bosh sahifa / Sarflash va tejash / Bank kartasini qayta chiqarish: bu qanday amalga oshiriladi va qancha turadi
Yangilanish sanasi: 08.06.2024

Bank kartasini qayta chiqarish: bu qanday amalga oshiriladi va qancha turadi

Har qanday kartaning amal qilish muddati bor. Odatda u kartaning old tomonida ko‘rsatiladi va amal qilish muddatining oyi va yili to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni o‘z ichiga oladi, shundan so‘ng kartani qayta chiqarish kerak. Karta almashtirish zarur bo‘ladigan boshqa sabablar ham mavjud. Sizga qanday hollarda kartani qayta chiqarish kerakligini va bu qanday amalga oshirilishini aytib beramiz.

Nima uchun kartani qayta chiqarish kerak

Har bir kartaning amal qilish muddati belgilangan. Odatda bu 3-5 yilni tashkil etadi va yaqinda ba'zi banklar 7-8 yillik amal qilish muddatiga ega kartalarni chiqarishni boshladilar. Nima uchun barcha kartalarni muddatsiz qilishmaydi? Bu banklarning xarajatlarini kamaytirishi va "Kartamni qachon almashtirishim kerak edi?" deb, boshi qotgan mijozlarning hayotini osonlashtirishi kerak-ku.

Jismoniy kartalarni almashtirish zarurati bir necha sabablarga ko‘ra belgilanadi. Birinchidan, har qanday mudofaa mexanizmlari asta-sekin eskiradi va firibgarlar ularni yengib o‘tishni o‘rganadilar. O‘z navbatida, banklar bank kartalarini himoya qilish usullarini doimiy ravishda takomillashtirmoqdalar. Shuning uchun, ular kartani yangi, zamonaviyroq va himoyasi ko‘prog‘iga almashtirish uchun xizmat muddatini cheklashadi. Shuningdek, kartani qayta chiqarish paytida CVV/CVC xavfsizlik kodi va PIN-kod o‘zgartiriladi, bu esa qo‘shimcha himoyani ta‘minlaydi.

Ikkinchidan, karta ham xuddi boshqa narsalar singari, o‘z xizmat muddatiga ega. Shu sabab uning chipi ishlamay qolishi mumkin, kartaning old tomonidagi mijoz ma‘lumotlari esa o‘qib bo‘lmaydigan darajada o‘chib ketishi mumkin.

Qanday hollarda kartani qayta chiqarishadi

Keling, bank kartasini almashtirish zarur bo‘lgan muayyan vaziyatlarga o‘tamiz. Odatda, ularning barchasi bank va mijoz tomonidan tuzilgan xizmat shartnomasida ko‘rsatiladi. Bunday holatlar ikki turga bo‘linadi: rejalashtirilgan va rejadan tashqari. Keling, har birini alohida ko‘rib chiqamiz.

Rejalashtirilgan holatlar deganda bank tomonidan belgilangan kartaning amal qilish muddati tugashi, to‘lov tizimi yoki bank xizmati darajasining o‘zgarishi tushuniladi. Bunday hollarda banklar kartani qayta chiqarish uchun mijozdan pul olmaydilar.

Rejadan tashqari holatlar ro‘yxati esa ancha keng:

  • karta yo‘qolgan;
  • karta mexanik jihatdan shunchalik jiddiy shikastlanganki, endi undan foydalanib bo‘lmaydi — masalan, magnit tasma magnitsizlanib qolgan yoki chip singan;
  • bank ma'lumotlari begonalar tomonidan qo‘lga kiritilgan;
  • operatsiyalar mijoz bilmagan holda amalga oshirilgan;
  • bankomat kartani "yutib yuborgan" va uni olishning iloji yo‘q;
  • bank qarori bilan karta bloklangan;
  • egasining shaxsiy ma'lumotlari, masalan, familiyasi o‘zgargan.

Yuqorida sanab o‘tilgan barcha holatlarda, agar mijoz ariza topshirsa, bank kartani muddatidan oldin qayta chiqaradi. Odatda, bank arizada qayta chiqarish sababini ifodalashni so‘raydi va bu jarayon uchun shartnomada belgilangan to‘lovni oladi.

Siz kartani jiddiy sabablarsiz ham qayta nashr etishingiz mumkin. Masalan, kartaning dizaynini o‘zgartirishni yoki kontaktsiz to‘lov qobiliyatiga ega kartani olishni xohlarsiz.

Agar kartani yo‘qotib qo‘ysangiz yoki uning ma'lumotlari o‘g‘irlangan bo‘lsa, nima qilish kerak

Bank kartasi egasi uchun eng yoqimsiz holatlar haqida alohida gaplashamiz: karta yo‘qolgan yoki uning ma‘lumotlari uchinchi shaxslar qo‘liga tushib qolgan.

Agar siz plastik kartangizni topa olmay, uni yo‘qotib qo‘yganingizga amin bo‘lsangiz, darhol harakat qilishingiz kerak. Bank bilan bog‘laning va voqea haqida xabar bering. Odatda, bank xodimlari egasining shaxsini tekshirgandan so‘ng, firibgarlar foydalana olmasligi uchun kartani tezda bloklaydilar. Bu siz hisobdagi mablag‘laringizni ishlata olmaysiz, degani emas — kartani bloklaganda, bank hisobvarag‘i bilan bo‘ladigan harakatlar muzlatilmaydi. Karta yo‘qolganligi to‘g‘risida bankka xabar berganingizdan so‘ng, uni qayta chiqarish uchun ariza topshirishingiz va eng yaqin bank filialiga murojaat qilishingiz mumkin.

Agar plastik kartangizni yo‘qotmagan bo‘lsangiz, lekin karta ma'lumotlari begona shaxslar tomonidan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligiga ishonchingiz komil bo‘lsa, xuddi shunday qilishni tavsiya etamiz. Yoki sizning roziligingizsiz kartadan operatsiyalar bajarilganini sezsangiz. Kartani qayta chiqarish sizni firibgarlarning harakatlaridan himoya qiladi.

Kartani qayta chiqarish uchun nimalar kerak

Kartani qayta chiqarish uchun bankka murojaat qilishingiz kerak. Buni jismoniy bo‘limda ham, shaxsiy hisobingizda onlayn formatda ham qilishingiz mumkin. Bank kartani almashtirish sabablari rejalashtirilgan va mijozga bog‘liq bo‘lmasa, qanday sabablar ekanini so‘raydi. Hujjatlardan karta egasiga faqat shaxsiy identifikatsiya kartasi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ba'zi banklar, agar karta yo‘qolmagan bo‘lsa, qo‘lingizdagi plastik kartani qaytarishni talab qiladi.

Kartalarni qayta chiqarishning barcha shartlari bilan bank hisob raqamini ochish to‘g‘risidagi shartnomada yoki bank veb-saytida tanishishingiz mumkin. “Kapitalbank” kartalarini qayta chiqarish uchun arizalar havolada.

Kartani qanday qayta chiqarishadi

Mijozning barcha shaxsiy ma'lumotlari, shuningdek uning bank kartalari ma'lumotlari bankning ma'lumotlar bazasida saqlanadi. Shunday qilib, bank o‘z mijozlarining karta muddati tugaganligini avtomatik ravishda kuzatib boradi. Aksariyat banklar kartalarni amal qilish muddati tugashidan taxminan 1-3 oy oldin yoki boshqa rejalashtirilgan sabablar bilan avtomatik ravishda qayta chiqaradilar. Bunday holda, bank mijozga SMS yoki Push-bildirishnomani telefonga yuboradi. Odatda karta raqami o‘zgarmay qoladi, faqat CVV/CVC kodi va PIN-kod o‘zgaradi.

Agar mijoz rejadan tashqari sabablarga ko‘ra kartani muddatidan oldin qayta chiqarish uchun ariza bergan bo‘lsa, yangi kartani tayyorlash jarayoni o‘rtacha 3-5 ish kunini oladi. O‘zbekistonning aksariyat banklari rejadan tashqari sabablarga ko‘ra kartani qayta chiqarish uchun haq oladilar. To‘lov miqdori o‘rtacha 50 ming so‘mni tashkil etadi va bankka qarab farq qilishi mumkin.

Rejadan tashqari sabablarga ko‘ra kartani qayta chiqarishda uning barcha ma'lumotlari o‘zgaradi: raqam, CVV/CVC kodi va PIN-kod. Bunday holda, karta bog‘langan bank hisob raqami o‘zgarishsiz qoladi.

Esingizda bo‘lsin: agar siz kartani yo‘qotib qo‘ysangiz yoki uning ma'lumotlarini uchinchi shaxslarga o‘tkazgan bo‘lsangiz, kartani bloklash va qayta chiqarish uchun imkon qadar tezroq ariza berganingiz ma'qul. Bu jarayon ko‘p vaqt talab qilmaydi va katta xarajatlarga olib kelmaydi. Ammo bu mablag‘ingizni himoya qilishga va asabingizni tejashga imkon beradi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
2 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Кимдур
Кимдур
10 months ago

Shaxzod
Shaxzod
10 months ago

Maʼlumotlarning ortiqchasi boʻlmaydi