bosh sahifa / Sarflash va tejash / Bank kartasiga pul qanday o‘tkaziladi: ish haqi misolida ko‘rib chiqamiz

Bank kartasiga pul qanday o‘tkaziladi: ish haqi misolida ko‘rib chiqamiz

Bank kartasiga mablag‘ o‘tkazish jarayonini o‘rganib chiqamiz va karta orqali ish haqi olish mexanizmini bilib olamiz.

Xosiyat kichik bir rieltorlik kompaniyasida ishlaydi. Qiz o‘z ishi va maoshidan mamnun, lekin ish beruvchi tez-tez to‘lovlarni kechiktiradi. Xosiyatning hamkasblarini bu muammo  xavotirga solmayapti, ammo u bunday vaziyatda nima qilish mumkinligini aniqlashga qaror qildi. Buning uchun odatda bank kartasiga pul qanday o‘tkazilishini va ish beruvchi kechiktirilgan to‘lovlar uchun qanday javobgarlikka tortilishini o‘rganib chiqdi. Bugun Xosiyat bilan birgalikda ish haqi misolida bank kartasiga pul o‘tkazish qanday omillarga bog‘liqligini aytib beramiz.

Ish haqi qanday to‘lanadi

O‘zbekistonda ish beruvchi xodimlarga ish haqini naqd pulda buxgalteriya bo‘limi orqali  yoki naqdsiz bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashi mumkin. Hozirgi kunda aksariyat ish beruvchilar ikkinchi usulni afzal ko‘radilar. Xodimlarga to‘lovlarni amalga oshirish uchun ish beruvchi kompaniya tanlangan bank bilan ish haqi loyihasi shartnomasini tuzadi. Ish beruvchi o‘z hisob raqamidan o‘sha bankdagi xodimlar uchun ochilgan hisob raqamlariga pul o‘tkazadi. Shu tarzda xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha to‘lovlar — ish haqi, kasallik ta'tillari, ta'til to‘lovlari va shartnomada nazarda tutilgan boshqalar hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Ish haqini to‘lash muddatlari

Xodimlarga mehnat shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirish tartibi Mehnat kodeksida belgilangan. Ushbu hujjatning 253-moddasida ish beruvchi xodimlarga ish haqini oyiga ikki marta to‘lashi shartligi ko‘rsatilgan. To‘lovlar orasidagi tavsiya etilgan muddat — 16 kun.

Odatda, ish beruvchilar o‘z xodimlariga har oyning 16-dan 20-kunigacha bo‘lgan davrda oylik ish haqining kichik qismi sifatida avans to‘laydilar. Ish haqining asosiy qismini to‘lash ko‘pincha har oyning 5-kunida amalga oshiriladi. Ish haqi to‘lanadigan kun dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, ish beruvchi ushbu sanadan oldingi oxirgi ish kunida to‘lovni amalga oshirishi kerak.

Shuningdek, Kodeksning yangi tahririga binoan hukumat oyiga bir marta pul to‘lash mumkin bo‘lgan xodimlarning alohida toifalarini belgilashi mumkin. Biroq, ushbu ro‘yxat hali tasdiqlanmagan.

Ish haqi kartaga qanday o‘tkaziladi

Ish haqi quyidagicha hisoblanadi — har oy buxgalteriya bo‘limi xodimlar va kerakli o‘tkazmalar miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘playdi. Ish haqi varaqasini shakllantiradi, u odatda ish haqi to‘lanishi arafasida to‘lov topshiriqnomasi shaklida bankka yuboriladi. Bank, o‘z navbatida, hujjatlarni tekshiradi va ertasi kuni ish beruvchining xodimlari bank kartalariga to‘lovlarni amalga oshiradi.

Mehnat kodeksiga binoan, ish beruvchi mehnat shartnomasi yoki boshqa mahalliy aktda belgilangan muddatda xodimlarga ish haqini to‘lash uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. U bank hujjatlarni tekshirishi uchun zarur bo‘lgan vaqtni hisobga olishi va barcha kerakli ma'lumotlarni oldindan taqdim etishi kerak.

Xodim unga to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shuningdek ish haqidan ushlab qolinadigan soliq miqdorini bilmoqchi bo‘lsa, ish beruvchi bu haqda to‘liq ma'lumot taqdim etishi majbur.

Ish haqi o‘z vaqtida tushmasa-chi?

Odatda barcha ish beruvchilar xodimlarga ish haqini o‘z vaqtida to‘lashiga qaramay, ba'zida to‘lovlar kechiktirilishi mumkin. 2022-yilgacha to‘lovlar kechiktirilganligi uchun ish beruvchi javobgar bo‘lmagan, ammo Mehnat Kodeksining yangi tahririda bu javobgarlik belgilandi.

Mehnat kodeksining 333-moddasiga ko'ra, ish beruvchi xodimga ish haqi to‘lashni va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni kechiktirganlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Xodim har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya olish huquqiga ega. Kompensatsiya miqdori Markaziy bankning o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan asosiy stavka shaklida belgilanadi. 2024-yil mart oyi holatiga ko‘ra, uning miqdori 14%ni tashkil qiladi.

Kartaga yana qanday pul o‘tkazish mumkin

Ish haqini o‘tkazish bank hisob raqamini to‘ldirishning eng keng tarqalgan usullaridan biri. Ammo kartaga pul o‘tkazishning boshqa ko‘plab variantlari mavjud:

  • to‘lov terminallari orqali naqd pul o‘tkazish;
  • boshqa bank hisobidan mamlakat ichida pul o‘tkazish;
  • xorijiy bankdan pul o‘tkazish — bu holda, o‘tkazish uchun Swift butunjahon banklararo axborot uzatish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimi qo‘llaniladi;
  • hisobni to‘ldirish uchun elektron hamyon yoki pul o‘tkazmalari tizimidan foydalanish;
  • hisobni bank kassasi orqali to‘ldirish.

Kartaga pul o‘tkazish muddati ko‘plab omillarga bog‘liq — summa, vaqt, mijozning ishonchliligi, mablag‘larning kelib chiqish manbalari va boshqalarga. Odatda, o‘tkazma shu yoki keyingi ish kunida amalga oshiriladi. Pul bank kartasiga o‘sha kuni tushishi uchun uni ertalab o‘tkazish tavsiya etiladi. Bank yopilganidan keyin oladigan to‘lov topshiriqlarining katta qismi — ko‘pincha soat 17:00 yoki 18:00 da — bank tomonidan faqat ertasi kuni ko‘rib chiqiladi.

Bank kartasiga pul o‘tkazish usullaridan birini tanlayotganda, barcha chek va boshqa to‘lov hujjatlarini saqlab qolishni tavsiya etamiz. To‘lov bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa yoki bankda qo‘shimcha savollar bo‘lsa, bu ularni imkon qadar tezroq hal qilishga yordam beradi. Katta miqdorda pul o‘tkazsangiz, bank ularning kelib chiqishi to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilishi mumkinligiga ham tayyor bo‘ling.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
6 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Akobir Xoliqov
Akobir Xoliqov
8 months ago

Tovarlar qaytganidan soʻng limitlar oʻz vaqtida joyiga qaytariladimi

Dilshod
Dilshod
7 months ago

Ajoyib

Abdibakir
Abdibakir
8 months ago

Zoʻr

Abdibakir
Abdibakir
8 months ago

Malades

Sardor
Sardor
8 months ago

Uzum hammasidan yaxshiroq

Sultonxoʻja
Sultonxoʻja
7 months ago

Juda tushunarli va loʻnda. Gap yoʻq.