
Yuzni parvarishlash: kremni teri turiga moslab qanday tanlash mumkin
Yuzni parvarish qilishda krem hal qiluvchi rol o‘ynaydi: terini namlaydi va elastik qiladi, uni sovuqdan, shamoldan va quyosh nurlaridan himoya qiladi, zardoblarni “yopadi” va bo‘yanish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ammo bu kundalik zarur vositani tanlash oson emas.
Albatta, shunchaki reklama qilingan mahsulotlarni ishlatib ko‘rish yoki trenddagi ingrediyentlar bilan tajriba qilish mumkin. Ammo haqiqat shuki: hamma uchun mos keladigan universal go‘zallik mahsuloti yo‘q. Axir, har xil terining ehtiyojlari har xil va faol moddalarga reaksiyasi turlicha. Shuning uchun tarkibi va tavsiyalarni o‘rganish yaxshiroqdir — bu qichishish, suvsizlanish, toshma va yuzdagi boshqa muammolarni oldini olishga yordam beradi.
Siz uchun jarayonni soddalashtirishga harakat qildik va terining turiga qarab krem tanlash bo‘yicha qo‘llanma tuzdik. Boshlashdan avval — bir nechta muhim qoidalar.
1-qoida: teringiz turini hisobga oling
Eng keng tarqalgan tasnifga ko‘ra — yog‘ bezlarining faolligiga qarab — yuz terisining to‘rt turi ajratiladi: quruq, normal, nozik va yog‘li. Bundan tashqari, teri kombinatsiyalangan, muammoli va yetuk, ya'ni yoshga bog‘liq o‘zgarishlarga ega bo‘lishi mumkin. Ammo bu kichik turlar odatda to‘rtta asosiy toifadan biriga kiradi (masalan, qarigan teri quruq turga, muammoli teri esa yog‘li turga tegishli).
Teri turini aniqlash uchun salfetka yordam beradi. Jilosizlantiruvchi salfetkani olgan yaxshi — u natijani aniqroq ko‘rsatib beradi. Ammo oddiy qog‘oz salfetka ham to‘g‘ri keladi. Yuzingizni yaxshilab yuving, sochiq bilan arting va teringizga hech qanday mahsulot surtmasdan taxminan yarim soat kuting. Shundan so‘ng, yuzingizni salfetka bilan yoping, 20 soniya ushlab turgach olib tashlang va salfetka holatini baholang:
- Yog‘li izlar yo‘q — teri quruq.
- T-zonasida (peshona, burun va iyak sohasi) kichik izlar mavjud — teri normaldir.
- T-zonasida aniq izlar — kombinatsiyalashgan teri: yonoq suyaklarida quruq yoki normal, peshona va iyakda yog‘li.
- Yog‘ izlari nafaqat T-zonasida, balki yonoq suyagi hududida ham — yog‘li teri.
Nima uchun buni aniqlash muhim? Terining turgori, uning reaktivligi, toshmalar yoki ajinlarga moyilligi yog‘ bezlarining faolligiga bog‘liq. Shunga ko‘ra, parvarish vositasini tanlash ushbu muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Kombinatsiyalangan teri bilan bir vaqtning o‘zida ikkita vosita ishlatish kerak bo‘lishi mumkin: masalan, T-zonasi uchun matlashtiruvchi krem va yonoq sohasi uchun namlovchi krem. Va agar teringizning turini 100 foiz aniq bilmasangiz, dermatologga murojaat qilishingiz kerak — shifokor uni iloji boricha to‘g‘ri aniqlab beradi.
2-qoida: internetdagi reklama va maslahatlarga ishonmang
Chiroyli qadoqlash, bloggerlarning tavsiyalari va umumiy shov-shuv — kremni tanlashda e'tibor berishingiz kerak bo‘lgan oxirgi narsalar. Mahsulot TikTok va go‘zallik kanallarida tarqalib ketgan bo‘lsa, bu sizga mos ekanligini anglatmaydi. Misol uchun, bir necha yil oldin tiktokerlar mashhur o‘rik skrabini tavsiya qilishdi — keyin brend iste'molchilar tomonidan ko‘plab da'volarga uchradi. Ular skrab juda yomon ta'sir qiladi va muammoli terining holatini battar yomonlashtiradi, deb shikoyat qildilar (bu mahsulot o‘z-o‘zidan yomon degani emas — shunchaki, hamma uchun mos emasligi ma'lum bo‘ldi).
Bir so‘z bilan aytganda, hatto mashhur vositalar ham alohida holatlarda zararli bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bloggerlarning maslahatlariga emas, balki haqiqiy xaridorlarning sharhlariga tayanish juda muhimdir. Va bundan ham muhimi, kremning formulasini va ingredientlar ro‘yxatini hisobga olishdir.
3-qoida: ishlaydigan komponentlarni qidiring
Har bir teri turi namlanishga muhtoj. Bu har qanday kremning asosiy vazifasidir. Ikkinchidan, mahsulot terining turiga, maqsadiga qarab oziqlantirish, yallig‘lanish va qichishishni yo‘qotish, ajinlarni tekislash, quyoshdan himoya qilish va hokazolar uchun mo‘ljallangan. Ammo har qanday holatda ham, asosiy va ikkilamchi harakatlar o‘z samaradorligini tasdiqlagan komponentlar yordamida amalga oshirilishi kerak.
Kosmetologlar tarkibida quyidagi faol moddalarni izlashni tavsiya qiladilar:
- Glitserin — namlanishning asosi. Ushbu komponent nafaqat terini namlik bilan to‘yintiradi, balki terida ko‘rinmas plyonka hosil qiladi, suvsizlanishning oldini oladi
- Gialuron kislotasi va keramidlar — inson tanasining to'qimalarida tabiiy ravishda mavjud bo'lgan muhim namlovchi moddalar.
- Peptidlar — terining himoya to‘sig‘ini mustahkamlaydigan, uni tortadigan va elastikroq qiladigan aminokislota birikmalari.
- С vitamini — ultrabinafsha nurlanishidan kelib chiqadigan zararni (pigmentatsiya, erta ajinlar) bartaraf etadigan va kollagen ishlab chiqarishni tezlashtiradigan antioksidant.
- E vitamini (tokoferol)— vitamin C bilan bir xil xususiyatlarga ega. Ular birga yaxshi ishlaydi.
- Retinol — qarishga qarshi parvarish qilishning asosiy ingredienti, tom ma'noda terini yangilaydi va kollagen ishlab chiqarishni tezlashtiradi. Uni tungi kremlarning tarkibida izlash kerak.
- Niatsinamid (vitamin B3) —yog‘ ishlab chiqarishni mukammal nazorat qiladi, shuningdek terini namlaydi va tekislaydi
Kremning ingredientlari ko'rsatilgan tartibga e'tibor bering. Birinchi besh modda odatda krem tarkibining taxminan 80 foizini tashkil qiladi va asosiy ta'sir uchun javobgardir. Ya'ni, agar sizni qiziqtirgan komponent ro‘yxatning oxirida bo‘lsa, sizning teringizga ta'sir qilmaydi.
4-qoida: katta tarkibdan qo‘rqmang va “tabiiy” narsalar ortidan yugurmang
Ingredientlarning minimal ro‘yxati, qadoqdagi va kompozitsiyadagi “tabiiy” so‘zi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olayotganda e'tibor berish kerak bo‘lgan narsadir. Ammo kosmetika — bu butunlay boshqa holat, chunki murakkab kimyoviy formulalar haqida gap ketmoqda. Ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan ingredientlar ro‘yxati qanchalik katta va batafsilroq bo‘lsa, unga ishonish uchun shuncha ko‘p sabablar bo‘ladi.
Ammo agar haddan tashqari uzun izoh sizni qo‘rqitsa, dermatologga murojaat qilib, shubhalarni tarqatig. Shifokor tarkibning qanchalik zararsiz ekanligini va umuman olganda teringizning turiga mos kelishini baholab beradi.
“Tabiiy” so‘ziga kelsak, kosmetikada u har doim ham “eng yaxshi” yoki hatto “xavfsiz” degan ma'noni anglatmaydi (masalan, zaharli pechak sharbati mutlaqo tabiiy komponentdir, lekin uni teriga surtmagan yaxshiroq). Afsuski, o‘simlik ekstraktlari va efir moylari ko‘pincha allergik reaktsiyani qo‘zg‘atadi. Shuning uchun, “tabiiy” formulalarni va'da qiladigan unchalik taniqli bo‘lmagan brend foydasiga mashhur brendning “kimyoviy” vositasidan voz kechish katta xavf hisoblanadi.
Agar teringizning turini to‘g‘ri aniqlagan bo‘lsangiz, mahsulotni tanlash vaqti keldi. Aniqroq tavsiyalarga o‘tamiz.
Normal teri uchun
Ushbu turdagi teri bir xil rangi, silliqligi, namlik va sebum miqdorining optimal muvozanati bilan ajralib turadi. Bundat teriga ko‘p kosmetik vositalar mos tushadi, unda pardoz uzoq vaqt ushlanib turadi va kamdan-kam hollarda toshmalar paydo bo‘ladi. Normal teri egalari duch kelishi mumkin bo‘lgan ikkita muammo bor — bu alohida komponentlarga individual allergiya (kamdan-kam uchraydi) va qarish belgilari (vaqt o‘tishi bilan namoyon bo‘ladi).
Normal teri muntazam namlanishni — sovuq mavsumda esa shamol va past haroratlardan himoya qilish, ya'ni qo‘shimcha oziqlantiruvchi ta'sirga ega kremni talab qiladi.
Quruq teri uchun
Ushbu turdagi teriga namlik yetishmaydi: yog‘ bezlari juda kam yog‘ ajratadi, shuning uchun suv terining yuzasidan tez bug‘lanadi. Natijada qichishish, sho‘ralash, tortishish hissi, mayda ajinlar paydo bo‘lishi. Bu muammolarning barchasi yuvinishdan so‘ng, sovuqda yoki quyoshda bo‘lgandan keyin kuchayadi.
Quruq teri deyarli sezilmaydigan poralar va jilosiz, ushlaganda biroz dag‘al yuzasi bilan ajralib turadi. Bunday teri tom ma'noda kremni “yeydi”, uni darhol shimib oladi. Parvarishda nafaqat namlantirishga, balki oziqlantirish va yumshatishga ham e'tibor qaratish kerak: bu ajinlarni yozilishiga va terini sog‘lom porlashiga yordam beradi.
Nozik teri uchun
Nozik teri — bu quruq yoki kombinatsiyalashgan terining o‘ziga xos kichik turi bo‘lib, o‘zining reaktivligi bilan ajralib turadi. Bunday terida tabiiy himoya to‘sig‘i pasaygan, shuning uchun u barcha tashqi qo‘zg‘atuvchilarga salbiy ta'sir qiladi. Hatto oddiy suv bilan yuvinish ham qizarish va achishishga olib kelishi mumkin, krem tarkibidagi kuchli parfyum esa ko‘pincha qichishish va sho‘ralash dog‘larni keltirib chiqaradi.
Bunday teri egalari epidermisning himoya to‘sig‘ini tiklashga yordam beradigan prebiotikli mahsulotlarni tanlashi, iloji boricha, hidli mahsulotlardan voz kechishi va yangi mahsulotlarni tirsagini bukib sinab ko‘rishi yaxshiroqdir. Agar bir necha soat ichida terida qizarish yoki qichishish paydo bo‘lmasa, yangi kremni yuzingizga bemalol surtishingiz mumkin.
Yana bir yaxshi belgi — bu krem qadoqidagi cica so‘zi. Cica, ya'ni Osiyo sentellasi — tinchlantiruvchi, yallig‘lanishga qarshi va davolovchi xususiyatlarga ega dorivor o‘simlik. Ushbu komponentga ega bo‘lgan maxsus sika-kremlarini nafaqat ommaviy do‘konlarda, balki dorixona va professional kosmetika segmentida ham topish mumkin.
Yog‘li va muammoli teri uchun
Yog‘li, qalin teri ortiqcha miqdorda yog‘ hosil qiladi. Bu uni erta qarishdan himoya qiladi, lekin shu bilan birga ko‘plab muammolarni qo‘shadi. Ortiqcha sebumda patogen mikroblar intensiv ravishda ko‘payadi, shuning uchun yog‘li terining egalari ko‘pincha akne, husnbuzarlar va qora nuqtalarga (“to‘lib qolgan” poralar) duch keladilar. Bunday teri pardozni yaxshi ushlab turmaydi va estetik bo‘lmagan jiloga ega..
Bunday turdagi teri uchun krem ishlatish mumkin emas, degan noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Aslida, namlanishning yetishmasligi yog‘ bezlarini faolroq ishlashiga olib keladi va yog‘li jiloni yanada kuchaytiradi. Ya'ni muammoli teri uchun krem mutlaqo zarurdir. Biroq u poralarni yopib qo‘ymaydigan (“komedogen bo‘lmagan” belgisini qidiring), jilosiz va yallig‘lanishga qarshi komponentlarga (salitsil kislotasi, choy daraxti yog‘i va boshqalar) ega yengil krem bo‘lsin (krem-gel formati ideal).
Yoshga bog‘liq o‘zgarishlari bo‘lgan teri uchun
Yosh o‘tgan sayin epidermis kamroq tabiiy gialuron kislotasini ishlab chiqaradi, shuning uchun teri quruqlashadi va yupqalashadi. U asta-sekin elastikligini yo‘qotadi, ajinlar va pigment dog‘lari paydo bo‘ladi, yuz rangi xiralashadi. Qarishga qarshi to‘liq parvarish uchun kosmetologga murojaat qilish yaxshidir. Uyda parvarish qilish uchun esa teridagi namlikning optimal darajasini saqlab turadigan va stressdan tezroq tiklanishiga yordam beradigan liniyani tanlash kerak.
Izoh qo‘shish