
Chet elga sayohat: bank xizmatlari va kartalarini qo‘llashda qanday qilib foyda olish mumkin
Chet elda qanday usulda to‘lagan ma‘qul ekani, minimal komissiya bilan qanday va qayerda pul yechish mumkinligi va qanday bank kartasini o‘zingiz bilan olib ketishni tushuntirib beramiz.
Chet elga sayohat qilgan har bir kishi u yerda biror narsa xarid qilish yoki xizmatlar uchun pul to‘lash zaruratiga duch keladi. O‘zingiz bilan naqd pul olib yurish noqulay va xavfli, ayniqsa katta miqdordagi mablag‘ haqida gap ketayotgan bo‘lsa. Bundan tashqari, uchib ketishdan oldin valyuta sotib olish kerak. Ayirboshlash kursidan foyda qolmasligi mumkin va ba'zi unchalik keng tarqalmagan valyutalar (masalan, Tailand bati) bo‘lsa, kerakli summani sotib olishda, ayniqsa u katta bo‘lsa, qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, agar sayohat bir martalik bo‘lsa, uning oxirida ortiqcha valyuta qolishi mumkin. Agar uni bankka qaytarsangiz, pulingizni yo‘qotasiz, chunki sotib olish kursi sotish kursidan past bo‘ladi.
Bank kartasidan foydalanish oson, xavfsiz, qulay va foydasi ko‘proq. Undan chakana savdo nuqtalarida to‘lovlarni amalga oshirish, kerak bo‘lsa, bankomatdan mahalliy valyutada naqd pul yechib olish uchun foydalanish mumkin. Uning yordamida xorijiy do‘konlarda onlayn xaridlarni amalga oshirish ham oson. Ammo konvertatsiya — bir valyutani, masalan, so‘mni boshqasiga o‘tkazishda, bank komissiyalari va valyuta kursida ko‘p pul yo‘qotmaslik uchun bir qator omillarni hisobga olish kerak.
Bankda kerakli kartani oching
Ko‘p mamlakatlar do‘konlarida va boshqa chakana savdo nuqtalarida, shuningdek bankomatlarida bank kartalaridan muammosiz foydalanish mumkin bo‘lgan eng keng tarqalgan to‘lov tizimlari xalqaro Mastercard va Visa hisoblanadi. Bunday kartani O‘zbekiston banklarida rasmiylashtirish mumkin.
Xitoyning UnionPay tizimi mashhurligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Garchi u Yevropa, Amerika va Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida qabul qilingan bo‘lsa-da, u yerda kamroq tarqalgan. Mastercard va Visa qo‘llaniladigan savdo nuqtalari va bankomatlar soni ancha ko‘p.
HUMO va Uzcard — bu faqat O‘zbekiston hududida ishlaydigan milliy to‘lov tizimlari. Biroq, ko‘plab banklar HUMO — Visa yoki Uzcard — Mastercard kabi qo‘shma (kobeydjing) kartalarni chiqaradilar. O‘zbekistonda ular HUMO va Uzcard sifatida ishlaydi. Boshqa mamlakatlarda eda Mastercard va Visa sifatida ishlatilishi mumkin.
Valyutani aniqlang
Chet elda biron bir xaridni amalga oshirganimizda, bank to‘lov tizimi orqali pulni o‘tkazadi. Shu bilan birga, bir valyutani boshqa valyutaga o‘tkazish, ya'ni konvertatsiya sodir bo‘ladi. Agar karta valyutasi xarid valyutasidan farq qilsa, busiz to‘lov qilishning imkoni yo‘q. Masalan, chet elda so‘mlik bank kartasidan foydalanganda, so‘m xarid amalga oshirilayotgan davlatning valyutasiga o‘tkaziladi: AQShda bu dollar, Yevro hududi mamlakatlarida — yevro, Qozog‘istonda — tenge va hokazo. Bu onlayn xaridlarda ham, do‘kon, kafe va boshqa joylarda to‘lovlarni amalga oshirishda, shuningdek, bankomatdan pul yechib olishda ham sodir bo‘ladi. Shuning uchun, masalan, evro ishlatiladigan mamlakatlarga sayohat qilish va u yerda xaridlar qilish uchun bankda yevro kartasini olish foydaliroq. Siz unga yevroda naqd pul qo‘yishingiz yoki boshqa kartadan mablag‘ o‘tkazishingiz mumkin, masalan, onlayn konversiyadan foydalangan holda so‘m. Oxirgi variant ko‘pincha yaxshi valyuta kursi tufayli foydaliroq bo‘ladi.
O‘zbekistondagi ayrim banklar bir nechta hisoblar bog‘langan multivalyuta kartalarini taklif qiladi. Masalan, so‘m va dollar yoki so‘m, dollar va yevroda.
To‘lov tizimining xususiyatlarini hisobga oling
Bank to‘lov tizimi bilan ichki operatsiyalari uchun qaysi valyutadan foydalanishi ham muhimdir. Visa kartalari orqali barcha operatsiyalar AQSh dollarida, Mastercard orqali esa yevroda amalga oshiriladi.
Misol
Siz Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan biridasiz va qarindoshlaringizga sovg‘a sifatida magnitcha sotib olmoqchisiz. Uning narxi 2 yevro.
- Agar Mastercard to‘lov tizimining yevrolik kartasi bilan to‘lasangiz, sizdan 2 evro yechib olinadi.
- Agar sizda Visa bo‘lsa, unda to‘lovni amalga oshirish uchun u o‘z kursi bo‘yicha yevroni dollarga o‘tkazadi (bu O‘zbekiston Markaziy banki kursidan farq qilishi mumkin). Konvertatsiya tufayli xarid biroz qimmatga tushadi 一 odatda o‘ndan bir foizga
- Agar sizda so‘mlik Visa karta bo‘lsa, konvertatsiya ikki marta sodir bo‘ladi va undan ham qimmatga tushadi. Dastlab, tizim yevroni dollarga o‘tkazadi, keyin kartangizni chiqargan bank hosil bo‘lgan summani o‘z kursi bo‘yicha so‘mga o‘tkazadi. Agar siz so‘mlik Mastercard bilan to‘laganingizda yevrodan so‘mga bitta konvertatsiya amalga oshirilgan bo‘lardi.
Va agar siz, masalan, valyutasi yevro yoki dollardan farq qiladigan mamlakatda so‘mlik Mastercard yoki Visa kartada to‘lasangiz, konvertatsiya uch baravar bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘sha magnitni Qozog‘istonda sotib olayotganda, avvalo mahalliy bank to‘lov tizimi orqali operatsiyani amalga oshirish uchun tengeni dollar yoki yevroga o‘tkazadi, keyin sizning bankingiz bu summani so‘mga o‘tkazadi. Bunday holda, xarid narxiga 2-6% qo‘shishingiz mumkin — hamma konvertatsiya shunchaga tushadi.
Qo‘shimcha komissiyalarni hisobga oling
Banklar konvertatsiya qilish uchun komissiya olishlari mumkin. Odatda, bu sarflangan mablag‘ning o‘ndan bir foizini tashkil qiladi. U valyutaga, summaga, to‘lov operatsiyasining turiga va hokazolarga bog‘liq, lekin o‘rtacha 0,5% ni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, chet elda bankomatdan pul yechib olingan taqdirda, konvertatsiyadan tashqari qo‘shimcha – ikki hissa komissiya to‘lash kerak bo‘ladi. Bitta komissiyani kartangizni chiqargan bank oladi — “birovning” bankomatidan pul yechib olganingiz uchun. Ikkinchisini — ushbu bankomatga xizmat ko‘rsatadigan xorijiy bank — “begona” moliyaviy tashkilotning kartasidan foydalanganingiz uchun.
- Bankomatdan pul yechib olish uchun xorijiy bank komissiyalari bank shartlari va siz yechib olgan summaga qarab farq qilishi mumkin. Bu uning foizi (o‘rtacha 1–5%), belgilangan miqdor (masalan, 5 dollar) yoki foiz va belgilangan miqdor yig‘indisi bo‘lishi mumkin. Odatda, ushbu komissiya summani kiritganingizda va “Naqd pul olish” opsiyasini tanlaganingizda bankomat ekranida ko‘rsatiladi. Biroq, shartlar turli banklarda farq qilishi mumkin.
- Agar siz chet elda bankomatdan naqd pul yechish kerak bo‘ladi deb o‘ylasangiz, sayohatingizdan oldin internetdagi ma'lumotlarni, masalan, sayohat forumlarida o‘rganish foydali bo‘ladi. Qaysi bank bankomatlaridan pul yechib olsangiz, yutib qolishingizni va ular qayerda joylashganligini aniqlab oling.
- Agar har bir operatsiya uchun belgilangan summa olinsa, bir vaqtning o‘zida kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan maksimal pul miqdorini yechib olish foydaliroq bo'ladi. Bu sizga komissiyalarda pul yo‘qotmaslikka yordam beradi. Bunday hollarda kichik summalarni naqd qilish ko‘pincha foydasiz bo‘ladi. Axir, qancha pul yechib olishingizdan qat'iy nazar, 10 dollar yoki 100 bo‘lsin, belgilangan komissiya olinadi. 10 dollarni yechib olish uchun 5 dollar komissiya to‘lasangiz, ayniqsa, konvertatsiya qilishdagi yo‘qotishlar qo‘shilsa, aniq yutqazasiz.
- Shuni yodda tutingki, komissiya nafaqat pulni yechib olish uchun, balki “begona” bankning kartasi bilan bankomatdagi har qanday operatsiya uchun olinishi mumkin. Masalan, shunchaki hisobingizda qancha pul borligini ekranda ko‘rishingiz uchun. Bundan tashqari, siz buni Internet mavjud bo'lgan har qanday joyda bepul qilishingiz mumkin: onlayn rejimda bank saytidagi shaxsiy kabinetingizda yoki uning ilovasida.
Chet elda bank operatsiyalarini amalga oshirishda komissiya va konvertatsiyalarda pul yo‘qotmaslikka yordam beradigan asosiy jihatlar
- Sayohat qilayotgan yoki onlayn xarid qilmoqchi bo‘lgan mamlakatingizda qaysi valyutadan foydalanilishini bilib oling.
- Sizga qaysi bank kartasi kerakligini hal qiling. Konvertatsiyasiz yoki uning minimal miqdori bilan foydalansa bo‘ladigan kartani tanlang. Agar sizda so‘mlik karta bo‘lsa, unda chet elda konvertatsiyalarsiz ishingiz bitmaydi.
- Agar siz tez-tez biron bir mamlakatga sayohat qilsangiz, masalan, xizmat safari bilan, u yerga uzoq vaqtga borsangiz yoki ko‘pincha chet elda onlayn xaridlarni amalga oshirsangiz, konvertatsiyada yo‘qotmaslik uchun to‘lov valyutasidagi kartani olgan foydaliroq.
- Iloji bo‘lsa, bankomatlardan pul yechib olmasdan, hamma narsa uchun naqdsiz to‘lov qiling. Bu naqd pul olish uchun qo‘shimcha komissiya to‘lashmaslikka yordam beradi.
Agar naqd pul olish kerak bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdorni yechib olgan ma'qul. Agar har bir operatsiya uchun komissiya belgilangan bo‘lsa, bu foydaliroq bo‘ladi.
Izoh qo‘shish
Yahshi fikr lekin
Alo daraja