
Volatillik nima va undan pul ishlash mumkinmi?
Moliya olamida hamma aktivlar ham bir xilda ishlamaydi. Ularning ba’zilari o‘z qiymatini tez o‘zgartiradi, boshqalari esa sekin va ularni oldindan taxmin qilsa bo'ladi. Narxlarning bunday o‘zgarishi volatillik deb ataladi. Oddiy qilib aytganda, volatillik — bu narxning kun, hafta, oy, yil davomida o‘zgarib turish diapazoni. Undan yaxshigina pul ishlash mumkin, lekin pulni yo‘qotish ham mumkin. Volatillik qanday bo‘lishini va undan qanday qilib foyda olish haqida aytib beramiz.
Volatillik turlari
Moliya bozoridagi risk va imkoniyatlarni tahlil qilishda turli xildagi volatillikni hisobga olish muhimdir. Ular o‘tmishda narxlar qanday o‘zgarganligini va kelajakda qanday o‘zgarishi mumkinligini tushunishga yordam beradi.
Tarixiy volatillik — o‘tmishda bu ma'lum bir davrda aktivlar narxining o‘zgarishini aks ettiruvchi ko‘rsatkichdir. U kelajakdagi o'zgarishlarni oldindan ayta olishga yordam beradi.
Kutilayotgan volatillik — bu bo‘lajak voqealar yoki yangiliklar tufayli kelajakda narxlar qanday o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadigan prognozdir. Bu ko‘rsatkich kapital yo‘qotish yoki aksincha, daromad olishning ehtimoliy xavflariga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur.
Yuqori volatillik — bu narxning 10% dan ortiq o‘zgarishi. Aytaylik, kecha aksiya 9 ming so‘m, bugun 10 ming so‘m, ertaga esa 12 ming bo‘ldi. Narx 3 kunda 3 ming so‘mga o‘zgardi — bu yuqori volatillikga misol.
Past volatillik — 1-2% ga og‘ish. Masalan, narx 9,8 mingdan 10 minggacha o‘zgargan bo‘lsa, bu past ko‘rsatkich.
Volatillik nimaga bog‘liq
Narxlar volatilligini keltirib chiqaruvchi asosiy omil — investorlarning bozordagi xatti-harakatlari. Agar ular aktivlarni ommaviy ravishda sotishni yoki sotib olishni boshlasalar, narxlar o‘zgarib turadi.
Investorlar xatti-harakatlarida volatillikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillar:
- Iqtisodiy yangiliklar. Iqtisodiyot holati haqidagi muhim yangiliklar, masalan, ishsizlik darajasining o‘zgarishi, ishlab chiqarishning o‘sishi yoki pasayishi, Markaziy bankning foiz stavkalaridagi o‘zgarishlar aksiyalar va boshqa aktivlar narxiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi.
- Siyosiy voqealar. Saylovlar, siyosiy inqirozlar va geosiyosiy ziddiyatlar ko‘pincha bozorlardagi beqarorlikka olib keladi.
- Kompaniyalarning moliyaviy hisobotlari. Ish natijalari darhol aksiyalar qiymatida aks etadi. Bu, ayniqsa, choraklik hisobotlar e'lon qilinganidan keyin yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, agar firma tahlilchilar kutganidan ko‘proq daromad olgan bo‘lsa, uning aksiyalari keskin qimmatlashishi mumkin.
- Jahon iqtisodiy o‘zgarishlari. Boshqa mamlakatlardagi neft, oltin, boshqa xomashyo tovarlari va valyutalarning narxlari ham volatillikka ta'sir qiladi.
Investorlar bu omillarni doimiy ravishda tahlil qilishadi. Agar biror muhim narsa yuz bersa, ular aktivlarni sotib olishadi yoki sotishadi, bu esa bozorda volatillikni keltirib chiqaradi.
Qaysi aktivlar eng ko‘p volatillikka moyil
Yuqori volatillikka ega aktivlar:
- texnologik kompaniyalarning aksiyalari, masalan, Tesla, Apple mahsulot haqidagi yangiliklar va moliyaviy hisobotlarga ta'sirchan;
- neft va gaz. Narxlar siyosiy beqarorliklar, ishlab chiqarishdagi o‘zgarishlar va hatto qazib olish va tashishga ta'sir qiluvchi ob-havo tufayli o‘zgarib turadi;
- qimmatbaho metallar. Xavfsiz deb hisoblansa-da, beqaror davrlarda ularning narxlari keskin o‘zgarishi mumkin.
- rivojlanayotgan bozorlarning valyutalari, masalan, turk lirasi, Argentina pesosi markaziy banklar siyosati va iqtisodiy inqirozlar tufayli volatildir.
Past volatillikdagi aktivlar:
- davlat obligatsiyalari ishonchli hisoblanadi, chunki ular davlatning ishonchi va krediti bilan qo‘llab-quvvatlanadi;
- indeksli fondlar, masalan, S&P 500;
- kommunal kompaniyalarning aksiyalari barqaror, chunki ular doimiy talab bilan muhim xizmatlarni taqdim etadi.
Volatillik indekslari
Ko‘plab usullar moliyaviy instrumentlarning volatilligini tahlil qilish imkonini beradi. Eng mashhurlaridan biri 1993-yilda Chikago opsion birjasi tomonidan joriy etilgan volatillik indeksi yoki VIX dir.
VIX indeksi shu bilan o‘ziga xoski, u keyingi 30 kun ichida S&P 500 indeksi bo‘yicha treyderlar qanday narx tebranishlarini kutayotganini ko‘rsatadi. S&P 500 500 ta eng yirik Amerika kompaniyalarining aksiyalarini o‘z ichiga olganligi sababli, VIX ni umuman AQSH bozoriga nisbatan investor kayfiyatining ko‘rsatkichi deb hisoblash mumkin. Uni "qo‘rquv indeksi" deb ham atashadi, chunki VIX ning yuqori qiymatlari investorlarning bo‘lajak bozor tebranishlaridan qo‘rqishini ko‘rsatadi.
Agar VIX darajasi 40-45 darajadan yuqori bo‘lsa, bu sarmoyadorlarning sarosimaga tushib, riskli aktivlardan chiqib ketishidan dalolat beradi. Agar VIX 20 yoki undan pastga tushsa, bu o‘sish tendensiyasi bilan bog‘liq.
Volatillik qanday hisoblanadi
Aktiv narxidagi o‘zgarishlar birjada tekshiriladi. Shuningdek, ular brokerning veb-saytida takrorlanadi. Ammo bu ko‘rsatkichni qo‘lda hisoblash imkoniyati mavjud.
- Kerakli davr uchun, masalan, oxirgi 3 kun uchun aktiv narxlarini yig‘ing.
- Narxlarning kunlik foiz o‘zgarishlarini hisoblang:
- O‘rtacha qiymatni toping.
Masalan, aktiv bir necha kunlar oxirida 100, 102, 105, 107 narxlarga ega bo‘lgan. Kunlik o‘zgarishlar va uch kunlik volatillikni hisoblaymiz.
1-kun: r1=(102/100)−1)×100=2%
2-kun: r2=(105/102)−1)×100=2,94%
3-kun: r3=(107/105)−1)×100=1,9%
O‘rtacha qiymat: (2+2,94+1,9)/3=2,28%
Demak, aktivning uch kunlik volatilligi 2,28% ni tashkil etadi.
Yuqori yoki past volatillikni aniqlash uchun uni boshqa vaqt oraliqlari bilan yoki turli aktivlar o‘rtasida taqqoslang.
Investor uchun volatillik
Sarmoyalash dunyosida ikkita global strategiya mavjud — qisqa muddatli va uzoq muddatli. Ko‘pchilik oddiy sarmoyadorlar uzoq muddatli sarmoya tikishni afzal ko‘rishadi. Axir bu nafaqat pulni tejash, balki ko‘proq pul topishning ham yaxshi usuli. Ammo aynan shunday sarmoyadorlar ko‘pincha bozor tebranishlaridan aziyat chekishadi. Ular aktivlarni eng yuqori narxda sotib oladilar va narxlar pasayganda sotadilar. Yo‘qotishlardan qochish uchun aksincha qilish kerak. Uzoq muddatli sarmoyalar uchun past volativlikka ega aktivlarni tanlagan ma'qul. Ular kelajakda pulni tejashga yordam berishi ehtimoli katta.
Sarmoyadorlar odatda ikkita asosiy usul bilan volatillikdan himoyalanishadi:
- risklarni xedjirlash — fyucherslar yoki opsionlarni sotib olish orqali risklarni sug‘urtalash;
- portfel diversifikatsiyasi — turli xil volatillikka ega aktivlarni sotib olish.
Qanday qilib volatillikdan pul ishlash mumkin
Boshlang‘ich sarmoyadorlarga volatillik ma'lum bir aktivga pul qo‘yish yoki qo‘ymaslikni ko‘rsatadi. Boshlovchilar uchun past volatil obligatsiyalar yoki valyuta mos keladi. Ammo agar aktivning narxi keskin o‘zgarsa, u bilan ishlash uchun mutaxassis bo‘lish kerak.
Qanday qilib volatillikdan pul ishlash mumkin:
- Xotirjamlikni saqlash va shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishdan saqlanish. Investitsiya strategiyasini belgilash:
— uzoq muddatli sarmoyadorlar ishonchli aksiyalarni tanlashga ko‘proq e'tibor qaratishlari kerak. Dividendlar yoki o‘sish salohiyati bo‘yicha e'tiborni tortadiganlarini izlang;
— Qisqa muddatli sarmoyadorlar daromad olishlari uchun yangiliklar va o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirishlari muhimdir. - Portfel chegaralarini kengaytirish. Portfelingizni diversifikatsiya qiling, unga aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa vositalarni kiriting.
- Kim va qanday sharoitlarda volatillikni prognoz qilishini hisobga oling, lekin o‘z tajribangizga tayaning.
Yangi boshlovchilar beqaror bozor va doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi narxlar sharoitida kapitalning bir qismini kafolatlangan daromadga ega ishonchli aktivga — bank depozitiga qo‘yishlari mumkin. Garchi tijorat tashkiloti mablag‘ni omonatchiga qaytara olmasa ham, buni davlat amalga oshiradi.
Volatillik haqida qisqacha
- Volatillik — bu aksiyalar, valyuta va boshqa aktivlar narxlarining o‘zgarishini aks ettiruvchi asosiy moliyaviy ko‘rsatkichdir. U aktivning narxi ma'lum vaqt oralig‘ida qanchalik kuchli va tez o‘zgarishini ko‘rsatadi. Yuqori volatillik narxlarning katta o‘zgarishini ko‘rsatadi — bu potensial foydani oshiradi, lekin investorlar uchun xavflarni ham oshiradi. Bunday sharoitda narx farqlaridan muvaffaqiyatli daromad olish uchun bozorni tahlil qila olish muhimdir. Past volatillik narxlarning kamroq o‘zgarishi va oldindan taxmin qilish mumkinligini anglatadi. Bu aktivlarni uzoq muddatli, konservativ sarmoyalar uchun yanada muvofiqlashtiradi.
- Volatillik iqtisodiy yangiliklar, siyosiy voqealar, kompaniyalarning moliyaviy hisobotlari, jahon iqtisodiy o‘zgarishlariga bog‘liq bo‘lgan turli omillarga javoban investorlarning xatti-harakatlarini keltirib chiqaradi.
- Volatillikdan oqilona foydalanish, uning o‘zgarishini tahlil qilish va oldindan ko'ra bilish qobiliyati muvaffaqiyatli investitsiya qilish imkoniyatini sezilarli darajada oshirishi va beqaror bozor sharoitida yo‘qotishlarning oldini olishga yordam berishi mumkin.
Izoh qo‘shish