yorida iste'mol qiling: organizm uni ter bilan yo‘qotadi va zaxiralarni to‘ldirish kerak. Tosh yoki Himolay tuzidan foydalaning: ularda foydali minerallar ko‘proq. Ratsioningizga, albatta, turshak, mayiz va tut qo‘shng. Ularning tarkibida  ko‘plab vitamin va minerallar mavjud bo‘lib, yurak-qon tomir tizimini yaxshilaydi — jazirama issiq bu tizim, ayniqsa, zo‘riqadi.

5. Kuniga bir necha marta dush qabul qiling

Lekin sovuq emas, issiq dush. Ko‘pchilik issiqda sovuq dush  eng yaxshi tetiklantiruvchi vosita deb o'ylaydi. Lekin yanglishadilar. Aslida, ta'sir teskari bo‘ladi. Sovuq suvga javoban tana harorati ko‘tariladi — organizmning tabiiy termoregulyatsiyasi yoqiladi. Sovuq dushdan bir necha daqiqa o‘tgach, undan ham isib keta boshlaysiz.

6. Iqlim texnikasidan oqilona foydalaning

Uyingizda konditsioner bo‘lsa, uni faqat kerak bo‘lganda yoqing. Shamollamaslik uchun haroratni +18℃ dan past qo‘ymang. Ko‘chadan uyga kirganingizda, tana moslashishi uchun xona haroratini asta-sekin pasaytiring. Yelvizaklarni oldini olish uchun sovuq havoni yuqoriga yo‘naltiring.

Kunduzi +35℃ dan yuqori haroratda ventilyatorni yoqish befoyda — u shunchaki issiq havoni aylantiradi. Biroq, uni kechqurun va tunda ishlatish mumkin. Uning oldiga tog‘oracha yoki katta tovoqda muz solib qo‘ying (muzni ertalabdan yaxlatib qo‘ying). Bu havoni sovuqroq qiladi.

Agar konditsioner bo‘lmasa yoki yaxshi ishlamasa, havo namlagichdan foydalanishingiz mumkin. U havo haroratini unchalik sovutmaydi, ayniqsa katta xonalarda. Biroq, yonida o‘zingizni yaxshiroq his qilasiz. Issiq, quruq havoga chidash qiyinroq. Xonadagi namlik darajasi kamida 50% bo‘lishi maqbuldir.

7. Polda uxlang

Issiq havo har doim yuqoriga ko‘tariladi, shuning uchun polga qanchalik yaqin bo‘lsangiz, shunchalik salqinroq bo‘ladi. Demak, chilla davrida yotoq yoki divandan yerga to‘shalgan matrasga o‘tish kerak.

8. Jismoniy faollikni kamaytiring

Ilgari, chilla davrini hamma uyda o‘tkazishga va ko‘chaga kamroq chiqishga harakat qilar edi. Bugungi kunda ko‘pchilik ishlaydigan odamlar uchun buni deyarli imkoni yo‘q. Biroq, organizmni zo‘riqtirmaslik uchun faollikni kamaytirish kerak. Iloji boricha, og‘ir jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanmang, ayniqsa kunduzi. Sport zalidagi og‘ir mashqlarni kamaytiring, sport bilan ochiq havoda erta tongda yoki kechqurun shug‘ullaning. Iloji bo‘lsa, kunduzi uxlang va farzandlaringizni ham uxlating.

9. Xonani to'g'ri sovuting va salqinlikni saqlang

Ba'zi layfxaklar xonadon yoki uyingizda jaziramani osonroq o‘tkazishga yordam beradi. Chilla tugamaguncha, har kuni bu maslahatlarga amal qilishni kanda qilmang. Yoki ob-havoga qarab, bu maslahatlarga uzoqroq amal qilishingiz mumkin.

  • Xonani ertalab, tunda va kechqurun salqinroq bo‘lganda shamollating. Issiqda derazalarni ochmang. Ayniqsa, quyoshli tomonga qaragan derazalarni.
  • Derazalarga nur qaytaruvchi plyonka yopishtiring yoki yorug‘likni qaytaradigan qoplamali jalyuzi o‘rnating. Bundan tashqari, och rangdagi qalin pardalarni (oq, och jigarrang, och ko‘k va boshqalar) osing va quyosh nurlari tushishi bilan derazalarni butunlay yopib qo‘ying.
  • Kiyim dazmollash va ovqat tayyorlashni salqin tushganda bajaring: erta tongda yoki kechqurun. Iloji boricha issiqlik bilan kamroq ishlov beriladigan taomlarni tayyorlang. Duxovkadan foydalanmang. Chovgunni ortiqcha qaynatmaslik uchun issiq suvni katta termosda saqlash mumkin.
  • Agar hammomda sochiq quritgich bo‘lsa, u yerning eshigini yopib qo‘ying. Ovqat tayyorlayotganda oshxona eshigini yoping — shunda kvartiraning qolgan qismi kamroq qiziydi.
  • Maishiy texnika va elektronikani kamroq yoqing. Shu jumladan, televizor va kompyuterni ham. Ish paytida ular ham issiqlik hosil qiladi — demak, xona yanada isiydi.
  • Sovutgichni oziq-ovqat bilan ortiqcha yuklamang. Agar uni eritish kerak bo‘lsa, buni chilla boshlanishidan oldin qiling. Bu sovutish tizimiga tushadigan yukni kamaytiradi va radiator kamroq qiziydi.
  • Agar konditsioner yoki havo namlagich bo‘lmasa, kun davomida va kechasi pardalarga pulverizator bilan suv seping. Shuningdek, eshiklarga choyshab osib, ularga ham suv sepishib qo‘yishingiz mumkin.
  • Har kuni xonalarni namlab  tozalang — hech bo‘lmaganda pollarni yuving.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
1 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Azizbek
Azizbek
8 months ago

Zoʻr ekan