
“Quyosh va o‘zimizning odamlar yetishmayapti”: toshkentlik xoreograf — Angliyadagi hayot haqida
""Xorijdagi o‘zbekistonliklar" turkumidagi maqolalarimizda O‘zbekiston fuqarolari xorijga ko‘chish tajribasi, Ona yurti haqidagi iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashadilar va muhojirlikda, ayniqsa, nimani sog‘inishlarini aytib beradilar.
Milana, 38 yoshTurmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan Buyuk Britaniyaning Londondan 40 mil uzoqlikda joylashgan Xorsham shahriga ko‘chib ketgan
Xoreograf va raqs-harakat terapiyasi mutaxassisi, tadbirlar tashkilotchisi
Ko‘chib o‘tish haqida
— Buyuk Britaniyaga 2022-yilning avgustida ko‘chib o‘tganmiz, bolalar sifatli ta'lim olsin, degandik. Yaqinda 13 yoshga to‘ladigan o‘g‘lim bilan 9 yashar qizim bir nechta maktabga kirishdi. Biz hududdagi eng yaxshi xususiy maktablardan biri bo‘lgan Handcross Park School (Brighton College guruhiga kiradi) ni tanladik. Bunga taxminan ikki yil tayyorgarlik ko‘rdik, bolalar kollejga kiradigan paytda ko‘chib o‘tishni rejalashtirdik. Biroq, bolalarga moslashib olishi uchun ko‘proq vaqt beraylik, deb, bu ishlarni ertaroq boshlashga qaror qildik.
O‘zbekistondagi barcha loyihalarimni yakuniga yetkazdim, u yerda 14 yil davomida estrada-sirk kollejida xoreografiyadan dars berdim, spektakllarda xoreografiyani sahnalashtirdim va turli tadbirlarni tashkil qilardim. Hozir ko‘proq onlayn xoreografiya bilan shug‘ullanaman, raqs terapiyasi bo‘yicha individual treninglar o‘tkazaman, ba'zan Londonda katta mahorat darslarini o‘tkazaman. Butun dunyodagi ayollarga tana bilan ishlab, hayotning murakkab bosqichlarini yengishda yordam bera olayotganimdan juda xursandman.
Shuningdek, xalqaro tanlov va festivallarda O‘zbekiston vakili sifatida faoliyatimni davom ettirmoqdaman: iqtidorli bolalarni tayyorlab, ularga hamrohlik qilaman. Biroq hozir oilamga ko‘proq vaqt ajratayapman, shuningdek, ommaviy tadbirlar rejissyori sifatida ishimni davom ettirish uchun magistraturaga o‘qishga kirmoqchiman.
Odamlar va quyosh haqida
— O‘zbekistonning quyoshini juda sog‘inyapman, chunki quyoshli ob-havoni juda yaxshi ko‘raman. Lekin hamma narsadan ko‘p menga insoniy iliqlik, o‘zimizning odamlarimiz bilan muloqot yetishmaydi. O‘zbekistonda bir pasda do‘stlar bilan uchrashuv tashkil qilish mumkin: qo‘ng‘iroq qilib, yarim soat ichida ko‘rishsa bo‘ladi. Bu yerda esa odamlar hamma narsani oldindan rejalashtiradi, bu esa hayotimizni bir maromda o'tadigan, osoyishta, ammo shu bilan bilan birga biroz mazmunsiz ham qiladi.
Bu yerda yashovchilarning ko‘pchiligi men bilan bahslashib: "Har kuni muzeyga bor, sendan xursand odam bo‘lmaydi," deyishi mumkin. Angliyada hayot madaniy tadbirlar bilan to‘lib-toshgan bo‘lsa-da, menga Toshkentga xos bo‘lgan yengillik, hamma narsaning o‘z-o‘zidan bo‘lib ketishi, yorqinlik va rang-baranglik yetishmayapti. Ikki mamlakat odamlarini taqqoslab, shuni aytishim mumkinki, bizning odamlarning ko‘zlari yonib turadi, hayotni sevishadi.
Pullarni oqilona boshqarishni istaysizmi? Telegram kanalimizda — ish beradigan maslahatlar bor!
Taomlar haqida
— Londonda bir nechta o‘zbek taomlari restorani bor, ba'zan borib ham turamiz. Lekin asosan uyda ovqat pishiramiz. Turmush o‘rtog‘im tez-tez ish yuzasidan Toshkentga borib, kerakli mahsulotlarni — grechka bilan limondan tortib osh, somsa, ziravorlargacha olib keladi. Hattoki “Izabella” qulupnayini ham olib kelishni uddaladi. (Kuladi.)
Bu yerda ovqatlardan ba'zi-ba'zida qo'msab qoladiganim — qo‘y go‘shtidan sho‘rva. O‘zimiz tayyorlashimiz mumkin, lekin mahalliy mahsulotlar bilan unchalik "o‘xshab" chiqmaydi — go‘sht olib kirishga esa ruxsat berilmaydi.
Moddiy narsalar haqida
— O‘zbekistondan chiroyli suvenirlar olib kelamiz, lekin o‘zimiz uchun emas. Ularni inglizlarga — o‘qituvchilarga, do‘stlarimizga, bu yerlik oilalarga sovg‘a qilib, ularni madaniyatimiz bilan tanishtirish uchun olamiz. Yana Angliyadagi ta'lim muassasalarida har yili yarmarkalar o‘tkaziladi. Maktabimizda o'tkazilgan shunaqa yarmarka uchun O‘zbekistondan juda ko‘p quruq mevalar, sopol idishlar, likopchalar olib keldik — bir deganda hammasini sotib olishdi! Tushgan pullar esa xayriya ishlariga sarflandi, inglizlar bunday narsalarga katta e'tibor berishadi.
Madaniyat va bayramlar haqida
— Angliyada ham bayramlarimiz — Mustaqillik kuni, Navro‘z nishonlanadi. Biz har yili Londonga bayram tadbirlariga boramiz, ba'zi paytlar birdaniga ikkita joyga. Ammo hozirda sal boshqacharoq nishonlashadi: bu bayram dolzarb bo‘lgan barcha mamlakatlarni birlashtirishadi va ixchamroq nishonlashadi. Tashkilotga asosan talabalar mas'ul bo‘ladi — Buyuk Britaniyada o‘zbekistonlik talabalar ko‘p, ular juda faol, lekin resurslari kamroq. Toshkentda imkoniyatlar ko‘proq, narxlar hamyonboproq, bayramlar ham rang-barangroq bo‘ladi: to‘g‘ri tashkil etilgan dastur, an'analar, shunga mos kiyimlar bilan. Lekin biz baribir boramiz: bolalar o‘z madaniyatini ko‘rishini va bilishini xohlayman.
Men ham O'zbekiston bilan bog‘liq tadbirlarda faol qatnashaman. Masalan, bu yil Londonda o‘tkazilgan o‘zbek madaniyati va milliy taomlari festivalining dasturiga rejissyorlik qildim. Bu tadbir 40 mingga yaqin mehmonni, jumladan, diplomatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, san'atkorlar va Yevropaning turli hududlaridan kelgan vatandoshlarimizni bir yerga jamladi.
Festivalga angliyaliklar ham kelishdi. Bu yerliklarni ko‘proq o'zbek oshxonasi jalb qildi — ko‘pchilik shunchaki palov, kabob, manti yeyish uchun kelgandi. (Kuladi.) Har kuni ikki tonnadan osh damlashdi — taom uchun ataylab Toshkentdan guruch, sabzi, ziravorlar, qozonlar olib kelishdi. Albatta, inglizlar uchun bizning urf-odatlarimiz, kiyimlarimiz juda qiziq. O‘zbekistonlik dizaynerlar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etdilar, choponlar, nimchalar, milliy liboslar — barchasi sotilib ketdi.
Madaniy dasturga jonli kuylaydigan besh nafar inglizdan iborat guruhni kiritdik, ular bizning qo‘shiqlarimizni ijro etishdi. Men esa o‘zbek raqsi bo‘yicha katta fleshmobni o‘tkazdim, hamma mazza qilib biroz raqsga tushdi.
Sevimli joylar haqida
Chet elda yasharkanman, ilgari oddiydek ko'ringan joylarni ko‘proq qadrlay boshladim. Toshkentga kelganimda, albatta sevimli kafe va restoranlarimga boraman: PRO.Xинкали, Le Taom, OBI Hayot, TomYum. Lekin men uchun shahar bo‘ylab sayr qilish va do‘stlar bilan uchrashish muhimroq. Men uchun odamlar doim birinchi o‘rinda turadi, ona shahrim muhiti esa qo‘shimcha quvvat beradi.
O‘g‘limning faoliyati sabab Toshkentdagi hayotim g‘oyat sermazmun edi. U yoshligidanoq mashhur modelga aylanib ulgurgan. Biz ko‘p suratga tushardik, tanlovlar va festivallarga borar edik. Dam olish uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga shunchaki vaqtimiz yetmasdi. Hatto mamlakatning tabiiy go‘zalliklarini, masalan tog‘larimizni faqat ish tufayligina ko‘rishga muvaffaq bo‘lgandim. Haftaning birgina bo‘sh kuni — yakshanbani bobo va buvilarimiz bilan birga o‘tkazar edik. Jadvalimiz shunaqa zich bo‘lgani tufayli, men uchun Toshkentdan tashqariga chiqib, ko‘p joylarni ko‘rishning imkoni yo‘q. O‘zbekistonga kelganimda, menga quyosh, shahar bo‘ylab sayr, o‘zimizning odamlar va muloqot bo‘lsa bo‘lgani — mendan baxtlisi bo‘lmaydi shunda.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar — toshkentlik ayol Amerikadagi hayot, qadrdonlar sog'inchi va saqlanib kelinayotgan o‘zbek an'analari haqida
Izoh qo‘shish