bosh sahifa / Xavfsizlik / Yirtilgan, eskirgan, muomalaga yaroqsiz: yomon bo‘lib ketgan so‘m banknotalarini nima qilish kerak

Yirtilgan, eskirgan, muomalaga yaroqsiz: yomon bo‘lib ketgan so‘m banknotalarini nima qilish kerak

Yomon bo‘lib ketgan kupyuralar do‘konlarda qanday holatlarda qabul qilinishi kerakligi va qachon ushbu kupyuralar o‘z to‘lov qobiliyatini yo‘qotishini aytib beramiz.

Timurning kichik o‘g‘li xotini do‘konga ketayotib, stolga qo‘yib ketgan bir nechta kupyuralarni flomaster bilan chizib tashladi. O‘zi ozgina pul-ku, lekin baribir juda achindi. Do‘konda bu pullarni qabul qilishdan bosh tortishdi va banknotalarni bankda almashtirishni maslahat berishdi. Timurga buni amalga oshirishda yordam beramiz va buzilgan kupyuralarni nima qilish kerakligini bilib olamiz.

Qanday kupyuralar buzilgan hisoblanadi, qaysilari esa yo‘q

2018-yilda O‘zbekiston Markaziy banki qaysi kupyuralar muomalaga yaroqli va qaysi biri yaroqsiz deb hisoblanishini belgilaydigan yangi qoidalarni chiqardi.

Ularga ko‘ra, barcha banknotalarni uchta shartli toifaga bo‘lish mumkin:

  • to‘lovga yaroqli, ya'ni shikastga qaramay muomalada bo‘lishi mumkin bo‘lganlar;
  • eskirgan — yirtilgan va ba'zilari jiddiy shikastlangan banknotalar;
  • to‘lovga yaroqsiz (to‘lovga layoqatsiz).

Qanday banknotalar to‘lov uchun yaroqli

Banknotalar, agar ularning haqiqiyligiga shubha bo‘lmasa va ular barcha kerakli himoya elementlarini — asllik belgilari va boshqalarni o‘zida aks ettirsa, foydalanishga yaroqli deb tan olinadi. Shuningdek, ular o‘z o‘lchamlarining katta qismini ya'ni asl maydonining kamida 55% saqlab qolishi kerak. Agar mijoz katta qismi mavjud bo‘lmagan (40-45%) kupyurani olib kelsa, u holda kupyuraning to‘lovga yaroqliligi maxsus quti yordamida tekshiriladi.

Quyidagi mezonlar foydalanishga yaroqliligini bildiradi:

  • tez-tez ishlatishdan eskirgan va yumshoq bo‘lib qolgan banknotalar (qog‘ozning mustahkamligi ularni ishlatishda davom etish imkonini beradigan bo‘lsa);
  • teshik yoki yirtilgan, burchaklari yoki boshqa qismlari 1 smdan oshmaydigan holatda yirtilgan bo‘lsa - agar ushbu holatlar pul nominalini va uning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermasa;
  • agar banknotning dog‘i, har qanday chizmalari, qalam, ruchka, flomasterdagi yozuvlari, uning umumiy maydonining 5% dan ko‘pini egallamagan bo‘lsa va bu pul nominalini haqiqiyligni aniqlash va tasdiqlashga xalaqit bermasa;
  • yirtilgan, keyin esa aynan o‘sha qismlari bir biriga ehtiyotkorlik bilan yopishtirilgan pullar, faqat ular boshqa-boshqa emas, bir xil banknotaning qismlari bo‘lishi kerak;
  • bo‘yoq bilan bo‘yalgan yoki kislota bilan shikastlangan, rangi o‘zgargan, kuygan bo‘lsa. Lekin, banknotalarning rangi keskin o‘zgarmagan bo‘lishi kerakligi qoida bandlaridan biri hisoblanadi. Ya'ni, agar pulni tasodifan yuvib yuborgan bo‘lsangiz va uning rangi sezilarli darajada o‘chgan bo‘lsa yoki so‘m banknotiga rangi ochroq choy to‘kilgan bo‘lsa, buning hech qanday qo‘rqadigan joyi yo‘q, ular qurigandan keyin to‘lovga yaroqli hisoblanaveradi.

Agar bunday banknotalarni to‘lov uchun qabul qilishni istashmasa, nima qilish kerak?

Ushbu holatdagi kupyuralarni do‘konlar va boshqa chakana savdo joylarida to‘lov uchun qabul qilish shart. Ammo, shunday holatlar ham bo‘ladiki, bozorda sotuvchi jiddiy zarar ko‘rgan pulni olishni istamasligi mumkin. Uni ham tushunsa bo‘ladi — chunki boshqa xaridorlar ushbu kupyurani qaytim sifatida olishni xohlamasligi mumkin.

Agar sizdan buzilgan kupyurani olishni xohlashmasa, Siz bu kupyuralarni O‘zbekistondagi xohlagan bankning kassasi orqali yangisiga almashtirib olishingiz mumkin. Shuningdek, bank kassalariga jiddiy zarar yetkazilgan banknotlarni ham olib kelishingiz mumkin.

Eskirgan banknotalar nima va ularni qayerga qo‘yish kerak

Agar banknota anchayin jiddiy zararlangan bo‘lsa, lekin bu holat kassirda hech qanday shubha uyg‘otmasa va bu kupyura o‘zining 55 % dan kam bo‘lmagan qismini saqlab qolgan bo‘lsa, bu holatdagi banknota eskirgan hisoblanadi. Bu kabi banknotalarni ham bank kassalariga topshirish va bir xil qiymatdagi yangi banknotaga almashtirib berishni (yoki kassirdan kichikroqlariga almashtirib berishini  so‘rash) so‘rash mumkin. Eskirgan kupyuralarni banklar keyinchalik MBga topshiradilar, va u yerda pullar muomaladan chiqariladi.

“To‘lov uchun yaroqsiz banknotalar” nimani anglatadi

Bunday banknotalar muomalada bo‘lishi va to‘lov uchun ishlatilishi mumkin emas. Misol uchun, agar siz banknotaning bir qismini bankka olib kelsangiz (uning umumiy hajmi 55% dan kam bo‘lsa) yoki bank uning haqiqiyligini tekshira olmasa, u boshqa banknotga almashtirib berilmaydi.

Agar banknotalar jiddiy zararlangan bo‘lsa va ular hatto eskirganlar toifasiga kirmaslik ehtimoli  bo‘lsa, ularni almashtirish to‘g‘risidagi qaror bank tomonidan qabul qilinadi. Agar pul to‘lash uchun yaroqsiz deb topilsa, kassir mijozga uni qabul qilish mumkin emasligi sabablarini batafsil tushuntirishga majbur.

Shuningdek, agar mijoz talab qilsa, bank bunday pulni ekspertiza uchun qabul qilishi mumkin. Masalan, mijoz banknotning 56 % saqlanib qolganiga ishonsa, bank uni tahlil qilish va baholash uchun Markaziy bankka yuborishi mumkin. Agar u to‘lovga layoqatsiz deb e'lon qilinsa, yangisiga almashtirib berish rad etiladi. Bunday holda kupyura egasiga qaytarilmaydi, balki  utilizatsiya qilinadi.

Agar ekspertiza natijalariga ko‘ra, kupyura to‘lovga layoqatli deb topilsa, Markaziy bank ularni eskirgan toifaga o‘tkazadi va ekvivalent summani kupyura yuborgan bankka yo‘naltiradi. Mazkur bank esa yangi kupyuralarni mijozning hisobiga o‘tkazib beradi.

Har qanday holatda, mijoz tekshiruv natijalarining yozma hisobotini ham oladi.

Zararlangan banknotalarni yaxshisiga almashtirganlik uchun bank pul oladimi?

Yo‘q. Kassir zararlangan va eskirgan so‘m banknotalarini bepul almashtirib beradi.

Ekspertiza uchun komissiya olinadimi?

Albatta, yo‘q. Markaziy bankda so‘m pul belgilarining “yaroqliligi” ekspertizasi bepul amalga oshiriladi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, bankka pul qo‘yish va ekspertiza natijalarini olish o‘rtasida bir necha kun yoki hatto haftalar o‘tishi mumkin.

Xulosa: eskirgan banknotlarni qanday almashtirish kerak

Sarhisob qilamiz:

  • so‘m banknotining yarmidan ko‘pi qolsa va uning nominal qiymati aniqlansa, uni bank kassasida tekinga almashtirish mumkin;
  • u qadar zarar yetmagan yoki yozuvlari bo‘lgan, shuningdek yelimlangan banknotlardan to‘lovlar uchun foydalanish mumkin;
  • agar banknotani qabul qilishdan bosh tortishsa — bu kupyuralar eskirgan hisoblanadi. Ularni bankka olib borish va bir xil ekvivalentdagi, to‘lovga layoqatli banknotalarga almashtirish mumkin.

Ayniqsa, Timurning o‘g‘li qilgan ishi tufayli jiddiy shikastlangan bir nechta banknotalar eskirgan toifaga kirdi. Bank ularni muammosiz yangilariga almashtirdi. Timur esa rafiqasiga do‘konda bank kartasi bilan to‘lashni taklif qildi: bunda pullar yaroqsiz holatga kelib qolishidan xavotirlanishga hojat yo‘q.

Izoh qo‘shish

Obuna bo‘lish
Notify of
guest
3 Izoh
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Javlonbek
Javlonbek
9 months ago

Xa

Alijon
Alijon
9 months ago

Yaxshi maslahat boʻlibdi kerakli

Zarnigor Ibragimova
Zarnigor Ibragimova
8 months ago

Rahmat. O'zim uchun yetarlicha ma'lumotga ega bo'ldim. Menda faqat pullar yirtilgan holat ko'p uchraydi. Bolaligimda shu pullarni qabul qilishmagan. Shu sabab ham yirtiq pullar haqida yomon taassurot qolib ketgandi menda. Demak, qiymatini yo'qotmas ekan.