bosh sahifa / Sarflash va tejash / Bank hisobini qanday yopish kerak: harakatlar ketma-ketligi va tavsiyalar
Yangilanish sanasi: 17.05.2024

Bank hisobini qanday yopish kerak: harakatlar ketma-ketligi va tavsiyalar

Bank hisobini qanday to‘g‘ri yopishni va muammolarga duch kelmaslik uchun qanday harakatlarni qilish kerakligini aytib beramiz.

Ravshana yangi yildan so‘ng o‘z moliyaviy ahvolini tekshira boshladi va uzoq vaqt davomida foydalanilmay kelayotgan bir qancha bank hisoblari borligini aniqladi. Biri oldingi ish beruvchi tomonidan maosh o‘tkazib berish uchun ochilgan, ikkinchisini esa universitetda o‘qish pulini to‘lash uchun ishlatgan. Hozirgi kunda u faqat Uzum Bankda ochilgan hisobdan foydalanmoqda‎. Shuning uchun Ravshana keraksiz hisoblarni yopishga qaror qildi. U bilan birga buni qanday amalga oshirish kerakligiga aniqlik kiritamiz.

Karta va hisob - bir xil narsalarmi?

Bank kartasi bank hisob raqamiga bog'langan bo‘lib, uning jismoniy ko‘rinishi sanaladi. Bank kartasi mijoz ochiq bank hisob raqamiga ega bo'lgan taqdirdagina beriladi. Kartasiz hisob mavjud bo'lishi mumkin, ammo ochiq hisobsiz karta chiqarilmaydi.

Karta va hisob –  bir xil narsa emas. Bank hisobvarag'i – bu asosiy ma'lumotlarni aks ettiruvchi raqamlar to'plami bo‘lib: u qaysi bankda ochilgani, uning egasi kim va qaysi valyutada yuritilishi qayd etiladi. Shuningdek, kartada ham ma'lum bir son mavjud bo'lib, bu raqamlar to'lov tizimi, egasi va emitent bank to'g'risidagi ma'lumotlarni aks ettiradi. Karta raqami va hisob raqami bir biridan farq qiladi. Siz bitta bank hisobiga bir nechta kartalarni ulashingiz mumkin, lekin har bir karta faqat bitta hisobga bog'lanadi.

Shunday qilib, agar siz kartangizni yopsangiz, bu bank hisobingizni yopganingizni anglatmaydi. Hisobni yopish uchun, bank xodimlariga bu operatsiyani amalga oshirish bo‘yicha alohida murojaat qilishingiz kerak.

Nima uchun boshqa kerak bo‘lmagan hisobni yopish kerak?

Hayot davomida xuddi Ravshana kabi har bir insonda ham bir necta bank kartasi va hisob raqamlari  bo‘lishi mumkin. Ba'zilari ish haqi uchun, boshqalari nafaqa olish uchun, boshqalari esa manfaatli xaridlar qilish va kundalik foydalanish uchun kerak. Shunday qilib, inson o'z nomiga qancha hisob ochilganini va qaysi biridan foydalanmayotganini eslay olmasligi ham mumkin.

Shu bilan birga, siz hisobdan foydalanmayotgan bo‘lsangiz ham, bank uni faol hisob deb yuritadi va mijozdan SMS-xabarlar, tranzaksiyalar, hisobni yuritish uchun to'lovlar va boshqa pullik xizmatlar uchun pul undirishni davom ettiradi.

Bankda overdraft tushunchasi ham mavjud - agar kartada zarur mablag' bo'lmasa, bank mijozga debet kartadan minusda ham foydalanish imkoniyatini beradi. Baribir, bunday qarzni to'lashingiz kerak. Bordi-yu hisobni unutib, balansingiz minusga tushib qolsa va qarzni o'z vaqtida to'lay olmasangiz, bu kredit tarixingizga salbiy ta'sir qiladi. Chunki u yerda bank mijozining barcha qarzlari qayd qilinadi.

Shuning uchun, agar hisobdan foydalanmoqchi bo'lmasangiz, bank filialiga murojaat qiling va uni yopishlarini so'rang. Agar kerak bo'lsa, keyinchalik o'sha bankda hisobni qayta ochishingiz mumkin.

Hisobingizni yopishdan oldin nima qilish kerak

Hisobni yopish uchun oldindan tayyorgarlik ko'rishingiz kerak. Avvalo, Ravshana shu kunlarda xizmatlar uchun hisobvaraqdan mablag' yechishni rejalashtirganmi, yo'qmi, aniqlashtirib oldi. Shundan keyin hisobdan ko'chirma shakllantirishni so'radi va qarzlari qolgan yoki yo'qligini tekshirdi. Shundan so'ng hisobdan barcha pullarni yechib oldi. Buni turli yo'llar bilan amalga oshirishi mumkin: bank filialidan, bankomatda yoki bank o'tkazmasi orqali boshqa hisob raqamiga o‘tkazish. Hisobni faqat pul qolmagan taqdirdagina yopish mumkin. Hatto unda bir necha so'm bo'lsa ham, uni yopishning imkoni bo‘lmaydi.

Ravshana hisobni yopishdan oldin barcha pullik xizmatlarni o'chirib qo'yishni so'radi. Bular ichida eng asosiylari: xizmatlar haqida SMS-xabarlar, hisob va kartani sug'urtalash va qo'shimcha boshqa xizmatlar. Aks holda, undan pul olishda davom etishlari mumkin edi.

Hisobni qanday yopish kerak: harakatlar tartibi

Shunday qilib, siz ham, bizning qahramonimiz kabi, hisobingizni yopish uchun ariza berishdan oldin barcha bosqichlarni bajardingiz. Bunday holda, harakatlar ketma-ketligi quyidagicha bo'ladi:

  1. Bank filialiga murojaat qiling va hisobni va unga bog'langan kartani (yoki kartalarni) yopishni so'rab, ariza yozing. Bank xodimidan arizaning tasdiqlangan nusxasini berishini so'rang, u biron bir muammo tug‘ilsa yoki hisob yopilganini tasdiqlashingiz kerak bo'lsa, asqotadi. Ba'zi banklarda siz hisobingizni onlayn yoki shaxsiy kabinetingiz orqali ariza berib ham yopishingiz mumkin.
  2. Kartani bankka topshiring. Barcha bank kartalarining orqa tomonida karta uni chiqargan bankning mulki ekanligi haqida yozuv mavjud. Ba'zi banklarda kartani topshirish shart emas, boshqalarida esa mijoz kartani topshirmasa, hisobni yopmaydi. Mijoz hisobni yopish to'g'risida ariza yozgandan so'ng, karta uning ishtirokida yo'q qilinadi.
  3. Xodimlaringizdan hisob va bank kartasi amal qilish muddatini aytib berishlarini so'rab oling. Mijoz hisob ochishdan oldin imzolaydigan bank xizmatlari to‘g‘risidagi shartnomada uning muddatlari ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Shuningdek, sizning bank hisobingiz va unga bog'langan karta yopilganligi to'g'risida malumotnomani oling. Bir necha hafta o'tgach, bankka qo'ng'iroq qiling yoki shaxsan borib, hisob yopilganligini va boshqa qarzlar bor-yo‘qligini tekshirib oling.

Esda tutingki, bank odatda ariza topshirgandan so'ng darhol bank kartasini bloklaydi va yopadi. Katta ehtimol bilan, hisobingizni bekor qilganingizning ertasi kuni undan foydalana olmaysiz. Ammo bank hisobini yopish ko'proq vaqt talab qilishi mumkin - ba'zida bir necha hafta yoki hatto oylargacha cho‘ziladi.

Shuningdek, bank xodimlari sizga bergan barcha hujjatlarni saqlab qo‘ying. Va bank muhri bilan barcha hujjatlarning nusxalarini berishlarini so'rab oling. Agar har qanday bahsli vaziyat yoki kredit tarixi bilan bog'liq muammolar yuzaga kelsa, ular kerak bo'lib qolishi mumkin. Ravshana hech qanday qiyinchilikka duch kelmadi va bir hafta ichida ikkita keraksiz hisobi yopildi.

Bankning o'zi hisobni yopishi mumkinmi?

Ha, mumkin, ammo buning uchun bank tomonidan o'rnatiladigan va xizmat ko'rsatish shartnomasida tavsiflangan ma'lum shartlar bajarilishi kerak. Odatda, bank hisobvarag'i bank tashabbusi bilan quyidagi hollarda yopilishi mumkin:

  • hisobvaraq egasi vafot etgan bo‘lsa – bunda bank mijoz vafot etganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni olgandan so‘ng, hisobvaraq avtomatik tarzda yopiladi;
  • hisob uzoq vaqt davomida ishlatilmaganda – har bir bank davrni o'zi belgilaydi, odatda u bir yildan ikki yilgacha bo'ladi. Bunday holatda, bank mijozga hisobvaraqning yopilishi haqida bir necha oy oldin xabarnoma yuboradi;
  • hisobda uzoq vaqt davomida manfiy qoldiq bo‘lsa – bank mijozdan qarzni to‘lashni so‘raydi, agar talab qondirilmasa, hisobni majburan yopadi va qarzdor haqidagi ma'lumotlarni sudga oshiradi. Hisob yopilgan bo'lsa ham, siz baribir qarzni to'lashingiz kerak bo'ladi;
  • hisobvaraq bo‘yicha shubhali operatsiyalar amalga oshirilsa – banklar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tavsiyalariga asosan shubhali operatsiyalar ro‘yxatini aniqlaydilar – katta miqdordagi mablag‘larni naqdlashtirish, ta'qiqlangan tashkilotlarning hisob raqamlariga o‘tkazish, moliyaviy firibgarlik – va bunday mijozlarning hisoblari bloklanadi. Buning ortidan hisob majburiy yopiladi.

Ammo agar mijoz hisobdan foydalanishning hech qanday shartlarini buzmasa, shuningdek, hisobdagi mablag'larni saqlasa, hisob yopilmaydi. Qanday sharoit bo'lmasin, bank mijozni hisob holatidagi mumkin bo'lgan o'zgarishlar haqida 30 yoki hatto 60 ish kunidan oldin ogohlantiradi va hisobdan foydalanish bo'yicha qaror qabul qilish uchun vaqt beradi.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
0 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments